USTOZ IBRATI

Adabiy ijod butunligicha individual jarayon bo‘lsa-da, garchi yaxshi she’r yoki hikoya yozishni hech kim o‘rgatolmasa-da, ko‘hna Sharqda ustoz-shogirdlik an’anasiga alohida e’tibor berilgan. Bu an’anada har ikki tomonning o‘z vazifasi, mas’uliyati bor. Eng avvalo, ustoz bilan shogirdni bog‘lab turadigan ruhiy va ma’naviy uyg‘unlik rishtasi mavjud bo‘lishi kerak.

 

 Ustoz shogirdining she’rini yozib bermaydi. U o‘z tajribalaridan xabardor qiladi, o‘zi yozgan asari bilan shogirdiga saboq beradi va eng muhimi, shogirdiga har tomonlama ma’naviy ko‘mak beradi, lozim topganda, maqtaydi yoki xatosini aytadi. Faqat maqtaydigan ustozdan naf yo‘q. Hadeb xatosini yuziga solish ham ustozlik emas.

 Ustoz tushunchasi, mening nazarimda, eng avvalo, ibrat tushunchasi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Til va so‘zga mas’uliyat ibrati, millat va vatan taqdiridagi muhim masalaga yondashuv ibrati. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Munavvar Qori, Abdulhamid Cho‘lpondan biz ijodkor ahliga eng avvalo ana shu ibrat qolgan. Shu ma’noda, men Erkin Vohidov ibratidan millatni, milliy o‘zlikni qadrlashni, mumtoz adabiyotga muhabbatni, uni idrok etmakni o‘rgandim va hamon o‘rganyapman.

 Erkin akani ilk marotaba 1968 yilning kuzida, Samarqandning 2500 yilligi nishonlangan kunlarda ko‘rganman. Shahar madaniyat bog‘ining yonginasida joylashgan yangi kinoteatrda katta mushoira bo‘lgan, Zulfiya opa, Qaysin Quliev, Rasul Hamzatov, David Kugultinov, Yevgeniy Yevtushenko va boshqa mehmon shoirlar she’r o‘qigan davrada orzular quchog‘ida yashnab o‘tirganman. Erkin aka Samarqandga bag‘ishlangan she’rini o‘qiganida odamlar shoirni guldastalarga ko‘mib tashlagani hanuz ko‘z o‘ngimda turibdi. O‘sha yillar hammaning tilida “O‘zbegim” qasidasi edi. O‘zim uchun ajratilgan xonada, nima uchundir chiroqni o‘chirib, qasidani juda baland pardada, takror-takror o‘qirdim. Har gal “O‘zbegim!” deya hayqirarkanman, badanim jimirlab ketardi. Qasidadan keyin “Samarqand” she’rini shivirlab o‘qirdim:

Munajjim tasbehidan to‘kilgan donalardek,

Osmon uzra sochilib yarqiraydi yulduzlar.

 Bir kuni bu ishimdan xabar topgan dadam “Nimani buncha baqirib o‘qiysan, keyin yana nimalarnidir pichirlaysan?” — deb surishtirib qoldi. Men “O‘zbegim” qasidasini” dedim. “Qani, o‘qib ber-chi”, dedi dadam. O‘shanda nima uchun chiroqni o‘chirib o‘qishimni anglaganday bo‘ldim. O‘zimni katta shoir sifatida tasavvur qilganim, ayni shu tasavvurdan uyalganimdan chiroqni o‘chirar ekanman. Dadam hech qo‘ymagandan keyin ovozim qaltirab qasidani o‘qiganman. She’r tugagach, dadam “Bor ichkariga kir, chiroqni o‘chirib, boshqatdan o‘qib ber!” degan edilar…

Toshkentga ilk kelgan yilim meni Erkin Vohidovning “Yoshlik devoni” kutib olgan edi. Toshkent universiteti oldidagi imtihonga hozirlik ko‘rayotgan har ikki yoshning qo‘lida shu kitobni ko‘rardim. Kitob satrlari chor atrofimda jaranglab turardi. Endi bir-biri bilan tanishayotgan yosh shoirlar gapni shu kitobdan boshlar, “O‘zbegim”ni biri boshlab, ikkinchi, uchinchisi davom etardi. “Yoshlik devoni” Toshkentni, O‘zbekistonni zabt eta boshlagan edi.

  Biz talaba bo‘lgan va keyinchalik, men tengi avlod adabiyotga kirib kelgan yillarda adabiy jarayon yuksak tog‘dan sharqirab oqayotgan soyga o‘xshardi. Olayotgan nafasimiz ham she’r bilan, ijod bilan to‘yingan, yangi chiqqan kitobgina emas, gazetada bosilgan hikoya, hatto bittagina she’r yuz minglab yuraklarni hayajonga solganini ko‘rib, bilib, his qilib turardik.

 Mushoiralar o‘ziga xos ijodiy musobaqa maqomida edi. Bu ruh bizni tinimsiz izlanishga da’vat etardi. Biron bir yaxshi she’r yoki hikoya nazardan qolmasdi. Toshkentda, qaysidir o‘quv yurti yotoqxonasida yoki yozuvchilar uyushmasi zalida jaranglagan she’r ertagayoq Qo‘qon choyxonasida, Xivadagi maktabda, Chiroqchidagi shiyponda aks sado berardi. Adabiy hayot daryoday hayqirib oqardi.

 Har bir avlodning adabiyot, uning jamiyat hayotidagi o‘rni, ijodkor mas’uliyati haqida o‘z qarashi mavjud. Bu, eng avvalo, ijodkor tarixning qaysi va qanday pallasida yashayotgani, mamlakat va tashqi dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar, o‘sha davrda yashagan kuchli ijodkor shaxsning asarlari, uning ijtimoiy (grajdanlik) pozitsiyasi ta’sirida shakllanadi.

 …Erkin aka bilan yoshlar nashriyotida ishlagan yillarim she’rlarim o‘sha davrning eng mavqeli jurnalida bosiladigan bo‘ldi. Jurnal tahririyatining adabiy xodimidan “Mana bu she’rlarni bir ko‘rib bering” degan iltimos bilan Erkin akaga berilganini eshitib, ishxonada ustozning ko‘zlariga ko‘rinmaslikka harakat qilib yurdim.

Kunlardan bir kun Erkin aka bo‘lim boshlig‘imiz orqali meni chaqirtirdi. Bordim. “She’rlaringizni o‘qidim, jurnal uchun oq yo‘l ham yozdim. Ammo, bundan keyin juda qattiq ishlashingiz kerak”, dedi Erkin aka. Keyin yangi chiqqan kitobiga dastxat yozib, sovg‘a qildi. Unda “Ukam Xurshidga ishonchni oqlashini tilab” deb yozilgan edi. Qachon o‘sha dastxatga ko‘zim tushsa, xursand bo‘lib ketaman.. keyin o‘sha ishonchni oqladimmi, deb o‘ylay boshlayman.

 1976 yili bir turkum she’rim Erkin aka oq yo‘li bilan “Guliston” jurnalida e’lon qilindi. 1979 yili nashr etilgan birinchi to‘plamim “Shahardagi olma daraxti” ham Erkin akaning oq yo‘li bilan bosildi. Ikkinchi oq yo‘lni  yozib, menga berar ekanlar, ustoz: “Guliston”da bosilgan she’rlaringizni to‘plamga kiritmaganingiz uchun ham ikkinchi marta yozdim” deb hazillashgan, keyin jiddiylik bilan “Ularni kiritmay to‘g‘ri qilgansiz” degan edilar.

 Bu gapning mohiyatini vaqt o‘tib angladim. Jurnaldagi she’rlar bilan ilk kitobimga kirgan she’rlar orasida faqat vaqt emas, o‘sha anchagina xom she’rlarimda “nimanidir” ilg‘ab, menga oq yo‘l tilagan ustoz ishonchini oqlash mas’uliyati ham bor edi. Kitobda yozilgan oq yo‘ldagi mana bu so‘zlar yelkamga yana-da katta mas’uliyat yuklagan edi: “Barcha san’atlar kabi she’riyat ham o‘ziga xoslikni yoqtiradi. Ovoz ham, soz ham, so‘z ham,buyuk Navoiy tili bilan aytganda, “tarxi toza va ulusqa beandoza” bo‘lsa elda e’tibor topadi…”

 Erkin aka haqidagi xotiralarimning yana bir qismi sayohatlar bilan bog‘liq. Ikki marta O‘sh va Farg‘onaning boshqa shaharlarida, bir marta Turkiyada birga safarda bo‘lganmiz.

 Birinchi marta, Shavkat Rahmon sabab bo‘lib, O‘shga borgan edik. Shavkat Rahmon butun oilasi bilan mening mashinamda, Erkin aka esa umr yo‘ldoshlari Gulchehra opa va qizlari bilan “Volga”da, yo‘lga tushganmiz.

 Yoz payti, safar arafasi Respublika radio uyida muzdek gazli suv ichib, safar kuni tomog‘im shishib ketgan, isitmam ko‘tarilgan, avtomobil boshqarishni endi boshlaganimdan xabardor Shavkat “Jiguli”ni O‘shgacha haydab bordi. Qamchiq dovonidagi manzillarning birida to‘xtaganimizda, mening ahvolimni surishtirgan Erkin aka bir pas ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, keyin gilosdek keladigan yong‘oqning ikki g‘o‘rasini olib keldi. “Tomog‘ingiz shishgan bo‘lsa, mana bularni chaynang, yordam beradi”,— dedi. Ming bir azob bilan g‘o‘ralarni chaynaganimni, Gulchehra opaning hayron qolganini ko‘rib, Erkin aka “Bu Kibriyo opaning retsepti!” deya, zavqlanib kulgan edi.

 Men safar davomida O‘sh, Farg‘ona, Namangan, Andijon va vodiyning boshqa maskanlarida bo‘lgan adabiy uchrashuvlar haqida emas, safar tugagandan keyin Erkin akaning inson sifatidagi qiyofasini ochgan bir voqeani hikoya qilmoqchiman.

 Yozib o‘tganimdek, avtomobil boshqarishni endi boshlagan paytim, O‘shda biroz davolangan bo‘lsam ham, darmonsizman. Toshkentga qaytadigan kunimiz butun safar davomida mashinamni haydagan Shavkat Rahmonning O‘shda qolishi ma’lum bo‘ldi.

 Erkin aka bilan yo‘lga tushdik. Men Qamchiqdan qanday o‘tishimni o‘ylab, xavotirdaman. Dovon oldidagi manzilda to‘xtagach, Erkin aka yonimga keldi. “Dovondan biron marta o‘tganmisiz?”, deb so‘radi. Men “Yo‘q!”, dedim. Erkin aka indamay menga qarab turgach, qizchasini chaqirdi. Keyin uni “Jiguli”ning orqa o‘rindig‘iga o‘tqazdi. Menga qarab “Qizim siz bilan ketadi”,— dedi.

 Men ba’zan o‘sha holatni eslab, Erkin aka nima uchun qizini mening avtomobilimga o‘tqazganini o‘ylab, ustozning donishmandligiga tan beraman. O‘sha lahzada ota o‘z farzandi hayotini menga ishonib topshirgan edi. Bu ishi bilan notinch yuragimga faqat ishonchini emas, birovning hayotiga mas’uliyat tuyg‘usini ham bag‘ishlagan edi. Men hayotimning so‘ngiga qadar Ustozning bu sabog‘ini unutolmasam kerak.

 1992 yilning bahorida, may oyida Turkiyaga bordik. Bizni ilk marta o‘tkazilgan turkchada ijod qiladigan shoirlarning birinchi xalqaro anjumaniga taklif etishgan edi.

 Uch-to‘rt kun Istanbulda turganda, Erkin akaning tashrifini eshitgan hijratdagi vatandoshlarimiz biz turgan mehmonxonaga yoprilib kelishdi, desam, lof qilmayman. Yillar davomida ona yurtidan judo yashagan bu insonlar vatanni sog‘inganda “O‘zbegim”ni o‘qib, ovunganlarini, bo‘zlab yig‘laganlarini aytdilar. 

 Erkin akani mehmonga chorlaganlarning sanog‘i yo‘q edi. Sholini ketidan suv ichgan kurmak – men ham izzatdaman. Har kuni hali dengiz bo‘yida, hali bog‘u bo‘stonda, hali ertaklardagidek chiroyli mehmonxona ziyofatxonasida to‘rda o‘tiraman.

 Bir gal Istanbulning dunyoga mashhur bozori – Qopali Chorsuga borishimiz bilan bir guruh vatandoshlar bizni o‘rab olishdi. Ulardan biri qo‘ymasdan o‘zining tilla bezaklar do‘koniga boshlab bordi. Keyin “Iltimos, sizlar bir daqiqa shu yerda turinglar”, — deya do‘koniga kirib ketdi. Daqiqa o‘tmay, u do‘kondagi sotuvchi yigitlarni ko‘chaga olib chiqdi. Keyin Erkin akaga qarab: “ Do‘konda hech kim qolmadi, ikkalangiz kirib, xohlagan narsangizni olasiz! Xohlagancha olasiz!” deb turib oldi. Erkin aka hayron bo‘lib menga qaraydi, men Erkin akaga. Do‘kondor esa holu jonimizga qo‘ymay, ichkariga kirishni so‘raydi. 

 “Afg‘onistonda, bolagimdan “O‘zbegim” eshitib ulg‘ayganman, keyin ham Nyu-Yorkda qora ishlarda mashaqqat chekkanimdayam har kuni she’ringizni takrorlab-takrorlab, katta bo‘lganman. Bu she’ringiz bahosi do‘konimdagi bor tilla bahosidan baland”, — deb yalinadi ko‘zida yosh bilan. Erkin aka yigitni mahkam bag‘riga bosdi. “Biz hali Bursaga boramiz, keyin Ko‘nyoga Mavlono ziyoratiga o‘tamiz, bir necha kun Anqarada turamiz. Shuncha vaqt tillani ko‘tarib yursak, notinch bo‘lamiz. Qaytishda yana Istanbulda bo‘lamiz. O‘shanda, albatta, do‘koningizga kelib,  gapingizni yerda qoldirmay, siz  aytgan ishni qilamiz!” – dedi.

 Mehmonxonaga qaytar ekanmiz, Erkin aka birdan to‘xtab, menga qaradi, “Xurshid, do‘konga kirmay to‘g‘ri qildik-a?  O‘sha yigitning niyati qanchalik sof bo‘lmasin, kirsak yaxshi bo‘lmasdi,” – dedi.

 Biz taklif etilgan anjuman Turkiyaning qadimiy poytaxti – Bursa shahrida, yanada aniqroq aytsam, shahar yaqinidagi Ulug‘tog‘ deb atalmish tog‘lar bag‘ridagi mehmonxonada bo‘lib o‘tdi. Ilk marta tashkil etilgan anjuman Uzoq Sharqdan o‘arbiy Ovrupo sarhadlari qadar muazzam bir jug‘rofiy kenglikda yashagan va asrlar bo‘yi turli iqlimlarda vujudga kelgan madaniyat tili – turkchaning farzandlari bo‘lmish shoirlarni bir yerga to‘plagan edi. Yanada anig‘ini aytsam, bu tadbirda jahonning 24 mamlakat va o‘lkasidan kelgan ellikdan ortiq shoir, Turkiya jumhuriyatining o‘zidan da’vat etilgan yuzdan ziyod shoiru  adabiyotshunos olim ishtirok etdi. O‘zbekistondan Erkin aka va mendan tashqari yana ikki taniqli shoir — Rauf Parfi bilan Azim Suyun ham taklif etilgan edi. Har kun mushoira bo‘lib o‘tadi. Mushoira shoirlarning yoshiga qarab o‘tkaziladi. Birinchi kuni o‘tkazilgan mushoirada so‘zsiz Erkin aka eng katta olqishni oldi. Ustozni olqishlash uzoq davom etdi va uning yakunida anjuman raisi doktor Mehmet Do‘g‘on sahnaga chiqib, shunday dedi:

 — Shu onda ustoz Erkin Vohid she’rlari tufayli biz sarv bo‘yli sevgilisidan uzoqda qolib bo‘zlagan hazrat Navoiyning ohi bilan birga bo‘ldik.

 Anjumanda turkiy she’riyat rivoji uchun xizmat ko‘rsatgan shoirlarga beriladigan mukofotlar Turk dunyosining eng mashhur va eng buyuk shoirlari nomi bilan atalmish edi. Bu Yunus Emro, Alisher Navoiy va Fuzuliy mukofotlari edi. Anjuman yakunida Erkin Vohidovga Yunus Emro mukofoti topshirildi. Bu ustoz shoir ijodining oliy darajadagi e’tirofi edi.

 Istanbulga qaytgan kunimiz, yana bir hafta qolib, uch-to‘rt kundan keyin boshlanadigan  xalqaro madaniy tadbirda ishtirok etish taklifnomasini topshirishdi. 

 Yana Erkin aka menga qaradi, men ustozga. Erkin aka “Yo‘q” deganday, bosh chayqadi, men ham “To‘g‘ri” deganday bosh silkidim. Ikkimiz ham vatanni sog‘ingan edik. Ertasi kuni Toshkentga qarab uchdik.

 Insonning kimligini safarda bilasan, degan naql bor. Darhaqiqat, ikki haftalik safar davomida Erkin aka yonida yurish, bir xonada turish imkoniyati ustozning qanchalik bag‘rikeng, mehrli va ko‘nglida mudom yaxshilik gavhari jilvalangan Inson ekanini inkishof etdi. Uni yaqindan bildim. Bilib, shu insonga ozgina bo‘lsa–da o‘xshashga intilib yashadim.

Ustoz Erkin Vohidov “Yoshlik devoni”gina emas, butun ijodi misolida bizga, eng avvalo, milliy qadriyatlardan uzilmay ijod qilish lozimligini uqtiradi. Bu bilan u, har qanday ijodkor asriy an’analarni o‘zida mujassam eta olgandagina nafaqat milliy adabiyot, shu bilan birga dunyo adabiyotining bir qismi bo‘la olish haqida o‘git beradi. Ustoz butun ijodiy faoliyati davomida umummilliy qadriyatlar asosida ijod qilgani uchun ham umuminsoniy darajaga ko‘tarilgan ijodkor timsoliga aylandi.

 Hind xalqining donishmand farzandi Rabindranath Thakur bir she’rida yozadi:

 Har millatning qo‘lida

 Yonib turar bir chiroq,

 Shu chiroqni avaylab

 Sen dunyoni ro‘shno et…

 Erkin Vohidov dunyodan zulmatni quvgan buyuk shoirlar safida o‘zbek chirog‘ini baland ko‘targan ziyokordir.    

 

Xurshid DAVRON,

O‘zbekiston xalq shoiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − 9 =