Bag‘rikenglik va ogohlik

Xalqimiz o‘zining tarixiy taraqqiyoti davomida juda ko‘p sinovlarni boshidan o‘tkazgan, hayotning og‘ir  pallalarida pishgan, or-nomusi, qadr-qimmati, madaniyati, urf-odat va an’analarini yo‘qotmagan.

 

Sobiq sho‘rolar davrida xalqimizni o‘z tarixidan, din-diyonat, imon-e’tiqodidan ayirishga urinishlar ko‘p bo‘lgan.

 Mamlakatimizning mustaqillikka erishishi ko‘plab huquq va erkinliklarimiz qatori vijdon erkinligini ham kafolatladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi, har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilishi yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega ekanligi, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan.  

Konstitutsiya asosida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan bo‘lib, uning normalari umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalariga, jumladan, inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga  to‘la mos keladi. 

O‘zbekiston Respublikasining  “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining maqsadi ham bir shaxsning vijdon erkinligi va diniy e’tiqod huquqini, dinga munosabatidan qat’i nazar, fuqarolarning tengligini ta’minlash, shuningdek, diniy tashkilotlarning faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solib turishdan iboratdir.

16 diniy konfessiya, 130 dan ortiq millat va elat vakillarini jamlagan xalqimiz orasida dinlararo, o‘zaro mehr-oqibat, milliy va etnik qarashlardagi tenglikni, bag‘rikenglikni saqlashda ushbu qonunning o‘rni beqiyosdir. 

Bugungi kunda dunyoning turli nuqtalarida din niqobi ostida sodir etilayotgan ko‘plab xunrezliklarning guvohi bo‘lib turibmiz. Ikki din yoki  turli mazhabdagi bir din vakillari orasiga nifoq solib, ularni urishtirib manfaat topayotgan davlatlar ham yo‘q emas. Eng achinarlisi esa, ekstremistik guruhlarning din niqobi ostidagi jinoiy harakatlaridir. Ular din nomidan foydalanib, turli yo‘l va vositalar orqali omi odamlarni o‘z saflariga og‘dirib olishga urinmoqdalar. 

O‘zbekiston Respublikasida din davlatdan ajratilgan. Hech qaysi din yoki diniy e’tiqodga boshqalariga nisbatan cheklov yoki imtiyoz belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlat diniy konfessiyalar o‘rtasidagi  tinchlik va totuvlikni qo‘llab-quvvatlaydi. 

Diniy ekstremizm, bir diniy konfessiyadagi dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan xatti-harakatlar (prozelitizm), shuningdek, boshqa har qanday missionerlik faoliyati  man etilgan. 

Shu o‘rinda prozelitizm va missionerlik atamalariga tushuncha beradigan bo‘lsak, turli adabiyotlarda bu haqda turlicha keltirilgan. Xususan, missionerlik lotin tilidan “missio”, ya’ni “jo‘natish” “topshiriq” so‘zidan olingan bo‘lib, diniy tashkilotning tashkiliy-huquqiy shakllaridan biridir. Uning asosiy maqsadi hech qaysi dinga e’tiqod qilmaydigan yoki boshqa dinga mansub shaxslarni muayyan dinga kiritishdir. Prozelitizm esa missionerlik faoliyatining eng cho‘qqisi  hisoblanib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri biror-bir dinga e’tiqod qiladigan fuqaroni majburan o‘z dinidan voz kechtirish va o‘zga dinni qabul qilishga majbur etishdir. Bunday harakatlar milliy ma’naviy barqarorlikka putur yetkazishi bilan xavflidir.  

Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasining  Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va Jinoyat kodeksida ushbu harakatlar ijtimoiy xavfli harakat hisoblanib, javobgarlikka tortilishga olib kelishi belgilab qo‘yilgan. Biz qonun yo‘li bilan diniy ekstremizm, missionerlik va prozelitizmga qarshi choralar ko‘rmasak, ular o‘z maqsadlariga erishadigan bo‘lsalar, mamlakatda  xalqning parokandalikka yuz tutishi va ma’naviy tanazzul kelib chiqishi tayin. Chunki din – ming yillar davomida shakllanib kelgan urf-odat va an’analarning,  milliy ma’naviyatning tarkibiy qismi, millatni birlashtirib turuvchi muhim omillardan biri.

Qonunda missionerlik va prozelitizmning oldini olish,  noqonuniy faoliyat  uchun javobgarlik masalalaridan tashqari diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, yangi tashkil etiladigan diniy tashkilotning markaziy boshqaruvini ro‘yxatga olish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan, boshqa diniy tashkilotlar esa joylardagi adliya boshqarmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi belgilangan. Diniy tashkilot ro‘yxatga olinishi uchun belgilangan hujjatlarni taqdim etishi, adliya organlari qo‘shimcha materiallar talab qilib olishi va tegishli organlarning ekspert xulosasini  olishga haqli ekanligi ham ko‘rsatilgan.  

Ta’kidlash joizki, milliy qonunchiligimizda diniy ekstremizm, missionerlik va prozelitizmga qarshi normalar hamda bunday harakatlar uchun jazo choralari nazarda tutilgan. Ammo hayot shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu faoliyatga butunlay chek qo‘yish, ana shunday holatlarning oldini olish uchun diniy ekstremizmninig, missionerlikning mohiyatini to‘g‘ri va chuqurroq anglash, uni bartaraf etish yo‘lida maqsadli, tizimli va tadrijiy faoliyat olib borish zarur bo‘ladi. Ayniqsa, yoshlarimizning axborot bo‘shlig‘ini turli tashqi tahdidlardan asrashimiz, buning uchun esa ularda mafkuraviy immunitetning shakllanishiga sharoit yaratishimiz va ularni milliy-ma’naviy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalashimiz kutilgan samarani beradi, albatta.

 

Firuz RASHIDOV, 

Toshkent islom universiteti “Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq” 

kafedrasi o‘qituvchisi

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 4 =