RASMIY GAZETA o‘z obunachilarini topa olmaydimi?

Ba’zida odamlar o‘rtasida “Rasmiy gazetalar qiziqarli emas”, degan fikrlarga guvoh bo‘lamiz. Ko‘p yillik tajribamga tayanib aytmoqchimanki, gazeta rasmiy yoki ko‘ngilochar bo‘ladimi, o‘z obunachisi uchun foydali bo‘lishi kerak.

 

Agar gazeta mavzulari odamlarning ma’naviy, intellektual dunyosini boyitmasa, ularning  qobiliyatlarini rivojlantirishga, hayotdan o‘z o‘rinlarini topishiga yordam bera olmasa, uning foydasidan zarari ko‘proqdir.

O‘quvchilarni qiziqtirish uchun o‘z sahifalarini turli shov-shuvli mavzular yoki o‘quvchini zeriktirib qo‘yadigan katta miqyosdagi maqolalar bilan to‘ldiradigan gazetachilar bu haqda o‘ylab ko‘rishi kerak. Chunki qaysi gazeta tahririyati bo‘lmasin, obunachi mablag‘i hisobidan kun ko‘radi. Obunachi tahririyatga sarflagan mablag‘idan gazeta orqali o‘z ma’naviy dunyosini boyitish imkonini topmasa, unga obuna uchun pul sarflashning nima keragi bor?! Yoki gazeta o‘z chiqishlari bilan muxlislari ongu shuuriga ta’sir ko‘rsata olmasa, bu gazetaning kimga keragi bor?!

Endi o‘z gazetamiz haqida to‘xtalib o‘tsam, “Qiziltepa tongi” bu yil o‘n besh mingga yaqin nusxada, “A-3” formatda, olti betli, tashqi betlari rangli bo‘lib nashrdan chiqyapti. Gazetaning tahririyat orqali yillik obuna bahosi 55 000 so‘m. Nashrimiz har hafta juma kuni chiqadi va shu kunning o‘zida obunachilarga tarqatiladi. Masala shundaki, gazeta ko‘p yildan buyon, asosan, tahririyatimiz orqali obuna qilinadi va tarqatuvchilarimiz tomonidan egalariga yetkaziladi. 2016 yil obunasidan 13 000 ta gazeta tahririyat orqali, qolgani pochta-aloqa tarmog‘i orqali obuna qilingan. 

Gazetaning mazmun-mohiyatiga to‘xtalib, shuni ta’kidlashni istardimki, tahririyat yilning ustuvor vazifalarini hisobga olgan holda o‘z ish dasturini ishlab chiqadi. Yil davomidagi yangi vazifalar bo‘yicha qo‘shimcha rejalar ham tayyorlanib, har bir xodimga o‘z vazifasi doirasida topshiriqlar beriladi. Shuning uchun ham gazetaning deyarli har bir sonidan “Jurnalist surishtiruvi”, “Gazeta mavzuga qaytadi”, “Gazetada bosildi. Nima ish qilindi?”, “Bir xat izidan”, ”Xat va sharh” kabi ruknlar ostida dolzarb mavzular joy oladi.

Gazetada eng muhim sohalarga oid “Davra stoli atrofida suhbat”, “Ochiq muloqot”, “Sizning fikringiz qanday?” va boshqa ruknlar ostida gazetxonlarni qiziqtiruvchi mavzularda suhbatlar o‘tkazilishi, “Ochiq xatlar” berilishi ham uning ta’sirchanligini oshirmoqda. 

Shu yil 15 yanvarda gazetaning 3 (6185)-sonida “Kitob – ma’naviyat chashmasi. Farzandlarimizni undan bahramand etaylik!” sarlavhasi ostida murojaat e’lon qilindi. Murojaat ijrosini ta’minlash maqsadida tumandagi 40 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi va oltita kasb-hunar kolleji hamda 55 ta qishloq va mahalla fuqarolar yig‘ini rahbarlariga xatlar yuborildi. Murojaatda yozilganidek, maktablar kutubxonalari va kasb-hunar kollejlari axborot-resurs markazlarini badiiy, siyosiy, ommaviy kitoblar bilan boyitish uch oyligi jarayonida homiylar yordamida qariyb 40 million so‘mga kitoblar olib berildi. Bundan tashqari, kutubxonalar sharoiti yaxshilandi. Ya’ni qo‘shimcha xonalar, kompyuterlar ajratilib, “Ziyo.net” tarmog‘iga ulandi. Eng muhimi, shu jarayonda bolalarning kitob o‘qishiga qiziqishlarini oshirishga ota-onalar e’tibori oshdi. Sinf kutubxonalari, oila kutubxonalari tashkil etishga ham ahamiyat berildi. 

Joriy yilning o‘tgan besh oyida gazeta sahifalaridan joy olgan “Yuzakichilik yuzni qizartiradi”, “Ogoh bo‘lgan ozor chekmas”, “Qizlar hayosi. U nega yo‘qolib ketyapti?”, “Farzandim yoki yosh qizlarga ochiq xat”, Ajralish. Uning oldini olish mumkin”, “Va’da bajarilsa qaniydi”, “Qarovsiz kutubxona”, “Mutasaddilar qayoqqa qarashyapti?”, “Repetitorlik. Bu haqda kim qanday fikrda?” va boshqa maqolalarni ham gazetxonlar qizg‘in kutib oldi. Bu maqolalar aksariyatining muallifi jamoatchi – bosh muxbirlar. Tahririyatimizda ko‘p yildirki, jamoatchi muxbirlar faoliyatini oshirishga alohida e’tibor berilyapti. Shu maqsadda har yili o‘nlab mavzudagi tanlovlar e’lon qilinadi. Ularda tanlov g‘oliblarini rag‘batlantirish tartibi ham belgilanadi. Tanlovlar har uch oyda yakunlanib, mukofotlar egalariga tantanali topshiriladi. Har yil mustaqillik bayrami arafasida tahririyat xodimlari va jamoatchi muxbirlar bilan birgalikda tantanali tadbir o‘tkaziladi. Unda tumanimiz hokimi qatnashib, eng faollarni hokimlik faxriy yorlig‘i, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlaydi, ijodkorlarga tumanda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib, ularni faollikka chorlaydi.

Shuning uchun bo‘lsa kerak, har kuni tahririyatga o‘nlab xat-xabar keladi. Shu yilning o‘tgan besh oyida 1218 ta xat oldik. Ularning aksariyati gazeta sahifalaridan joy oldi. 

Gazeta tahririyati ko‘p yildan buyon Navoiy, Buxoro, Samarqand, Toshkent shahar olimlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ushbu hamkorlik natijasida nashrda tarixiy, ilmiy-adabiy, tarbiyaviy mavzularda bir-biridan o‘qishli maqolalar chop etilmoqda. Gazetxonlarimiz tarixchi olim Qahramon Rajabov, adabiyotshunos olimlar Ibrohim Haqqul va Ergash Ochilov, arxeolog olim Jamoliddin Mirzaahmedov, shifokor olim Zavqiddin Orziev, huquqshunos olim Xolmurod Isanovni yaxshi tanishadi. Ana shu hamkorlik tufayli tumandoshlarimiz Turonning eng qadim madaniy maskanlaridan biri bo‘lgan Qiziltepaning uzoq o‘tmishidan bugunigacha davrdagi tarixi bilan tanishish baxtiga muyassar bo‘ldilar.

Qiziltepa mustaqillik yillarida beqiyos rivojlandi va aholi turmushi farovonlashdi, mamlakatimizning ilg‘or tumanlari qatoridan joy oldi. Bu istiqlol va u berayotgan imkoniyatlar, tuman ahlining yakdilligi, Vatanga sadoqati, fidokorona mehnati sharofatidir. Hayot esa rivojlanishni yanada jadallashtirishni, mamlakat taraqqiyotiga ko‘proq hissa qo‘shishni, aholi turmush farovonligini tobora oshirishni talab qilmoqda. Tahririyat ijodiy xodimlari va faol jamoatchi muxbirlarimiz aholi bilan uchrashuvlar jarayonida aniqlangan hayotimizga xalaqit berayotgan qusurlarni nazardan chetda qoldirmayaptilar. Yilning o‘tgan davrida joylardan yuborilgan xatlarimizga  142 ta javob olindi. Ularning aksariyatida amaliy ishlar o‘z ifodasini topgan. Ammo xatimizga e’tiborsizlik bilan qarayotganlar ham bor. Masalan, “Mahalla” xayriya jamoat fondining tuman bo‘linmasi, O‘zbekiston musulmonlar idorasining Navoiy viloyat bo‘limi shular jumlasidan. Istardimki, matbuot chiqishlariga javobgarlik qonun kuchi bilan mustahkamlansa.

Ayni vaqtda tumanlar gazetalari tahririyatlarining yosh qobiliyatli jurnalist kadrlariga ehtiyoji katta. Shuni hisobga olib, tahririyatlar bilan o‘zaro shartnoma tuzgan holda O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetiga o‘qishga qabul qilishsa. Shuningdek, respublika jurnalistlar ijodiy uyushmasi yosh jurnalist kadrlarni tayyorlash bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

 

Rahim MAQSUDOV,

“Qiziltepa tongi” gazetasi 

bosh muharriri

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − 15 =