TINCHLIK VA BARQARORLIK KAFOLATI

O‘zbekistonimiz mustaqil taraqqiyot yo‘lida qanday ulkan, boshqalarning havasini tortadigan yutuq va marralarga erishgan bo‘lsa, bularning barchasining negizi – yurtimizda tinch va osuda hayot, millatlar va fuqarolararo totuvlik, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni asrab-avaylab kelayotganimizdadir.

 O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti

 I.A.KARIMOV

 

Mamlakatimiz barqarorligini, fuqarolar tinchligi va xavfsizligini ta’minlash, ularning huquqlari va  qonuniy manfaatlarini himoya qilish  davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biridir. 

Asosiy Qonunimizda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuzilishi hamda Qurolli Kuchlarni tashkil etish qonun bilan belgilanishi mustahkamlab qo‘yilgan. Mazkur normalar asosida mamlakatimizda  davr talabi va jahon andozalariga javob beradigan Qurolli Kuchlar barpo etildi. Bu esa, mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashga hamda milliy armiyamizni shakllantirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishga katta imkoniyat yaratdi. Qurolli Kuchlarning mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash, xalqimiz tinchligi va  osoyishtaligini ta’minlash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini inobatga olib hamda mamlakatimiz hududidagi harbiy qism va bo‘linmalarning davlatimiz tasarrufiga o‘tkazilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 29 dekabrda qabul qilingan qonuniga binoan 14 yanvar Vatan himoyachilari kuni deb e’lon qilindi. 

Konstitutsiya asosida jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida milliy xavfsizlikni himoya qilishning  tashkiliy-huquqiy tizimini shakllantiruvchi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar ishlab chiqildi. Jumladan, mintaqadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni, zamonaviy talablar va mamlakat xavfsizligiga tahdidlarni chuqur tahlil qilish asosida “O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik kontseptsiyasi to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari hamda mamlakatda tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik saqlanishiga ko‘maklashuvchi xavfsizlikni ta’minlashning yaxlit tizimi ishlab turishiga mustahkam huquqiy negizni yaratgan bir qator boshqa qonun hujjatlari qabul qilindi. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi (1999 yil 20 avgust), “Fuqaro muhofazasi to‘g‘risida”gi (2000 yil 26 may), “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi (2000 yil 15 dekabr), “Mudofaa to‘g‘risida”gi (2001 yil 11 may), “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi (2002 yil 12 dekabr) va “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida”gi (2003 yil 25 aprel) O‘zbekiston Respublikasining qonunlari Qurolli Kuchlarimiz tashkiliy asoslarini o‘zida mujassam etdi. 

Mamlakatimiz taraqqiyoti bilan hamohang ravishda Qurolli Kuchlarimizni isloh qilish bo‘yicha dasturlar qabul qilindi. Bunga muvofiq amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar barcha zamonaviy talablarga javob beradigan milliy armiyamizni shakllantirish va boshqarishning sifat jihatdan mutlaqo yangi tizimiga o‘tish imkonini berdi. Qisqa vaqt ichida harbiy okruglar, chegara hududlari va maxsus operatsiyalarga ixtisoslashtirilgan qismlar tuzildi. Milliy armiyamizni bosqichma-bosqich va tizimli ravishda shakllantirishda, avvalo, xavfsizligimizga qarshi qaratilgan jiddiy tahdid va xatarlar, ayniqsa, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkoagressiya, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishi kabi masalalar hisobga olindi. Shular bilan bir qatorda sohaga doir qonunchilik asoslari ham takomillashtirilib kelinmoqda. Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasining 2006 yil 26 iyunda tasdiqlangan “Mudofaa to‘g‘risida”gi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunida Prezident va Vazirlar Mahkamasining mudofaa sohasidagi vakolatlari aniqlashtirilib berildi.

Albatta, obodlik, to‘kinchilik, rivojlanish, bunyodkorlik – bularning bari tinchlik tufaylidir. Tinchlik sababli yurtimizda barqaror taraqqiyot va ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish hukmron. Shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tubdan o‘zgarmoqda, yangidan-yangi sanoat korxonalari qurilmoqda, temir yo‘llar ishga tushmoqda, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, sport ob’ektlari barpo etilmoqda, aholi turmush darajasi yuksalmoqda.

Konstitutsiyamiz harbiy xizmat tizimini, mamlakatimizning harbiy xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan organlarni belgilab berdi. Jumladan, uning 52-moddasida O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir, deb qayd etilgan. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar.

O‘zbekiston Respublikasida mudofaani tashkil etish mamlakatimiz Konstitutsiyasida, “Mudofaa to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida hamda O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayot kechirishi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilab qo‘yilgan qator chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, muddatli harbiy xizmatni o‘tash muddati bir yilgacha kamaytirildi, harbiy qismlarning tarkibi sifat jihatdan o‘zgardi, qo‘shinlarni komplektatsiya qilish va ularni zarur qurol-yaroqlar bilan ta’minlash tizimi kuchaytirildi, shartnoma asosida xizmat qilishga o‘tish jarayonlari deyarli yakunlandi. Serjantlar tayyorlash maktablarini tashkil qilish va ularni zamonaviy o‘quv-jangovar jihozlar bilan ta’minlash Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligini tubdan oshirdi, harbiy qismlarda sog‘lom ma’naviy muhitni vujudga keltirdi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston fuqarolari Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishni nafaqat fuqarolik burchi sifatida, shu bilan birga eng yuksak maqomdagi mutaxassislik sifatida qabul qilmoqdalar. Keyingi paytlarda Qurolli Kuchlarga muddatli harbiy xizmatga chaqirish tanlov asosida o‘tkazilayotganligi buning yaqqol isbotidir. Armiya saflariga xizmatga kelgan yoshlarimiz bu yerda faqat harbiy mutaxassislikni egallash bilan cheklanayotganlari yo‘q. Ham jismonan, ham ma’nan chiniqib, qat’iy irodaga va hayotiy pozitsiyaga ham ega bo‘lmoqdalar.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz mustaqilligi sharofati bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida davr talabi va jahon andozalariga javob beradigan Qurolli Kuchlar barpo etildi. Bu esa, mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashga hamda milliy armiyamizni shakllantirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshiriga katta imkoniyat yaratdi. 

 

To‘lqinjon KARIMOV, 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik 

palatasi  deputati, 

Mudofaa xavfsizlik qo‘mitasi a’zosi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + 2 =