Amerikaga sayohat yoxud “skvorodka” effekti 4

Bir “korobka”cha kartoshka yaproqlarni ikki kun ermak qildim. Anchagina sillam qurigandek bo‘ldi. Bir vaqt bostirmadagi xonamga Sayohat (ba’zi ismlarni majburan o‘zgartirib boraman) ismli ellik yoshlar chamasi qotmadan kelgan, kelishgan bir o‘zbek ayoli kirib keldi. U haqda menga Farrux aka bir uchrashib qolganda: “Uch-to‘rt yildan buyon shu yerda. Bola-chaqasi Toshkentda. Quda-andali ayol. Bu yerda ham o‘zimizdan kelgan bittasiga tegib olgan”, degan edi… Ayol ichkariga kirar-kirmas, salom-alikdan avval dabdurustdan: “Oshpaz ekansiz, shundaymi?” deb so‘rab qoldi. Men “shunday” deb javob berdim.

 

— Gena va Karen ismli toshkentlik yigitlar restoran ochishgan. Shunga milliy taomlar tayyorlay oladigan oshpaz kerak bo‘lyapti. Haftasiga 450 so‘m bermoqchi, borasizmi? — dedi. “Boraman” dedim. (Buni qarang, bu safar ham tomoq ilinjida Karen deganga ro‘para bo‘larkanman-da!). 

U yerda sizga bir o‘ris oshpaz bosh bo‘ladi, boshlanishida ikki kun tekinga ishlab berasiz” deb qo‘ydi gap orasida. 

Men rahmat, dedim-u, Toshkentdagi “Guliston” restoranining oshpaziman deb, o‘sha restoranchaga bordim. Bu yog‘i Mark Tvenning ahvoli… Tirikchilik qilishim kerak-ku, axir, nima qilay? Ochimdan o‘lay deb turgan bo‘lsam. Gadoylikka bo‘yin yor bermasa, umuman olganda, Amerikada birorta ham tilanchi yoki “bomj”ni uchratganim yo‘q. Mening Amerikada birinchi gadoy yoki “bomj”ga aylanish ehtimolim uncha uzoq emas edi… 

Oshpaz Ivan meni yaxshi kutib oldi. Ich-ichimdan xursand bo‘ldim. Zora yaxshi odamni uchratgan bo‘lsam, degan umidda barcha aytganlarini qilib yurdim. Ivanboy ishiga puxta yigit ekan. Lekin u ham xasis chiqib qoldi. Chamamda o‘zim mustaqil ravishda ish boshlamagunimcha menga loaqal bir dona tuxum yoki bir burda non ham bermaydigan ko‘rinadi. Qo‘l ostimda shuncha yegulik bo‘lsa-yu, botinib yeyolmasam… O‘zimcha biror narsa pishirib yey desam, Ivanning jahli chiqib ketishidan qo‘rqaman. Bu bola oqib turgan daryodan bir piyola suv ham ilinmaydigan, ichi qora odam ekan. Oradan to‘rt kun o‘tgach, Karen menga endi o‘zimizning milliy taomlarni tayyorlashni boshlashim shartligini aytib qoldi. Uning menga qilgan odamgarchiligini o‘lgunimcha unutmasam kerak. “Xo‘p” deb ishga kirishdim-u, baloga qoldim. Shu kundan boshlab, Ivanning “fashist”ligi tutdi. Yursam ham, o‘tirsam ham kalaka qiladi. Kamsitadi, g‘ashimga tegadigan gaplar qiladi. Qo‘lidan kelgan barcha hunarini ishga soldi. Menimcha, Yuraning hu o‘sha Kareni Ivanning oldida avliyo ekan. 

Xalqimizda bir ajoyib naql bor: “Yaxshi bo‘lsa, oshini, yomon bo‘lsa, boshini yeydi” degan. O‘zimizning Karenjon bir kuni Ivanni ishdan quvib yubordi. U menga yomon muomala qilgani uchun quvildimi yoki biror ayb ish qilib qo‘ydimi, ishqilib, daf bo‘ldi. Tagiga yetolmadim. 

Xullas, xo‘jayinlarim menga palov tayyorlatib bir yoqqa berib yuborishdi. Sayohat o‘zi kelib oshning ta’mini tatib, maqtab ketdi. U o‘sha yerda zalda ofitsiant ekan, chamamda. Keyin cho‘zma lag‘mon buyurishdi. Buniyam epladim. O‘zimga qoyil qoldim, lekin shu paytgacha “gvozdika” degan narsaning lag‘monga solinishini bilmas ekanman. Shundan pand yedim. Kabobniyam uncha o‘xshata olmadim, chog‘i. Sayohat o‘sha yerdagi erini aytib keldi. U menga kabobpazlikdan picha saboq bergan bo‘ldi. Keyinchalik o‘sha yigitni aeroportda Sayohatni Toshkentga kuzatayotganida yana bir bor uchratib qolib, har ehtimolga qarshi Toshkentdan olib kelgan ikki pochka “Rodopi” sigaretini berib, xursand qilib qo‘ydim.

Amerikadan tugun-tugun sovg‘a-salomlarni olib borgan Sayohatni poytaxtimiz aeroportida toshkentlik eri og‘zi qulog‘ida, quda-andalari, farzandlari, qarindosh-urug‘i, bir zamonlar kosmonavt Tereshkovani kutib olishganidek tantanalar bilan quchoq ochib qarshiladilar. 

Xullas, xo‘jayinlarimning istagi bilan qaynatma sho‘rvaga navbat keldi. O‘zimcha bundan osoni bormi, deya servitamin bo‘lsin deb rosa ko‘katlarni qozonga bosibman, deng. Ichgan odamning ichini achitib yuborganiga shubham yo‘q. Mantini ham bir amalladim. Chuchvara ham tugdim. Bir gal Karenning otasi uch-to‘rtta so‘yilgan qo‘yni butunligicha olib kelib oldimga tashladi. “Razdelyay” dedi. “Razdelyay” degani oshpazlarning tilida go‘shtini suyakdan ajratish bo‘lsa kerak, deb tushunib, shunday qildim… Besh-olti kun 18 soatlab ishlaganimdan tinka-madorim qurib ketdi. Ish oxirida yana idish-tovoq yuvish ham kaminaning zimmasida edi. Yaxshiyam Karen ish boshlaganimning beshinchi kuni maqtab-maqtab avans sifatida 350 so‘m berib qo‘ygandi. Pulni endi to‘g‘nog‘ich yetmaydigan joyga mahkamlab oldim-da, yana ikki kun ishlab, haqimniyam olmay, xayr-ma’zurni nasiya qilib qochib qoldim. 

Bir-ikki kun o‘zimga kelgach, yana ish qidirishga tushdim. Biroz tajriba oshgani uchunmi yoki betim qattiqlashib qoldimi, ish so‘rashdan uyalmaydigan bo‘lib qoldim. “Zolotaya Ribka” degan Gastronomsifat joyda Lyova ismli ukrainalik yigit bilan tanishib qoldim. U meni o‘z xo‘jayini deb tanitgan ayolning tasdig‘idan o‘tkazib, ishga oldi. U yerda ham ikki kun ishladim. Lyova menga tovuq sonlari terisini shilishni hamda uning ichiga turli sabzavotlardan solib xuddi tovuq oyog‘idek qilib o‘rab qo‘yishdan dars berdi. Men bu ishni darrov o‘rganib oldim-da, ikki kun ichida yuzlab tovuq sonlaridan aytganiday qilib tayyorlab tashladim. Birinchi ish kunim perashkachi ayol meni perashkasi bilan mehmon qildi. Xom tovuq go‘shtini ushlayverib, shilimshiq bo‘lib ketgan qo‘limni ham yuvmasdan perashkani apil-tapil, chaynamay yutdim-da, qornim to‘yganiga xursand bo‘lib ishimni davom ettirdim. Ikkinchi ish kunim tush paytida kimdir menga qandaydir yegulikdan kosaga o‘xshash idishda uzatdi. Tik turgan holda tamaddi qilmoqchi edim, Lyova mehribonlik qilib, panaroq yerni ko‘rsatib, bir kursichaga o‘tirib ovqatlanishimga ijozat berdi. Men odamgarchilik bor ekan-ku, deya kursiga o‘tirib endigina og‘zimga bir-ikki qoshiq ovqat olib borganimni bilaman, qayoqdandir pakanadan kelgan, xo‘jayin ayolning eri, shekilli, Pavel ismli ish yurituvchi tepamda paydo bo‘lib menga o‘shqira ketdi. Shunda Lyova uni bir chetga tortib, 10 daqiqacha nimalardir deya kuyib-pishib izoh berdi. Gapning qisqasi, shu sababmi o‘sha kuniyoq bu yerda ham ishlashim poyoniga yetdi. Xizmat haqimni ikki-uch kundan keyingina (Lyova undirib qo‘ygan ekan) olib ketdim. 

Yana ish qidirib yurib Lyovani ko‘rib qoldim. “Ish bormi?” deb so‘ragan edim, “yo‘q, hali o‘sha tovuq sonlari sotilgani yo‘q. V Amerike sobachaya jizn” deya javob qildi. Uni boshqa uchratmadim. Ammo uning “V Amerike sobachaya jizn” degan so‘zini keyinchalik yana bir bora eshitdim…

Farrux aka bizlardagi sprintga o‘xshash bir so‘mlik lotereya o‘yinini yaxshi ko‘rardi. Qo‘liga pul tushdi deguncha shahardan uzoqroqdagi Las Vegas degan qimorxonaga borib, kompyuterda qimor o‘ynardi.

Lotereya o‘ynaladigan joyga kirib turgan edik, bir rus ayoli bizga yaqinlashdi-da, “Toshkentdanmisizlar?” deb so‘radi. Biz: “Ha” dedik. U ayol men ham Toshkentdanman. Bir paytlar Shayxontohur tuman hokimiyatida ishlardim. Sizlarga Amerika yoqdimi?” deb so‘radi. Biz sir boy bermay, “Yaqinda keldik. Hali u-bu narsani ko‘rganimizcha yo‘q” deb mug‘ombirlik qilgan bo‘ldik. O‘shanda ayol dabdurustdan  “V Amerike sobachaya jizn” deb qoldi… 

Las Vegas qimorxonasida amerikaliklar shu darajada o‘yinga berilib ketisharkanki, hatto hojatxonaga borishga ham vaqtlarini ayab, bir talay erkagu ayol qimorboz, cholu kampir pampers kiyib olishar ekan. Farrux aka u yerda qimor o‘ynaganida pampers kiygan-kiymaganidan xabarim yo‘q…

O‘shanda Lyovaning o‘ziyam men sabab ishdan haydalib ketganmidi, deb o‘ylab qolaman goho, yana bilmadim. Amerikadagi menga o‘xshaganlarga ish beruvchilar tushlik qildirish degan narsani bilishmas ekan. Umuman, Amerikada bunday ishlarda ter to‘kadigan odamlarga o‘tirish mutlaqo man etilgan chog‘i. Ular uchun “tanaffus”, “tushlik” degan tushunchalar mutlaqo yot. Yaxshiyam, nafas olishga daxl qilishmaydi. U yerlardagi men kabi mehnatkashlar bu masalada mutlaqo himoyasiz, chunki ikki og‘iz o‘z xuquqini himoya qilmoqchi bo‘lgan odam o‘sha kuniyoq silliqqina ishdan bo‘shatib yuboriladi. Nomiga 8 soatli ish, aslida ish vaqti 18 soatgacha ham yetib boradi. Pulni ham insof qilsa, mehnat haqi qilib beradi, insof qilmasa, dodingizni kimga aytsangiz, aytavering. Ish haqini undirolmay yurganlarni ko‘p uchratdim. Biror kafe, restoranda shikoyat daftari yoki qonunni himoya qilish tashkiloti telefoni yozilmagan. Yozilgan taqdirda nima ham kelardi qo‘lingizdan. Nolegalligingiz ma’lum bo‘ladi-da, deportatsiya qilinib yurtingizga jo‘natib yuborilasiz. Bunday kam ish haqiga mehnat qilib yurganlarni, menimcha, biror-bir himoyalaguvchi kuch yoki qonun Amerikadek demokratik davlatda mutlaqo yo‘q. 

Menimcha, Amerikaning demokratik qonunlari, asosan, o‘zining fuqarolarining himoyasiga qaratilgan. O‘sha qonunlar men kabi yaqinda kelgan hamda biror ishning boshini tutmaganlar, aytaylik, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yganlarni boyitish uchun juda ham qulay imkoniyat beradi. Tub aholi soatiga 25-30 so‘mga bajaradigan ishni men kabilar noiloj qolganidan 3-4 so‘mga ham jon-jon deb bajarib yuraveradi va yana ketidan rahmat ham aytib qo‘yadi. Bunday odamlardan esa, aytaylik, Meksikadan kelganlarining o‘zi 12 milliondan oshadi. Meksika tashqi ishlar vazirligining bergan ma’lumotlariga suyansak, AQShda 33,5 million nasl-nasabi meksikalik bo‘lganlar yashaydi, ularning Amerika iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasi YaIMning 8 foiziga teng.  

20 millioncha tili qisiq, tentirab yurganlarga nisbatan o‘zini ko‘rmaganga solib qonun buzilishiga, demokratiyaning buzilishiga buning mutlaqo aloqasi yo‘q, deya dadil ayta olishi uchun Amerikaning o‘zida men kabi jahonning turli mamlakatlaridan kelgan mehnatkashlarni nolegallar deya, Rossiyada sobiq ittifoq respublikalaridan borgan necha million halol kun ko‘ruvchi odamni gastarbayter deya, Yevropada necha million mehnatkash odamni migrant deya nom berib, ularning aksariyatini ko‘p narsalarda mutlaqo xuquqsiz qilib qo‘yganlar, degan xulosaga keldim. 

(Davomi bor.)

Mansurxon TOIROV

 

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × four =