MAQSADLARI MUSHTARAK MAHALLA

Xalqimizning tinchliksevarligi, o‘zaro ahilligi, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnata olishi va milliy totuvlikka moyilligi mahalladan boshlanadi. Bugun mahallalarimizda mustaqil ravishda o‘z tabiiy va ijtimoiy imkoniyatlarini to‘la yuzaga chiqarish uchun amalga oshirilayotgan ishlar kishini quvontiradi. Birgina keksalar holidan xabar olish, kam ta’minlangan oilalarga moddiy muruvvat ko‘rsatish, yosh avlod tarbiyasiga g‘amxo‘rlik qilish xalqimizga xos mehr-oqibat va bag‘rikenglikning yorqin timsolidir.

 

Qibray tumanining “Iftixor” mahallasida yashayotgan yurtdoshlarimiz qalbida ham ana shu ezgu niyat mujassam. Tuman markazidagi “Fayz” to‘yxonasida yozilgan bayram dasturxoni mehribon onalar va munis opa-singillar sharafiga bag‘ishlandi. Oilalarning bir-biriga bo‘lgan hurmatini ko‘rib, xuddi o‘zimizning qadrdonlarni ko‘rganday bo‘ldik. Har qadamda savdo do‘konlari, peshtaxtalar turfa noz-ne’matlarga to‘la bo‘lishiga qaramay, mahalla xotin-qizlari mehmonlarga o‘zlari ishlab-chiqarayotgan shirinliklar, tansiq taomlardan tortib, oddiy nongacha tortiq etgani ko‘zimizni quvontirdi. Albatta, bu obodliklar, farovonliklar va munavvarliklar zamirida fidoyi insonlarning mehr-muruvvati mujassam. 

– Mahalla jamiyatimizning mustahkam qo‘rg‘onidir. O‘z xonadoni va el-yurtining osoyishtaligi, baxt-saodatini o‘ylagan odam qalbida yuksak insoniy fazilatlar bo‘lishi kerak, – deydi “Iftixor” mahallasi raisi Eminjon Xayrullaev. – Guzarimizda ikki mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Shundan, 190 tasi xotin-qizlar. Bular qaysi millat vakili bo‘lishidan qat’i nazar, mamlakatimizda ayollar qadri balandligini bildirish va siyosiy faollikka chorlash uchun ko‘plab xayriya tadbirlarini o‘tkazib kelmoqdamiz. Bu oilalar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik va oqibat tuyg‘ularini yanada mustahkamlab, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida kuch-g‘ayratimizni sarflashga ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda. Bugungi tadbirimizdan ko‘zlagan asosiy maqsad ham bir piyola choy bahonasida faollar bilan oilalar turmush tarzi, diniy tarbiya masalalari bo‘yicha gaplashib olish. Turli kasb-ixtisos egalari, tadbirkorlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlab, hunarli yoshlarni ularga biriktirishdir. Eng muhimi, xotin-qizlarimizni o‘ziga munosib ishlarga jalb etib, qobil farzandlarni tarbiyalashda keksalar maslahatlarini tinglamoqdan iborat. Chunki farzandlarimizni to‘g‘rilik, yaxshilik, halollik va axloqiy poklikka da’vat etguvchi onalar bo‘ladi. Bundan tashqari, mahallamizda tadbirkorlikning etagini tutgan xotin-qizlarimiz ko‘p. Muhabbat va Go‘zal Husanovalar o‘z ishlarini yo‘lga qo‘yib, yoshlarni yoniga olgani uchun o‘z tashakkurimizni bildirdik. Mahalladoshlar bilan ezgu maqsadlarimiz mushtarak. Oilalarimiz baxt-saodati, hayotimiz farovonligi yo‘lida hali ko‘p ishlarni amalga oshiramiz.

Darhaqiqat, o‘z yurtingda tug‘ilib, o‘sib-ulg‘ayib, bola-chaqali, uvali-juvali bo‘lib, katta obro‘ bilan yashashning zavqi bo‘lakcha. Qibrayliklar ko‘zida shu masrurlikni ko‘rib, qalbingiz iftixorga to‘ladi. Bir-birlari bilan opa-singil, qiz va ona singari qadrdon. E’tiborli tomoni shundaki, ular bugunidan rozi, ertasidan ko‘ngli to‘q.

– Bola ona orqali dunyoni taniydi, biladi. Hayot haqidagi ilk tasavvurlarni ham shu volidai muhtaramasi orqali oladi, – deydi mahalla faollaridan biri Azima aya Mirahmedova. – Oilaviy tarbiyada juda gap ko‘p. Agar farzand oilasida yaxshi tarbiya topmasa, keyin xulq-atvoridagi kamchiliklarni yo‘qotish amrimahol. Nazarimda, ta’lim-tarbiyaning asosiy markazi oila bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, hech kim onadan olim bo‘lib tug‘ilmaydi. Lekin komil inson bo‘lib voyaga yetish, turmushning past-balandlarini yengib o‘tish, xatolarni tuzatishni bolalarimizga yoshlikdan o‘rgatish kerak. Buvimiz rahmatlik, ayol kishining asosiy vazifasi avvalo, sog‘lom farzandni dunyoga keltirish, derdilar. Keyin unga kiyim-kechak tikishni o‘rgatganlar. Qo‘limizga kitob tutib, tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanishimizga undagan. Ozodalik kundalik yumushimiz bo‘lishi uchun har kuni ko‘cha hovlilarni supirib-sidirib qo‘yardik. Uyimizdan rayhonu jambillarning hidi anqib turardi. Keyin pazanda bo‘lishimiz, turmush o‘rtog‘imiz va ularning yaqinlarini hurmatini joyiga qo‘yish asosiy vazifamiz ekanini aytishdan charchamasdi. Hozir buni ko‘pchilik yoshlar bilmaydi, bilsa ham unchalik e’tibor bermaydi. Bu oilaviy kelishmovchiliklar, qudalar o‘rtasidagi sovuqchilik yoki ajrimga sabab bo‘lishi mumkin.  Bir keksa onaxon sifatida, bilganlarimni kelinlar, qizlarga o‘rgataman. Gap-so‘zlari, muomalasi va chehrasidan doim nur tomib turishini aytaman.  

“Ixtixor” mahallasidan qaytar ekanmiz, har bir xonadon atrofida ekilgan anvoi gullar, mevali daraxtlarning o‘zgacha tarovati va fayzi ruhiyatimizni ko‘tardi. Albatta, bu obodliklar, farovonliklar va munavvarliklar zaminidan fidoyi zamondoshlarimizning azmu shijoati mujassam.

Adiba UMIROVA

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − five =