Yilning eng faol yosh jurnalistlari aniqlandi

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida besh yildan beri “Yilning eng faol yosh jurnalisti” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinayapti.

 

Yosh jurnalistlarni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, yot illatlarga qarshi kurashishda ularning faolligini oshirish, salohiyatlarini namoyon etishga ko‘maklashish bilan bir qatorda mehnatlarini munosib rag‘batlantirish tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsaddir. 

Joriy yilda ham 500 dan ortiq yosh jurnalistlar 1 yanvardan 1 oktyabrgacha bo‘lgan davrda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan 4000 ga yaqin ijodiy ishlari (maqola, teleko‘rsatuv, radioeshittirish va fotoasarlari) bilan ishtirok etishdi. Ijodiy ishlar mavzuning dolzarbligi, yoritish mahorati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyatini ochib berish kabi mezonlar asosida baholandi. Har bir nominatsiya bo‘yicha uchtadan g‘olib nomlari e’lon qilindi.

— Ushbu tanlovda birinchi marotaba qatnashishim. Ijodiy ishlarimning bu darajada yuksak baholanishini, ochig‘i, kutmagandim, — deydi “Yilning eng faol yosh telemuxbiri” nominatsiyasi g‘olibi, “Surxondaryo” teleradiokanali muxbiri Sitora Siddiqova. — Mazkur tanlov kelajakdagi faoliyatimda yanada dadil qadam tashlashimga turtki bo‘ldi. Maqsadim qalami o‘tkir jurnalistlardan biri bo‘lishdir.

Tanlov g‘oliblari  tashkilotchilar tomonidan “Yilning eng faol yosh telemuxbiri”, “Eng yaxshi radioeshittirish”, “Yilning eng faol matbuot xizmati xodimi”, “Yilning eng yaxshi blogeri”, “Yil yangiligi”, “Eng yaxshi maqola muallifi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

 

Fayoza AVLAYEVA,

O‘zDJTU talabasi

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + sixteen =