Kelajagi yorqin mamlakat

Joriy yilning 4 dekabr kuni mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Erta tong, soat 6:00 da mamlakat bo‘ylab jami 9383 ta saylov uchastkalari ochildi. Xorijda esa 44 ta uchastka faoliyat ko‘rsatdi. An’anaga ko‘ra, saylov uchastkalari ishi O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi.

 

Ovoz berish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar bilan mustahkamlab qo‘yilgan xalqaro demokratik normalar va printsiplarga rioya qilingan holda ochiq va oshkora o‘tkazildi. Ovoz berish 20:00 ga qadar davom etdi.

Saylov kunigacha 18 yoshga to‘lgan 555 mingdan ziyod yoshlar Konstitutsiyada belgilangan saylash huquqidan foydalanib, ilk marotaba ovoz  berishdi. Muddatidan oldin ovoz berganlar soni esa  117902 nafarni tashkil etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini bevosita baholash uchun 40 dan ziyod davlatdan 600 ga yaqin xorijlik kuzatuvchi ishtirok etdi. Ularning har biri o‘z fikri, taassurotlariga ega bo‘ldi. Quyida chet ellik kuzatuvchilar va xorij OAV vakillarining  mulohazalarini e’tiboringizga havola etamiz.

Muxarbek DIDIGOV, 

rossiyalik senator, mamlakat mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari:

– O‘zbekistonga uchinchi bor kelishim, bundan avvalroq parlament saylovlarida ham qatnashgan edim. Mana, endi prezident saylovida ishtirok etmoqdaman. Tashkilotchilik yuqori darajada bo‘lganini ta’kidlashim kerak. Tibbiyot punktidan tortib, bolalar uchun alohida xonalarga qadar unutilmagani, ayniqsa, saylovchilarning erta tongdan, kun yorishmay saylov uchastkalari tomon kelishi meni hayratga soldi. O‘zim saylov uchastkasi ochilishi bilan keldim va saylovchilarning keti uzilmayotganini, keksalarni ko‘rib, kayfiyatim ko‘tarildi. Odamlardagi ko‘tarinkilik esa aytishim mumkin bo‘lgan eng yaxshi holatdir.

 

Folker NEEF, 

germaniyalik xalqaro kuzatuvchi:

– Men yurtingizda bo‘lib o‘tayotgan saylov jarayonlarida uchinchi bor ishtirok etishim. Xorazm, Buxoro viloyatlaridagi saylov uchastkalari bilan tanishib chiqdim. Jarayonga tayyorgarlik tahsinga sazovor. Ayniqsa, jurnalistlarga ushbu jarayonni keng yoritish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Mamlakatingizdagi o‘zgarishlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib turibman, albatta, demokratik tamoyillarni o‘rnatish oson emas. Lekin hali yosh davlatning dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega bo‘layotgani e’tiborga loyiq. 

Saylov uchastkalarida fuqarolar faolligining ham guvohi bo‘ldim. Yaratilgan sharoitlar, xususan, ona va bola, tibbiyot xonalari, ko‘zi ojizlar uchun joriy qilingan brayl alifbosidagi byulletenlarning tarqatilishi, saylov kuni yashash joyida bo‘lmaydigan fuqarolar uchun oldindan ovoz berishning tashkil etilishi, saylov uchastkalariga kelish imkoni yo‘q saylovchilarga uyida saylash imkoni yaratilgani O‘zbekistonda prezident saylovi demokratik tamoyillar asosida o‘tganligidan dalolat. 

Buxoro, Xorazm viloyatlarida bo‘lib, u yerlardagi qadimiy joylarni ko‘zdan kechirdim. Haqiqatdan ham o‘zbek xalqining tarixi juda boy, uning kelajagi ham porloq bo‘lishiga ishonchim komil. Bu yerda ko‘rganlarimni o‘z vatanimda, o‘quvchilarimizga haqqoniy yetkazishga harakat qilaman.

 

Venta KOSERE, 

Latviya universiteti akademik kutubxonasi direktori, xalqaro kuzatuvchi:

– O‘zbekistonga har gal kelganimda, bu yerdagi olamshumul o‘zgarishlar menda havas uyg‘otadi. Birinchi Prezident Islom Karimovning ajdodlar merosini asrab-avaylash borasida amalga oshirgan ishlari salmog‘ini ko‘rib hayratga tushmaslik mumkin emas. 2014 yil may oyida Samarqand shahrida o‘tgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy tsivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzuidagi xalqaro konferentsiyada Islom Karimov nutqi menda juda katta taassurot qoldirgan edi. 

Bu gal esa saylov munosabati bilan kelib, Toshkent shahridagi 90- hamda 105-saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonini kuzatdim va O‘zbekiston xalqi nainki o‘tmishga hurmat, balki kelajakka ham yuksak ishonch bilan qarashiga amin bo‘ldim. Yuqori tashkiliy tayyorgarlik, saylovchilar faolligi hamda mazkur jarayon ishtirokchilarining hamjihatligi saylovning muvaffaqiyatli o‘tkazilishini ta’minladi, deb o‘ylayman.

Nakagava XITOKI, 

“Asahi” gazetasi bosh muharriri (Yaponiya):

–  Bu mening O‘zbekistonga ikkinchi tashrifim. Biz prezidentlikka nomzod  partiya vakillari bilan suhbatlashdik, ularning saylovoldi dasturlari bilan tanishdik, ular saylovchiga nima taklif etayotganini o‘rgandik.  Nomzodlarning dasturlariga kiritilgan barcha masalalar katta ahamiyatga ega.   

Saylovni tashkil etish va saylov jarayoni menda katta taassurot uyg‘otdi. Har bir partiyaning o‘z elektorati bilan ishlayotgani juda muhim. Partiyalar o‘zaro bir-biriga hurmatni saqlagan holda o‘z saylovchisi bilan nima haqda so‘zlashishni yaxshi biladi. Holbuki, bunday hurmatni jahonning boshqa davlatlaridagi saylov kampaniyalarida kuzatmaymiz. Yurtingizdagi saylovoldi kampaniyasi va partiyalar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat ham sharq xalqlariga xos an’nalarga monand tarzda yo‘lga qo‘yilgan. 

Shuningdek, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari uchun yaratilgan imkoniyatlar menda katta taassurot qoldirdi. Toshkentdagi “Hilton” mehmonxonasida saylovni yoritish uchun ilk marta tashkil etilgan press-klubning ochilish marosimi ham qizg‘in o‘tdi. Natija esa kutilganidan ham a’lo bo‘ldi. Press-klub xorijiy va mahalliy OAV, hukumat vakillari, davlat va siyosat arboblarini bir maydonga jamladi. Bu esa, shubhasiz, biz jurnalistlarga katta qulaylik yaratdi. Press-klub bizga mamlakatdagi siyosiy jarayonga chuqurroq yondashish imkonini beradi.

O‘zbeklarning muomala madaniyati, mehmondo‘stligi meni hamisha o‘ziga tortgan. Umuman, Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida o‘xshash jihatlar ko‘p, shu bois, bu yerda o‘zimni ona yurtimdagi kabi his etaman.  

 

Roxand GUNARATNA, 

(Singapur):

– Mamlakatingizdagi saylov jarayoni adolat tamoyillariga to‘la mos tarzda kechdi. Nafaqat, poytaxtda, balki chekka viloyatlarda ham, men bunga guvohi bo‘ldim. Jumladan, Surxondaryo viloyati Termiz shahrida ham saylovlar sistematik tarzda tashkil etilgani diqqatimni tortdi. Mazkur siyosiy jarayon uchun nima zarur bo‘lsa, barchasi ketma-ketlikda to‘g‘ri olib borilayotganiga ham guvoh bo‘ldim. O‘zbekistonga ilk marotaba 1999 yilda  kelgandim. Chet elda bo‘layotgan ayrim tanqidiy fikrlarga qaramasdan, o‘shandan buyon yurtingizda ancha yuksalish, har sohada rivojlanish bo‘lganini ilg‘adim. 

 

Indervir SINGX, 

“Business Central Asia” jurnali Bosh muharriri (Hindiston):

– E’tiborimni tortgani shu bo‘ldiki, siyosiy jarayon ochiq, shaffof holda o‘tayotir. Ko‘pgina davlatlarda bo‘lib, ana shunday jarayonlarda ishtirok etganman, saylovchilar uchun bu juda muhim va xalqaro talablarga mos keladi. Yurtingiz aholisi saylov jarayoniga qiziqib, mas’uliyat bilan yondashmoqda. Har bir mamlakatning o‘z qonunlari va o‘ziga xos tomonlari bo‘ladi. Shu bilan birga, o‘xshash jihatlari ham. Bizning mamlakatda ham O‘zbekistondagi kabi aholi saylov jarayoniga katta mas’uliyat bilan qaraydi, chunki ular o‘z kelajagi uchun ovoz beradi.  

 

Artyom PETROV, 

“Xabar” agentligi muxbiri (Qozog‘iston):

– Ilk taassurotlarim bizni aeroportdan kutib olishlaridan boshlandi. “VIP” zalda kutib olish, bojxona nazoratidan o‘tishimizda yaratilgan qulayliklar barchasi saylov jarayonining qay darajada tashkil etilganidan dalolat berardi.

Avvalo matbuot markaziga kirib, akkreditatsiyadan o‘tdik, so‘ngra O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilgan press-klubga tashrif buyurdik. Men ko‘p joylarda bo‘lganman, hech qanday mubolag‘asiz aytishim mumkin, bu yerdagi press-klubda jurnalistlarga yaratilgan shart-sharoitlar yuqori darajada. 

So‘ng biz Toshkentdagi bir nechta saylov uchastkalarida bo‘ldik. Uchastkalarda bolalar xonasi yaratilganidan hayratdaman. Bu yerda odamlar farzandini bolalar xonasidagi tarbiyachiga qoldirib, o‘zlari chalg‘imasdan ovoz berish huquqlarini bajarishlari mumkinligi diqqatimni tortdi. 

Yurtingizdagi saylovning yana bir ahamiyatli tomoni, bu mustaqil xalqaro kuzatuvchilarning ko‘pligidir. Aslida, bu siyosiy hodisa nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun muhim sanaladi. Sababi, O‘zbekiston dunyoda o‘zining alohida o‘rniga ega bo‘lgan mamlakat.

Men har bir nomzodning dasturi bilan tanishib chiqdim. Ularning dasturida faqat xalq manfaati ustuvor. Aytishim mumkinki, O‘zbekiston aholisida, mamlakat kelajagiga katta ishonch bor. Bu ishonch, xalqingiz tanlagan yo‘lboshchi bilan buyuk kelajakni qurishda kamarbasta bo‘ladi.

 

X. FAYZIYEVA,

J. XO‘JAQULOV,

“Hurriyat” muxbirlari

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − nine =