“Sadriddin ham Buxoroga aylangandir”

U birinchi she’rini Minorai Kalonga aytdi. Bu she’rini butun vujudi bilan hayqirib, yuragini to‘ldirib, g‘urur va mehr bilan aytdi. Bu o‘tli she’rning sadolari Labihovuzga ham yetib keldi. Qadim Buxoro ko‘chalari nurlanib ketdi bu go‘zal she’rdan:

 

Har bir g‘uncha avval mening yuragimda gullaydi,

Keyin gulga burkanadi bahor kelib keng jahon.

Tongda olam avval mening yuragimda kuylaydi, 

Men shoirman, onajon.

She’rni eshitgan onasi qayta-qayta duolar qilib, she’rni mehr bilan bag‘riga bosib, unga “oq yo‘l” tiladi. Labihovuzning keksa tutlari ham bu qutlug‘ duoga qo‘shildilar. U hayrat to‘la ko‘zlari bilan hovuzga uzoq termuldi. Xayoliga shunday misralar quyuldi: “Hovuz betidagi ajinlar ajdodlarim dardlarimikin?!”

Ayniqsa onasining “O‘zga yerlarda osmondan nur yog‘ilsa, osmon Buxoro yeridan nur emar ekan”, degan hikmatli so‘zlari uning qalbidan mustahkam o‘rin oldi. U ana shu muqaddas nurning abadiy oshnosi bo‘lib qoldi. Bu nur qalbiga Buxoro mehrini soldi, Buxoroning o‘lmas mavzusini muhrladi. U butun vujudi bilan ana shu muborak nurga intildi, talpindi. Buxoro nuridan hamisha hikmat izladi. Otashin shoir Sadriddin Salim ijodini ana shu bebaho nurdan boshladi, ana shu nurdan mudom ilhom oldi, o‘zi ham, qalami ham nurlanib bordi. Nurga ko‘mildi uning hayoti va ijodi:

Buxoro tunlari sernur, purziyo,

Zamindan osmonga goho suzar nur…

Sadriddin Salim ijodining bosh mavzusi qadim va navqiron Buxoro. U sho‘rolar davridagi Buxoroni ko‘rib kuyundi, achindi, yuragi yig‘ladi. Kundan-kun nurab, tarixiy obidalari, madaniy yodgorliklari asta-sekin to‘kilib  borayotgan g‘arib Buxoroni ko‘rib halovati yo‘qoldi. Ulug‘ ustozimiz – O‘zbekiston xalq yozuvchisi Ne’mat Aminov bilan matbuotda “Buxoroni qutqaring!” deb bong urib chiqishdi. O‘tgan asrning 80-yillari o‘rtalarida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida bosilgan ushbu tanqidiy maqola sobiq sho‘ro tuzumining o‘sha davrdagi ayrim kaltabin rahbarlariga yoqmadi. Ularning  g‘azabini keltirdi. Sho‘ro chinovniklari mualliflarga ochiq-oydin tazyiq o‘tkaza boshladilar. Lekin Buxoroning bu ikki zabardast farzandi bu do‘q-po‘pisalardan aslo cho‘chimadilar. Aksincha nurab borayotgan ona shaharlari Buxoroni zudlik bilan qutqarish, tarixiy-madaniy obidalarni ta’mirlashni  jadallashtirish masalasida qayta-qayta chiqishlar qildilar. O‘sha zulmatli kunlar haqida shoir hasrat bilan yozadi:

Hamma joy ravshan edi-yu

Men edim zulmat aro

Nurga zor nursiz chiroqda

O‘tdi umrim, vo darig‘!

Ittifoqsiz ittifoqda

O‘tdi umrim, vo darig‘!…

Tarix sahifalaridan ma’lumki, sho‘ro tuzumidan eng ko‘p aziyat chekkan shaharlardan biri qadim va ko‘hna Buxoro edi. Sho‘ro davrida faqat odamlar emas, balki shaharlar ham, yurtlar ham qatag‘onga uchradi. Qadimdan yuksak ilm-fan markazi bo‘lgan, ulug‘ allomalar yurti Buxoro ham qatag‘on shaharlar ro‘yxatida edi. Ta’mirtalab tarixiy yodgorliklar anchagina tashlandiq ahvolga kelib qolgandi.  Buxorodagi bunday og‘ir manzaralarni ko‘rib, yuragi yig‘laganlardan biri, bu, shubhasiz fidoyi va vatanparvar shoir Sadriddin Salim edi. 

“Sen bo‘lmasang kemtikdir dunyom, sen bo‘lmasang dunyomdir sag‘ir”, deb faryod chekdi u. “Yuragim misoli Buxoro, uning ham qal’asi vayrondir”, deb iztirobga tushdi shoir. Lekin shoirning kuyunishlariga sho‘ro amaldorlaridan amaliy javoblar bo‘lmadi. Oqibatda Buxorodagi ko‘pgina madaniy-tarixiy yodgorliklarning ayrimlari tashlandiq ahvolga kelib qolgan, ayrimlari vayronalikka yuz tutgani — bizning kechagi kundagi og‘riqlarimizdir. Masalan, birgina Bahouddin Naqshband ziyoratgohini olaylik. Bu ulug‘ zotga e’tiqod qilganlar yashirincha borib, sho‘ro ayg‘oqchilariga sezdirmasdan ziyorat qilib kelardi. Sadriddin Salim o‘sha murakkab davrlarda ham bu ulug‘ ziyoratgohdan aslo qadamini uzgani yo‘q. Umrining yarim asrdan ziyodi ushbu majmua bilan bog‘liqdir.

O‘zbekiston mustaqilligini katta quvonch va ko‘zda sevinch yoshlari bilan kutib olganlardan biri otashin shoir Sadriddin Salim edi. U mustaqilligimizning dastlabki kunlarida quvonch bilan ushbu yoniq misralarni yozdi:

Vatan faxrim, Vatan g‘ururim,

Uning shoni — shonimdir, illo!

Ona Vatan baxtim, sururim,

Mustaqilmiz, alhamdulillah!

Mustaqillikning dastlabki yillarida orzu-armonlari ushalganidan benihoya xursand bo‘lgan Sadriddin Salim “Buxoroga Buxoro keldi” she’rlar turkumini yaratdi. Uning yonib yozganlari she’rxonlar qayta-qayta takrorlab, davralarda aytib yuradigan o‘tli satrlarga aylandi:

Buxoroga nur-ziyo keldi,

Imon keldi, sharm-hayo keldi.

Buxoroni zulmat etdi tark,

Buxoroga Buxoro keldi…

Yoki:

Kim seni yor etdi, yor bo‘ldi oqibat,

Kim seni zor etdi, zor bo‘ldi oqibat.

Ey Buxoro, bu ne hikmatdur, ajab,

Kim seni xor etdi, xor bo‘ldi oqibat.

Mustaqillik shoirning ilhomiga ilhom qo‘shdi, jur’atiga jur’at, g‘ayratiga g‘ayrat bag‘ishladi. Ko‘z o‘ngimizda go‘yo Sadriddin Salim qayta tug‘ilib, qayta ijod qilayotganday bo‘ldi. U butun ijodiy faoliyatini va ilmini qolaversa, umrini Buxoroga bag‘ishladi. Buxoro bilan hamnafas yashadi. Uning so‘nggi yigirma yillik ijodi va hayoti bevosita Buxoro bilan, Buxoroda ro‘y bergan ulkan o‘zgarishlar, obodonchilik va ulkan bunyodkorlik ishlari bilan bevosita bog‘liqdir. U mustaqillikning chinakam fidoyisi va haqiqiy quruvchisiga aylandi.

U endi oddiy shoir Sadriddin Salim emas, balki ism-sharifiga “Buxoriy” taxallusini ham qo‘shib olgan edi. Endi u ham buyuk Buxoriylar kabi Buxoroni sevish, Buxoroni ozod va obod qilishga umrini bag‘ishlagan bunyodkorlar safida edi. Buxoriylar kabi ma’rifatparvarlik yo‘lini tanladi.

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan boshlangan Buxorodagi ulkan o‘zgarishlar, Bahouddin Naqshband majmuasini ta’mirlab, qayta qurish ishlarida bunyodkor fidoyilarning oldingi qatorida bo‘ldi. U unitilgan tarixiy joylar, nomlarni tiklashda haqiqiy jonbozlik ko‘rsatdi. Uning jur’atli qadamlari tegmagan Buxoro mahallasi, guzari va ko‘chalari qolmagan. Ayniqsa, tarixiy yodgorliklar bilan birga buxorolik mashhur avliyolar, pirlar hayotini ham izchil va puxta o‘rgandi. O‘zi tashabbuskor bo‘lgan maxsus ilmiy ekspeditsiya bilan Buxoro atrofidagi hamda Navoiy viloyatidagi tarixiy-madaniy yodgorliklarni, qadamjolar va piru-avliyolar tarixini ham o‘rganib, ular haqida turkum maqolalar, maxsus kitoblar yozdi, she’riy  va publitsistik turkumlar yaratdi. 

Uning tasavvufga, avliyolar tarixiga oid “Dilda yor”, “Tabarruk ziyoratgohlar”, “Hazrati Azizon ar Rometaniy”, “Bahouddin Naqshband yoki yetti pir”, “Chor Bakr yoki Jo‘ybor avliyolari”, “Hazrat Mavlono Orif Deggaroniy”, “Avliyo shoh Axsaviy Fayziobodiy al-Buxoriy”, “Xojai Jahonim bor”, “Ikki yuz yetmish yetti pir” nomli kitoblari Buxoroning bebaho va boqiy tarixini va buxorolik avliyolar, pirlar hayotini, faoliyatini o‘rganishda o‘ziga xos yangilik bo‘ldi. Va bu tabarruk kitoblar hamon qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilayotir. Shuningdek, Sadriddin Salim Buxoriy stsenariysi asosida besh qismdan iborat “Imom al Buxoriy” videofilmi, “Abu Hafs Kabir”, “Xojai Jahon” telefilmlari suratga olingan. 

U kundan-kunga chiroy ochib, yanada go‘zallashib obodonlashib borayotgan Buxoroga kelgan mehmonlarga kundan-kunga obod bo‘layotgan shahar, uning tarixi haqida, qadimiy yodgorliklar to‘g‘risida soatlab maroq bilan gapirishdan aslo charchamasdi. U Buxoroni ta’riflab-tavsiflashdan bir lahza to‘xtagan emas.

U shoir bo‘lib, Buxoroni bearmon kuyladi, mehr-muhabbat bilan yozdi.

U baxshi bo‘lib, Buxoroni doston qilib so‘yladi, jo‘shib-jo‘shib aytdi.

U hofiz bo‘lib, Buxoroni yuraklarga joyladi, avj pardalarga olib chiqdi.

U olim bo‘lib Buxoroni dildan yonib so‘zladi, kitoblarga muhrladi.

Sadriddin Salim Buxoriy mustaqillikning asl mohiyatini, kun sayin obod bo‘layotgan ozod “Buxoroning obidalari har kun yangi hikmat aytadi”, deb tushuntirishdan, odamlar qalbiga muhrlashdan aslo charchamasdi. Ushbu misralarni qayta-qayta o‘qishni yaxshi ko‘rardi u:

Yurt Egasi yurtni obod etmoqda, shukr,

Naqshband bobomni shod etmoqda, shukr.

Xizmati bilan elni dilshod etmoqda, shukr,

Sadriddin ham naqshbandiy bo‘lsa, ne ajab!

 Haqiqatdan ham u kishi naqshbandiya tariqat yo‘lini tutgan tasavvufshunos olimlardan edi. Uni naqshbandiyshunos, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi.

— Bu tarixiy voqea umrbod qalbimda yashaydi, — deydi shoirning jonajon do‘sti taniqli olim Samad Azimov. — 2010 yil 30 avgustda Buxoro shahrida “Qadimiy va boqiy Buxoro” majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashgan muhtaram Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ushbu ulkan majmuaning bunyod etilishida sidqidildan xizmat qilganlarni eslab, jumladan, yurtning fidoyi farzandi Sadriddin Salim Buxoriyning ham nomini tilga olib, bu ulkan ishlarda u kishining ham munosib hissasi borligini alohida ta’kidlaganlarida, biz, buxoroliklarning qalbimiz bu mehrli so‘zlardan yanada nurlanib ketdi. o‘ururimiz tog‘day yuksaldi. Aslida bu Sadriddin Salim hayoti va faoliyatiga berilgan eng yuksak baho bo‘ldi. Yana bir narsani mamnuniyat bilan aytish kerakki, Sadriddin Salim Buxoriy Birinchi Prezidentimiz nazariga tushib, hayotlik vaqtida “Fidokorona xizmatlari uchun” va “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlangan edi.

Ha, haqiqatan ham uni chin ma’noda fidokorona mehnat sohibi deyish  mumkin. U 1972 yilda Buxoro Davlat Universitetining chet tillar fakultetini tugatib, umrining oxirigacha ushbu ilm dargohida samarali va halol ishladi. Yuzlab shogirdlar yetishtirdi. Umrini ezgu, xayrli va ibratli ishlarga bag‘ishladi. U kishi 2010 yil 10 martda 64 yoshida yurak xurujidan vafot etdi. 

Shoir bir umr Buxoroning qadimgi Cho‘pboz guzarida yashab o‘tdi. Sadriddin Salim Buxoriyni so‘nggi yo‘lga kuzatayotganimizda, uning shogirdlaridan biri Amrillo Beshimov ko‘zda yosh bilan ushbu vido satrlarini pichirladi:

Cho‘pboz guzariga cho‘bin ot keldi,

Buxoro bo‘g‘ziga alam-dod keldi…

Sadriddin Salim Buxoriyning o‘limidan so‘ng o‘afur o‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan “Hikmatdir dunyo” saylanmasi chop etildi. 

Shoir, hayotlik paytida ushbu saylanmani o‘z qo‘li bilan tayyorlagan edi. Afsus kitobni ko‘rish unga nasib etmadi. Ushbu kitobni o‘qib chiqqach, shoir ijodining yangi-yangi sahifalarini kashf etasiz. Va o‘z-o‘zidan Sadriddin Salim Buxoriyning haqiqiy muxlisiga aylanasiz. Kitob filologiya fanlari doktori, ustoz Najmiddin Komilovning “Buxoro kuychisi” deb nomlangan so‘zboshisi bilan ochiladi. Mehr bilan yozilgan ushbu so‘zboshida shunday ibratli so‘zlarni o‘qiymiz. “Sadriddin Salim Buxoriy ana shunday hayotsevar, nekbin, yaxshilik, obodonlikdan quvonadigan, yomonlik, xastalikni dildan yomon ko‘radigan shoir edi. U shundayligicha bizning yuragimizdan abadiy joy olgandir. Shubhasiz bu hassos ijodkor o‘zining betakror she’riy olami, yuksak insoniy fazilatlari, vatanparvarligi, xalqsevarligi, ilmu ma’rifatga ixlosi juda balandligi bilan yana necha-necha avlodlarga hamkoru hamdam bo‘lajakdir” 

Bu saylanma shoirdan bebaho yodgorlik bo‘lib qoldi. Kitob chop etilishi bilan qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qildi. Saylanmaning birinchi qismi — “Buxoroga Buxoro keldi” deb nomlangan. Undan asosan shoirning hayotlik vaqtida chop etilgan kitoblari va yangi she’rlaridan saralab olingan. “Sharif manzaralar” bo‘limida qadim Buxoro tarixi bilan birga mustaqillik yillarida Buxoroda amalga oshirilgan va oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar, bunyodkorliklar haqida batafsil hikoya qilinadi. “Tarjimalar” bo‘limidan shoirning o‘ziga xos tarjimalari o‘rin olgan bo‘lib, ayniqsa nemis mutafakkiri  I.Gyotening “o‘arbu Sharq devoni”ni nemis tilidan bevosita o‘zbek tiliga tarjima qilganligi katta ahamiyat kasb etadi. “Yetti avliyo” bo‘limida O‘zbekistonda yashab o‘tgan ulug‘ avliyolar hayoti va faoliyati haqida yozilgan teran  maqolalardan iborat. Kitobning har bir bobi, bo‘limi zavq-shavq bilan o‘qiladi. Kitobdan o‘rin olgan barcha katta-kichik asarlar mazmun-mohiyati bilan bugungi yosh avlodning ma’naviy-ruhiy olamiga va ularni kelajakda barkamol inson bo‘lib voyaga yetishlarida tarbiyaviy ahamiyati beqiyosdir. Eng muhimi, bu kitob yoshlarga “Har qarichi muqaddas, har toshi ziyoratgoh, Seni sevmay bo‘lurmi, ey avliyo Vatanim!”, deb Vatanni Sadriddin Salim Buxoriydek yurakdan sevish, ardoqlash va uni hamisha ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashdan bebaho saboqlar beradi. U bizga Buxoroni sevish bilan birga O‘zbekistonni sevishni, qadrlashni, ulug‘lashni o‘rgatib ketdi.

Sadriddin Salim Buxoriy qalamiga mansub “Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari” tarixiy-ma’rifiy risolasi 2015 yilda “Navro‘z” nashriyotida salmoqli nusxada chop etildi. Buxoroning muqaddas tarixiy manzillari va avliyolari haqida hikoya qiluvchi bu kitob ham shoir muxlislariga katta sovg‘a bo‘ldi. Buxoro tarixi bilan qiziquvchi barcha kitobxonlar, mutaxassislar uchun ajoyib va bebaho to‘yona, desak arziydi.

Katta qalbli shoir, mohir tarjimon, fidoyi olim va otashin publitsist Sadriddin Salim Buxoriy o‘z hayotini va ijodini Buxoroga, buxoroliklarga bag‘ishladi. U chin ma’noda Buxoroning dilbandi edi. Endi uning jismi-joni ham Buxoro tuprog‘iga payvand bo‘lib ketdi. O‘zi yozib ketganidek:

Meni izlab mozorlarga bormang zinhor,

Qalb rishtasi shu Vatanga boylangandir.

Buxoroga kelib qarang takror-takror,

Sadriddin ham Buxoroga aylangandir.

 

Ashurali JO‘RAYEV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + nine =