Bo‘lajak jurnalistlar uchun qo‘llanma

Publitsistning vazifasi — jamiyatda yuz beradigan voqeliklarni ommaga o‘qishli, qiziqarli tarzda yetkazib berishdir, deya uqtirardi ustozlarimiz. Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar, turfa sohalarda bo‘y ko‘rsatayotgan islohotlar qalam ahliga ilhom bag‘ishlaydi.

 

Biroq biz, jurnalistlar mana shunday imkoniyatdan qanchalik foydalana olayapmiz? Jamiyat hayotidan ortda qolib ketmayapmizmi? Ayniqsa, yosh, g‘ayratli, xalqona ibora bilan aytganda, “tog‘ni ursa talqon qiladigan” quvvatga ega navqiron hamkasblarimiz o‘z burchlarini nechog‘lik ado etishayapti? Islohotlar mohiyatini ommaga ta’sirchan usullarda yetkazish mahoratlari yetarlimi? 

Mazkur yo‘nalishda bo‘lg‘usi jurnalistlarga saboq beradigan ilmiy-nazariy asarlar esa afsuski, barmoq bilan sanarli. Shuning uchun bu kabi darslik va qo‘llanmalarga hamisha ehtiyoj sezilgan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti ilmiy xodimi —izlanuvchisi Tamara Masharipovaning “Publitsistika nazariyasining yaxlit kontseptsiyasi: nazariy-metodologik tahlil (Qoraqalpog‘iston matbuoti materiallari misolida)” nomli qoraqalpoq tilidagi monografiyasi (“Mumtoz so‘z”, 2016) ayni shu ehtiyojdan kelib chiqqan holda yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu monografiyada publitsistikaning mohiyati, sub’ekti va ob’ekti, umumiy va xususiy metodlari, funktsiyalari, printsiplari, publitsistik asarlar mazmunining elementlari, tili va uslubi, janrlari kabi ilmiy kategoriyalaridan iborat bo‘lgan publitsistika nazariyasining yaxlit kontseptsiyasi haqida fikr yuritiladi. Publitsist kim, u jamoatchilikka qanday ta’sir etishi mumkinligi haqida atroflicha fikr yuritilgan. Chet el manbalaridan ham o‘rinli foydalanilgan. 

Publitsistika tahlili murakkab, chunki zamona oqimi tez-tez o‘zgarib, ba’zan janrlar nazariyasi shakllanib ulgurmasdan, yangicha yondashuvlar paydo bo‘lmoqda. Shu kungacha qoraqalpoq tilida yozuvchi publitsistikasi, qoraqalpoq publitsistik lirikasi o‘rganilgan, lekin uning nazariy kategoriyalari borasida biron tadqiqot ishi o‘tkazilmagani ham mazkur kitobning qimmatini oshiradi. 

Mazkur kitob mustaqilligimiz davrida shakllangan jurnalistika ilmi — qoraqalpoq publitsistikasining nazariy talqini bilan to‘yintirilgan. O‘zbek va qoraqalpoq publitsistikasi qiyosiy misollar bilan o‘rganilgan. 

Shu bilan bir qatorda mazkur kitobni Qoraqalpoq davlat universiteti jurnalistika bo‘limi talabalari uchun muhim qo‘llanma deya e’tirof etish mumkin. 

Go‘zal MALIKOVA

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − seven =