So‘qirlar mashvarati

Yozning tongi. Burchmulla. Tevarak-atrofning nafis uyg‘onishi, quyoshning shafaq olayotgani, yastangan tog‘larning osmon qadar uyg‘unligi… Tabiat ayni shu pallada mo‘’jiza ko‘rsatsa, ne ajab. Burchmullada tongni bedor ottirgan kishigina ushbu mo‘’jizadan bahramand bo‘ladi. Ammo bu musaffo tongga kim, qanday nigoh tashlaydi?! 

 

Kursdoshlari bilan toqqa dam olgani chiqqan Behruz tuni bilan mijja qoqmadi. U tongni ko‘rish niyatida atay bu yerga kelmagandi. Kecha og‘aynilariga shu yerdagi choyxonada ziyofat berishni va’dalashgandi. 

O‘sha kuni jizzaxlik bir yigitning davraga kutilmagan tashrifi keyinchalik Behruzning hayotini, nafaqat uning balki o‘tirishda qatnashgan jo‘ralarining ham hayotini ostin-ustun qilib yuborishini kim o‘ylabdi deysiz. Notanish yigit oralaridagi Furqat va Daminni yaxshi tanir, mehmonni ham aynan ular taklif etishgandi. Ularning ishtirokidagi gashtak butunlay o‘zgacha tus oldi. Mehmonning suhbati o‘tirganlarning barida qiziqish uyg‘ota boshladi. Chapani, mutoyibani joyiga qo‘yadigan, yaxshigina va’zxon, hozirjavob bu yigitni Behruz avvaliga uncha xushlamadi. Bir-ikki gapi uchun ensasi ham qotgandi.

— Agar sizning ayolingiz, singlingiz yoki onangizning hijobini jamoat oldida majburan yechtirib tashlashsa, siz bunga bemalol qarab turasizmi? — deya, qo‘qqisdan o‘rtaga savol tashladi o‘sha mehmon — Otamurod.

— Ahli ayolining bunday sharmandalikka yo‘l qo‘yib bergan erkak, erkak emas! — deya, mavzuni davom ettirmoqchi bo‘ldi Damin. 

— E, nima haqda gaplashvotsizlar, ahmoq bo‘melar. Sizlar etayotgan gaplarni etish uchun chuqur ilm kerak. Boshqa gap qurib qoldimi, domlalik qilasizlar, — deyishga dediyu, Behruzning yuragiga g‘ulg‘ula tushdi. Ammo buni sezdirmaslikka urindi.

Undagi bezovtalikni payqagan mehmon mavzuni boshqa tomonga burdi. Davrani birpasda hazil-mutoyiba egalladi. Mehmonlar o‘zi bilan olib kelgan noutbuk bir zumda hammaning e’tiborini jalb etdi. Unda payg‘ambarlar va ularning sahobalari haqidagi ma’ruzalardan qo‘yib berdi.

— Oxirati obod bo‘lishni niyat qilgan har bir mo‘min-musulmon kino ko‘rib o‘tirish o‘rniga namoz, diniy kitoblarni o‘qish, diniy ma’ruzalarni tinglash va ulardan har kim o‘zi uchun xulosa chiqarib olishi kerak, — deya, “savob uchun ham yon atrofdagi tanish-bilishlarga beminnat yetkazish farz”ligini kuyib-pishib uqtirishga urinardi boyagi mehmonlar.

Suhbat shu darajada qizidiki, savollar ketidan savollar o‘z-o‘zidan yog‘ilaverardi. Mehmon yigitlar biri qo‘yib ikkinchisi hammasiga shoshmasdan, xotirjam, ba’zi joylarida hissiyotga berilib, javob berardi. Mehmonning maqsadi amalga oshayotgan edi. Suhbat orasida Otamurodga kimdir “shahid bo‘lishga o‘zingiz tayyormisiz?” deb so‘rab qoldi. Shu tobda u oxirgi psixologik hujumni qo‘lladi: “Men ota-onamdan rozilikni olganman va kerak bo‘lsa jihod yo‘lida o‘zimni shahid qilaman!” dedi-yu, u kech tushib qolganini, avtomashina boshqarishi kerakligi, yo‘llar yaxshi emasligini bahona qilib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. 

Furqat va Damin sherigini kuzatib qo‘ydi. Ancha hayallab qolgan ikki do‘stning og‘zi qulog‘ida qaytdi. Go‘yo ular tilla topib olgan hovliqmaga o‘xshab, qo‘llarida o‘nlab disk, “Apple” rusumli noutbuk ko‘tarib kirdilar. 

— Oshnalar! Robbim rizq beraman desa, g‘oyibdan berarkan! Qarang, qandoq ilmli, saxiy do‘stga bizni ro‘baro‘ qilib qo‘ydi. Haq yo‘lda dadil qadam tashlashimiz uchun har birimizga 100 AQSh dollari va manavi disklarni hadya etib ketdi! 

Nafs qursin! Hamma balo har kimning gapiga ko‘r-ko‘rona ishonish, ergashish — bilimsizlikdan kelib chiqadi. Bilimsizlik odamzodning iymoni zaiflashuviga, razolat va qabohat yo‘liga chorlaydi. Bunday kimsalar na dunyosi va na oxiratini obod qiladi. 

…Tushga yaqin poytaxtga qaytgan yigitlar xayr-xo‘shlashib, uyga tarqaldilar. Kechagi suhbatning ta’siri hamon xayollardan chiqmasdi. O‘sha kundan boshlab ko‘pchilikning halovati o‘g‘irlandi. Behruzga o‘xshab barchasi bir narsa haqida o‘ylashardi: “Men kimman? Atrofimda kimlar bilan yashayapman? To‘g‘ri hayot kechiryapmanmi o‘zi? Kimga ishonay!?”

Ikkilanishlar qurshovida qolgan yigitlarni Furqat va Damin qo‘lga olishga urinishdi. Ularni har hafta kafe yoki uylariga taklif qilaverib, majlis qurishga odatlanishdi. Saflari kundan-kunga ortib boraverdi. Uzoq masofadan ularni boshqarayotgan Otamurodning ko‘rsatmalari puxta reja bilan amalga oshayotgan edi. Bot-bot miyalariga quyilayotgan soxta aqidalar, ko‘rsatmalar, topshiriqlar olayotgan yigitlar orasida Behruz ham faol targ‘ibotchiga aylandi. 

Behruzni aqidaparastlar guruhiga tortish do‘stlari uchun qiyin kechmadi. Avvaliga oyog‘i tortmay, yuragi g‘ashlangan bo‘lsa-da, sustkashligi, ilmsizligi, dunyo ishlaridan bexabarligi uni tubsiz chohga osongina tushirdi.

Oradan to‘rt yil o‘tdi. Sud zali… Ularni huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari bir necha yil mobaynida kuzatib, yetarli dalillar to‘plangach majlis qurib o‘tirganlarida ushlashdi. Ular orasida Behruzdek adashgan yosh yigitlar talaygina edi. Ba’zilarining ko‘zlarida hali mehr-shafqat, vijdon azobi, afsus-nadomat uchqunlari so‘nmagan edi. O‘zgalarning shaytoniy nafslariga qul bo‘lib, xizmat qilgan gumroh yoshlar bugun o‘z Vataniga, ota-onasiga, do‘stlariga, eng achinarlisi hali uyg‘oq vijdonlariga ham xiyonat qilib bo‘lishgan edi.

Hukm o‘qildi… Farzandlarining orzu-havasi, to‘ylarini ko‘rish umidida yashayotgan ota-onalar, norasida go‘dagi otasiz qolib ketgan kelinlarning ko‘z yoshi, ohu zorlari tinmadi. Bu yo‘lga tortgan kimsalarni qarg‘ashdi, so‘kishdi, lan’atlashdi. Biroq, endi ortga yo‘l yo‘q. Har kim qilmishiga yarasha jazo oladi. 

Xuddi oilangiz singari Vatan ham bolalarini bu qadar yovuz qo‘llarga osongina topshirib, xiyonat yo‘liga kirayotganini jim tomosha qilib turolmaydi. Vatan ham bag‘ridan yulinib ketayotgan osiy farzandlari uchun yosh to‘kadi…

 

Dildora IBROHIMZODA 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 − seven =