ABADIYATGA YO‘L

Daho san’atkorlar qalamiga mansub asarlarning katta-kichigi bo‘lmaydi. Ularning har birida hayot haqiqati o‘zining mukammal badiiy ifodasini topadi.

 

«Munojot» — Alisher Navoiy umrining oxirida bitgan asarlaridan biridir. U shu vaqtga qadar bizda e’lon qilinmagan edi.

«Munojot» — Allohdan najot tilab, iltijo etmak, demakdir. Ulug‘ shoir mazkur asarida o‘zining butun hayotiy va ijodiy yo‘liga yakun yasaydi, Yaratguvchiga dil izhori bilan murojaat qiladi. «Munojot» matniga diqqat qilsak, shoir satrlari orqali uning dunyoqarashi, shaxsiy hamda ijodiy taqdiri ilg‘or g‘oyalar bilan sug‘orilganiga amin bo‘lamiz.

«Munojot» asosan tavba-tazarru bayonidan iboratdir. Shoir unda turmushning behuda yugur-yugurini insonning asl his-tuyg‘ulariga qarshi qo‘yadi. Shoir voqelikning nomukammalligidan shikoyat qiladi, yolg‘iz Allohdan najot kutadi. «Munojot» — mazmun bilan shakl uzviy birligining betakror namunasi hamdir. Navoiy tili unda o‘zining butun qudrati, butun nafosati ila namoyon. Bu til — tafakkur tili, his-hayajon tilidir. Shu boisdan u musiqa kabi dillarimizni yayratadi. Har bir so‘z, har bir tovush muallifning ruhiy holatini ochib berishga xizmat qiladi. Navoiy qo‘llagan o‘xshatishlar, ta’rifu tavsiflar faqat Allohga emas, balki shoirning o‘ziga ham qaratilgandirki, bular uning ruhi pokligidan dalolat beradi, yaralangan qalbining malul ahvolotidan bizni ogoh etadi.

«Munojot» — Navoiy ezgu niyatlarining, samimiy intilishlarining samarasi o‘laroq. mohiyatan kelajak avlodlarga qarata bitilgan asardir. Unda mutafakkir shoir inson zotini o‘zligini anglashga, ma’naviy kamolot, imonning salomatligi yuksak maqsadlar sari intilishga da’vat etadi, bu yo‘lda to‘sqinlik qiluvchi jamiki illatlarga berilmaslikka chaqiradi.

 

Suyima G`ANIYEVA,

O‘zbekiston Qahramoni,

navoiyshunos olim

           

          MUNOJOT

Bismillahir-rahmonir-rahim.

Qutlug‘ isming ulug‘ marhamatlilik va mehribonliging ta’zimga vojib. Ism sening isming va marhamatlilik va mehribonliging sening ulushing. Sen ganj va yaratilish — tilsiming. Isming go‘zal ismlar sifatining jam’i, rahmonlik va rahimliligingga yuz ming shukur va maqtovlar. Rahim ham sen, rahmon ham sen, azim ham sen, subhon ham sen. Allohga maqtovlar bo‘lgay, ne ylyg‘lik va buyuklikkim, sendan o‘zgaga yaratilish nisbati bo‘hton va tuhmatdir. Zoting abadiy rost, vujuding mangu paydo bo‘lgan. Sendan o‘zga mavjud ko‘ringanlar nomavjudlik ko‘rinishidir, balki mutlaqo yo‘qlikdir. Vujud va mavjuddan maqsad — sen. Shoning oliy, ehsoning umumiy. O‘zingdan o‘zga Ma’bud (Iloh — S.o‘.) yo‘qdir, ey do‘st va mutlaqo mavjud zot.

HAMD. Ilohi, ulug‘lik va buyuklik sening shoningdadir, podshohlik va farishtalar olami sening hukm hamda farmoningdadir. Azaliyligingga ibtido (boshlanish — S.o‘.) yo‘q va abadiyligingga nihoyat yo‘q. Dahr (olam — C.o‘.) gulshanida har giyoh va har yaproq sening madhingni aytadi va sipehr anjumanida har harf va har varaq sening ne’matingga shukr qiladi. Jamoling bo‘stonida sakkiz jannat bir yoqimli rayhon kabi va qudrating zindonida yetti do‘zax bir jon qiynovchi o‘tli shamol kabidir. Hashamating saroyida bir zarra — nurli quyosh va san’ating suratxonasida osmon bir lavhaginadir. Agar yuzlab olamni paydo etay desang, «Bo‘l, desa bo‘ladi» iborasi yetarli va minglab narsalarni yo‘q qilay desang, «to‘zigan chang» ishorati basdir. Yagonalik sifatida sen sherik va vazirdan ozod va yolg‘izlik siyratida ota va boladan xoli. Ilming daryosida har gavhar yulduzlar durridan pokroq, mulking shahrida har lola quyosh mash’alidan otashnokroq. Tengsizligingga «Unga o‘xshash biror narsa yo‘q,» (iborasi) chin guvoh, bepayvandligingga «Tyg‘mashan va tyg‘ilmagan ham» iborasi muvofiq dalildir. Har narsaga tashbeh qilinsa, o‘xshamassen, yaxshi qaralsa, ul sendur va sen ul emassen. Seni madh etishda so‘zlovchilar tiliq, maqtovingda notiqlar majolsizlikdan hayratda. Bu bobda «Sening maqtovingni aytib tugata olmaymiz» deyilganidek, har qancha so‘zamollar ham dam ura olmasa uzrlidir.

 

 

PAYG‘AMBAR MADHIDA

«Odam (Ato) suv bilan tuproq tarkibida yotgan davridayoq men (Muhammad) payg‘ambap edim» mantiqi bilan nabiylar peshqadami, ularning oxirgisi va kenjasidir. Allohning do‘sti, Muhammad Allohning elchisi, unga Allohning salomi (bo‘lg‘ay). Yuz yigirma ming elchi payg‘ambarning yaratilishidan maqsad — ul va yaratilish unga sabab. Payg‘ambaplik taxtida baxtli bosh ustidagi toj, payg‘ambar va elchilar orasida sohibme’roj (ya’ni ko‘kka ko‘tarilishga erishgan. — S.o‘.), avvaldan oxirga qadar (barcha) hollarda hamma uning shafoatiga muhtoj. Inoyatli Buroq — uning baland, yo‘rg‘ali oti va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi Jabroil uning yashindek tezyurar xabarchisi. Me’roj tuni — uning kechki yotog‘i va «vaqtdagi yuksakligi» — uning maqomi. «Allohning salom va rahmatlari ul zotga, pok oila a’zolariga va toza sahobalariga bo‘lsin».

MUNOJOT. 

Ilohi, sen himmatlilar himmatlisi va men — gunohkor.

Ilohi, rahimlilar rahimlisi sen va men qora kunga qolgan.

Ilohi, agar-chi qattiq aybdorlikdan boshqa ishim yo‘q, ammo sendan o‘zga ham kishim yo‘q.

Ilohi, yo‘q edim, bor etding, bola edim, ulug‘lar martabasiga yetkarding, ammo nafsu havo yelidan toat-ibodatim niholini sindirding va sihhatim guruhini gunoh sipohlari hujumidin tarqatting.

Ilohi, yomon fe’limdan parishonligim ko‘pdir va shum nafsimdan pushaymonligim yo‘qdir, bunday balodan qutulishga umidim sendan aniqdir.

Ilohi, o‘zlik yomonligidan o‘zligim bilan o‘ta olmayman va yaxshilaring etagini yomonligim uyatidan tuta olmayman.

Ilohi, yillar ibodat qilganni rad etsang, hech kim aralasha olmas va asrlar isyon qilganni qabul qilsang hech kishi hikmatini bila olmas.

Ilohi, Odam (Ato) xalifalik taxtiga o‘zi munosib bo‘ldimi, sening taqdiring bo‘lmay, shayton tersligining so‘zimi bo‘ldi?

Ilohi, fisq va fujurni ham, zuhd va taqvoni ham berguvchi sen, bir necha ojizni ular tuhmati bilan bog‘lamoqlik nedir?

Ilohi, inoyatingga umidvormanki, gunohim behaddir, rahmatingga sazovormanki, xato va kamchiliklarim behisobdir. Ilohi, dardi holimni har kimga aytsam rad qilsa, senga yuzlangayman va agar sen rad qilsang netkayman va kimga ketgayman?!

Ilohi, sening yo‘lingda turpoq yo‘liqsa to‘tiyodir va kesak yetishsa kimiyodir, sendan boshqa qizil oltin qora tuproqdek beqadru kambahodir.

Ilohi, yomonligimdan garchi ko‘p alamim bor, g‘amxonim sen bo‘lsang ne g‘amim bor.

Ilohi, boylikka moyillik iplarini ko‘nglimdan uz va nafsoniyat qoron-g‘iligida to‘g‘rilik sha’mi bilan o‘zing sari yo‘l ko‘rguz. 

Ilohi,, u uzun yo‘l va mashaqqatli vodiyda inoyating bilan yo‘lla va uni bosib o‘tishda oyog‘im toyilsa, madading bilan qo‘lla.

Ilohi, bu yo‘l sayrida shaytonni atrofimga yo‘latma, agar u yov yaqinlashsa, ibodatimdan ne qolg‘ay, inoyatingni kam qilma.

Ilohi, taqvo bergilki, aldovchi nafs unga mag‘lub bo‘lsin, parhezkorlik nasib etgilki, nobakor shayton boshi uning oyog‘i ostida bo‘lsin.

Ilohi, g‘aflat uyqusidaman, bedor qil va jaholat mastlig‘idaman, hushyor qil.

Ilohi, bu bedorlikni ogohlikka yetkur va u hushyorlikni xatosizlikka ulantur.

Ilohi, hiylakor shayton menga dushmandir va o‘zboshimcha nafs ish buyurguvchidir, bu girdoblarda sen madadkor bo‘lmasang, voy menga.

Ilohi, agar xislatim egridir, niyatim to‘g‘ridir. Bu jihatdan agar qo‘rqinchim bordir, ammo umidim birga yuzdir.

Ilohi, fe’l-atvorimga qarasam uyat o‘ldirur va sening marhamatingni o‘ylasam, umid tanamga jon kiritur.

Ilohi, sendan yomonlik kelmas va mendan — yaxshilik, sen yaxshilik, sen yaxshisan va men — yomon, har kimning o‘ziga yarasha qilig‘i bor. Tikanning ishi sanchilmoq uchun uni kuydirmoq munosibdir. Bahor fayziga ko‘ra gul unga musohibdir.

Ilohi, tuproqdan el ko‘ziga qopong‘ylik yetar va quyosh (o‘z) nuri   bilan olam ahli ko‘zini ravshan etar.

Ilohi, har neki qilinsa, sening taqdiringdir, qilg‘yvchiga qilmoqqa ne tadbirdir.

Ilohi, taqdir qilganing beixtiyor bajariladi, qilmasman demakka kimning haddi bor?

Ilohi, agar-chi adashibman, ammo to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishingga talabgorman, agarchi do‘zax o‘tiga tushibman, ammo rahmatingdan umidvorman.

Ilohi, sen madad qilmasang, aso nimayu, itning dumi nima va sen pardapo‘sh bo‘lmasang, rido (darveshlarning ustki kiyimi. — C.o‘.) nimayu, eshak yopinchig‘i nima?

Ilohi, toatingga havasim bor, ammo nafsga mag‘lubman, ibodatingga iltimosim bor, ammo ishq va devonalikka giriftorman.

Ilohi, behuda ishlar mayidan mastman, g‘ypyp va riyo jomidan mayparastman, bular bilan shaytonga qo‘ldoshman.

Ilohi, parichehralarga meni devona qilding va sha’mruxsorlarga ko‘nglimni parvona qilding, bu sabablardan rasvolig‘ bilan olamga afsona qilding.

Ilohi, necha zanjirdek zulflar savdosidan bo‘ynimda zanjir bo‘lg‘ay, necha xushbo‘y xol xayolidan ko‘nglim asir (bo‘lg‘ay). Sen bu xil taqdir qilgan esang, menga ne tadbir?

Ilohi, ko‘nglim mamlakati qora kipriklar safi hujumidan vayrondir va sabrim uyi gulrang yuzlilar terlari selidan qulab tushgandir.

Ilohi, har otashin la’l mening o‘t tushgan jonimdan bir ko‘rinishdir va har serob g‘unchada mening ko‘p paykonli ko‘nglim shakli namoyondir. Bu ofatlarning iloji senga osondir va menga qiyin.

Ilohi, sho‘x go‘zallarga har yon oshiqish paydo qilasan va ularning har yon oshiqishidan mening shaydo ko‘nglimga har dam iztirob solasan.

Ilohi, ularga bu oshiqishdan to‘xtash yo‘q va menga bu iztirobda ixtiyor yo‘q, ularning dilraboligi ham sendan va shaydo ko‘ngilning mubtaloligi ham sendan.

Ilohi, birov husniga malohat berursan va uning tuzini mening ko‘nglim jarohatiga sepursan.

Ilohi, birov kipriklarini zaharli etarsan va uning uchini mening yaralik bag‘rimra sancharsan.

Ilohi, sham’ husni bezanmagi ham sendin va parvona joni o‘rtanmagi ham sendin.

Ilohi, gul yuziga yoqimlilikni ham sen berding va bulbul fig‘onu zoriga kuyinishni ham sen berding. Agar qaysi gulyuzli sham’ ishqi o‘tini ko‘nglimga solding, parvona va bulbuldek sabru qarorimni olding.

Ilohi, agar ishq azoblaridan bazm tuzdim va may seli ofatidan taqvo va zuhdim uyin buzdim. U qandayin may ichmaklik va qadaq tutmaklik edikim, qadah-qadah qon yutmaklik edi.

Ilohi, hajr qiynog‘idan (ko‘nglimga) dog‘lap bosdim, dini islom ekinzorida xirmonlar kuydirdim.

Ilohi, har dog‘ qoralig‘idan sihhatim yuzini qaro qildim va uning dudidan imonim ro‘zg‘orini qaro qildim.

Ilohi, agar havasdan bosh-oyoq yalang har yon yugurdim, boshdan-oyog‘im yomon ekanini xaloyiqqa bildirdim.

Ilohi, agar shavq telbaligida ko‘ksimga tosh urdim, u tosh bilan or-nomusim shishasini sindirdim.

Ilohi, goho bu junundan balolar toshini boshimga yog‘dirdim, goho do‘stlar malomati nayzasini ko‘nglimga yetkazdim.

Ilohi, qaysi isyon qorong‘ilig‘i bilankim, sihhatim yuzi qoraymadi, qaysi haqsizlik azobikim, men qaro yuzlikka yuzlanmadi.

Ilohi, yigitligim bu nav’ qattiq va achchiq o‘tdi, qarilig‘da yuz marta o‘zimni o‘ldirsam ne foyda?

Ilohi, endi barchadan kechmoqni xayol qilurman, (lekin) o‘zligimdan kecha olmayman, aniq bilurman.

Ilohi, modomiki, bu balolarga solding, qutqar va modomiki, bu mubtaloliklarga kiritding, chiqar.

Ilohi, men banda tavba qildim, desam ne foyda, sen tavba bergilki, ham tavba qabul qiluvchisan, qam (sig‘iniladigan) Allohsan.

Ilohi, el ado etmaguncha namoz qilmaganim — maqtanchoqlikdir, o‘sha namoz uchun (kiyilgan) janda va rido — o‘ziga oro berishdir.

Ilohi, shunday namoyishu oroyishdan ko‘nglimni pok qilg‘il va bu xil shayton libosidan jismimni xoli etgil.

Ilohi, toatga tavfiq bersang, aldovdan asra va ibodatga yo‘l ko‘rsatsang, xatodan asra.

Ilohi, toatki, shuhratparastlikka keltirsa, ko‘nglimga yaqinlashtirma, gunohki uzrga yetkirsa, tilimdan uzoq tutma.

Ilohi, ilojsiz dardga chalintirma, muruvvatsiz nomardga xor qilma.

Ilohi, beasllarga xorlikdan asra, bediyonatlar tuhmatidan saqla.

Ilohi, johil suhbatiga band qilma va razillar hashamatiga hojatmand etma.

Ilohi, noshukrlar muloyimatidan yiroq tut va haqshunoslar xiraligidan nari qil.

Ilohi, ko‘nglimni dardu shavqing muhabbati bilan ovut va ko‘zimni pushaymonlik yoshlari bilan ravshan qil.

Ilohi, tilimni beqiyos ne’matingni zikr qiluvchi ayla va ko‘nglimni hamdu maqtovingga shukr qiluvchi ayla.

Ilohi, qalamim hamdingni yozishga mashg‘yl va yozganlarim xaloyiq ko‘ngliga maqbul bylg‘ay.

Ilohi, zamirimga takabburlikni yaqinlashtirma va xotirimni elga foydali (ishlardan) ayb axtarishga yo‘latma.

Ilohi, podshohi islomni (ya’ni Husayn Boyqaroni. — C.F.) hamisha musulmonlar boshida tutgil, ya’ni ko‘lankangni bandalaring ustida doimiy qilgil, to shohu gadoga duogo‘ylik qilayin, vassalom.


Matnni hozirgi zamon o‘zbek tiliga 

Suyima G`ANIYEVA o‘girgan.

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 9 =