Jomboy ko‘zgusi

Matbuot davr va jamiyat ko‘zgusidir. Chunonchi, unda hayotimizning turli jabhalaridagi o‘zgarishlar, yutuq va muvaffaqiyatlar, muammo hamda kamchiliklar aks ettiriladi. Ko‘rsatilgan kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, uni bartaraf etish choralarini izlagan rahbar kelgusida bunday xato va kamchiliklarni takrorlamaslikka, ishni yetti o‘lchab bir kesish qabilida tashkil etishga harakat qiladi. Bu uning kelgusida ulkan marralarni zabt etishiga, yangi yutuqlarni qo‘lga kiritishiga zamin yaratadi. Buning aksi bo‘lganda esa…

 

“Hurriyat”  gazetasining shu yil 6 apreldagi 14-sonida chop etilgan “Tuman “oyna”sidagi dog‘lar” sarlavhali maqolada  xalq deputatlari Jomboy tuman  Kengashi va tuman hokimligining “Jomboy tongi” gazetasidagi sayoz maqolalar chop etilayotgani, ijodiy xodimlarning o‘z ustida ishlamasligi, ijodiy izlanmasligi bois maqolalarda juda qo‘pol imlo va uslubiy xatolarga yo‘l qo‘yilayotgani, shuningdek, tanlangan mavzuni yoritishda mualliflarning tajribasizligi, gazeta dizayni bugungi kun talabiga javob bermasligi tanqid qilingandi.

Ushbu maqola samarqandlik jurnalistlar ishtirokida muhokama qilinib, bunday holat boshqa tahririyatlarda takrorlanmasligi, uning oldini olish borasida chora-tadbirlar belgilash lozimligi borasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan edi.

Gazeta muassislari ham o‘rinli tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqarib, nashrning obro‘sini ko‘tarish, uning o‘qishli chiqishini ta’minlash yuzasidan amaliy choralar ko‘rdi.

Matbuotdagi ko‘p yillik faoliyatimdan kelib chiqib, masalani hal etishga vaqtida kirishilganini ta’kidlamoqchiman. Yosh va iqtidorli jurnalist Isomiddin Po‘latov gazeta muharrir(vaqtincha vazifasini bajaruvchi)ligiga tayinlangach, vaziyat tubdan o‘zgardi. Albatta, yosh rahbar uchun ishni tashkil etish oson kechgani yo‘q. Lekin qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, tahririyat faoliyatida ijobiy o‘zgarishlar kuzatila boshladi.

Gazeta dizayn nuqtai nazaridan yangi ko‘rinishga ega bo‘ldi. Sahifalarda tanqidiy, tahliliy, publitsistik maqolalar ko‘paydi. Sarlavha tanlash, mavzuni yoritish, xulosa, taklif bildirish, tashabbus ko‘rsatish ko‘nikmasi shakllandi. Tahririyat xodimlari bilan birga jamoatchi muxbirlar, tuman ziyolilari salohiyatidan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Nashrning har bir sonida o‘ttizdan ortiq materiallar bosilyapti. Axborotlar ko‘paydi. Chet mualliflardan oyiga o‘rtacha qirq-ellikta xat olinyapti. Bu mavzular rang-barangligini ta’minlashga xizmat qiladi, albatta. Natijada bugun gazetada tuman hayoti ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi o‘sish-o‘zgarishlar, hududlardagi yangiliklar, odamlarning quvonchu tashvishlari maqola va xabarlarda o‘z aksini topgan.

Tanqidiy va tahliliy materiallarda muammolarga doir aniq faktlar va ularning ildizi qaerga borib taqalayotgani, bu kamchilik va muammolarni qay yo‘sinda bartaraf etish mumkinligi qalamga olingan. Jumladan, gazetaning joriy yil 30 noyabrdagi 33-sonida e’lon qilingan “Birinchi bo‘lib kim ishonishi kerak?” sarlavhali maqolada muxbir Vohid O‘rozaliev tumandagi ko‘p qavatli uylarning ayrimlari qishki mavsumga tayyor emasligini bayon etgan. Ko‘pqavatli uyda istiqomat qiluvchi fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolar qalamga olinib, mas’ullar bu kamchiliklarni bartaraf etishga chorlangan.

So‘nggi paytlarda gazetada “Bir kelib keting, qishlog‘imizga!”, “Bizni nima qiynaydi?”, “Siz bunga nima deysiz?” kabi yangi ruknlar tashkil etilgani ham quvonarli holat. Muhimi, bu ruknlar shunchaki tashkil etilmay, muntazamlik kasb etmoqda. Deyarli har sonda shu mavzularda chop etilayotgan materiallar ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilayotgani ham sir emas.

Gazetaning  keyingi sonlarida chop etilgan  “Terminal ishlamayapti!” yoxud naqdga 24, plastikka 29 ming so‘m..”, “Yerga yozib dasturxon, sotishadi kulcha non..”, “Kichik mahallaning katta tashvishlari”, “Oila daftari”ni kim to‘ldiradi?” kabi tanqidiy-tahliliy maqolalarda ham dolzarb mavzular ko‘tarilib, mas’ullar va jamoatchilik e’tiboriga havola etilgan. Aynan o‘sha maqolalarda ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar yuzasidan tahririyatga tegishli tashkilotlar javob xati yo‘llagani ham jamoaning yutug‘i, shubhasiz.

Umuman, gazetaning keyingi uch oydagi taxlamlarini varaqlab, yigirmaga yaqin tanqidiy-tahliliy material o‘qidim. Bu nazarimda, oyiga uch marotaba chop etilayotgan nashr uchun juda yaxshi ko‘rsatkich. Qolaversa, shahar, tuman gazetalari tahlildan, jamiyatdagi kamchiliklarni ochiq-oydin berishdan biroz tortilib turgan bir paytda bu holat o‘quvchini mamnun qiladi. Tahririyatda to‘plangan yosh jurnalistlarning shashti, qalam tebratishidan yanada umidlanasiz.

Hozirgacha  oyida uch marotaba chop etilayotgan gazeta tahririyati jamoasi yangi – 2017 yildan boshlab gazetani haftada bir marotaba chop etishni rejalashtirib turgani ham quvonarli holat, albatta.

Odatda ko‘pchiligimiz maqola janrlariga e’tibor qilmaymiz. Shunchaki, o‘zimizga ma’qul kelgan uslubda yoza qolamiz. “Jomboy tongi” aynan janrlargayam e’tibor qaratayotgani sezilmoqda. Masalan, “Davra suhbati”, “Intervyu”, “Feleton” janrlarida yozilgan maqolalarga ham ko‘zimiz tushyapti. Ayniqsa, gazetaning 10 dekabr sonida chop etilgan Sherzod Isoqulovning “Hisobini yo‘qotmagan “hisobchi” maqolasi “Feleton o‘rnida” deb berilganda, men unda feleton janriga xos barcha xususiyatlarni ko‘rdim. Maqolaning yana bir yutug‘i, mutlaqo yangi soha, aniqrog‘i, so‘nggi paytlarda paydo bo‘lgan illat – o‘nlab tashkilotlar ishi, hisobotlari bir hisobchi tomonidan amalga oshirilayotgani, ayrim hisobchilarning zamondan orqada qolgani sababli ba’zi shovvozlarning “ketmoni uchayotgani” jiddiy kesatiq, nordon iboralar orqali ochib berilgan.

“Jomboy tongi”  mushtariylarning mulohazali materiallariga ham keng o‘rin berayotgani sezilmoqda.  Binobarin, gazetxon fikri ham uning qay darajada aholining keng qatlami orasiga kirib borayotganidan dalolat beradi. Masalan, Adiba Fattoeva “Odamni qo‘rqitadigan kitoblar!” maqolasida bugungi kunda chop etilayotgan ayrim badiiy asarlar muqovasida aks ettirilgan milliy ma’naviyatimizga, qadriyatlarimizga zid, o‘sib kelayotgan avlod ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi suratlar xususida o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashgan.

Yana bir gap. Tahririyat qoshida “Parvoz” to‘garagi tashkil etildi. Oyiga ikki marotaba o‘tkazilayotgan mazkur to‘garak maqola, she’r va hikoya yozishga ishtiyoqmand yigit-qizlarni jamladi.

Jurnalist, aniqrog‘i bosma ommaviy axborot vositalari xodimi zamon bilan hamnafas bo‘lmasa, yutqazadi. Shu kunlarda gazetaning rasmiy veb-sayti –  www.jomboytongi.uz ishga tushdi. Ishonamizki, jamoa bu borada ham o‘z mushtariylarini topa oladi.

Bundan bir necha oy avval “Hurriyat” gazetasida “Jomboy tongi” haqida achchiq gaplar aytilgandi. Nazarimda, buning uchun “Hurriyat”  tahririyati jamoasiga rahmat aytish kerak. Chunki vaqtida yuzaga chiqqan muammo va kamchilik to‘g‘risida bildirilgan tanqidiy fikrlar yaxshi natijalarga zamin yaratdi.

Muxtasar aytganda, o‘tgan davr mobaynida “Jomboy tongi” umuman, yangicha qiyofaga kirdi va Jomboy tumanining haqiqiy ko‘zgusiga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Hakim JO‘RAYEV,

“Samarqand” gazetasi muharriri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + nine =