Amerikaga sayohat yoxud “skvorodka” effekti 5

Amerikaga borib mehnati orqali kun ko‘rmoqchi bo‘lgan, pul topmoqchi bo‘lgan odam ma’lum bir huquqlarga ega bo‘lish uchun grinkardning qaysidir turini yutgan bo‘lish kerak. Grinkardi yo‘qmi, u qonundan tashqari odam.

 

Amerikalik o‘zbeklarning bir necha bora mehmoni bo‘ldik. Farrux aka bir kuni “Yuring, uch to‘rt yil burun grinkard yutib bu yerga Toshkentdan turg‘un yashab qolish uchun ko‘chib kelgan Turg‘un aka degan sobiq hamshaharimiz ikkimizni mehmonga chaqiryapti, shunikiga borib kelamiz” deb qoldi. Biroz avtobusda yurishga to‘g‘ri keldi. Biz ikkimiz boshlang‘ich bekatda chiqqanimiz uchun avtobusning oldi eshigi yaqinidagi o‘rindiqlaridan joy olgan edik. Birozdan so‘ng avtobus o‘ta tiqilinch bo‘lib ketdi. Bir hassasi bor, oppoq saqolli qariya avtobusga chiqib keldi. Men odatimiz bo‘yicha darrov o‘rnimdan turib unga joy bermoqchi edim, Farrux aka sekin oyog‘imni siqib qo‘yib, o‘tiravering joyizda, bu yerda hech kim hech kimga joy bermaydi, hali bundan ham qiziqlarini ko‘rasiz, biz hozir tomoshabinmiz” deb qo‘ydi. Birozdan so‘ng bir ayol qo‘lida bolasi va yana bir kichkintoyni yetaklagan holda avtobusga chiqib keldi. Unga ham hech kim o‘rnini bo‘shatib joy bergani yo‘q. Bu holat g‘oyatda meni ajablantirdi. Men keyinchalik “nega bunday” deb Farrux akadan so‘ragan edim u: “Amerika xalqi  pulsiz yurmaydi. Bu davlatda kambag‘al odam yo‘q. Zarurat bo‘lsa, biroz pulingni ayamaginda taksida mazza qilib o‘tirib ketaver, degan yozilmagan qonuni bor”, deya menga izoh berdi. Shunda ham men ushbu ko‘rgan holatimni hazm qila olmadim. Toshkentda mutlaqo tiqilinch bo‘lmagan tramvayga bir o‘rta yoshlar chamasi o‘zbek ayoli chiqib kelganida qo‘lida tarvuz va qovunni quchoqlab o‘tirgan bir rusiyzabon yigit darhol turib joy bergani esimga tushdi.

Turg‘un aka deganlari 60 yoshlar atrofidagi o‘rta bo‘yli to‘laroqdan kelgan, qora to‘ri, qorindor toshkentlik o‘zbek bo‘lib, uch qavatli imoratning ikkinchi qavatidagi ikki xonali kvartirada  oyiga 1300 so‘mga ijara haqi to‘lab, xotini hamda ikkinchi o‘g‘li bilan yashar ekan. AQSh armiyasida xizmat qilganlar uchun oliy ta’lim maskaniga kirib o‘qishidagi sarmoya sarfida imtiyoz bo‘lgani sababli katta o‘g‘il oilaviy maslahatdan so‘ng o‘z ixtiyori bilan armiya xizmatiga ketgan bo‘lib, oradan uch oy o‘tgach qirg‘inbarot bo‘lib yotgan Iroqqa jo‘natilgan va shu sabab o‘shandan beri har kuni oilada bolalarning onasini vahima bosar hamda ko‘zyoshini to‘xtata olmas ekan. Yigit armiya xizmatiga bormasa uni o‘qitishga oilaning mutlaqo qurbi yetmaydigan bo‘lib, bu Turg‘un aka bizni mehmon qilish uchun “bezagan” dasturxonidan ham ko‘rinib turardi. Turg‘un aka oldimizga bir likopchada moshkichiri qo‘ydi. Stolda mehmondorchilikdan asar ham yo‘q edi. Bir kishini o‘rtacha tamaddi qilishiga yetarli u-bu bor edi, chamamda. Biroz undan-bundan gaplashib o‘tirgach, Turg‘un aka biz “qishloqi, haqiqiy tsivilizatsiya hayotdan ho‘-o‘ orqada qolib ketgan o‘zbek erkaklarini” o‘zining tsivilizatsiya hayoti bilan tanishtirish maqsadida televizori bor ikki kishi yotishi uchun mo‘ljallangan karavotli shinamgina xonaga boshlab kirdi.

Turg‘un aka televizori murvatini bir u yoqqa, bir bu yoqqa burab “mana, mana” dedi-da, bizlarning yonimizga kelib o‘tirdi. Televizor ekranida 5-6 qipyalang‘och, oq-qora bo‘ychan qizlar… Turg‘un aka esa ularning xati-harakatlaridan xuddi yosh bolalar kabi zavqlanar, har zamon qiyqirib ham qo‘yardi. Menimcha yosh bolalar so‘zini noo‘rin ishlatdim, chamamda, chunki men bilgan yosh bolalarning barisi o‘g‘ilmi-qizmi teleekranda sal-pal andishasizlik holati namoyish etila boshlansa, ko‘zlarini televizor ekranidan olib qochishga, ba’zilari murvatni bosib yoki burab boshqa dasturga o‘tishga va yoki o‘rnidan turib biror zarur ishi esiga tushib qolgandek, tashqariga chiqib ketishga harakat qila boshlashadi. Bizning Turg‘un aka esa 60 yashar. Naq televizor ichiga kirib,  o‘sha behayo qizlar ichida bo‘lib qolish orzusida ekanini bizlardan mutlaqo yashirmas va bizlarni ham o‘zining hamfikrlaridan, deb bilardi chog‘i. U odam nazarimda qiyom yeyman deb qiyom idish ichiga tushib halok bo‘lish oldidan tipirchilayotgan chumoliga yoki pashshaga o‘xshab ketardi.

Bugun bo‘lmasa ertaga Toshkentga yo‘lga chiqay deb turibman. Yozganlarimni o‘qib, Amerikaga faqat yengil tabiat ayollarimiz, erkaklarimiz kelarkanda, deb xulosa chiqarib yurmanglar. Men ko‘plab odob-axloqlariga havas qilgudek hamyurtlarimizni ko‘rdim. Ularning bari bu yerdagi xoru zorliklarni bola-chaqasi deb, ona yurtimizning mustaqilligi barqaror bo‘lishi uchun deb o‘zlari bilganicha hissa qo‘shayotirlar. Qilmagan ishlari, o‘rganmagan hunarlari qolmayotir. Bu o‘rgangan hunarlarini ertami-kechmi yurtimizda yo o‘zlari, yo bola-chaqalari yo‘lga qo‘yishadi. 

(Tamom)

Mansurxon TOIROV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten + eighteen =