TO‘YDAN MAQSAD NOM QOZONISHMI?

“Hurriyat” gazetasining har sonini kuzatib boraman. Mulohazali, tahliliy maqolalar doim diqqatimni tortadi. A.Azimovning to‘ylar haqidagi maqolasini o‘qib, men ham mulohazalarimni bildirishni lozim topdim.

 

Keyingi yillarda to‘ylar haqiqatan yangicha odatlar hisobiga bachkanalashib, milliylikdan uzoqlashib boryapti. Bir tanishim kuyunib gapirib qoldi: “Opam yaqinda to‘y boshlab qo‘ygandi. Quvonish o‘rniga o‘sha kundan beri boshi og‘riydi. Ikki qizini uzatgan vaqtlar ortiqcha g‘avg‘olar yo‘q edi. Uchinchi qizining to‘yini qilay desa, yangidan-yangi “udum”lar qo‘shilib, ortiqcha xarajatga sabab bo‘lyapti. Kelin bo‘lmishning aytishicha, unga amal qilmaslikning iloji yo‘q emish, ko‘pdan kam bo‘lishni istamasmish. O‘zi boradigan uyni mebellar bilan to‘ldirish, rax-rax ko‘rpa-yostiq qilish, to‘ydan oldin kuyovga atab bir nechtalab sarpo-suruq, parfyumeriya, tog‘oralab pishirig‘u, qand-qurs jo‘natish oddiy hamshira bo‘lib ishlaydigan, bolalarini otasiz o‘stirgan opamga og‘irlik qiladi-da. Qudalar bilan kelishaylik, ixchamroq qilaylik desa, jiyanim ko‘nmayapti. Yigitning oldida noqulay bo‘ladi, deydi…”. Qiziq, ota-ona qizini oq yuvib, oq tarab, kamolga yetgach, yuragini, uyini huvillatib, omonatday uni o‘zgaga topshirishi, bag‘ridan “uchirma” qilishining o‘zi yetarli emasmi? 

Xuddi shunga o‘xshagan udumlar ilgari asosan Toshkentdagi hududlarda o‘tkaziladigan to‘ylarda bo‘lardi. To‘ylarni ixchamlashtirish haqida qanchalab chiqishlar qilindi, targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, masalaga oid mulohazalar bildirildi. Avvaliga ozgina o‘zgarish sezilgandek tuyuldiyu, ayni kez o‘sha xarajat, mebel, tog‘ora, oxirida har qanday tog‘oradan “oshib-toshib ketadigan” gap-so‘zlar yana takrorlanyapti. Yomon tomoni, bu isrofgarchilikni keltirib chiqarayotgan odatlar endilikda aksariyat hudud, chekka mahallalargacha ta’sirini o‘tkazyapti. 

Keksalarga quloq solsangiz, avvallari kelinlarning turmush o‘rtog‘iga itoatli, har qanday vaziyatda suyanchiq bo‘lishi, hozir esa ularning hayot tashvishlariga sabrsiz, chidamsiz, bu ham yetmaganday, shartaki bo‘lib borayotganini ta’kidlaydilar. Balki bunga hozirgi ba’zi kuyov, qaynona-qaynotalarning kelin tomondan keladigan mebellardan tortib, sovg‘a-salom, yo‘qlovlarni hech bir og‘rinmay, andishasizlarcha qabul qilayotgani, ochiq aytganda, tamagirligi ham kelinda yomon odatlarning paydo bo‘lishiga imkon yaratayotgandir?! Har bitta qiz turmushga chiqar ekan, yelkadoshi bir so‘zli, oriyati baland bo‘lishini xohlaydi.  

Azal-azaldan turli sinovdan o‘tib kelayotgan bir haqiqat mavjud: har kim topish-tutishiga yarasha hayot kechiradi. Ammo bu cho‘ntagi ko‘tarmaydiganlar ma’rakani kamsuqum tarzda o‘tkazsin, puldor esa davlatini istaganicha sochaloq qilaversin, degan ma’noni anglatmaydi. Axir, jamiyat qonunlari hamma uchun bir xil ahamiyatga ega. To‘ylarni ixchamlashtirishning puli ozga qanday nafi bo‘lsa, puldor ham bundan manfaat ko‘radi. To‘ydan keyin ortiqcha gap-so‘zlar kamayadi, yoshlar tayyoriga bakovul bo‘lib qolmay, o‘zlari mehnat qilib boylik orttirishga, qiyinchiliklarni yengib o‘tishga o‘rganishadi. Hadislarda ham isrofning, zo‘raki hashamatning gunohligi aytib o‘tilgan-ku. 

Bir onaxon aytib qoldi: “Keyingi vaqtlarda ba’zi joylarda chimildiqda o‘tkaziladigan uyatsiz marosimlarga duch kelyapmiz. Afsuski, o‘sha to‘y egalari buni behayolik emas, shov-shuvli holat, deb tasavvur qilishsa kerak. Kamiga o‘shanday holatlarni qarsak bilan olqishlab, videotasmaga muhrlashyapti. Navoiy bobomiz kelin-kuyovlar haqida yozganlarida, go‘shangagacha yozib, “Qolganiga qalamim ojizlik qilur”, deb ta’kidlagan ekanlar. Biz esa behayolikni tasmaga muhrlab, elga namoyish qilyapmiz.  Bu – o‘zligimizni unutish, behayolik emasmi?!

Nikoh to‘yi bu — ikki yoshning baxt marosimi, jamiyatda yangi oila qurilganidan darakdir. Shu oilaning poydevori mustahkam, baxti to‘kis bo‘lishini istasak, dabdaba bilan el og‘ziga tushishni emas, yoshlarning kelajagi haqida o‘ylaylik. To‘ylarda hech qachon eskirmaydigan milliy an’analarimiz, urf-odatlarimizni namoyon qilaylik, yosh oilalarga ibrat bo‘laylik. Toki, ular ertaga video tasmasida muhrlangan “baxt oqshom”larini ko‘rib, xijolatda qolishmasin, farzandlari oldida nigohlari yer chizmasin.  

 

Zebo QUTLIYEVA

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 − 4 =