Amerikaga sayohat yoxud “skvorodka” effekti 3

Ish qidirib yurib “Odessa” degan rosmana katta restoranga ko‘zim tushib qoldi. O‘zbeklarda palovxonni pishira olmaydigan erkak kam topilsa kerak. Tavakkaliga shu restoranga kirib borib uning xo‘jayini Maratga o‘zimni Toshkentning “Guliston” restoranida oshpaz bo‘lib ishlaganman, deb tanishtirdim. Marat shef oshpaz ayolni chaqirtirdi. U ayol mendan qanday taomlar tayyorlashim mumkinligi haqida so‘ray boshladi. Og‘zimdan “Kiev kotleti” nomi chiqqanida bu kotletni tayyorlash texnologiyasi qanaqa bo‘lishini mendan ijikilab so‘ray boshladi-da, javobimdan qanoatlanmay Maratga qarab bosh chayqab qo‘ydi. Marat esa “balki Toshkentda Kiev kotletini shunaqa tayyorlashsa kerak-da, ha mayli, bizga bir osh qilib ko‘rsatib bersin-chi”, dedi.

 

Men shef oshpaz bilan ikkinchi qavatga ko‘tarildim. Restoran anchagina katta — 40—50 mijozga mo‘ljallangan edi. Shu kun kechki ovqat mahaliga ularda to‘y o‘tkazish mo‘ljallangan bo‘lib, 5-6 kilo guruchli osh bu to‘y qatnashchilariga yetib ortishi aniq edi. O‘n-o‘n besh nafar ayolu erkak turli taomlar: qizil baliq, qorayu qizil ikra, har xil “zakuska”larni tayyorlash bilan mashg‘ul, meni mutlaqo sezmagandek bari beparvo edi. Oshpaz menga go‘sht va boshqa masalliqlardan olaverishim mumkinligini aytib, o‘zimga ma’qul gaz o‘chog‘ini tanlab olishimga imkon berdi. Olti kilo guruchni damlashga qurbi yetadigan yaxshigina qozonsifat idishni tanlab, gaz o‘chog‘ini ham ko‘ngil to‘larini oldim. Go‘sht-sabzilarni qo¬vurib, guruchni suvga ivitib qo‘yib, u-bu ish bilan mashg‘ul bo‘lib tursam, bir chaqqon guruch ivitib qo‘y¬gan idishimni ag‘darib tashlabdi. Buni bilgach, tezda oqib ketmagan guruchlarni yig‘ishtirib olib mo‘ljallab ko‘r¬dim. Xiylagina kamaygan. Qozonda qaynab turgan masalliq suvidan chamalab bir qismini bo‘sh idishga olib qo‘yib, guruchni qozonga soldim. Mo‘ljalni yaxshi olgan ekanman. Osh chunon o‘xshadiki, asti qo‘yaverasiz. Bosh oshpaz kelib oshdan bir-ikki cho‘qim yeganidan so‘ng bir narsa degan edi, xuddi tovuq jo‘jalarini chaqirganidek o‘n-o‘n besh chog‘li odam bari qozonni o‘rab olib har biri likopchasiga oshdan solib yeya boshladi. Oshpaz oshdan Maratga yetkazishimni buyurdi. Men bir likopcha oshni olib Maratga olib tushdim. Marat oshdan bir ikki cho‘qim yegan bo‘ldi-da, cho‘ntagini kavlab menga 20 so‘m uzatdi. Kerak bo‘lib qolsam, qanday topish mum¬kinligini so‘radi. Men pulsiz bo‘lsam-da, 20 so‘mni olmadim. Qilgan mehnatimga arzimas edi, Marat bergan pul. Xafa bo‘lib restorandan chiqib ketdim… 

Nyu-York shahrida mabodo 911 raqmiga qo‘ng‘iroq qilsangiz, uch xizmat: politsiya, tibbiyot va o‘t o‘chiruvchilar komandalari alo¬hida-alohida bo‘lib ayt¬gan joyingizga yetib boradi va hammasi mustaqil ravishda chora ko‘ra boshlaydi. Yulduz akaning uyida rost¬mi-yolg‘onmi ik¬ki o‘z¬bekis¬tonlik o‘zaro musht¬lashib janjal qilayotganlaridan bezor bo‘lgan bir meksikalik ayol shu raqamga qo‘ng‘iroq qilgach, yetib kelgan politsiyachilar u janjalkashlarni o‘z mashinalariga tiqib ketish bilan birga o‘sha yerdagi boshqa ba’zi xonalardagi ijarada yashovchilarning ham hujjatlarini tekshirishib, bundan bor-yo‘g‘i 15 kuncha oldin O‘zbekistondan kelgan bir yigitni janjalda ishtirok etmagan bo‘lsa-da, deportatsiya qilib yuborgan ekan. Menga Farrux akadan yetib kelgan uzuq-yuluq gaplarga qaraganda, u sho‘ri qurigan o‘z vizasini 18000 AQSh dollariga rasmiylashtirgan ekan. Men elchixona xodimining bunday ishga qo‘li borishini mutlaqo ko‘z oldimga keltira olmayman. U vizaning qalbaki ekanini o‘sha politsiyachilar balki biror usul bilan sezib qolishgandir-da, o‘sha sho‘r¬lik kamida 18000 dollarga tushib qolgandir-da, dedim. Janjal qilganlarning biri “men Amerikani, amerika xalqini juda ham yaxshi ko‘raman…” degan ekan, ertasigayoq bo‘shatib yuborishibdi…

Kasal bo‘lib qolganim sababli konferentsiya ishi¬da ishtirok eta olmasligimni ming xijolat bilan uzr tariqasida internet orqali demverga yozib yuborishga majbur bo‘ldim. Uydagilarga ham bu yerda mo‘may pul beradigan ish topganim sababli 5-6 oy ushlanib qolishimni bildirib qo‘ydim. Albatta, bu xatimdan uydagilar, ayniqsa, xotinim  xursand bo‘ldi. Pul olib boraman-da…

Yana ish qidirishga tush¬dim. Pul yo‘q. Qorin o‘lgudek och. Hech kimga dodingni aytolmaysan. Farrux akadan ham darak yo‘q. Braytin ko‘chasidagi Obid akaning kioskasidan sal naridagi jamadonlar sotiladigan do‘kon tomon ketayotsam, bir tanish chehra ayolga ko‘zim tushib qoldi. Ne ko‘z bilan ko‘ray, o‘zim bilan bir paytlar ishlagan Shoira Rasulevna. Omonlashdik. Shoira Rasulevna elliklardan oshgan bo‘lsa-da, yoshlik latofatini o‘zida saqlab qolgan ayollardan edi. Xotinim uni bir gal televizorda intervyu berayotganida ko‘rib “juda chiroyli ayol ekanmi?” degani yodimda. Shoira Rasulevna ham meni ko‘rganidan quvonib ketdi. Bizlar ko‘p yillar bir tizimda ishlagan bo‘lsak-da, kamdan-kam ko‘rishganmiz. U tashkilotimizning Tosh¬kent shahar bo‘limini boshqarardi. Men bosh apparatda edim. Bu yerda esa darrov eski qadrdonlardek bo‘lib ketdik. U jamadon do‘konidagi bir-ikki buyumni ko‘rgandek bo‘ldi-da, ikkimiz bir chaqirimcha narida odamlar bola-chaqasi bilan dam olib sayr qilib yuradigan ko‘l atrofiga borib bir skameykaga o‘tirdik. Shoira Rasulevna qancha muddatga kelganimni bilgach, “Kelganiz yaxshi bo‘libdi. Endi bu olti oy degani bir pasda o‘tadi-ketadi. Yo‘lkira xarajatini qoplashning o‘zigayam ancha mehnat qilishingiz kerak. Bu muddatni cho‘zishga qanday hujjatlar to‘ldirish kerak bo‘lgan qog‘ozlar menda bor. Uy egalari soat to‘rt¬da uydan chiqib ketishadi. Ungacha men uyga borishim mumkin emas. Soat to‘rtda men turgan uyga birga boramiz-da, sizga u qog‘ozlarni berib turaman. Bir nusxa ko‘chirib olasiz” dedi. O‘sha atrofda bir-ikki soatcha aylanib yurgan bo‘ldik. Shoira Rasulevnaning “uyi”ga kirib borayotganimizda eshik yonidagi ayvonchada ikki-uch mahalliy oqbadan ayol gaplashib o‘tirgan ekan. Ular bilan omonlashib ichkariga o‘tdik. Shoira Rasulevna meni bir mo‘’jazgina stol chetidagi stulga o‘tqazgach, oldimga ikkita qaynatilgan tuxum, bir-ikki burda qora, oq non yana quritilgan kartoshka yaproqlari bor qutichani qo‘ydi. Bir chashkada choy berdi. Men tortinib ham o‘tirmadim. Kechadan buyon tuz totmagan edim-da. Maza qilib u taomlarni yeb oldim. Shu orada Shoira Rasulevna o‘sha atrofda kimningdir go‘dagiga qarab yurgan o‘zi tengi baodob dugonasini telefonda chaqirishga ulgurgan ekan, u aravachadagi go‘dak bilan kelib qoldi. “Begona erkak bilan yolg‘iz uyingda bo‘ldi” degan gap-so‘zdan o‘zini ehtiyot tutgan va lekin ushbu noqulaychilik bo‘l¬gan taqdirda ham menga Shoira Rasulevna himmat ko‘rsatib, kelajakda nafi tegar bunga, deya haligi qog‘ozlarni berishga jazm qilganiga tasannolar ayt¬may ilojim yo‘q. Men Shoira Rasulevnaga pulimni oldirib qo‘yganim va kechadan buyon tuz totmaganim haqi¬da gapirib o‘tirmadim. Qog‘ozlarni ko‘chirib olganimdan so‘ng stol ustidagi kartoshka yaproqchalari solingan qutichani qo‘limga tutqazib, ikki dugona aravachani galma-gal g‘ildiratib borib ancha joygacha kuzatib qo‘yishdi. Shu bilan u opa bilan na Amerikada va na Toshkentda boshqa ko‘rishganimiz yo‘q.

U yerdan qaytar chog‘imda “Odessa” restorani oldidan o‘tib qoldim. Shunda men halol pulim-ku, 20 so‘m bo‘lsayam, olib keta qolay deb ichkariga kirgan edim, eshik oldida turgan shveytsar tanib qolib, men pishirgan palovni bir maqtadi-bir maqtadi, qo‘yaverasiz. Oshning mazasi og‘zida qolganmish. Ke¬yin bilsam, Marat bergan palovimning idishda qolganini o‘sha shveytsarga bergan ekan. Marat meni ko‘rgach, indamasdan 20 so‘mni cho‘ntagidan chiqarib uzatdi. Men rahmat aytib, chiqib ketaverdim. Mabodo, bir ishga zarurat bo‘lib qolsa-chi, deya u pulni ishlatishga qo‘rqar edim. Shaharni aylanib tomosha qilish esa mutlaqo xayolimdan ko‘tarilib ketdi. Hayotim uchun o‘zim bilgancha kurashayotgan edim. 

(Davomi bor)

 

Mansurxon TOIROV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − 1 =