Zamon shitobidan ortda qolmaylik!

Vaqt o‘tgan sari zamon oldimizga bir-biridan murakkab, shu bilan birga g‘oyat muhim va ustuvor vazifalarni qo‘ymoqda. Endilikda mavjud sharoit har birimizdan, ayniqsa, rahbar xodimdan xalqning dardiga  quloq tutish, aholini qiynayotgan muammolarni hal etish, eng asosiysi, ertadan-kechgacha kabinetda o‘tirmasdan, chekka-chekka hududlardagi haqiqiy ahvol bilan tanishish, xalqona aytganda, “osmondan yerga tushib” o‘zining fuqarolik burchini ado etishni talab etmoqda.

 

Xo‘sh, ayni vaqtda nima uchun bunday qat’iy talab qo‘yilmoqda? 

To‘g‘risi, mana shu savol yil boshidan buyon ko‘pchilik yurtdoshlarimiz qatori meni ham o‘ylantirib kelar, bir qarashda go‘yo maromida, sokingina oqib borayotgan daryoni tezlashtirishdan maqsad nima, degan o‘ylar ongu shuurimni egallab olgan edi. Binobarin, hammamiz ham xom sut emgan bandamiz: bordiyu azim daryo tezlashsa, yon-atrofga ziyon-zahmat yetkazmaydimi, degan hadik ham ko‘ngildan o‘tishi mumkin. Albatta, bunday talab o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q, avvalambor, davr-ning o‘zi shuni talab etmoqdaki, to‘rt devor orasidan chiqib, xalq bilan muloqotda bo‘lgan, uning ko‘ngliga qo‘l solgan, qolaversa, kurrai zaminda yuz berayotgan voqea-hodisalarni, xususan, ayrim davlatlarning shiddat bilan rivojlanib borayotganini kuzatib, xulosa yasagan inson hammasini anglab yetadi.  

Shu kunlarda hammamiz Prezident Shavkat Mirziyoevning mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga qilgan tashrifini katta qiziqish bilan kuzatdik. Shak-shubhasiz, ularda yuqoridagi savolga javob topish barobarida, taraqqiyot yo‘limizga to‘siq bo‘lib turgan ayrim muammolarning yechimini topishga qaratilgan, ta’bir joiz bo‘lsa, jamiyatning bugungi va ertangi taqdirini belgilab beradigan butunlay yangicha strategik yondashuvning guvohi bo‘ldik.  

Vaqtning o‘tishini qarang: nonushta qilamiz, ishga boramiz, ishdan qaytamiz, kechki ovqatga o‘tiramiz, uyquga ketamiz. Qarabsizki, umrimizning bir kuni ham o‘tadi-ketadi. Xuddi shu zaylda qancha yillarni ortda qoldiramiz. Biroq  jahon hamjamiyati turli yuksak e’tiroflar bilan atayotgan bugungi davr har birimizdan aynan ishga borgach qanday vazifalarni qoyil qilib bajaramiz, qanday yangiliklar va takliflar haqida bosh qotiramiz, alalxusus, shuncha sa’y-harakatlarimiz qanday natija beradi, degan  dolzarb savollarga aniq javob berishimizni taqozo etmoqda. 

Mavzuga bevosita aloqador bir hayotiy misolni keltirsak. Bir tashkilotning rahbari har kuni soat to‘qqizda ishga keladi. Hushi kelsa, kundalik gazetalarni varaqlash, agar shu ham malol kelsa, achchiq ko‘k choyni yarim soat ermak qilish bilan ish boshlaydi. To‘qqiz yarimda tuyqusdan esiga tushib qolgan masala yuzasidan tegishli bo‘lim boshlig‘ini chaqirib, natija so‘raydi. Javobi qoniqtirsa, xo‘p-xo‘p, yo‘qsa, dashnom berib, xonasidan chiqarib yuboradi. Soat o‘n bo‘ladimi, endi boshqalarni ham chaqirib xuddi shu “stsenariy”ni takrorlashi kerak. Qarabsizki, tushlik. Bu “tadbir”ni maroqli o‘tkazish uchun o‘ziga o‘xshagan uch-to‘rtta rahbar tanishiga qo‘ng‘iroq qilib, vaqti chog‘rog‘ini ko‘ndiradi. Tushlik ko‘pchilikdan xoliroq, panaroq joyda o‘tadi. Albatta, orada qabulxonaga sim qoqib, “tepa”dan birontasi so‘ragan-so‘ramagani haqida zarur axborot olib turish ham esdan chiqmaydi. Tushlik ham soat uchlarga borib nihoya topadi. Orada boshqa tashkilotlardagi ahvol, ularning rahbarlari haqidagi yangiliklarga bag‘ishlangan qizg‘in muhokama tadbirning “fayziga-fayz” qo‘shadi. Qahramonimiz soat uchlardan o‘tib, ishxonasiga kirib keladi. Ikki soatli “oshqozon bazmi”dan keyin ishlash yoqadi, deysizmi? Aksincha. U yordamchisi olib kirgan xat-hujjatlar va buyruqlarni apil-tapil imzolaydi, ba’zilarini esa tegishliligi bo‘yicha bo‘limlarga oshirib qutuladi. Soat ham besh bo‘ldi. Stolidagi hujjatlardan birini qo‘liga olar ekan, boyagi yog‘li kabobning mazasi uyquga eltadi. Eshik taqillashidan uyg‘ongan rahbar qabulxonada kimningdir anchadan beri kutib o‘tirganini ayt-gani kirgan kotibasiga devordagi soatni peshlaydi. 

Xo‘sh, buning nomini xalqi-miz nima deydi? O‘zibo‘larchilik yoki bo‘lmasa, “Sen menga tegma, men senga tegmayman” qabilida ishlash deydi. Tasavvur qiling, agar o‘sha rahbar xuddi shu tarzda besh-olti yil umrini o‘tkazsa, tashkilotning rentabelligi, foyda va daromadi, taraqqiyoti nima bo‘ladi? Kelajagi bo‘ladimi, o‘zi? Rahbarning bunday faoliyati ko‘p o‘tmay korxonani inqirozga yetaklashi tayin. Balki mana shunday illatlardan qutulish uchun ham bugungi tezkor va shiddatli davr shu aziz Vatanning fuqarosi bo‘lgan, o‘zini yurt taqdiri va taraqqiyotiga ozmi-ko‘pmi mas’ul deb bilgan har bir yurtdoshimizdan mehnatsevarlik, jonkuyarlik, faollik va fidoyilik kabi yuksak insoniy fazilatlarni so‘rayotgandir. Aslida, bunday noyob xususiyatlarni kishiga zo‘rlab singdirib bo‘lmas. Zero, xalqimizda “Qon bilan kirgan jon bilan chiqar” degan gap bejiz aytilmagan. Biroq nazarimizda, bugun o‘zi tanlagan yo‘lda dadil odimlayotgan ulug‘ karvondan tushib qolishni istamagan har bir inson, ayniqsa, rahbar ahli bunday kayfiyat bilan mutlaqo yashab, ishlab bo‘lmasligini albatta, tushunib yetadi. 

Bu o‘rinda mustaqillikdan bir-ikki yil avval O‘zbekiston kishi boshiga yalpi ijtimoiy mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha sobiq Ittifoqda oxirgi o‘rinlarda turgani, aholi jon boshiga xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish o‘rtacha 40 foizni, daromad darajasi, asosiy turdagi mahsulotlarni iste’mol qilish borasida ittifoqdosh respublikalar orasida so‘nggi pog‘onalardan joy olganini esga olaylik. 

Xo‘sh, nima uchun shunday bo‘lgan edi? 

Avvalo, erkimiz, inon-ixtiyorimiz o‘z qo‘limizda bo‘lmagani uchun. Bugun esa yurtimiz mustaqillikning yigirma besh yillik davrini bosib o‘tdi. Endi kimgadir qaram emasmiz. Ishlayman, unib-o‘saman, bir-ikki so‘m topib, oilamga, davlatimga foyda keltiraman, degan odam uchun hamma sharoit bor. Ammo shu vaqtga qadar qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan qanoatlanib “Bizga shunisi ham bo‘laveradi,” degan kayfiyatda yashash taraqqiyotning belini sindirish, uni paysalga solish, ortga chekinish bilan barobar ekanligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Shukrki, bugun eskicha qarashlar bilan yashash tanlagan yo‘limizga to‘g‘ri kelmasligini yoshu qari allaqachon tushunib yetgan. Sababi – bunday tushuncha bugungi kunga xos emas, u sobiq tuzumdan qolgan va hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydigan meros. 

Afsuski, hozir ham undan butunlay qutulganmiz, deb aytolmaymiz. Bizningcha, bunday qarash virusga o‘xshab yuqumli bo‘lib, ayrim irodasi bo‘sh, mustaqil fikri bo‘lmagan, mehnatga, intilishga, jonini koyitib ishlashga qurbi yetmaydigan odamga mahkam yopishib oladi. Ayni shu kasallikdan xalos bo‘lish uchun ham insonni faol harakatga keltiruvchi, uning ongi-shuurini har xil zararli fikrlardan tozalovchi, ko‘zini ochuvchi ulug‘ bir da’vat suv va havoday zarur bo‘lsa kerak. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida ayni jihatga e’tibor qaratib, shunday dedi: “Zamon talabini his etmasdan, eskicha ishlashga endi hech birimizning haqqimiz yo‘q. Xalqimiz bugun katta orzu-umidlar bilan yashayapti. Bu orzu-umidlarni kim amalga oshiradi? Avvalo, mana shu zalda o‘tirgan rahbarlar, mutasaddi va mutaxassislar, navqiron yoshlarimiz. Buning uchun bizda kuch va imkoniyat, bilim va salohiyat ham, qat’iy iroda, intilish va azmu shijoat ham yetarli”.

Albatta, bu so‘zlarning tagida katta ma’no bor. Ya’ni, u har birimizni hayotning bor haqiqatini bo‘y-basti bilan anglashga, bugungi davr talabini chuqur his etib yashashga safarbar etadi. Binobarin, o‘z oldiga buyuk davlat barpo etishdek yuksak marrani qo‘ygan davlatning maqsadi ham, harakati ham shunga yarasha bo‘lmog‘i lozim. 

Hech birimizning yodimizdan chiqmaydi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ko‘p yig‘inlarda, bayram tantanalarida, ayniqsa, yoshlar bilan uchrashuvlarda “Biz hech kimdan kam emasmiz, kam bo‘lmaymiz ham” degan da’vatni takror-taror aytishni yaxshi ko‘rardi. Bugun ham ana shu otashin so‘zlar har bir yurtdoshimizning hayoti va faoliyatida muhim dasturilamal bo‘lib, ko‘plab yo‘nalishlarda o‘zining samarasini bermoqda.

Nima uchun bu haqda gapir-yapmiz?

Ayrim davlatlarga e’tibor qarataylik. Birgina Yaponiya yoki Janubiy Koreyani oladigan bo‘lsak, bir vaqtlar ular hech kim tanimagan, nazarga ilmagan, hisoblashmagan, ta’bir joiz bo‘lsa, birovning ishi tushmagan mamlakat emasmidi. Bugun-chi? Ayni damda iqtisodiyot deymizmi, sanoat ishlab chiqarish, zamonaviy texnologiya, ilm-fan rivoji deymizmi, bu sohalarda ularning oldiga tushadigan davlatlar kamdan-kam topilishini, dunyoning kuchli sakkizlik davlatlari qatoriga kirganini yaxshi bilamiz. Yoki Hindiston yaqin-yaqingacha asosan farmatsevtika sohasida yetakchi hisoblangan bo‘lsa, kuni kecha dunyoda eng tez rivojlanayotgan davlatlardan biri sifatida qayd etilganini xorij matbuoti ma’lum qildi. 

Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Lekin nimaning evaziga bunday natijalarga erishildi deganda, avvalo, inson aql-zakovati, mehnati, ishchanligi, yangilik sari intiluvchanligi kabi omillar tufayli desak, xato bo‘lmas.

O‘zbekistonning esa hech bir davlatdan kam joyi yo‘q. Buni so‘nggi yillarda qator sohalarda erishilgan natijalarga asoslanib ayta olamiz. Qarang, Buyuk Britaniyaning “Legatum Institute” tadqiqot markazi tomonidan e’lon qilinadigan rivojlanish reytingiga ko‘ra, asosan Norvegiya, Shveytsariya, Yangi Zelandiya, Daniya, Kanada, Shvetsiya, Avs-traliya, Finlandiya, Niderlandiya va AQSh kabi davlatlar sakkiz yildan buyon yetakchilik qilib kelmoqda. O‘zbekiston, xususan, MDH mamlakatlarini ortda qoldirib, makroiqtisodiy o‘sish, yalpi ichki mahsulot miqdori va mamlakat rivojlanishiga hissa qo‘shadigan boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha ildamlab borayotir.  

Bu yaxshimi?

Savolga “ha” deb javob berish ham mumkindir. Ammo fikrimizcha, birinchidan – bu eng oson yo‘li. Ikkinchidan esa, bizga bunday natijalar qanday parametrlar asosida tuzilishi, uning qanchalik to‘g‘ri va haqqoniy ekanligi qorong‘i. Biroq nima bo‘lganda ham, yuqoridagi savolga shunchaki javob berish, ana shunday qarashlar bilan yashash jonajon Vatanimiz, olijanob xalqimizning ishonchini qozonish, uning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish uchun kamlik qiladi. 

Xo‘sh, o‘sha norveglar, niderlandlar yoki amerikaliklardan qaerimiz kam? Qay bir sohada ulardan o‘ta olmasligimiz mumkin? Aql-zakovat, shijoat, kuch-qudrat va maqsadlar borasida balki ular bizga yetib olishi kerakdir?

Birgina  o‘tgan to‘rt-besh oy orasida qanday katta ishlarga qo‘l urilganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, har bir tuman va shahardagi Xalq qabulxonalari, Virtual qabulxonasi faoliyati samarali tashkil etilgani puxta o‘ylangan tadbirlardan biri bo‘ldi. Shu bilan birga, yurt ravnaqi, turmush farovonligi yo‘lida boshlangan ko‘plab ezgu va xayrli ishlarni izchil davom ettirish, qolaversa, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizni yanada yuksaltirishga keng yo‘l beradigan qonunlar, farmon va qarorlar qabul qilinayotgani biz orzu qilgan davlatni barpo etishga xizmat qilishi shubhasiz. Eng muhimi, bunday sa’y-harakatlar erta-indin albatta o‘z mevasini berishiga xalq astoydil ishonch bildirayotganiga guvoh bo‘layapmiz. 

Bu ishonchning tag-zamirida esa “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi” degan hayot haqiqati mujassam.

 

Tohir SHOMURODOV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 3 =