Biz ko‘ngilli bo‘la olamizmi?

Yaqinda bir do‘stimiz hasrat qilib qoldi:

 

— Siz so‘ramang, men aytmay, og‘a. Kenjamning boshini ikki qilgandim, uch oila bir uyda qisilishib qoldik. Yangi joyning poydevorini ko‘tardimu, u yog‘iga qo‘lim kaltalik qilyapti.

— Poydevori taxt bo‘lsa, katta imoratning to‘rt devorini bir oyga qolmay tiklab qo‘yasizlar-ku, — deya hayratimni izhor etdim.

—U zamonlar o‘tib ketdi. Oldingidek hasharlar qayda? Hozir paxsachilar brigadasi bor. Ishing tushsa, millionlardan keladi. Buning ustiga mashinada tuproq keltirish falon pul, o‘n kishiga uch mahal issiq ovqat (shishasi bilan). Uch-to‘rt ho‘kizning puli ham yetmayapti…

Taajjublanmaslikning iloji yo‘q edi. O‘zim Xorazmda bunga ko‘p guvoh bo‘lganman. Kimdir imorat boshlaydigan bo‘lsa, paxsa uriladigan kun aytilsa, kifoya edi. Hamqishloqlar ikki-uch kun ilgariroq to‘planib, haydovchi qo‘shnilardan birortasi mashinasida tashlab ketgan tuproqdan loy qorib qo‘yishardi. O‘sha kuni o‘n-o‘n besh yor-birodar paxsa urgani kelardi. Har bir qo‘ni-qo‘shni xonadonidan ularga bir-ikki kosadan bo‘lsa ham ovqat, ikki-uchta non chiqardi. Qarabsizki, kun botmasdan devorning bir paxsasi ko‘tarilgan, to‘rt yakshanbada bo‘lajak uy qad rostlardi.  

Vodiyda ham shunday an’anadan xabarim bor. Faqat bu yerda devor paxsa o‘rniga sinchdan ko‘tarilardi, hasharchilar sinch yasashni ham, guvala tayyorlab, ular bilan sinch orasini to‘ldirishni ham o‘zlari eplardilar.

Yaqinda televizor orqali chet elda volontyorlarning qaysidir bir yig‘ini haqidagi ko‘rsatuvni ko‘rib, xorazmlik tanishimizning gapi yodga tushdi va turli yumushlarda: xalqaro tadbirlarni o‘tkazishda, tabiiy ofatlar paytida jabrlanganlarga madad berishda va boshqa ishlarda beg‘araz yordamga shoshayotganlarga ham havasim, ham hasadim keldi.

Erinmasdan volontyor atamasining lug‘aviy ma’nosini izlab topdim. Ha, lotincha “voluntarius” — ko‘ngilli, ya’ni ijtimoiy foydali faoliyat bilan beg‘araz shug‘ullanadigan inson ekan.  

Ularga havasim kelishining boisi, bu harakatning ko‘p mamlakatlarda tobora urfga kirib borayotganida. Hozir faqat olimpiada o‘yinlari, yirik sport musobaqalari, xalqaro tadbirlar paytidagina emas, boshqa — favqulodda vaziyatlarda, o‘z shaharlarini tartibga keltirishda, atrof-muhitni muhofaza qilishda, umuman beg‘araz yordam talab qilingan har qanday holatda ana shu ko‘ngillilar hoziru nozir bo‘lib, hatto tanlov orqali tanlanib, ko‘pchilikning og‘irini yengil qilib, o‘sha davlatning ham, xalqning ham nufuziga-nufuz, obro‘siga-obro‘ qo‘shmoqdalar.

Qadimgi yunon mutafakkirlari “Nur Sharqdan” deganlarida o‘n karra haq edilar. Axir, oliy ma’nodagi ko‘ngillilar — ikkinchi jahon urushi yillarida bu jangu jadalning begunoh  jabrdiydalariga bir etak bolalari bo‘lgani holda tor uyining to‘rini, nimchorak nonining yarmini bergan bizning millatdoshlarimiz emasmidi?! Aleksandr Neverov boshqa bir kulfat — Volgabo‘yidagi ocharchilik paytlarida yurtimizga poezdda osilib kelib, jonini saqlabgina qolmasdan, oilasiga don olib qaytgan qahramonining sarguzashtlarini bitgan, bu asar asosida badiiy film ham suratga olingandi. Yozuvchi o‘z qissasini “Toshkent — non shahri” deb atab, birgina azim poytaxtimizga emas, butun O‘zbekistonga xos muruvvatparvarlikning munosib ta’rifini o‘rniga qo‘ygandi.

Mana, necha yillardan beri oxiri ko‘rinmayotgan birodarkushliklar, kim haq, kim nohaqligi noma’lum qirg‘inlar oqibatida issiq uyini, kindik qoni to‘kilgan yurtini tashlab, to‘rt tomonga qochishga majbur bo‘lganlarga qaysi insonparvar boshpanani ravo ko‘rdi? Yoxud hech bo‘lmasa, bir-ikki nafar yetim bolani asrab oldi? Qaysidir davlatning hukumat rahbarlaridan biri bag‘rikengligini yetti olamga ovoza qilish uchun dala hovlisini qochqin oilaga bo‘shatib berish haqida karnay chala boshlagan edi, sargardonlardan ba’zilari mahalliy ayollarga sal sho‘xlik qilib qo‘yishlari bilan darhol insonparvarliklari ham, bag‘rikengliklari ham unut bo‘lib, ularni o‘sha bombalar tinimsiz yog‘ilayotgan vatanlariga qaytarish taraddudiga tushdilar.

“Hashar — elga yarashar”ni o‘rinli bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham ishlataverib, siyqasini chiqarib yuborganimizga qaramasdan, uning teran, zalvorli ma’nosiga sira putur yetmagan. Buni yaqin tariximizda Katta Farg‘ona kanali kabi o‘zanlar qazib, suv keltirib, elda aziz bo‘lganlarning, Katta O‘zbek traktini yaratib, uzoqni yengil qilganlarning, cho‘lni gulistonga aylantirganlarning ibrati isbotlab turibdi.

Bugun yurtimizda bunday oliyhimmat insonlar kamayib qoldi deyishga asosimiz yo‘q. Biz, jurnalistlar, pichoqni avval o‘zimizga urishimiz kerak. Hozir qator nashrlarimiz, asosan, bir mavzu — shou-biznes atrofida o‘ralashib qolgan. Kim qaysi ashulani xirgoyi qilmoqchi, qaysi artist kontsertiga nechta libos buyurtma berdi, qaysi xonanda ayol nechanchi marta turmushga chiqdi va hokazo.

Ha, biz bozor iqtisodiyoti sharoitida yashayapmiz. Ayrim nashrlar shov-shuv, oldi-qochdi axborotlar bilan kun ko‘rayotganini tushunamiz. Lekin nega xalqimizga xos oliyhimmatlilik, tantilik, beg‘araz ko‘ngillilik ovoza bo‘lishga arzimas ekan?..

Mana, Jahon tillari universiteti, Sharqshunoslik instituti, boshqa oliy o‘quv yurtlarining jonkuyar talabalari o‘rganayotgan chet tillarini amaliyotda mustahkamlash uchun bo‘sh vaqtlarida xorijiy sayyohlarga beg‘araz ko‘ngilli “gidd” bo‘lish taklifi bilan “O‘zbekturizm” mutasaddilari eshiklari oldida tirbandlar. Yoki poytaxtdagi, viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlarining bo‘lajak muallimlari o‘z hududlaridagi barcha “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilarini otaliqqa olganlar, kunda-kunora bu yerdagi bolalar uchun kompyuter savodxonligi, iqtidorlariga qarab matematika, fizika, kimyo, boshqa fanlar bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etmoqdalar. Qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar esa fermer xo‘jaliklarida turli mahsulotlar yetishtirishdagi eng yangi texnologiyalar va ularni bizning sharoitda qo‘llash imkoniyatlari  yuzasidan “aqliy hujum” tashkil etganlar…

Bunday tashabbus uchqunlari “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati yetakchilari xonalari darpardalari ortidan ham ilg‘andi va bu yerda darhol ko‘ngillilar harakatini kengaytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqishga kirishib ketildi. Axir, Birinchi Prezidentimiz bizga bejiz “Savob ishni har kim, har kuni qilishi kerak” deb saboq bermaganlar.

 

Erkin ERNAZAROV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 4 =