Tahririyatdan

Oddiy xabardan mualliflarning yurak dupuri sezilib turgan publitsistik maqolalargacha — har bir materialning gazetada chop etilishidan aniq maqsad ko‘zlanadi: biror mavzu yoki masalaga jamoatchilik e’tiborini qaratish, muammolar bo‘lsa, uni xalqona qilib aytganda, bir yoqadan bosh chiqarib, bartaraf etish. Shu bois o‘quvchilar e’tiborini qalblarimizni bezovta qilayotgan biror og‘riqli jihatga qaratar ekanmiz, avvalo, ulardan fikr-mulohaza, munosabat kutamiz.

 

Zamonaviy jurnalistikada interaktivlik deb ataladigan bu jarayon OAV hamda auditoriya o‘rtasida qizg‘in munosabatlarni o‘rnatishga yordam beradi, qolaversa, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida birgalikda harakatlanishga undaydi. Matbuotda e’lon qilingan maqolalarga oddiy gazetxonlargina emas, mas’ul idora va tashkilotlar mutasaddilari ham o‘z munosabatlarini bildirsalar, mavjud muammolarni OAV hamda auditoriya bilan birgalikda, hamfikr, hamjihat bo‘lib bartaraf etishga sa’y-harakat etsalar, bu endi — nur ustiga nurdir. 

“Nurriyat” muxbiri Go‘zal Malikovaning gazetamizning shu yil 26 oktyabr sonida chop etilgan “Beruniy eshitmagan nag‘malar” maqolasiga gazetxonlar bildirayotgan fikrlarni o‘rganib, keyingi ish jarayonlari uchun o‘zimizga material to‘playotgan bir paytda, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasidan mazkur maqolada tilga olingan masalalar yuzasidan maktub oldik. Quyida ushbu xat e’tiboringizga havola etilyapti.

 

“HURRIYAT” GAZETASI TAHRIRIYATIGA

“Hurriyat” gazetasining 2016 yil 26 oktyabr sonida chop etilgan muxbir Go‘zal Malikovaning “Beruniy eshitmagan nag‘malar” nomli maqolasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi mutaxassislari hamkorligida o‘rganib chiqildi.

 Maqola muallifi o‘zbek san’ati o‘ziga xosligi, ildizi chuqur va mustahkamligi bilan dunyo san’at muxlislari e’tirofini qozongani, “Shashmaqom”, “Munojot” va “Cho‘li iroq”ni ijro etgan xonandayu sozandalarning mahorati to‘g‘risida to‘xtalib, hozirgi kunda ayrim xonandalar tomonidan ma’nosi yo‘q qo‘shiqlarning aytilayotgani, aksariyati yoshlar ruhini shikastlayotgani, qo‘shiqlarga yaratilgan kliplar farzandlarimiz tarbiyasini buzishga olib kelayotgani haqida xavotir bilan yozadi.

Mustaqillik yillarida respublikada zamonaviy milliy estrada san’atini yanada rivojlantirish, estrada ijrochilarining professional mahoratini oshirish hamda iste’dodli yosh xonandalarni kashf etish uchun barcha zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratilgan. 

 Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi 354-sonli qarori bilan Kontsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan. Ushbu Nizomga muvofiq kontsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash Milliy estrada san’atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi huzuridagi Ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhining xulosalari asosida “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan amalga oshiriladi. 

Mazkur qaror bilan milliy musiqa san’atini yanada rivojlantirish, soha ravnaqi uchun shart-sharoitlar yaratish, badiiy jihatdan yuksak asarlarni targ‘ib qilish, litsenziya talablari va shartlarini kuchaytirish orqali madaniy-tomosha tadbirlarini uyushtirish va o‘tkazishni tizimli ravishda tartibga solish, litsenziya talabgorlariga qo‘yiladigan mezonlarni va malaka talablarini takomillishtirish, yosh va iqtidorli ijrochilarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, ularni vatanparvarlik va milliy mustaqillik g‘oyalari ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shadigan musiqa asarlari yaratishni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish nazarda tutilgan.

 Shuningdek, ushbu qarorning 9-bandida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga Elektron ommaviy-axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bilan birgalikda televidenie va radio dasturlarining badiiy jihatdan yuksak darajasini ta’minlashda televidenie va radiokanallarning badiiy kengashlari ishlarini tanqidiy ko‘rib chiqish, madaniy qadriyatlarga va milliy urf-odatlarga mos kelmaydigan, yosh avlodning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan qo‘shiqlar va videokliplarning efirga chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlarini ko‘rish vazifalari yuklatilgan.

Shunga qaramasdan, darhaqiqat, ayrim san’atkorlar tomonidan azaliy ma’naviy-madaniy qadriyatlarga va milliy urf-odatlarga muvofiq bo‘lmagan, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan qo‘shiqlar va videokliplarning efirga chiqib ketish holatlari uchramoqda.

Qarorniig ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda san’atkorlar ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilishlar o‘tkazilib, kontsert-tomosha tadbirlari o‘tkazishda, shu jumladan, to‘y, yubileylar va boshqa tantanalarda kontsert xizmati ko‘rsatishda san’atkorlarning odob-axloq qoidalariga rioya qilishi, sahna va kiyinish madaniyatiga zid bo‘lgan harakatlar sodir etmaslik, tomoshabinlarning his-tuyg‘ularini haqorat qilmaslik, milliy mentalitetga, qadriyatlar va urf-odatlarga muvofiq bo‘lgan qo‘shiqlarni ijro etish va ularga ishlangan videokliplarni efirga uzatish yuzasidan ko‘rsatmalar berib kelinayotganligini ma’lum qilamiz.

M.MAJIDOV,

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi 

Bosh direktori o‘rinbosari

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − eight =