QALBIMIZDA KATTA UMID VA ISHONCH BOR

Azaldan andishali, murosali xalqmiz, ortiqcha gap-so‘z ostonadan tashqari chiqmasin deymiz. Uncha-muncha qiyinchilikni yengib o‘ta olamiz. Ammo ba’zi hollar sabr kosani to‘ldiradi, shunda, shikoyat qilib tegishli tashkilotlarga borishga majbur bo‘ladi kishi. Bundan ham ish chiqmasa, ommaviy axborot vositalari, tahririyatlarga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Burungi zamonda bunday odamlarni “shikoyat”chiga chiqarib, ola qarash qilishardi, sabrsizlikda ayblashardi. Avvaliga urushlar, suronli yillarni, so‘ng sobiq tuzum davridagi ma’naviy jabr-zulmni ko‘raverib ko‘nikkan xalq uchun maishiy muammolar o‘ta mayda bo‘lib ko‘ringani tabiiy.

 

Endi-chi, u zamonlar o‘tib ketdi, yigirma besh yillik erkinlik bugungi davr kishisiga haq-huquqini tanish, zarur o‘rinda talab qilish, ijtimoiy muammolar yechimida hissa qo‘shish imkonini berdi. Hozir shikoyat qilgan odamni ayblashga, avvalgidek, ola qarashga hech kimning haqqi ham, asosi ham yo‘q. Negaki, murojaatlar o‘z vaqtida yechim topmay qolib ketayotgan, adolat tarozusi to‘g‘ri qo‘yilmayotgan hollar ham uchrab turibdi.  

Shunday paytda fuqaro haqli ravishda tahririyatga maktub yo‘llaydi. Xuddi shu kabi o‘nlab maktublarning yechimini topishga harakat qilamiz. Biroq turli mazmundagi shikoyat arizalarning hammasi ham tahririyat aralashuvi bilan osongina hal bo‘lavermaydi.

Uzundan-uzoq, chigal muammolarga oydinlik kiritish maqsadida tegishli tashkilotlarga rasman murojaat qilamiz. Taassufki, o‘tgan oylar mobaynida jo‘natilgan shu mazmundagi xatlarga hech qanday javob berilmayotir. Holbuki, bunday murojaatlar va ularga qay tarzda yondashish lozimligi qonunlarimizda yozib qo‘yilgan.

“Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasida “Fuqarolarning davlat organlariga gazetalar, jurnallar, televidenie, radio va boshqa ommaviy axborot vositalari tahririyatlari orqali kelib tushgan murojaatlari ushbu qonunda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqiladi” deb belgilanganidan o‘sha tashkilot rahbarlari nahotki bexabar bo‘lsa?! Ushbu qonunning 18-moddasida “Ariza yoki shikoyatlar masalani mohiyatan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddat ichida, qo‘shimcha o‘rganishni va tekshirishni talab etmaydigan ariza yoki shikoyatlar esa o‘n besh kundan kechiktirmay ko‘rib chiqiladi. Ariza yoki shikoyatni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallar talab qilib olish yoki boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ariza yoki shikoyatni ko‘rib chiqish muddati tegishli davlat organi rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin va bu haqda ariza yoki shikoyat bergan shaxsga ma’lum qilinadi”, deya qayd etilgani holda, Davlat raqobat qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasiga jo‘natgan xatimiz, bir oydan ziyod vaqt o‘tganiga qaramay, hamon javobsiz qolmoqda. Surxondaryolik nafaqadagi fuqarodan kelgan xat yuzasidan Denov tumani hokimiga yuborilgan xatimiz ham ana shu tarzda e’tiborsiz qolib kelayotir. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Maqsadimiz ularni birma-bir sanab, nomma-nom gazetaga olib chiqish emas, balki xat ortida inson taqdiri turganini eslatib qo‘yish, xolos. 

Fuqarolarimizning ayrimlari to‘rtinchi hokimiyat vakillari aralashdimi, ishim tez bitadi, degan tushunchada bo‘lishadi va o‘z murojaati natijasini qayta-qayta surishtiradi. OAV muammolar yechimini joyida hal etadigan tashkilot emas, ijtimoiy fikr uyg‘otib, xalqning dardu quvonchini o‘z “dasturxon”iga olib chiqadigan muassasa ekanini hamma birday tushunavermaydi. Shunday paytda javobsiz qolayotgan xatlar vaziyatni yanada murakkablashtiradi.

Ko‘pchilikning xabari bor, joriy yilning 25 sentyabridan boshlab Respublika Bosh vazirining elektron qabulxonasi ishga tushdi va o‘tgan vaqt mobaynida yuzlab muammolar hal etilib kelinyapti. Bu sa’y-harakat odamlarni tinglash, xalqning dardu tashvishiga sherik bo‘lish borasida rahbarlarimizga ibrat emasmi?!

O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoevning mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali  marosimdagi ma’ruzasini xalqimiz katta qiziqish bilan tingladi. Unda aynan biz e’tibor qaratayotgan masala haqida shunday deyiladi: “Yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvlarida men bir narsaga amin bo‘ldim. Biz keyingi paytda odamlar bilan muloqot qilishni unutib qo‘ydik. Ularning ichiga kirib, ochiq va samimiy gaplashish, dardini eshitish bizning faoliyatimizda, afsuski, oxirgi o‘ringa tushib qoldi. …O‘tgan davrda ushbu (t: elektron) qabulxonaga fuqarolarimizdan 218 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning qariyb 59 foizi yechimini topgan bo‘lsa, 41  foizi ko‘rib chiqilmoqda. Ochiq aytishim kerak, bu murojaatlar tahlilidan ko‘p narsa ayon bo‘ldi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ular hayotimizda mavjud bo‘lgan o‘tkir muammolarga ko‘zimizni ochib berdi”.

Darhaqiqat, odamlar qalbida aytadigan gaplar to‘planib qolayotir, bu esa shikoyatlarga sabab bo‘lmoqda. Quvonarlisi, ana shunday murojaatlar, yurtimiz fuqarolarining dardu tashvishi bundan buyon e’tiborsiz qolmaydi. Negaki, yaqinda saylangan Prezidentimiz kelayotgan yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qildi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak  va bu haqiqatni avvalo barcha bo‘g‘indagi rahbarlar yaxshi tushunib olishi zarur”, deya ta’kidladi u o‘z nutqi davomida.

O‘ylab ko‘raylik, “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishidan maqsad nima edi? Rahbarlarni xalqqa yaqinlashtirish, oshkora faoliyat yuritishlari, aholi talab etayotgan ijtimoiy muammolarning o‘z vaqtida yechim topishi uchun sidqidildan yondashishlariga erishish emasmi?! Sir emaski, ko‘p nuqtalarda o‘zibo‘larchilikdan ortmayotgan mutasaddilarga duch kelamiz. Nafaqat oddiy fuqaro, jurnalist murojaatiga ham bepisand qaraydigan bu kabi rahbarlar bundan buyon xalqning vakili sifatida o‘tirgan o‘rnini oqlay olarmikinlar?!

Xalqimiz, yurtimiz tarixidan ma’lumki, zalvorli yillar, og‘ir kunlar odamlarni birlashtirgan, bahamjihat qilgan. Urush yillari bir kaft bug‘doyni, bir burda nonni bo‘lishib yegan ota-bobolarimiz hikoyalarini esga olaylik. Yorug‘ kunlarga erishganda ana shu qadriyatni unutishga haqqimiz bormi?! An’anaga ko‘ra, kirib kelayotgan 2017 yilga nom berilar ekan, mazkur, asrlar silsilasidan omon o‘tib kelayotgan milliy qadriyatga yana bir bor murojaat qilindi, yurtimiz ahlining bir maqsad ostida hamjihat bo‘lib yashashiga ishoradek jarangladi bu taklif. Ushbu qarordan va yangi yildan yurtdoshlarimizning umidi katta. Ana shu umid uchqunlari orzular ruyobi bo‘lib, qalblarimizni yoritishiga ishonamiz.     

 

Xolida FAYZIYEVA,

“Hurriyat” muxbiri

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 3 =