AYOL VA OLAM

Jamiyatda ayolning o‘rni va roli qanday? Insoniyat ming yillardan buyon ushbu savolga javob izlaydi. Bugungi texnologiyalar taraqqiyoti, ulkan kashfiyotlar zamonida bu masala yanada dolzarb va o‘tkirroq ko‘rinish olmoqda. Birlashgan Millatlar tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda jamiyatda ayolning ahvoli va roli muammosi ekologik-iqtisodiy masalalardan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi.

 

Bilamizki, xotin-qizlar jamiyat hayotining barcha jabhalarida ishtiroki yildan-yilga ortib bormoqda. Ular uchun faoliyatning biror bir turi taqiqlanmagan, qolaversa, ijtimoiy muhit uni ma’lum bir mavqe yoki daraja bilan cheklab qo‘ymayapti. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda xotin-qizlar shaxsiy va ijtimoiy hayotda erkaklar bilan teppa-teng ishtirok etmoqda. Ularning aksariyati erishilgan natijalar bilan kifoyalanib qolmasdan, balki yanada ko‘proq yutuqlarga erishishga harakat qilmoqda. 

Ayol xonadon charog‘boni, fayzi. Ayol ishchi, xodim, u hech narsani e’tibordan soqit qilmagan holda, oqilona qarorlarni qabul qiladi. Ta’kidlash kerakki, rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotida ayollar katta rol o‘ynamoqda. Ushbu mamlakatlarning jadal iqtisodiy rivoji bevosita ayollarning biznes sohasida salmoqli yutuqlarga erishishiga olib kelayotir. 

Grant Thorntonning 45 mamlakatdagi xususiy kompaniyalarda ishlovchi 6,6 ming kishi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomasiga ko‘ra, BRIKS(Braziliya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, JAR)ga kiruvchi davlatlarda rahbariy lavozimlarda ayollarning ulushi 30 foizni tashkil etadi. Taqqoslash uchun aytish mumkinki, G7 ga kiruvchi mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 20 foiz, jahonda esa 24 foizdan iborat. Taqqoslash uchun qo‘shimcha qilib aytish mumkinki, Yaponiya va Janubiy Koreyada bu ko‘rsatkich atigi 10 foizdan oshmaydi. 

Albatta, gender tengligi borasida erishilgan yutuqlardan ko‘z yummagan holda, ammo hali ham ayollar va erkaklarning tengligi masalalarida ko‘pdan-ko‘p muammolarni sanab o‘tish mumkin. Xususan, ayol va erkaklarning oylik maoshi xususida gap ketar ekan, ayollar ish haqi erkaklarnikining 77 foizini tashkil etishi ham dolzarb muammolardan sanaladi. 

Keyingi yigirma yilda xotin-qizlar ta’limi sohasida sezilarli natijalar qo‘lga kiritilganiga qaramasdan, mehnat bozorida unchalik o‘zgarish bo‘lmadi. 1995—2015 yillar mobaynida ishga joylashish masalalarida gender farq 0,6 foizga qisqardi. Aytish kerakki, bugungi kunda jahonda 493 million nafar ayollar savodsiz hisoblanadi. Tahlillarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 860 million nafar xotin-qizlar iqtisodiy faoliyatda ishtirok etishmayapti. Rivojlangan davlatlarda ayollar homiladorlik davrida o‘rta hisobda 4 marta tibbiy ko‘rikka bormoqda va tug‘ish chog‘ida malakali tibbiy yordam olmoqda. Rivojlanayotgan va qashshoq mamlakatlarda esa millionlab tug‘ruqlar ko‘pincha mutaxassislar ishtirokisiz kechadi. Bolani parvarishlash uchun otalik ta’tilini berish atigi 78 ta mamlakatning qonunchiligida mavjudligi bois, chaqaloq uchun g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, asosan ayollar, ya’ni onalarning zimmasiga tushmoqda. Ta’kidlash kerakki, jahonda yuz beradigan turli falokat va ofatlardan ko‘proq ayollar jabr chekadi. Xususan, bugun ham jahonning ko‘plab qaynoq nuqtalarida yuz berayotgan fojialardan, kerak bo‘lsa, o‘z yurtini tashlab, boshpana izlab ketayotgan hollarda ham asosiy og‘irlik ko‘proq xotin-qizlar zimmasiga tushib, ular bu falokatlarda katta jabr ko‘rayotir. Qolaversa, odam savdosi, narkotrafik kabi asrimizning eng tuban illatlari ham ayollarga ko‘proq zarar yetkazmoqda. Faktlarga murojaat qilsak, jahonda har yili 2 million 700 ming kishi odam savdosi qurboniga aylanadi. Ming afsuski, shular orasida 600-800 ming nafar ayol va bolalar ham aldov yo‘li bilan chet elga qul qilib sotib yuborilmoqda. 

Ming shukurki, Vatanimiz, xalqimiz hamisha ayollarni, onalarni ardoqlab kelgan, bu narsa, ayniqsa, mustaqillik yillarida yanada dolzarblik kasb etdi. Xususan, o‘tgan yillar davomida millat genofondini yaxshilash, oilada tibbiy madaniyatni yuksaltirish, aholi turmush farovonligini hamda uzoq umr ko‘rish darajasini oshirish yo‘nalishlarida salmoqli o‘zgarishlar yuz berdi. Inchunun, yurtimizda o‘tgan yillardan bir nechtasini bevosita oila, ayollar va bolalar mavzulari bilan bog‘langanini e’tiborga olsak, bizda ayollarga alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik qaratilayotganiga yana bir karra amin bo‘lamiz. Binobarin, ona va bola hayoti, uning istiqboli bugun davlat va jamiyatning muhim yumushiga aylangan, desak aslo mubolag‘a emas. 

Yaqin o‘tmishda ayollar va erkaklarning teng huquqligi degan, jimjimador tushuncha tufayli ko‘pincha eng og‘ir yumushlar xotin-qizlar zimmasiga yuklatildi. Ayollarning tansihatligi, ularning me’yorida ovqatlanmasligi sababli reproduktiv yoshdagi ayollar orasida kamqonlik, yod va temir moddasi yetishmasligi hollari ko‘p uchrar edi. Bugungi kunda xotin-qizlarni asrab-avaylash, yashash sharoitini yaxshilash, calomatligini asrash borasida yurtimizda sezilarli ishlar amalga oshirildi. O‘tgan yillar ichida kamqonlikka chalingan homilador ayollar uchun imtiyozli ovqatlanish joriy etildi, Minglab xotin-qizlar og‘ir mehnat turlaridan xalos etilib, ularning ish kunlari qisqartirildi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2015 yilgi hisobotida 1991—2015 yillarda bizda onalar o‘limi 33,3 foizga qisqargani qayd etildiki, bu shubhasiz, mustaqillik davrining eng ajoyib yutug‘i bo‘ldi. Endilikda mamlakatimiz jahonning 125 davlati orasida xotin-qizlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, onalikni muhofaza qilish borasida yetakchi o‘rinlarni egallab turibdi. 

O‘tgan yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha 60 ga yaqin xalqaro konventsiyalarni imzolagani ham aynan shu masala mamlakatimiz rahbariyatining doimiy diqqat markazida bo‘lib kelayotganining yaqqol isbotidir. O‘zbekistonda ayni paytda ayollar huquqlarini himoya qilish borasida 40 ga yaqin hujjatlar ishlab chiqilgan. Xususan, xotin-qizlarga oid qonun hujjatlarimizda uch yoshgacha farzandi bo‘lgan onalar tungi smena ishlaridan ozod qilingan. Ularga haftasiga 35 soatlik ish vaqti me’yor hisoblanadi. Bizning qonunlarimizga muvofiq, homilador ayollarni tug‘ruq ta’tiliga ketganda ishdan bo‘shatish mumkin emas. Bu kabi g‘amxo‘rlik va e’tiborlarning zamirida xotin-qizlar haq-huquqlarining mustahkam ijtimoiy muhofazasining guvohi bo‘lib turibmiz. 

Zamondosh ayollarimiz jamiyatda teng huquqli, yaratuvchi va bunyodkorlar safida faol ishtirokchigina emas, balki o‘zlarining bilimi, kasbiy malakasi bilan ko‘pgina jabhalarda yetakchi mavqelarni egallab turibdi. Bugun biror soha yo‘qki, unda ayollar ishlamayotgan bo‘lsa. Ular shifokoru o‘qituvchi, fermeru tadbirkor, san’atkoru muhandis, olimu arbob. Ayniqsa, tibbiyot, ta’lim-tarbiya, madaniyat, san’at va sport kabi sohalarning ravnaqini xotin-qizlarsiz aslo tasavvur etish mumkin emas. 

Istiqlol yillarida oila tushunchasining mazmun-mohiyati yanada kengaydi. Endilikda oila faqat shu oilaga tegishli insonlargagina emas, balki butun jamiyatga taalluqlidir. Ayonki, ona va bola sog‘lom bo‘lsa, oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi. Mamlakatimizda oilalar soni 7,5 milliondan ko‘proqni tashkil etsa, shulardan 1,5 millionga yaqinini yosh oilalar tashkil etadi. Mustaqillik yillarida aholining o‘rtacha umri 67 yoshdan 73,5 yoshga, ayollarning umri esa 75,8 yoshga uzaydi. Aytish kerakki, 2012 yilda “Bolalarni asraylik” Xalqaro tashkiloti tomonidan 161 mamlakatdan iborat jahon reytingida yosh avlod salomatligi haqida eng ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan davlatlar orasida mamlakatimiz 9 o‘ringa ko‘tarildi. 

Bugungi kunda aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirish, sanitariya-gigiena sohasidagi ishlarni yanada kuchaytirish, homilador ayollarni asrab-avaylash, yosh onalar va bolalarni talab darajasida parvarish qilish va ularning ovqat ratsioni, uning sifatiga jiddiy e’tibor qaratish ustuvor ahamiyat kasb etayotir. Mamlakatimizda qiz bolalar — bo‘lg‘usi onalarning ham jismoniy, ham ma’naviy sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi, ularning o‘rta maktabdan keyingi litsey va kollejlarda ta’lim olishini ta’minlash, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashlari ayni kunda davlatimiz siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

 Xotin-qizlarga bo‘lgan munosabat, e’zoz va ehtirom hamisha, har qanday jamiyatning madaniy darajasi, qolaversa, farovonligining mezoni sanaladi. Bugungi kunda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’zoz va hurmat, yaratilayotgan qulay sharoit hamda imtiyozlar Vatanimizning jahondagi nufuzini va obro‘sini yanada yuksakka ko‘tarmoqda. 

 

Abdumajid AZIMOV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 3 =