LARRI KING

Dunyoda shunday insonlar borki, ular hech qanday maxsus bilimlarni o‘zlashtirmay turib ham, biror sohaning eng sara mutaxassislaridan biriga aylana olishadi. Bunday insonlarga Yaratgan tomonidan tug‘ma iste’dod ato etiladi. Amerikalik jurnalist va teleboshlovchi Larri King ana shunday insonlardan hisoblanadi.

 

BOLALIGI

Asl ismi Lourens Xarvi Zeyger bo‘lgan jurnalist 1933 yil 19 noyabrda AQShning Nyu-York shtatida tug‘ilgan. Otasi avstriyalik Eddi Zeyger restoran rahbari, onasi belaruslik Jenni Zeyger tikuvchi bo‘lgan. Ularning birinchi farzandi Irvin olti yoshida ko‘richak kasalligidan vafot etgan. Larridan keyin ularning oilasida yana bir o‘g‘il — Marti dunyoga keladi.

Larri King Bruklindagi Lafaette yuqori maktabida tahsil olgan. Uning otasi yurak xurujidan vafot etadi. Bu Kingga qattiq ta’sir qiladi va uning darslarga bo‘lgan qiziqishi susayadi. Yuqori maktabni yakunlagach, onasiga yordam berish maqsadida barmen bo‘lib ishlaydi, ta’lim olishni esa to‘xtatadi. Biroq uning radioda ishlashga qiziqishi yuqori edi.

 

ILK FAOLIYATI

Larri King kunlardan birida o‘z davrining mashhur sharhlovchisi Jeyms Sermons bilan tasodifan uchrashib qoladi va ishga taklif etiladi. 1957 yildan radiostantsiya ofisida farroshlik qila boshlaydi. Diktor yetishmagan vaqtlarda Larri Kingga efirga chiqishni taklif etishadi. U vaqtinchalik olib borgan dasturlar tezda ommalashib ketadi. Shu tariqa u 1950—60 yillarda AQShning Florida shtatidagi “WAHR” radiokanalida jurnalist sifatida o‘z faoliyatini boshlagan.

King 16 yil davomida Mayamidagi “Mutual” radiokanalidagi “The Larry King Show” dasturida ishlagan. Uning birinchi intervyusi ofitsiant bilan bo‘lgan edi. King 20 yil davomida (1982—2001) “USA Today” nomli haftalik gazetada o‘z sahifasini yuritgan.

U ishlaydigan radiokanalning bosh menejeri Marshall Simmondz Larri Kingga Zeyger familiyasining juda qadimiyligi va uni eslab qolish murakkabligini aytadi. Shundan so‘ng u o‘z ism-sharifini o‘zgartirishga qaror qiladi va bu ishni ikki yil o‘tmay qonuniy tarzda amalga oshiradi.

 

PROFESSIONAL FAOLIYATI

King o‘zining televizion dasturini yuritgunga qadar qirollar, prezidentlar, kino yulduzlari, urush qahramonlari kabi 35 mingdan ortiq respondentdan intervyu olgan. 1985 yilda butun dunyo bo‘ylab ilk marotaba “Larry King Live” nomli onlayn intervyu dasturi jonli efir orqali uzatilgan (2010 yilga qadar). Bundan tashqari, Larri King 11 ta kitob muallifi hamdir.

Larri King jurnalist sifatida 40 yildan ortiq faoliyat olib bordi. Bu davr ichida u ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘ldi, jumladan, “Hollywood Walk of Fame” sovrinini, “Emmi”, “Sopus”, “Oltin likopcha” mukofotlarini qo‘lga kiritdi. Biroq u erishgan eng katta muvaffaqiyat xalq mehri bo‘ldi. Uning intervyulari jonliligi, qiziqarliligi bilan tinglovchilar mehrini qozongan. 

U tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Larri King fondi”ga asos solgan. “30 Rok”, “Gravigi Folle”, “Gostbusterlar”, “Asalari” filmlarida epizodik rollarni ijro etgan. “Shrek 2” animatsion filmida Doris obraziga ovoz bergan.

King internetdan yaxshi maqsadlarda foydalanish tarafdori, u “Tvitter” ijtimoiy tarmog‘inint faol foydalanuvchilaridan. To‘rt nafar farzandi bor.

Larri Kingni nafaqat AQShda, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida xususan, O‘zbekistonda ham yaxshi bilishadi. Jurnalistika fakultetlarida uning intervyu olib borish uslubi atroflicha o‘rganiladi. Larri King tayyorlagan dasturlar internet orqali o‘zbek auditoriyasi tomonidan muntazam kuzatib boriladi.

 

Dilshodabonu AVVALBOEVA

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × three =