Yozgan sari yozging keladi

TANIQLI JURNALIST AHMADJON MELIBOYEV BILAN SUHBAT

 

 — Har gal yil yakunida faoliyatimizga nazar tashlab, biror muammoni matbuotimiz sahifalariga olib chiqa oldikmi, yurt miqyosidagi biror muvaffaqiyatga oz bo‘lsa-da, hissa qo‘sha oldikmi,  deya o‘yga tolamiz. Sizning kuyunchak ustoz sifatida gazeta-jurnallarni muntazam varaqlab borishingiz ko‘pchilikka ma’lum. Qalami charxlanib kelayotgan yoshlarning ijod namunalaridan yaxshi xabardorsiz. Yakunlanayotgan yil chop etilgan qaysi maqolalar yodingizda qoldi?

— Hayotda navqiron yoshda bo‘lishdan ko‘ra rohatbaxsh ish yo‘q, aslida. Ammo jurnalistikada yosh bo‘lish juda qiyin: har bir tahririyatda maqola yozib, yurt kezib, issiq-sovuqqa ko‘p bor duch kelib, goh maqtov, goh tanbeh eshitib suyagi qotgan hamkasblar bo‘ladi. Shular safiga qo‘shilish, “arava”ni birga tortishga to‘g‘ri keladi. Buning ustiga, bir vaqtning o‘zida ustozlar tajribasini o‘rganish,  jamoaga singib ketish, fikrni lo‘nda ifodalash mahoratini egallash zarur. Vaqt esa kutib turmaydi. Bu sinovdan o‘tib, o‘z yo‘llari va ovozlarini topib olgan ijodkorlar oz emas. O‘sh hamkasblarimizdan Gulyuz Siddiqova, Ulug‘bek Rahmonqulov, Sevinch Norqobilovaning original teleko‘rsatuvlari, Mohlaroyim Qayumova, Sobirjon Yoqubov, Shohsanam So‘fieva, Saidjalol Saidmurodov, Isomiddin Po‘latov, Charos Nizomiddinova, Akmal Jumamurodovning chuqur tahlilli badiiy publitsistik maqolalari meni quvontirdi. Jurnalistikaga jur’at va ishonch bilan kirib kelayotgan bunday yoshlarning ifoda uslublari har xil, ammo ularni, e’tibor bersak, tanlagan kasblariga hurmat, so‘zga nisbatan mas’uliyat birlashtirib turadi.

Gazetaning har bir soni ijodiy jamoa, faol mualliflarning zahmatli mehnati, fikr-mulohazalari, har bir so‘z, har bir ibora ustida soatlab izlanishlari evaziga tayyorlanadi. Chinakam gazetachi hech qachon o‘z ishidan qanoat hosil qilmaydi. Kecha, o‘tgan kuni yozgani bugun o‘ziga  yoqmay qoladi. Yanada yaxshi, yanada puxta va ta’sirchan yozishga harakat qiladi, yangi fikrlar, yangi mualliflar qidiradi, qaerda bir nima “yilt” etsa, shunga e’tibor beradi. Gazetaning ayni shu soniga kerak bo‘lgan muhim fikrni, yangilikni izlaydi. Bunda goh  taniqli olim, goh  nomi hali hech kimga tanish bo‘lmagan yosh muxbir, boshlovchi jurnalist yordamga kelishi mumkin. Shu ma’noda “Hurriyat”, “Ma’rifat”, “Jamiyat”, “Kitob dunyosi”, “Turkiston” gazetalari tahririyatlari yosh ijodkorlarga alohida e’tibor berayotganini aytib o‘tish zarur.

– Eski nashrlarni varaqlab, ocherk, esse, feleton, pamflet kabi janrlarning namunalariga duch kelamiz. Bugun matbuotimizda bu janrlarning kamayib borayotgani yoki bir-biriga aralashib ketayotganini  qanday izohlaysiz?

– Bugun matbuotimizda ocherk,  feleton janrlari kam ko‘rinayotganining asosli sabablari bor. Sobiq tuzum paytida matbuot komfirqaning “mo‘ljalni bexato nishonga oladigan” ideologik quroli sifatida o‘z fikriga ko‘ra kimnidir ko‘klarga ko‘tarib maqtashi, kimnidir ayovsiz “urib chiqib”, taqdirini hal qilishi mumkin edi. Unga shunday vakolat berilgan edi. Istiqlol matbuoti bunday hukmfarmolik vazifasidan ozod bo‘ldi. Mening bu fikrlarimdan ocherk yoki feleton yozmaslik kerak ekan-da, degan xulosa kelib chiqmaydi. Yozish kerak, qoyilmaqom qilib, do‘ndirib, o‘xshatib yozish kerak, faqat… o‘z fikringizga asoslanib yozing. O‘n kishi, balkim yuz kishi kimnidir yomonotliqqa chiqarsa, kimnidir maqtab daho darajasiga ko‘tarsa ham, bunga o‘zingiz qat’iy ishonch hosil qilmaguningizcha qo‘lingizga qalam olmang. 

Janrlarning bir-biriga aralashib ketayotgani, meningcha, tabiiy hol. Sobiq tuzum  badiiy adabiyotni, jumladan,  jurnalistikani  ham ma’lum g‘oyaviy qoliplarga solib, shundan chiqmaslikni talab qilar edi. Bugungi ko‘pqirrali dunyo va uni anglash barobarida o‘zini o‘zi tushuna boshlagan o‘quvchining fikr olami bu qoliplarga sig‘mayotgani ayon haqiqat. Gazeta-jurnallarda o‘ttiz sahifali roman, to‘rt-besh sahifali qissa, sakkiz qatorli esse, qirq betli hikoya yoki maqola e’lon qilinayotgani shundan. Tuyg‘u va tafakkurni qoliplab bo‘lmaydi. Janr va hajm emas, mahorat birlamchi bo‘lib qoldi. 

— Ba’zi hamkasblarimiz jurnalistikada mavzu topishdan ko‘ra qiyin ish yo‘q,  deyishadi. Nahotki, shunday bo‘lsa?

— Bu fikrga qo‘shilish qiyin. Boshqalarni bilmadim, ammo men jurnalist sifatida qayoqqa qaramay, hamma narsa ko‘zimga mavzu bo‘lib ko‘rinadi: yo‘lu cho‘lda, bozorda, metroda, avtobus bekatida, aeroportning kutish zalida xayolga shunday noyob mavzular keladiki… Ko‘pgina maqolalarimni zerikarli yig‘inlarda, ba’zi yosh takabbur rahbarlarning qabulxonalarida o‘tirib qoralaganman. “So‘nggi SMS” sarlavhali hikoyam syujetini  nahor oshga borayotib, yosh haydovchi yigit so‘zlab bergan. Bir yili vodiy safarida menga bir jahongashta onaxon hamroh bo‘ldi. Uning ajabtovur hikoyasi manzilga yetgunimizcha ham tugamadi, onaxonning To‘raqo‘rg‘ondagi hovlisi oldida bir soat turib, hammasini eshitdim va… “Bir kelinning nayrangi” degan jiddiy maqola yozdim. Bunday misollarni ko‘plab keltirishim mumkin. 

Fakultetimizni bitirayotgan talaba: “Ustoz, maqola yozmoqchiman, menga mavzu bering” desa, bu undan jurnalist chiqmasligining belgisi. Afsuski, shunday murojaatlar ham bo‘lib turadi.

— O‘zbek adabiyotida adabiy tanqidchilik maktabi bor. Bu jurnalistikaga ham xos zarurat, deb o‘ylayman. Yosh ijodkorlarga to‘g‘ri maslahatlar berish, yutuq-kamchiliklarini vaqtida tahlil qilib turish, zarur hollarda ularni qo‘llab-quvvatlash siz kabi ustozlarning burchi. Bir vaqtlar yosh yozuvchilar bir nima yozmoqchi bo‘lsalar, “Ustoz Abdulla Qahhor o‘qib qolsalar nima derkinlar?” degan mulohaza xayollaridan o‘tar ekan. Bugun matbuotimizda Abdulla Qahhorga o‘xshagan talabchan ustozlar yetarli deb o‘ylaysizmi?

— “Ustoz-shogird” an’analari jurnalistikada ham juda muhim. Ochig‘ini aytsam,  yozganingiz Ibrohim o‘afurov, Saydi Umirov, Mahmud Sa’diy, Xurshid Do‘stmuhammad, Shuhrat Rizaev, Tursunboy Adashboev, Shuhrat Jabborov kabi talabchan munaqqid va cho‘rtkesar hamkasblarimizga ma’qul kelishi uchun ko‘p mehnat qilish kerak. Abdulla Qahhorga kelsak, u paytlari odamlar sodda bo‘lishgan ekanmi, ustozlar yosh yozuvchilarning kamchiliklarini ko‘rsatib, po‘stagini qoqsalar, hattoki, “Birodar, bunday yozgandan ko‘rsa, yaxshisi, boshqa ish qiling” desalar ham ranjishmagan, aksincha, “Falon ustoz menga e’tibor berdi, asarimni o‘qibdi”, deya  xursand bo‘lishgan, mashqlarini qayta-qayta ishlashgan. Hozir-chi? Ustozlar yetarli, ammo ularni tinglaydigan “quloq” qani? Maqolasi o‘tmagan muallif uni qayta ishlamaydi, kamchiliklarini tuzatmaydi, boshqa bir gazetaga shundayligicha olib boradi, u yerda ham olishmasa, uchinchisi, to‘rtinchisiga havola etadi. Bir muharrirga gazetaning bir sonida ellikdan ortiq imloviy xato o‘tganini aytgan edim, shu-shu, bu nashr bilan hamkorligimiz yakun topdi. Teleboshlovchilardan biriga ko‘rsatuv davomida “demak” so‘zini 67 marta takrorlaganini eslatdim, “Gazeta boshqa, televidenie boshqa-da, ustoz” dedi u pinagini buzmay. Xolis, samimiy tanqid ijodkor uchun suv va havoday zarur. Buni qancha tez tushunib olsak, shuncha yaxshi. Aks holda, o‘z bog‘imizni o‘zimiz suvsatgan bo‘lamiz.

— Ko‘plab taniqli shoir va adiblarimiz ijodiy faoliyatlarini jurnalistikadan boshlashgan. Bu shunchaki tasodifmi yoki… 

— Tasodif emas, ijod qonuniyati. Ustoz Odil Yoqubov muxbirlikni katta adabiyot bog‘i oldidagi ko‘prikka o‘xshatgan edi. Gazeta-jurnallarda ishlash, yurt kezish, turli kasb va taqdir egalari bilan suhbat qurish, turfa xil hodisalarga guvoh bo‘lish jurnalist tafakkurini charxlaydi, dunyoqarashini boyitadi, hayotiy voqea-hodisalar, jamiyatda kechayotgan jarayonlar to‘g‘risida mantiqli mulohaza yuritishga o‘rgatadi. Odil aka, Pirimqul Qodirov, Chingiz Aytmatov, O‘tkir Hoshimov kabi adiblar uzoq vaqt gazetalarda ishlashgan. Halima Xudoyberdieva, Tog‘ay Murod, Erkin A’zamov, Xurshid Do‘stmuhammad, Xurshid Davron, Usmon Azim, Azim Suyun va yana ko‘plab ijodkorlar bugungi Milliy universitetimizning jurnalistika fakultetida tahsil olishgan. Markesning mana bu fikrlariga e’tibor bering: “Jurnalistikaning yozuvchiga beradigan ko‘magi ishdagi jonli misollardangina iborat emas. U so‘z bilan doimiy aloqada bo‘lishga yordam beradi, eng asosiysi, hayot bilan hamnafaslikni ta’minlaydi. Qachonki yozuvchi real hayotdan uzilib qolsa, u shunday holatga tushadi. Jurnalistika bilan mashg‘ul bo‘lish orqali bu hamnafaslikni saqlab qolish mumkin. Adabiyot esa, bil’aks, hayotdan uzoq-uzoqlarga olib qochadi. Butunlay atrof-muhitdan uzilib, yopiq dunyo ichida yolg‘iz qolsang, shon-shuhratdan ham mahrum bo‘lish hech gap emas”.

— Ustoz jurnalist sifatida yosh hamkasblaringiz faoliyatidan ko‘nglingiz to‘ladimi?

— Garchi, bugungi yoshlar biz bundan yigirma besh yil avval yozganlarimizdan ko‘ra yaxshiroq, jur’atliroq qalam tebratayotgan bo‘lsalar-da, ko‘ngilning to‘lishi qiyin. Hayotning shiddatini  qarang, bugun mustaqil mamlakatimiz milliy taraqqiyotning yangi, yanada muhim bosqichiga ko‘tarilmoqda. Mamlakatimizda kechayotgan jarayonlarga e’tibor bering. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi munosabati bilan yurtimizga kelgan xorijlik kuzatuvchilarning e’tiroflari, dil izhorlarini  tinglang, davlatimizning yangi rahbari nomiga kelayotgan samimiy qutlovlarni o‘qing. Milliy taraqqiyot yangi bosqichga ko‘tarilmoqda, inson omili yana diqqat-e’tiborimiz markaziga qaytmoqda. Bunday paytda hech bir kishi — na ustoz va na shogird o‘z ishidan qoniqish hosil qilmasligi kerak. Metrodagi reklamalardan birida taniqli san’atkorlarimiz qo‘llariga makarondan bir zumda tayyorlanadigan taomni ushlab, “Yegan sari yeging keladi” deb turishibdi. Bugun faqat yeb-ichishni  o‘ylaydigan zamon emas,  menga qolsa “Yozgan sari yozging keladi, bilgan sari bilging keladi, fikrlaging keladi” degan bo‘lardim.  Yosh hamkasblarimiz yanada faol bo‘lishlari, qalamlarini qayrashlari kerak. Davlatimizning  saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan, yaqinlashib kelayotgan 2017 yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yili deb nomlanadi. Bu yorug‘ olamda yashamoqlikdan maqsad umrni behuda o‘tkazmaslik, tinchlik-totuvlik, ahil-inoqlik, yaxshi vorislar, ezgu amallar, ulug‘vor imoratlar qoldirish ekan, bu boradagi har bir harakat eng avvalo inson omiliga, uning baxtli taqdiriga taalluqli ekanini unutmaslik kerak. Xalq bilan  muloqotga kirishish — shunchaki muammolarni aniqlash va reja tuzish degani emas, undan buyuk kuch-quvvat, g‘ayrat-shijoat, ilhom olish, davlat-jamiyat-inson munosabatlarida  ijtimoiy adolatni ta’minlash, har bir kishining bugungi kunidan rozi bo‘lib, ertangi kuniga ishonch bilan yashashiga  erishish degani hamdir. Shunday ekan, xalqqa tomon yuz burishda eng avvalo, OAV, xususan, matbuot  peshqadam bo‘lishi, yosh hamkasblarimiz bu ulug‘vor harakatda o‘zlarini yanada faol namoyon etishlari zarur. 

 

Sitora Tojiddinova 

suhbatlashdi.

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − 13 =