Saytlar qachon jonlanadi?!

Axborot kommunikatsiya texnologiyalari taraqqiy etishi bilan hayotimizni qulayliklarga boyitish maqsadida taqdim etilayotgan tejamkor va ishonchli imkoniyatlardan biri “Elektron hukumat” tizimining joriy etilishidir. Ma’lumki, “Elektron hukumat” tizimi jahon amaliyotida o‘zining afzalliklarini namoyon etib ulgurgan. O‘zbekistonda ham keng miqyosda rivojlanib borayotgan mazkur tizim davlat hokimiyati organlari, biznes sohasi, ayniqsa, fuqarolarga turli davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan axborot xizmatini taqdim etadi. Bugun viloyat hokimliklari rasmiy veb-saytlari ana shu vazifani nechog‘li ado etishmoqda? Quyidagi mulohazalarimiz shu haqda.

 

Buxoro viloyat hokimligi sayti “buxoro.uz”da onlayn murojaat yubormoqchi bo‘lgan shaxs maktubini o‘zining elektron pochtasi yoki “Yagona interaktiv davlat xizmatlari” darchasi — “my.gov.uz” orqali yuborishi mumkin. Yana bir bor eslatib o‘tamiz, aholining barcha qatlamida ham elektron pochta ochish va undan foydalanish imkoniyati yo‘q. Murojaati yoki shikoyati bor viloyat aholisining keksa qatlami buni birovning yordamisiz amalga oshira olishi  mushkul. Shu sababdan ham taklif sifatida aytgan bo‘lardik, joylarda, ayniqsa, davlat mutassaddi organlari vakillari hamda viloyat hokimlari bilan bevosita onlayn muloqot qilishning eng sodda, qulay va zamonaviy yo‘li “elektron hukumat” tizimini takomiliga yetkazishdir. Buning uchun, avvalo, viloyat hokimliklari saytlarining o‘zidayoq bir qator onlayn qulayliklar yaratish kerak. Savoliga javob ololmayotgan, muammosiga yechim topolmayotgan, shu bilan bir qatorda, o‘z murojaatlarini oson usulda mutasaddi rahbarlarga yetkaza olmayotgan aholining yoshi ulug‘ qatlami, afsuski, hanuz ko‘pchilikni tashkil etadi. Shuni inobatga olgan holda elektron pochta, shaxsiy kabinet yoinki yagona interaktiv xizmatlar darchasiga borib taqamasdan, yoshu qari barcha uchun oson va qulay muqobil variantini yo‘lga qo‘yish nahotki shunchalar mushkul?! Yo bunga hanuz beparvolik, yo sansalorlik yoki vazifasiga mas’uliyat bilan jiddiy yondashmaslik sabab bo‘lishi mumkin. So‘zimizning isboti sifatida shaxsiy kabinet ro‘yxatidan o‘tishga harakat qildik, vaholanki, bu topshiriqni muvaffaqiyatli yakunlay olmadik. Ism-sharifdan tortib, uy manziliyu telefon raqamigacha kiritgan ma’lumotlarimizni, afsuski, “janobi sayt” qabul qilmadi. “Onlayn shikoyat jo‘natish” bo‘limidan olgan javobimiz shu bo‘ldi: Sorry. We couldn’t find that page  (Kechirasiz, biz bu sahifani topa olmadik). Yo bizning aqlimiz ojizlik qildi, yo viloyat hokimligi saytining yo‘lga qo‘ygan usuli… 

Murojaat yuborish u yoqda tursin, ro‘yxatdan ham o‘ta olmagan aholi targ‘ib va tashviq qilayotganimiz “elektron hukumat”gayu, onlayn shikoyatlarga ishonadimi? Aksincha, hafsalasi pir bo‘ladi. 

“Yangiliklarga yozilish” bo‘limida ham turli elektron manzillarimiz orqali yozilishga harakat qildik, lekin shu bo‘limda o‘zimiz uchun yana bir “yangilik”ni kashf etdik. Saytning bosh sahifasiga yana va yana qaytaverdik. 

Ochiq ma’lumotlar portaliga kirarkanmiz, viloyatdagi turli sohalar bo‘yicha o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob olishga umid bog‘ladik. Afsuski, moliyaviy barqarorlik, mehnat va ijtimoiy himoya, tadbirkorlik va biznes, tabiatni muhofaza qilish, turizm  bo‘limlari bizni “ma’lumot topilmadi” deb xunob qildi. Kommunal xo‘jaligi bo‘limidagi issiqlik manbai to‘g‘risidagi ma’lumotni rus tilida oldik. Vaholanki, saytning o‘zbek tili variantida edik. Viloyatdagi fermer xo‘jaliklari ko‘rsatkichlari bo‘yicha esa 2015 yilning 1 iyul holatidagi, viloyat aholisining kasallanish ko‘rsatkichi bo‘yicha 2013—2014 yillardagi, tashqi savdo aylanmasi xususida ham 2014—2015 yillardagi  ma’lumotlarni oldik. Yana bir gap, sayt ikki tilda faoliyat yuritsa-da, uning faqat o‘zbek tilidagi varianti ishlab turibdi. Rus tilidagi ko‘rinishi esa “Russkaya versiya sayta:  buxoro.uz  naxoditsya v razrabotke” bo‘lib yotibdi.

Mazkur saytning qay darajada ishlashini baholash tizimi orqali ham bilib olsak bo‘ladi: 402 ta a’lo baho, 311 ta qoniqarsiz…

Buxoro viloyati hokimligi o‘z sayti ustida hali davomli va istiqbolli ishlarni amalga oshirishi shart va zarur. Bugun biz faqat interaktiv xizmatlar borasida saytni tahlil qildik. Uning ko‘rinishi, mazmuni borasida ham foydalanuvchida qator savollar, e’tirozlar va takliflar borligi shak-shubhasiz. 

Sirdaryo viloyat hokimligi rasmiy veb-saytini kuzatarkanmiz, interaktiv xizmatlarning elektron xizmatlar tarzida berilganiga guvoh bo‘ldik. Unda ham jismoniy yoki yuridik shaxslarning murojaatlari Buxoro viloyat hokimligi rasmiy veb-saytidagidek amalga oshirilar ekan. Biroq mazkur saytda hech qanday shaxsiy kabinet ro‘yxatidan o‘tish shart emas. Ism-sharif, uy manzili, telefon va pasport raqamlari hamda elektron pochta manzili so‘ralar ekan, xolos. Agar biror kerakli maydon to‘ldirilmasa, murojaat jo‘natilmay qoladi.

Yana yuqoridagi taklifni o‘rtaga tashlaymiz. Elektron pochta manzili bo‘lmagan fuqaro nima qilsin? Yoki bitta murojaat jo‘natish uchun avval elektron pochta ochsinmi? Agar murojaat jo‘natuvchining elektron pochta manzili unga javob xati yo‘llash  yoki bog‘lanish uchun zarur qilib belgilangan bo‘lsa, shu bandni telefon raqamini kiritish orqali “SMS” jo‘natish yoki saytning o‘zida alohida murojaatlar uchun javoblar bo‘limi tashkil etish bilan hal qilish mumkin emasmi? O‘shanda hech bir to‘siqsiz barcha yoshdagilar hokimiyat rahbarlariga taklif va shikoyatlarini ancha yengil usulda jo‘nata olishardi. Mazkur viloyat hokimligi saytida “rahbar qabuliga onlayn tarzda yozilish” xizmatining yo‘lga qo‘yilgani esa rahbar eshigi oldida ortiqcha navbat kutishlarning oldini olib, aholiga yana bir qulaylik yaratadi.

Ishonch telefonlarini baholash va murojaatlar statistikasi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan-u, ammo e’tiborimizni tortgan bir jihat bor. Ishonch telefoniga berilgan baholar raqamlarda va foizlarda turli ranglar orqali ajratib berilgan. Bu yaxshi. Lekin qaysi rang qanday ma’noda (masalan, qizil “qoniqarsiz”mi, yashil “a’lo”mi) qo‘llangani noma’lum. Yana bir taklif aytgan bo‘lardik, agar fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqishga mas’ul shaxsning ism-sharifi, lavozimi, u bilan bog‘lanish raqamlari bevosita hokimlik saytlari orqali oshkora bildirilsa, bu ham onlayn tarzda o‘z savollarini yo‘llay olmagan yurtdoshlarimiz uchun bir imkoniyat bo‘lardi. Xorazm viloyati hokimligi rasmiy veb-sayti — “xorazm.uz”da ushbu taklif allaqachon amalga oshgan. Boshqa hokimliklar ham “xorazm.uz”dan o‘rnak olsa, zarar qilishmasdi.

“sirdaryo.uz”ning yana bir e’tirofga loyiq jihati saytning qonunchilik talablariga nechog‘li muvofiq ekanligini sanab o‘tgan va har bir bandning isboti sifatida o‘sha sahifalarga havolalar yo‘naltirilgan. Saytning o‘zbek tilidan tashqari rus, ingliz tillaridagi ko‘rinishlari yo‘lga qo‘yilgani yaxshi-kuya, ammo rus tilidagi yangiliklar oxirgi marta 2016 yil iyul oyida, ingliz tilidagisi esa 2016 yil yanvar oyida yangilangan ekanda! Hech bo‘lmaganda, haftada bir marta yangiliklarni kiritib turish og‘irlik qilmas, deb o‘ylaymiz.

 

Xullas, qidirgan ko‘zga muammo va kamchiliklar tashlanaveradi, e’tirozlar ko‘payaveradi. O‘ylaymizki, e’tiroz va takliflarimiz asosli. Shuning uchun har bir viloyat hokimliklaridan o‘z rasmiy veb-saytlariga alohida e’tibor berishlarini istardik. Zero, mazkur saytlar endi nafaqat yangilik berish, balki aholi bilan onlayn tartibda ishlash, muloqot qilish, axborot almashish vazifasini ham o‘taydi.  

 

Go‘zal MALIKOVA, 

“Hurriyat” muxbiri

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + three =