“VODIYNOMA” — MUHIM ILMIY MINBAR

Istiqlol yillarida milliy matbuotimiz tizimi yangi-yangi ilmiy, adabiy-badiiy nashrlar bilan muttasil boyib bormoqda. Ularda chop etilayotgan ilmiy-tahliliy, ijtimoiy-siyosiy va badiiy publitsistik maqolalarda o‘tmish tarixni chuqur o‘rganish, tarix saboqlaridan to‘g‘ri xulosalar chiqarish asosida bugungi va ertangi kunimizning muhim vazifalarini to‘g‘ri belgilab olish zarurligi, mamlakatimizda, ong-tafakkurimiz va turmush tarzimizda yuz berayotgan ulkan o‘zgarishlar, istiqlol g‘oyalari ta’sirida kamolga yetayotgan yoshlarning mamlakat hayotidagi ijtimoiy faolligi, huquqiy madaniyati, ertangi kunimizga bo‘lgan qat’iy ishonchi o‘z aksini topmoqda.

 

Shu ma’noda “Meros” ilmiy-amaliy ekspeditsiya jamoat fondi  muassisligida “Vodiynoma” (Bosh muharrir tarix fanlari doktori, professor R.Shamsutdinov) ijtimoiy-tarixiy, ilmiy va ommabop jurnalining chop etila boshlangani va uning dastlabki ikki soni o‘quvchilar qo‘liga borib yetgani bugungi tarixshunosligimizda muhim voqea bo‘ldi.

Tarix fanlari doktori Mirsodiq Ishoqovning  jurnal uchun yozgan debocha maqolasi tarixiy mavzuda tadqiqotlar olib borishning zaruriy o‘lchamlari, o‘tmishni falsafiy bilishning metodi va metodologiyasi xususida bo‘lib, unda bu muhim yo‘nalishga qo‘yiladigan ilmiy talablar hamda xolislik tamoyillari aniq bayon etilgan. “Tarixning amalda ishlatiladigan ta’riflari qatorida eng avval ko‘zga tashlanadigani voqeot, ya’ni bo‘lib o‘tgan ishlardan hikoya qilib berish desak, masalani soddalashtirgan bo‘lamiz, — deb yozadi muallif. — Lekin o‘tmish haqida aytilgan har bir gap biror hodisaning tafsilotidir. Xoh bu tafsilot voqeani aniq ifodalasin, xoh buzib ko‘rsatsin, bu ikki qutb o‘rtasini murosaga keltirish, haqiqatni aniqlash tarix fanining ijtimoiy mohiyatini va zarurligini belgilaydi”.

Shu jihatdan qaraganda, jurnalda e’lon qilingan ilmiy va hujjatli tadqiqot maqolalari, ilmiy izlanish natijalari, yangi topilmalar jumladan, Zuhriddin Alimovning “Abu Sa’ad  as-Sam’oniyning Farg‘ona tarixiga oid “Al-muntaxab min mu’jam ash-shuyux” asari haqidagi, yuridik fanlari doktori A.Saidovning atoqli frantsuz olimi Lyusen Keren hayoti va temurshunoslik sohasidagi faoliyati xususidagi, R.Shamsutdinov va E.Xolmirzaevning sovetlarning quloq qilish siyosatiga doir qiziqarli tadqiqoti, tarix fanlari doktori T.Kenensarievning “Qurmonjon dodxoh fenomeni”, tarix fanlari doktori Shamsiddin Kamoliddinning “Somoniylarning tangalaridagi ramzlar” maqolalari, sovet tuzumining qahriga uchrab, Andijonga surgun qilingan Trubetskoylar sulolasi vakili A.V.Trubetskoyning jonli xotiralari jurnalxonlarda jiddiy qiziqish uyg‘otishi tabiiy.

 Olis o‘tmishda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar to‘g‘risida yozayotgan tarixchi nechog‘li bilimdon va mahoratli bo‘lmasin, uning bitiklari tarixiy voqealarning asli emas, turli manbalar, hikoya va rivoyatlar, turlicha talqin va qarashlarga asoslangan fikri hisoblanadi. Chunki u tadqiqot olib borar ekan, biror voqea yoki hodisaning aynan qanday sodir bo‘lgani, buning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy sabablari, voqea yuz bergan makonda mavjud bo‘lgan murakkab vaziyatdan ancha uzoqda bo‘ladi. Oqibatda bir voqea xususida turlicha, ba’zan bir-birini inkor etuvchi talqinlar ham yuzaga keladi, ilmiy xolislik talabi buziladi. Buni keyingi yillarda yaqin-atroflarimizda yaratilayotgan tarix darsliklari, qayta-qayta nashr etilayotgan o‘quv qo‘llanmalari, yozilayotgan ilmiy maqola va asarlar, mantiqsiz shaxsiy iddaolar, o‘rinsiz bo‘rttirishlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin. O‘tmish  tarixni o‘rganish bugun uchun ham, har bir xalqning kelajagi uchun ham zarur, ammo bu ish har qanday holatda ham ilmiy-nazariy asosga, tarix mantig‘iga ega bo‘lmog‘i kerak. Mirsodiq Ishoqov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, “Tarix — misoli karvon. Uning oldida, o‘rtasida va oxirida kechayotgan voqealarni tarixchi karvon ortida borayotgan yo‘lovchidek, bir yo‘la anglab olishi qiyin”. Demak, tarixchi olim o‘zi guvoh bo‘lmagan, ishtirok etmagan voqealarni qalamga olib, u yoki bu ma’noda xulosa chiqarar ekan, avvalo bugungacha yetib kelgan tarixiy manbalarni har jihatdan jiddiy o‘rganishi, o‘zaro qiyoslashi, ilmiy ahamiyati va  ishonchliligiga, yetarli darajada e’tibor berishi, ya’ni, bilishning “ilmiy metodologik tahlil yo‘lini  to‘g‘ri  belgilashi” lozim. 

Shu ma’noda “Vodiynoma” tarixshunos olimlar, yosh tadqiqotchilar, oliy o‘quv yurtlarining talabalari, keng jurnalxonlar ommasi hamda ushbu soha bilan qiziquvchilar uchun muhim ilmiy minbar bo‘lishi shubhasiz. Bu borada jurnal tahririyatiga ijodiy yutuqlar tilab qolamiz.

 

Ahmadjon MELIBOEV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × five =