Bu voqeani men yozgi ta’tilda Rossiyaning Yekaterinburg shahrida ishlayotgan ukalarimni ko‘rgani borib, qaytishda poezdda birga kelgan sobiq provodnikdan eshitgan edim.

 

Yo‘l azobini yengishning davosi – suhbat. Ammo sherigim bilan birinchi kuni hadeganda gapimiz qovushavermadi. Ertasiga esa u mening jurnalist ekanligimni bilgach, to‘satdan gap qotdi: “Boshimdan o‘tganlarni  aytib beraymi?” E’tiroz bildirmadim.

– Otim  Rustambek. Oddiy Rustam bo‘lib ham, Bek bo‘lib ham yashab ko‘rdim. Asli vodiydan – Andijondanman, – deya gap boshladi u. Men esa uning  gaplarini berilib eshita boshladim.

…Bilsangiz, bundan o‘n yil ilgariyam Toshkentdan Sverdlovskka poezd qatnardi. Men o‘sha poezdda vagon kuzatuvchi edim. Bir gal Yekaterinburgdan qaytayotganimizda o‘zimizning andijonlik hamshahrimni uchratib qoldim. Kimsanboy Rossiyada uzoq yurib, endi yurtimizga qaytayotgan ekan. O‘zi xomush ko‘rinsa-da, sertakallufgina edi. Men unga avval o‘zimizdagi “Toshkent — Andijon” poezdida yurganimni, yaqinda qayta tashkil etilgan xalqaro yo‘nalishdagi ushbu poezdga ishga o‘tganimni aytib berdim. U esa o‘zi haqida ko‘p so‘zlamasdi. Yigit ko‘nglimga o‘tirishib qoldi. Yo‘lda har ovqat pishirganda, uni ham taklif etardim. U ham kupemga  quruq kelmas, har gal dudlangan kolbasami, pishloqmi, biron narsa ko‘tarib kirardi. Xullas, Toshkent vokzalida manzilimiz va uy telefonlarimizni almashib, xayrlashdik. 

Uyga kelgan kunimning ertasiga Kimsanboy qo‘ng‘iroq qilib qoldi. “Samovarga keling, ikki-uchta og‘aynilarim bilan o‘tiribmiz”, dedi. Bordim.

Sheriklari ham durust yigitlar ko‘rindi. Hafta oxirida tug‘ilgan kunim edi. Men Kimsanboyni uyga taklif etdim. U gapimni o‘ldirmay o‘sha kuni keldi. Sovg‘aga uyali telefon olib kelibdi, qimmatidan. Poezdda unga “tirikchilik tashvishlaridan orttirib bitta sotka ololmayman” deb noliganimni eslab xijolat tortgan bo‘lsam-da, biroq uning saxiyligidan ich-ichimdan quvondim. Kelgusi haftada depoga o‘zimda yo‘q xursand – qo‘limdagi yap-yangi telefonni o‘ynab kirib bordim. Safardan  qaytsam, xuddi kelishimni bilgandek, yana yangi tanishim yo‘qlab qoldi.   

Ochig‘i, o‘zim ham uning davrasini qo‘msayotgandim.  U   go‘yo shuni bilgandek, har haftada samovardagi o‘tirishlarga chorlardi. U yerda menga pul sarflatmasdi. Ba’zan ular oz-moz pul tikib qarta o‘ynab olishardi. Avvaliga tomoshabin bo‘lib yurdim. Keyin-keyin qo‘shilib, o‘ynay boshladim. Ko‘pincha uncha-muncha yutib uyga qaytardim. Bundan o‘zimcha xursand bo‘lardim: axir, o‘tirishga pul sarflamaganim ustiga yana cho‘ntakni qappaytirib olsam. Bir gal, aksiga olib, o‘shanda ular bilan tanishganimizga uch oydan oshgandi, qartada yonimdagi bor pulimni yutqazib qo‘ydim. Alam qildi. Yutqazgan pullarimni qayta yutib olgim keldi. Kimsanboy ahvolimni anglab, yonidan bir dasta pul chiqarib oldimga tashladi. “Oshna, nimaga g‘am bosadi? Yoningizda men bor-ku!”. Indamay pulni olib, yana o‘yinga kirishdim. Baribir shu kuni omadim  kelmadi, tag‘in yutqazdim. Qarzga o‘ynab, yana anchaga tushdim. Ketar chog‘im Kimsanboyning Shuhrat ismli o‘rtog‘i bilagimdan ushlab to‘xtatdi.

– Oshna! “Drujba – drujboy, slujba – slujboy”, qarzni uch kunda topib bermasangiz bo‘lmaydi! Pul zarur! – dedi sovuqqina qilib. Keyin pinak buzmay qo‘shib qo‘ydi: – Aks holda, bilib qo‘ying, qartada yutqazilgan pul kuniga foiz tug‘adi… 

Ich-etim muzlab ketdi. Qisqa muddatda shuncha pulni topish osonmi? Axir, bor-yo‘g‘i oddiy provodnik bo‘lsam. Yo‘llarda yemay-ichmay, oyligimu topgan-tutganlarimni to‘plasam ham uch kun emas uch oydayam buncha pulni yig‘olmayman. Buyog‘i bola-chaqa,  ro‘zg‘or deganday… Shunda Kimsanboy sekin yelkamga turtib, chetga imladi. Garangsigancha unga ergashdim. 

– Qarz yomon oshna, ayniqsa, qimorniki, – dedi u  kattalarga xos salobat ohangida. – Shuning uchun hozir qarzingizni men uzib qo‘yaman. Menga topganingizda qaytararsiz. 

– Rahmat, sizga. Yaxshiligingizni sira unutmayman, – dedim undan oshkora minnatdorlik bo‘lib.   

– Do‘st mana shunaqa boshga ish tushganda bilinadi, – dedi u va meni Shuhratning yoniga yetaklab bordi-da, cho‘ntagidan bir siqim dollar chiqarib, boyagi so‘mdagi qarzlarimga to‘g‘rilab, naq olti yuz dollarni unga sanab berdi-da: – Boshqa o‘ynamang! – dedi u menga hamdard qarab. – Lekin hisobli do‘st ayrilmas, deganlar. Boya o‘zingizga bergan so‘mlarni qo‘shsak, qarzingiz yetti yuz dollar bo‘ldi, oshna.

Uyga xomush qaytdim. Ichimga chiroq yoqsa yorishmaydi. Afsusimning cheki yo‘q. Qanday qilib bo‘lmasin tezroq  pul topib, qarzdan qutulishim kerak… Qo‘limdagi telefonni sherigimga 200 dollarga sotdim. Harqalay choki o‘zidan chiqdi-ku. Endi yangi tanishimning samovarga chorlashlariga rad javobi bera boshladim.

O‘sha voqeadan ancha vaqt o‘tgach,  Kimsanboy qo‘ng‘iroq qilib, pulni eslatdi. Xayriyatki uch kunda so‘rashmadi. Men sotkaning puli yoniga endigina orttirib yuz dollar qo‘sha olgandim, xolos. Boriga ko‘chdim. Shunda u, biror yerda uchrashayilik, maslahatli ish bor, dedi. Men indiniga yo‘lga chiqib ketishim kerak edi. 

– Oshna, mana, sinashta og‘ayni  bo‘p qoldik. Sizdan bitta iltimosim bor. Yo‘lda, Sariog‘ochdagi qozoqlarning bojxona postidan o‘tgach, navbatdagi bekatda vagoningizga chiqaman. Menda  kichkina paket bo‘ladi. Shuni ehtiyotlab eltib berasiz. Vagonda o‘zim ham bo‘laman, – dedi u  uchrashganimizda.

Yuragim shuv etib ketdi. U menga har galgidan boshqacha – g‘alati qarab turardi. Ko‘nglim qandaydir noxushlikni sezgandek edi… 

– Jon oshna, qo‘ying, meni bunaqa ishlarga aralashtirmang, – dedim unga tik boqib. – Pulingizni, albatta, qaytaraman!

– Sverdlovsk vokzaliga yetmasdan tushib qolaman, – dedi u gapimni og‘zimdan olib, – qo‘rqmang! Ishonchli odamlar kutib oladi. Meni to‘g‘ri tushuning. Men ham u yerdagi jo‘ralarimdan qarzdorman. Eson-omon yetib borsak, qarzingizdan kechaman. Yana uch yuz “ko‘kidan” ham olasiz. Aks holda, qarzingiz bir oydan keyin ikki hissaga oshadi. Tanlang!

Tavakkal qilishdan boshqa ilojim yo‘qligini payqadim. Nima qilsam-da, tezroq bularning changalidan qutulish kerak! 

– Mayli, faqat shu safargina, – dedim noiloj.

– Qo‘lni tashlang! O‘g‘il bolaligingizni bilardim! – dedi u jilmaygancha, asliga qaytib. Ilk marta uchratgan Kimsanboydan hozirgisi yer bilan osmoncha farq  qilardi. Odamning olasi ichida deganlariga minbad ishondim. 

Manzilga omon-eson yetib bordik. Ammo yo‘llarda  vagonga chiqqan har bitta organ xodimini ko‘rganimda yuragim “shuv” etardi. Omonatini yashirgan joyimdan olib, qo‘liga tutqazdim.

– Sizga katta rahmat, oshna! – dedi u. Keyin qo‘limga bejirimgina oq qog‘ozni tutqazdi. – Bunisi – xizmatingizga. 

Men atrofga olazarak alanglagancha ming hadikda kupe eshigini qulfladim-da, boyagi qog‘ozni ochdim: uning ichida  uchta yap-yangi yuztalik  dollar yarqirab turar edi.      

Shundan keyin Kimsanboyni ancha vaqtgacha ko‘rmadim. Bundan o‘zimcha xursand ham edim. Lekin tag‘in bir jihatdan… Uch oylar chamasi o‘tgach, Andijonda,  Bobur bog‘i yonida biz tasodifan uchrashib qoldik.  U meni boqqa yetakladi. Xoliroq joydagi o‘rindiqqa o‘tirdik. Shunda u, avvalgidek tortinib o‘tirmay, picha “mol” borligini, bu safar o‘zi borolmasligini, “mol”ni, odatdagidek, eski joydan  o‘zi chiqarib berishini dangal aytdi. Men bunaqa ishga boshqa qo‘l urmayman, degan bo‘lsam-da, Kimsanboy shama qilgan mo‘may pul – besh yuz dollar ilinji og‘zimni ipsiz bog‘lab qo‘ydi.

Bu gal ham ish xamirdan qil sug‘urgandek bitdi.

Bora-bora Kimsanboyning “narkokurer”iga aylanib qoldim. U menga har ikki-uch oyda murojaat qilib qolardi. Faqat qish paytlaridagina muddat biroz qisqarardi. Har zamonda qilayotgan yomon qilmishimdan  avvalgidek ko‘pam cho‘chimay qo‘ygandim. U ham xizmatimni tobora ko‘proq “qadrlar” edi. Oradan ikki yil o‘tar-o‘tmas eshikdagi eski uyni buzib o‘rniga ikki qavatli yangi uy soldim. Xullas, qilmishimning oqibatini deyarli o‘ylamay qo‘ygandim.

Bir kuni safardan qaytgach, bozordan ul-bul xarid  qildim-da, yoniga Rossiyadan olib kelgan sara aroqlardan qo‘shib, Shahrixonda yashaydigan tog‘amni ko‘rgani bordim. U, shaharning oldi odamlaridan bo‘lib, katta xususiy savdo firmasi, qator-qator do‘konlari bor edi. Shirin ulfatchilik qilib o‘tirgandik, negadir qo‘shni xonada to‘s-to‘polon boshlanib qoldi. Tog‘am lagandagi qovurdoqdan bitta tunuka kosaga soldi-da, ko‘tarib o‘sha xonaga kirib ketdi. To‘polon tinchidi. Shunda u yoqdan tog‘am baland ovozda meni chaqirdi:

– Rustambek, bunga qara, sen ham ko‘chaning odamisan, ko‘rib qo‘y tog‘avachchangning ahvolini!

Asta qo‘shni xonaga mo‘raladim. Tog‘amning yigirma yoshlardan oshgan  o‘g‘li boyagi tovoqchani chalishgan oyoqlari ustiga qo‘yganicha hech qayoqqa qaramasdan undagi ovqatni changallab-changallab oshlardi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, uning bir oyog‘iga uzun zanjir bog‘lab qo‘yilgan edi.

— “Nina”ga o‘tirib qolibdi, bo‘lmag‘ur bolalarga qo‘shilib. Ko‘chaga chiqdi, uyga sog‘ kelmaydi. Ba’zan kechalari butunlay kelmay qo‘ydi. Shunda bildim… E jiyan, ish-ish deb, buning tarbiyasiga qaramay katta xato qildim, chamasi. Yolg‘iz o‘g‘lim, deb ko‘ngliga qarabman, qo‘liga aytgan pulini berib tentiratib yuboribman. Na o‘qishga  kirdi, na ish o‘rgandi… Mana endi, bola o‘stirib, rohatini ko‘rish o‘rniga azobini tortayapman. Tajribali  doktor oshnam davolayapti. Har holda, sal nafi tegayotganday. Tag‘in birovlarga gapirib yurma! Sen ham yo‘l odamisan, zinhor bunaqa bema’ni ishlarga aralasha ko‘rma! Xo‘pmi?!

Ko‘rganlarim ko‘z oldimda bir umrga muhrlanib qoldi. Odam o‘z bolasini itga o‘xshab zanjirband qilib boqsa… Dahshat! Mana, men qilib yurgan qora ishlarning oqibati…

Shunda o‘zimcha barcha qilmishlarimga chek qo‘yib,  tavba qilib, bunday ishga boshqa qo‘l urmaslikka ont ichdim. Ammo xudo urgan banda ekanmanki, birinchi daf’adayoq  qasamimni buzdim. Ikki kundan keyin yo‘lga chiqishim kerak edi. Kimsanboy bilan navbatdagi “ishga” kelishib “bo‘nak” olib qo‘ydim.  Oxirgisi, dedim-da, Kimsanboyga ham buni ochiq aytdim. U ham gapimni ma’qullab, boshqa bezovta qilmaslikka so‘z berdi. O‘zi ham yaqin orada qarzlardan qutulgach, “o‘yindan chiqmoqchi” ekanini aytdi.

Biroq “oxirgi ishim” avvalgilariga o‘xshab xamirdan qil sug‘urgandek bitmadi. Bilasiz, Yekaterinburg poezdi  Rossiya hududiga Petuxovo bekati orqali kirib keladi. Shu yerda o‘rislarning bojxona posti  bor. Negadir shu safar nazorat qattiq boshlandi. Iskovuch  itlarni yetaklab chiqqan organ xodimlari bizning vagonni o‘rab olib, kupelarning tit-pitini chiqarib tashlashdi. It bizning xizmat kupemizga kirganida tumshug‘ini tepaga qilib, ketma-ket hurib qoldi! Politsiyachilar kupe tepasidagi chiroq qoplamasini ochishimizni talab qilishdi. Yuragim orqaga tortib ketdi. U yerda men paketga qavat-qavat qilib o‘rab yashirib qo‘ygan giyohvand modda bor edi. Sherigim ikkimizdan gumon qilishdi. Shunda men mardlik qilib, sherigimni gumondan qutqardim.

Meni olib qolishdi. Rossiya qonunlari asosida sud bo‘ldi. Sudga mendan har gal “sovg‘a”ni olib turadigan o‘ris bola Sashani ham keltirishdi. Uni avvalroq ushlashgan ekan…

Ikkimizga ham sakkiz yildan “berishdi”. Vatandan uzoqda,  O‘zbekiston quyoshini bir ko‘rishga  zor bo‘lib, qorong‘i, tor, sassiq, zax hujrada shuncha umrimni yelga sovurdim. Basharam odamga o‘xshagani bilan ichimdan to‘kilib bo‘lganman, qancha umrim qoldi, bilmayman… Zarra qursa,  tog‘amnikidagi ahvolni ko‘rib o‘zimni tiysam bo‘lmasmidi?..                               

prp

Bu voqealarga ham ancha bo‘ldi. O‘z taqdiridan so‘zlab bergan sobiq provodnik Rustambekni qayta uchratmadim. Ammo negadir uning menga ko‘ngil ochib, “Otim  Rustambek. Oddiy Rustam bo‘lib ham, Bek bo‘lib ham yashab ko‘rdim” deya gap boshlagani va “achchiq qismatimni bi-ir doston qilib  yozing” degani bot-bot esimga tushib qoladi. Shunda inson va uning  hayoti, taqdir va uning chalkash so‘qmoqlarini eslab ketaman. Keyin o‘zim ko‘rmagan, Rustambekka do‘st tutingan Kimsanboy ham beixtiyor xayolimga keladi…                                         

                                   

Adham   DAMIN

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 1 =