HAZRAT NAVOIYNI O‘QISAK AGAR!..

Ona tilim, o‘zbegim desak, ko‘z oldimizga Hazrat Navoiy keladi. Ezgulik, Vatanga xizmat qilish haqida o‘ylasak, yana ko‘z oldimizga Hazrat Navoiy keladi. Insoniyat, dunyo tamadduniga hissa qo‘shish to‘g‘risida fikr yuritsak, yana ko‘z oldimizga Hazrat Navoiy keladi. Shunday ekan, umrimizning mazmuni, asosiy vazifamiz Hazrat Navoiy hayoti va ijodini muttasil o‘rganish, undan ibrat olishdir.

 

Hozir bizni kitobxonlik masalasi bezovta qilayotgan bir paytda Navoiyni o‘rganish va navoiyxonlik haqida bong ursak arziydi. Bu ezgu yo‘lda Prezidentimizning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi dasturilamal vazifasini o‘taydi. Biz undan Navoiyning merosini va buyuk shoirimizga oid adabiyotlarni chop etish hamda ularni tarqatish tizimini rivojlantirish, Navoiy mutolaasi va navoiyxonlik madaniyatini oshirishda unumli foydalanishimiz kerak. 

Farmoyishda qayd etilgandek, 118 ta nashriyot davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Ulardan o‘afur o‘ulom nomidagi NMIU, “O‘zbekiston”, “Sharq” kabi sanoqli nashriyotlardagina Navoiy asarlari va ular haqidagi kitoblar sifatli chop etilayapti, xolos. Qolgan nashriyotlar “qat’iy buyurtma” va bozorgir narsalarni chop etayotgani sir emas, ularning Navoiy asarlarini bugungi kun talablari darajasida sifatli nashrga tayyorlashlariga hech kim kafolat bera olmaydi. Demak, Navoiy asarlarini bexato va sifatli nashr ettiradigan noshirlarni tayyorlash dolzarb vazifalardan biridir. Agar shoir asarlarini ingliz, frantsuz, xitoy kabi xorijiy tillarda tayyorlaydigan noshirlarni ham nazarda tutsak, bu vazifaning yanada dolzarbligi ayon bo‘ladi. 

Yana bir fikr: amaldagi ta’lim-tarbiya tizimini o‘zgartirmasdan Navoiy mutolaasi va navoiyxonlik madaniyatini oshirib bo‘lmaydi. Chunki hozirgi kunda 1-sinfdan 9-sinfgacha o‘quvchilarga Navoiy asarlari o‘rgatib kelinyapti. Albatta, bu yaxshi! Lekin 1-sinfdan ingliz tili fan sifatida o‘tiladi-yu, ona tilimiz nufuzini eng yuksak cho‘qqiga ko‘targan mutafakkir nomidagi fan (biz uni shartli ravishda — Navoiy fani deb atadik. Balki Navoiyshunoslik, deyilar. Bu adabiyotshunoslar hukmiga havola) nega maktablarda o‘tilmaydi? Ona tili va adabiyoti fani o‘z yo‘liga, lekin hayotimizda har kuni kerak bo‘ladigan matematika, fizika, kimyo fanlari kabi Navoiy fani ham o‘quv dasturidan haqli joyini egallashi  xayrli maqsadimizga muvofiqdir. 

Shu o‘rinda birinchi prezidentimiz Islom Karimovning purma’no fikrlarini keltirishim joiz: “Navoiy kunda kerak, har birimizga kerak. Uning har bir asari, har bir g‘azali, har bir so‘zini el manfaatiga yetkazaylik”. Mavjud ta’lim-tarbiya tizimi bu vazifani uddalay olmadi. Sevimli shoirimiz Erkin Vohidov ta’biri bilan aytganda, bu tizim hozirgi “dod deydigan palla”ga olib keldi. Bunday tashvishli holatdan ozor chekkan shoirimiz ziyolilar sevib o‘qib yuradigan quyidagi she’rini yozgandi:

O‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa,

Oltin boshning kalla bo‘lgani shudir.

Bedil qolib Demyan Bedniyni suysa,

Qora sochning malla bo‘lgani shudir…

Muhimi, Navoiyni anglash barcha yoshdagilar va hamma kasb egalari uchun foydali. Takrorlash bilimning onasidir, deydi mutafakkirlarimiz. E’tiboringizga Navoiyning yod bo‘lib ketgan hikmatlarini havola qilsam.

Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur, 

Qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur.

Bilmaganni so‘rab o‘rgangan olim va 

Orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim.

Yigitlikda yig‘ ilmning mahzanin,

Qariliq  chog‘i xarj qilg‘il ani.

Hunarni asrabon netkumdir oxir,

Olib tufroqqamu ketgumdir oxir.

Odamiy ersang, demagil odami,

Onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.

Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay. 

Yuz jafo qilsa menga, bir qatla faryod aylamon,

Elga qilsa bir jafo, yuz qatla faryod aylaram.

Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,

Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish.

Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qutmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila.

Ha, Alisher Navoiyning har bir so‘zi hikmat, dur-gavhar. Hazratning har bir so‘zi hikmat, dur-gavhar ekanini bilish uchun uni anglash darajasiga qachon ko‘tarilamiz?! Hisob-kitobni matematika fanini o‘qimasdan bilib bo‘lmaganidek, Navoiyni ham maktablarda fan  sifatida o‘qimasdan to‘laqonli bilib bo‘lmaydi. 

Albatta, har bir fan uchun darslik yozish murakkab ish. Navoiy fani uchun darsliklar yaratish yanada murakkabroq. Buning uchun navoiyshunos olimlar, malakali pedagoglar va, albatta, iqtidorli yosh uslubchi o‘qituvchilar hamkorligi zarur bo‘ladi. An’anaviy fanlardan farqli ravishda Navoiy darslarida ko‘rgazmali o‘quv qurollaridan, mediafilmlardan, internet manbalaridan keng foydalanishni dasturga kiritish lozim. 

Kitob mutolaasi va kitobxonlik har bir o‘zbek, har bir ziyoli uchun birinchi navbatda Navoiy mutolaasi va navoiyxonlik deganidir. Navoiyni o‘rganishni o‘zimizgina emas, chet elliklar ham qayta-qayta aytishgan, aytishyapti. Biz birgina rus sharqshunosi Yevgeniy Bertelsning yarim asrdan buyon qulog‘imiz tagida jaranglab turgan quyidagi so‘zlarini keltiramiz: “Navoiy ijodi muzey ko‘rgazmasi ham, tarixning parchasi ham emas. U yashamoqda va yashayveradi. Biz uni o‘rganyapmiz, AMMO JUDA KAM O‘RGANYaPMIZ. O‘zining ulug‘ farzandi xotirasini ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash va uning asarlarini o‘qish, o‘rganish o‘zbek xalqining sharafli ishidir”.

“El netib topqay menikim, men o‘zimni topmamon”, degan edi Hazrat Navoiy. Mustaqillik bizga o‘zimizni, o‘zligimizni anglash imkoniyatini berdi. Bizga berilgan shunday imkoniyatdan foydalanib, Navoiyni hozir o‘rganmasak, qachon o‘rganamiz? Unutmaylik, chekkadan birov kelib bizga Navoiyni o‘rgatmaydi va o‘rgata olmaydi ham. Chunki Navoiyni to‘laqonli o‘rganish uchun bilimli bo‘lish kam, avvalo, tomirida Navoiy qoni oqmog‘i kerak. Azizlar, bizning tomirimizda Navoiy qoni oqmoqda!

Ehtimol, kimgadir Navoiy fani atamasi erish eshitilar. Buning ajablanarli joyi yo‘q. Demak, u Navoiyni o‘qimagan, bilmaydi. Navoiy dahosi shu qadar buyukki, ularni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi.

Dunyodagi eng mumtoz asar “Xamsa”ni o‘qib chiqqandan keyin Xurosonday qudratli davlatga 37 yil hukmdor bo‘lgan Husayn Boyqaro uning muallifi Alisher Navoiyni o‘zining oq otiga o‘tqazib, Hirot ko‘chalari bo‘ylab jilovdorlik qilgan. O‘zining buyuk iste’dodi bilan shohni jilovdor etgan shoir, ayting, yana qaysi xalqda bor?

Hazrat Alisher Navoiy ezgulik timsoli bo‘lib asrlar osha yashab kelmoqda. Aynan Alisher Navoiy yili deb e’lon qilingan 1991 yilda O‘zbekistonimiz Mustaqillikka erishdi. Navoiy hayoti va ijodini o‘rgangan oddiy o‘zbek ayoli Suyima o‘anieva O‘zbekiston Qahramoni bo‘ldi. Navoiyshunos akademigimiz Aziz Qayumov 91 yoshga kirdilar. Qarang, Navoiyni o‘rganish umrni ham uzaytirar ekan. Agar fikrimizga shubhangiz bo‘lsa, Navoiyga lutf etgan Mavlono Lutfiy 100 yoshga kirganini eslang.

Shukurlar bo‘lsinki, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy avlodi bo‘lish bizning peshonamizga bitilgan ekan. Buyuk bobomiz o‘zining umrboqiy asarlari bilan bizga yordam berishga, qo‘llab-quvvatlashga, porloq manzillarga yetaklashga tayyor. Buning uchun Hazratning hayot va ijodini  yanada teranroq o‘rganishga kirishishimiz kerak. Shunda yo‘llarimiz ravon va yutuqlarimiz yanada ulug‘vor bo‘ladi. 

Hazrat Navoiyni o‘qisang agar,

Sening to‘g‘ri yo‘lda ekaning shudir.

So‘zlarini uqsang umring munavvar,

Topganing hikmatdir, topganing durdir.

Asror MO‘MIN,

shoir va tarjimon,

O‘zbekiston Respublikasida 

xizmat ko‘rsatgan jurnalist

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 + nineteen =