Hammasi o‘zimizga bog‘liq

Muallif Abdumajid Azimovning o‘tgan yili 12 oktyabrda e’lon qilingan ”Aytilayotganu lekin amal qilinmayotgan gaplar” nomli maqolasini o‘qib chiqib, yaqin o‘tmishimizdagi va bugungi to‘ylarimiz bir-bir ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. Va shu o‘rinda to‘ylarimizni fayzli, esda qolarli o‘tishi uchun nimalar qilish keragu,nimalarning umuman hojati yo‘qligini o‘ylab qoldim. Ilgari o‘tkazilgan o‘zbek to‘ylarida bo‘ladigan o‘yin-kulgi, she’rxonlik, kurash, ko‘pkari, askiya, baxshilarning chiqishlari, tarbiyaviy ahamiyatga ega ashulalar, xalq og‘zaki ijodi namunalari mehmonlarga o‘zgacha zavqu shavq ulashardi. Bolaligimizda kechqurungi bazmlarga maxsus kinomexaniklar taklif etilib, ular to‘yxonalardan xoliroq joyga oq mato tortib kichkintoylarga filmlar ko‘rsatar edilar.

 

 

To‘yning ertasiga kelin tushgan uyda yuzochar bo‘ladi. Kelinposhsha o‘z qo‘li bilan chetlari to‘qilgan ro‘molchalar, naqshlar tasvirlab tikkan sochiq-ro‘molchalarni kichkintoylarga, yosh yalangga taqdim etardi. (Ro‘molchalar kelin sarposi uchun tikilgan ko‘ylaklardan ortib qolgan bo‘laklardan ekani uyat hisoblanmasdi.)

Hozirgi zamonaviy to‘ylarda kelin yuzocharda mezbon bolakaylarga qimmatbaho yumshoq o‘yinchoqdan tok bilan ishlaydigan mashinalargacha, yomg‘irpo‘shdan qutichalarda shirinliklargacha sovg‘a qilishiga nima deysiz?! Go‘yo shu ortiqcha xarajatlar yoshlarning baxtli yashab ketishlari uchun ahamiyati bordek. Kim bilsin, balki biz — o‘tgan asr odamlarining dunyoqarashi rostdan ham yoshlar uchun qoloq fikrdir. Ammo bir keksa pedagog sifatida mulohazalarimni  qog‘ozga tushirgim keldi.

Bundan besh-olti yil burun qishloq to‘ylarining birida ayni bazm qizigan paytda to‘yxonada birdan chiroq o‘chirildi. Olachipor chiroqlar yorug‘ida kuyov kelinni yetaklab o‘rtada yevropacha valsga tusha boshlashdi. Avval kelinning atrofida kuyov, keyin tiz cho‘kib o‘tirgan kuyovto‘ra atrofida kelinposhsha chiroyli zamonaviy raqs (vals) ijro etdilar.

To‘ydan keyin mahallada duv-duv gap tarqaldi. Kimgadir ma’qul bo‘ldi, kimdir kelin-kuyovning ko‘pchilik oldida qilpillab o‘ynashini ma’qullamadi. Keyinchalik, eshitsak, o‘sha kelin-kuyov to‘ydan bir oy avval shaharga qatnab falon dollarga maxsus raqqosalardan saboq olgan. Ming afsuski, “raqqosa” kelin-kuyov ikki farzandli bo‘lganda ajrashib ketishdi…

Aslida har bir ota-ona o‘z farzandining kelajakdagi orzularining ro‘yobi uchun jonini tikishga ham tayyor. Biroq hozirgi zamonaviy deb atalmish marosimlarga bir keksa ota-onaning eng ko‘p miqdordagi maoshi yoki pensiyasi urvoqdek gap. Agar kelin yoki kuyov talaba bo‘lsa-chi?

To‘ydan keyingi ta’ma, minnat, qarz yukini, to‘y tashvishini hazm qilib yashash-chi? Hayot davom etaveradi. To‘ydan keyingi “yuzochar”, challari, haftalik hayit, tug‘ilgan kun marosimlari-chi? Mushtipar ota-ona pensiyasini o‘zining dori-darmoni, qolgan umriga ham ataydimi? Qachon biz o‘z ehtiyojimizga yarasha yashashni o‘rganamiz? Ikki soatli to‘yda bitta salat, bitta somsa, yarim kosa issiq suyuq ovqat insonni uyqu oldidan bemalol qoniqtiradi. Yangi uzilgan sabzavotlar, meva-cheva, qo‘ziqorinu yana allambalo mevalar sharbati…

Yaqinda do‘mbirabodlik bir tanishim g‘alati voqeani gapirib berdi. Bir kuni uni og‘aynisi to‘yga taklif qilibdi. U borsa, yangi uyda besh-oltita mehmon o‘tirganmish. «Men to‘y vaqtini adashtirdimmi, odamlar qani?», deb so‘rapti mehmon. Nima, biz odam emasmi, deyishipti mezbonlar. Ma’lum bo‘lishicha, ikki quda kelishib, kelin-kuyov roziligi bilan to‘yning barcha xarajatlarini yig‘ib yoshlarga ikki xonali uy olib berishibdi. Kelin-kuyovning aka-opalari nega shu qarorga avvalroq kelmagansizlar? Axir uy-joy eng muhimi ekan, deya o‘pkalanishipti.

Albatta, men bu bilan to‘ydan uy-joy muhim demoqchi emasman. To‘y qilayotganlarning qarindoshlariga ham oson emas. “To‘y qarindoshda, tashvish bizning boshda”, “Qiz uzatganga qirq yil tegma”, “Men qarg‘amayman, faqat o‘g‘il-qizing ko‘-o‘p bo‘lsin” deyman degan iboralar bekorga aytilmagan. Yana bir voqea. Bir qudamiz bir nechta qizdan keyin o‘g‘il farzandli bo‘lishdi. Katta doshqozonda osh damlab qaysidir bolalar uyiga jo‘natdi. Bor sovg‘a, noz-ne’matni, yiqqan-terganini mahalladagi nochor oilalarga tarqatdi. Ularni hech kim o‘g‘lingni “yuvmading” deya koyimadi.

Kuni kecha bir qo‘shnimiz kelin oldi. Challariga bitta “Isuzu” avtobusida 10-15 ta yaqin qo‘shni va qarindoshlar, bitta Damasda 5-6 ta kuyov va uning og‘aynilarini, bitta yengil mashinada kelin-yangalar bordik. Haydovchi halqabodlik ekan. Yo‘l-yo‘lakay u Halqabod qishlog‘i aholisi, urf-odati va quda bo‘lishi yangi qarindoshlar haqida iliq gaplarni so‘zlab ketdi. 10-15 chog‘li mezbonlar bilan tinch, osoyishta hech qanaqa dang‘ir-dung‘irsiz rohatlanib suhbatlashdik, tanishdik. Marosimdan maza qilib, yaxshi kayfiyatda qaytdik. Kechagina xalqqa osh bergan, katta to‘y tashvishlarini boshidan kechirgan ikki qudaga shu challarini o‘tkazish ham oson emas. Kelin tomon ham o‘ziga yarasha patir, somsa, meva-cheva, kabob… bilan keladi. Mezbonlar ham mehmonlarni yedirib-ichirishdan tashqari sovg‘a-salom bilan kuzatishlari-chi? Bu challari men ko‘rgan-bilganim ichida eng kamtar, saranjomlisi bo‘ldi. Bir kunlik to‘y, orzu-havas, nahotki yillar davomida peshona teri bilan misqollab yiqqan halol mablag‘ning sochilishi evaziga amalga oshsa? Hammasi o‘z qo‘lingizda. To‘y bir kunlik — 2 soatli marosim. Xo‘jako‘rsinga amalga oshiriladigan to‘y va boshqa marosim eng avvalo o‘zimizni aldash ekanini anglab yetish vaqti keldi. 

 

Muhayyo TO‘LAGANOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq 

ta’limi xodimi, 

“O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sohibi 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + five =