ILMNI MAYOQ BILGAN AJDODLAR

Mamlakatimizda ilm-fan va innovatsion sohalarni yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 17 fevraldagi «Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy ishlarni tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori sohani tubdan isloh etilishida muhim hujjat bo‘lib xizmat qiladi.

 

To‘rt ming yillik tarixga ega jonajon o‘zbek zamini jahon ilm-fani va tsivilizatsiyaning beshigi sanalgan. Bu elda tug‘ilib, kamolga yetgan minglab ulug‘larning merosi hali-hanuz xalqaro jamoatchilik hayratiga sabab bo‘layotir. Mamlakatimiz rahbari Prezident etib saylanganlaridan so‘ng, birinchi bo‘lib, aynan ilm-fanda katta marralarni egallagan akademiklar va olimlar bilan uchrashgani bejiz emas, albatta. Qarorda tarixi bir necha ming yillikni qamrab olgan ilmiy merosimizni rivojlantirish va ilm dargohlarini tiklash, nufuzini oshirishga alohida etibor qaratilgan. Jumladan, qarorning 6-bandida Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi, Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi va Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi o‘z maqomiga ko‘ra Fanlar akademiyasining vitse-prezidentiga tenglashtirilsin, deyilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad esa hududlarda ilm-fan salohiyatini tiklash va nufuzini oshirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarni yangi bosqichga olib chiqishdir. Xususan, joriy yil 27 yanvarda Prezidentimiz Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Xorazm Ma’mun akademiyasining bugungi faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuv davomida mamlakatimiz rahbari akademiya faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi. Jumladan, akademiyada erishilgan muvaffaqiyatlardan foydalanib, bu ilmiy muassasani sayyohlik yo‘nalishlariga kiritish, ilmiy tariximizni chet ellik turistlarga targ‘ib qilish zarurligini ta’kidladi.

Tarixdan ma’lumki, Ma’mun akademiyasi X-XI asrlarda nufuzli ilmiy markaz sanalgan. Xorazmda bundan ming yil avval tashkil etilgan Ma’mun akademiyasining tarixi barchamiz uchun qiziqarli. Dastavval ushbu olimlar va ulamolar uyining yurtimizda bo‘lishi tarixi bilan tanishsak maqsadga muvafiq. Solnomalardan ma’lumki, Sharqning eng yirik ilmiy muassasasi «Bayt ul-hikma» Bag‘dodda, IX asr boshlarida vujudga kelib, X asr oxirigacha faoliyat ko‘rsatdi. U jahon tsivilizatsiyasi ravnaqiga munosib hissa qo‘shdi.

VIII asrda arablar butun Movarounnahrni zabt etishga muvaffaq bo‘ldilar. Arablar istilosidan keyin 995-yilda Shimoliy Xorazm hukmdori Ma’mun ibn Muhammad Xorazmni bir butun davlatga birlashtirdi. Umuman Ma’muniylar sulolasi ilm, madaniyatni qadrlaydigan, ma’rifatparvar hukmdorlardan edilar. Ular mamlakat mustaqilligi, uning iqtisodiy va madaniy yuksalishi uchun sa’y-harakat qildilar. Tez orada Xorazmdagi qadimiy ilmiy-madaniy an’analarni qayta tikladilar.

Xorazmshoh Ali ibn Maxmun olimlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlab, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan. Shu tariqa 1004 yil boshlarida Xorazmshohlar poytaxti Urganchda «Dorul xikma va ma’rif» yoki boshqa manbalarda «Majlisi ulamo» nomi bilan atalgan yirik ilmiy markaz shakllandi. Bu ilmiy muassasada xuddi Afinadagi Platon va Bag‘doddan «Bayt ul-hikma» Akademiyasidagi an’analar davom ettirilib, ilmning barcha sohalarida tadqiqod va izlanishlar olib borilgan. Buyuk olim va tashkilotchi al-Beruniy «Hikmatlar uyi»ga rahbarlik qilgan.

 Donishmandlar uyiga Sharqning barcha viloyatlaridan olimlar faylasuflar, adib va shoirlar yig‘ildilar. Ular o‘z vatanlaridagina emas, butun xalifalik mamlakatlarida ma’lum va mashhur allomalar edi. Ular keyinchalik Xorazm Ma’mun akademiyasining faxr-iftixori bo‘lib tanildilar. O‘zlarining bebaho asarlari bilan jahon fani rivojiga ulkan hissa qo‘shdilar.

Xorazmning o‘aznaviylar tomonidan bosib olinishi natijasida fanlar akademiyasining faoliyati ham yakunlandi. Beruniy, Ibn Sino kabi yuzga yaqin olimlar o‘zga yurtlarga ketishga majbur bo‘lishdi. Xorazm Ma’mun Akademiyasi 15 yil faoliyat ko‘rsatdi. Lekin shu qisqa fursat davomida, ilm-fan va madaniyat xazinasini qimmatbaho asarlar bilan boyitdi, jahon tsivilizatsiyasini jadal rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi, ko‘plab buyuk siymolarni tarbiyaladi.

 Uning an’analari va merosini o‘rganish bugungi avlod uchun ham qarz, ham farzdir. Mustaqillikdan keyin respublikamizda milliy qadriyatlar, boy madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va qadim an’analarimiz qayta tiklandi. Shu o‘rinda Xorazm Ma’mun Akademiyasi Xorazmda bundan deyarli ming yil avval faoliyat ko‘rsatgan va dovrug‘i jahonga tanilgan Sharqning yirik ilmiy markazi ham qayta tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashshabbusi bilan mazkur ilm va ma’rifat maskaniga e’tibor qaratildi. 1997 yil 11 noyabrda «Xorazm Ma’mun akademiyasini qayta tiklash haqida»gi farmon e’lon qilindi. Mazkur farmonda ilm-fan sohasidagi qadimgi milliy meros asoslarida yuqori intellektual muhitni yaratishdagi boy an’analarni tiklash va rivojlantirish, yosh iste’dodli olimlarni izlab topish, ularni Akademiya faoliyatiga jalb etish va ilmiy ijodlarining samaradorligini yuksaltirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar belgilab berildi. Xivada Ma’mun akademiyasini qaytadan tashkil etilishi endilikda Xorazmning siyosiy voqealarga boy o‘tmish tarixi, yuksak madaniyati, ilm-fani va boshqa sohalarini fundamental tadqiq qilish imkoniyati vujudga keldi. Akademiyaning Xorazmda ish boshlashi tasodifiy holat emas albatta. Buning uchun bu yerda zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy zamin yetilgan edi. Ma’mun akademiyasi o‘z faoliyatida Xorazmning ming yillik ilm-fan chashmalaridan madat oladi, ularning xayrli ishlarini vorislik tuyg‘usi bilan davom ettiradi. Prezident farmonidan bir necha oy o‘tgandan so‘ng Xivada maxsus ajratilgan muhtasham binoda akademiya o‘z faoliyatini boshlab yubordi. Akademiya hayotiy zarur bo‘lgan uchta bo‘lim ya’ni arxeologiya, tarix va falsafa, til va adabiyot, biologiya muammolari bo‘limlari tashkil etildi. Akademiyani yetuk ilmiy kadrlar bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston milliy universiteti va Urganch davlat universitetlaridan hamda boshqa ilmiy tadqiqot markazlaridan yuqori malakali mutaxassis kadrlar va olimlar xizmati taklif qilindi. 2006 yil esa Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000 yilligi YuNYeSKO bilan hamkorlikda yurtimiz bo‘ylab keng nishonlandi.

Bugungi kunda ilmiy muassasada 41 ilmiy xodim, jumladan, 7 fan doktori, 19 fan nomzodi faoliyat yuritmoqda. Ular mamlakatimizda davlatchilik tarixi, bu zamindan yetishib chiqqan olimlarning jahon fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi,  me’moriy yodgorliklarni biologik, fizik va boshqa salbiy ta’sirlardan himoya qilish, hududdagi ekologik holatni yaxshilash, yer-suv resurslaridan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish, voha sharoitiga mos qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini iqlimlashtirish, sho‘rlanish va cho‘llanishning oldini olish kabi yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.

Akademiya olimlarining izlanishlari natijasida Xorazm viloyatida  amarantning 4 turi va  soyaning 2 navi o‘stirildi. Amarant biomassasidan  senaj  va  silos  tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar tayyorlandi. Shuningdek, amarant urug‘laridan  kraxmal  olish usuli ishlab chiqildi. Dukkakli don ekinlaridan 11, poliz ekinlaridan 5, moyli ekinlardan 4, yuksak suv o‘simliklaridan 3, texnik ekinlardan 6 ta navlari qishloq xo‘jaligida qo‘llanishga tavsiya qilindi.

Ma’mun akademiyasi olimlari Rossiya Fanlar akademiyasi  va Qozog‘iston, Turkmaniston olimlari  bilan  Orolbo‘yi hududi muammolari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ajdodlarimiz yo‘lini yoritgan ilm mayog‘i o‘chgani yo‘q. Ular qoldirgan buyuk va bebaho meros shu’lasi xalqimiz yo‘lini hamisha yoritib turadi.

 

Jobir XO‘JAQULOV

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 + nineteen =