TOMOSHABIN EHTIYOJI — MUHIM MEZON

Hozirgi kunda chekka tumanlar ham zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida to‘la-to‘kis axborot olish imkoniga ega. Xususan, viloyat teleradiokompaniyalarining zamon talablari darajasida jihozlanishi va sifatli efir uchun yaratilgan shart-sharoitlar buni tasdiqlaydi.

 

Namangan viloyat teleradiokompaniyasi ham zamonaviy uskuna va jihozlar, raqamli yoritgichlar, yangi kameralar bilan yetarlicha taminlangan. Televideniening haftalik ko‘rsatuvlari hajmi 126 soatni, oylik esa 540 soatni tashkil qiladi.

Biz intellektual mehnat birlamchi ahamiyat kasb etayotgan globallashuv va internet asrida yashayapmiz. Bunday vaqtda erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmasdan, jadal o‘zgarib borayotgan davr bilan hamnafas bo‘lib qadam tashlash talab etiladi.   

Ana shunday talablar asosida mehnat qilayotgan Namangan viloyat teleradiokompaniyasi jami sakson nafardan ziyod xodim ishlaydi. Ulardan sakson foizini yoshlar tashkil etadi. Jamoadagi tajribali mutaxassislardan biri siyosiy sharhlovchi, madaniy-ma’rifiy yo‘nalish muharriri Dildora Mamadiyorova. 

U 2002 yildan boshlab ushbu jamoada mehnat qilib kelmoqda. D.Mamadiyorovaning “Dildagi gaplar”, “Talqin” va “Munozara” tok-shoulari ko‘pchilikka manzur bo‘layotir. Dildora opa 2014-2015 yillarda viloyatda “Yilning eng faol jurnalisti” deb tan olindi. 2015 yilda esa viloyat hokimining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining quyidagi so‘zlarini yodga olsak: “Jurnalistlar, ularga xos xususiyatlar haqida gapirganda, biz, avvalo, sezgirlik va ziyraklik alomatlarini, hayot o‘zgarishlari, dardu tashvishlarini chuqur kuzatadigan keng dunyoqarash egalari bo‘lgan, turli kasb va mutaxassislikni o‘zida mujassamlashtirgan insonlarni tasavvur etamiz”. 

Namangan telekanalining iqtisodiy, siyosiy, tibbiyot, ta’lim, ma’naviy-ma’rifiy, huquqiy va boshqa yo‘nalishlari hamda turli mualliflik ko‘rsatuvlar muharririyati mavjud. Ularda asosiy e’tibor fuqarolar, ayniqsa, yoshlar ongida milliy g‘oya tamoyillarini shakllantirish, boy tariximiz, urf-odat va an’analarimizga nisbatan hurmat hissini tarbiyalash, o‘zlikni anglash, ona-Vatanga muhabbat, terrorizm, diniy ekstremizm, giyohvandlik kabi illatlarga qarshi kurashishning asosiy yo‘nalishlarini ko‘rsatib berishga qaratiladi. “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido O‘zbekistonim!” (turkum ko‘rsatuvlari), “Agar ogohsen…”, “Taraqqiyot va farovonlik sari”, “Kun mavzusi”, “Siz nima deysiz?”, “Dildagi gaplar”, “Namangan tongi” axborot-musiqali ko‘ngilochar dasturlari, “Mening oilam” teleloyihasi va boshqa dasturlar tomoshabin e’tiboridan chetda qolmaydi. Mazkur loyihalarda kollej, litsey o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalari, mahalla faollari, tadbirkorlar ishtirok etmoqda. 

Viloyat televideniesida axborot yo‘nalishi umumiy ko‘rsatuvlarning 9,8 foizini tashkil qiladi. Asosiy e’tibor teletomoshabinni viloyat, respublika miqyosida va xorijda ro‘y berayotgan  muhim voqea-hodisalardan tezkor hamda xolislik bilan xabardor qilishga qaratilgan. “Diyor yangiliklari”, “Haftanoma”, “Diyor-Namangan” dasturlari eng ommabop ko‘rsatuvlar hisoblanadi. 

O‘zbekiston yoshlari sport sohasida xalqaro arenalarni zabt etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritayotgani hammamizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Bu soha ham jamoa diqqat markazida turibdi. Joriy yil may oyidan sport tok-shousi efirga uzatilmoqda. 

Bundan tashqari, “Salomat bo‘ling” (muallifi Hasanboy Dadaboev), “Siz nima deysiz” (muallifi Gulnora Otaboeva) singari tok-shoular ham o‘z tomoshabinini topgan. Shular qatori joriy yildan boshlab Alisher o‘afforov muallifligidagi “Gurung” deb nomlangan ko‘ngilochar ko‘rsatuv o‘z faoliyatini boshladi.

Xalqimiz azaldan bolajon, har qanday vaziyatda avvalo farzandi kamoli, quvonchini o‘ylaydi. Bu qadriyat televidenieda ham o‘z aksini topib turibdi. Bolajonlar uchun tayyorlangan  “Kichkintoy” ko‘rsatuvi orqali ana shu maqsad ko‘zlangan va u jajjilarga manzur bo‘lib kelmoqda. 

— Shu yil yozda ikki hafta davomida Namangan televideniesida amaliyot o‘tadim, — deydi O‘zMU jurnalistika fakulteti talabasi Yorqinoy Ismonova. – To‘g‘risini aytsam, televidenieda bunchalik imkoniyat va yutuqlar borligini kutmagan edim. Shart-sharoitlar, zamonaviy jihozlangan studiyalarga qarab havasim keldi. Jamoa a’zolarining samimiyligi, bir-biriga do‘stona munosabatlaridan mamnun bo‘ldim. Yosh, tajribasiz bo‘lishimga qaramay, meni amaliyotchi emas, balki, o‘sha jamoaning a’zosi sifatida qabul qilishdi.

Boshqa OAVlarga nisbatan televidenie aholi ruhiyatiga kuchliroq ta’sir ko‘rsatishi bor gap. Ekrandagi tasvir, chehra va qiyofa katta ahamiyatga ega. Namangan televideniesi jamoasi buni juda yaxshi tushunadi. So‘zimiz yakunida viloyat ahlining madaniy-ma’rifiy ehtiyojini qondirib kelayotgan jamoaga muvaffaqiyat tilab qolamiz.

 

Zuhra NORYIGITOVA,

O‘zMU jurnalistika fakulteti 

2-kurs talabasi

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − eight =