OQIBAT DEVORLARI NURAMASIN

Rahmatli onam shu gapni ko‘p takrorlardi. Bola qalbim bilan bu so‘zlarini tushunmas, oqibat devori qanday bo‘lar ekan, deya o‘ylardim. Vaqt o‘tgan sari bu so‘zlar ma’nosini anglagandek bo‘ldim.

 

Bir devor qo‘shni sinfdosh dugonam bilan maktabga birga qatnardik. Darsdan so‘ng uy yumushlarini tez-tez bajarib, o‘ynagani chiqardik. Bir kuni o‘yin avjiga chiqqanda Gulnoza shoshib qoldi:

— Uyda bobomning o‘zi qolgandi-ku! Men uyga kirishim kerak. Hoynahoy, bobom oshxonaga kirib olib go‘sht qovurayotgan bo‘lsa kerak…

— Bu nima deganing. Ovqat qilmaganmiding? — deya ajablanib so‘radim.

— Ovqat bor. Ammo necha kundan beri bobom qovurilgan go‘sht yegim kelyapti, deb yurgandi-da. Aytganini qilib bermagandik, o‘zi pishirib yebdi. Onam bobong go‘shtni kamaytirib qo‘yibdi, nega qaramading, deb rosa baqirgandi. Shu bobomni deb tinchlik yo‘q uyimizda. Qari bo‘lsayam tomog‘i yomon-da. Dadam: “Boboy o‘lsa, shoshib qolmaylik” deb bir qopdan guruch bilan un olib qo‘ygandi. Ko‘p vaqt turganidan mitalab ketibdi. Noiloj ro‘zg‘orga ishlatdik. Ertaga dadam maosh olsa yana guruch, un olib kelarkan. 

Ochil boboning qulog‘i og‘irroq bo‘lsa-da, mehnatkash, samimiy inson edi. Qachon chiqsam, u kishi doim bir nimalar bilan band bo‘lar, oyoq kiyimlarni tikib, butlab o‘tirganiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Suhbatini eshitsangiz, yonidan jilgingiz kelmas, qiziq hikoyalar aytib odamni hech zeriktirmasdi…

Shu voqea sabab bo‘ldi-yu, maktabga Gulnoza kelishini kutmay atay erta ketib qoladigan bo‘ldim. U bo‘lsa nima bo‘lganiga hayron edi…

Bir kuni tongda “Voy, otam-ey” degan yig‘i eshitildi. Yugurib hovliga chiqdim, ovoz Gulnozalarnikidan kelayotgan edi. Bildimki, Ochil bobo vafot etibdi… 

Qo‘shni hovlidan chiqayotgan ovoz balandlashgan sari shunchalik soxtadek tuyular, Gulnozaning guruch, yog‘ haqidagi gaplari qulog‘im ostida jaranglardi… 

Endi qachon Qarshiga borsam, bir devor naridan baqir-chaqir, ur-to‘polon eshitiladi. Ukamga nima gap degandek qarayman. U esa sekin “Qaytar dunyo”, deb qo‘yadi. Shunday paytlarda ko‘chamizda Ochil boboning mung‘ayib turgan chehrasi ko‘z oldimda namoyon bo‘laveradi.

O‘zbekiston xalq shoiri Shukrulloning bolalik xotiralarini qog‘ozga tushirish uchun adibning uyiga bordim. Uzoq suhbat davomida keksalikning o‘ziga xos erkaliklariyu injiqliklarini sabr-toqat va mehr bilan ko‘tarayotgan farzandu nevaralarini ko‘rib havasim keldi. Bir vaqtlar tarixning sinovli va og‘ir kunlarini boshidan o‘tkazgan adib bilan uning rafiqasi Munavvara ayaning shunday tabarruk yoshda farzandlar ardog‘ida yashayotganida mehr-oqibatining o‘rni beqiyos ekanini angladim. 

Kunlarning birida hamkasbim qo‘shnisining qilmishi haqida gapirib qoldi. Yetmish yoshli opa ukasini ko‘rgani kelsa, kelin eshikni ochmabdi. Bechora uzoq yo‘ldan kelgani uchun ancha kutibdi. Aksiga olib, yomg‘ir tinmay yog‘ar, sho‘rlik ayol pana joy topolmay ust-boshi shalabbo bo‘libdi. Oynadan ko‘rib qolgan hamkasbim qo‘shnisining uyiga qo‘ng‘iroq qilibdi. 

— Qaynopangiz eshigingiz yonida turibdi. Qachondan beri qo‘ng‘irog‘ingizni bosadi. Eshitmayapsizlar, shekilli? — debdi. 

— Voy, eshityapmiz, aylanay, parvo qilmang, kutib-kutib o‘zi qaytib ketar, — debdi yuzsizlarcha. Hamkasbim ivib ketgan ayolga achinib, uni uyiga olib kiribdi. Buni oyna tirqishidan kuzatib o‘tirgan qo‘shnisi ikki soatlardan keyin chiqib, “Qachon keluvdingiz, opa, kelin bilan bozorga tushgan edik”, deya noiloj uyiga olib kiribdi. 

Bunday bemehr va oqibatsiz odamlarni ko‘rib, hayron qolasan, kishi. Axir, qaynonasining bu xatti-harakatini ko‘rib o‘rgangan kelin ertaga atrofidagilarga qanday munosabatda bo‘lar ekan-a?

…Avtobusda yurishning ham o‘ziga yarasha gashti bor. Yo‘lovchilarning kayfiyati chog‘. Kimdir kitob o‘qiyapti, kimdir qo‘shiq eshitayapti, boshqa birov esa atrofni tomosha qilgan… Qo‘qqisdan konduktor ayolning baqirgani hammaning e’tiborini tortdi. 

— Hozir tushasan. Tushundingmi? Men hech nimani bilmayman. Avtobus to‘xtashi bilan tushasan. Puling yo‘q ekan, nega avtobusga chiqasan? He, sening pulsiz jo‘natgan o‘sha ota-onangni…

— Adashib qolaman-ku, opajon. Pulim bor edi, ishlatib qo‘ydim-da. Ertaga qo‘shib beraman, — avtobusning o‘rta eshigi oldidan hiqillagan ovoz eshitildi. Chamasi ikkinchi yo uchinchi sinf o‘quvchisi bo‘lgan bir bola yerga qarab turardi. Yoshi ulug‘roq bir ayol: 

— Bu nima qilganingiz? Yaqinda sizga o‘xshagan bir konduktor puli yo‘q bolani avtobusdan tushirib yuborgan ekan, uni uch kun qidirishibdi. Bolasi topilgunicha ota-onasining bo‘lari bo‘libdi. Pul kerak bo‘lsa, mana men to‘layman. Bolani o‘z holiga qo‘ying, xo‘pmi, — deb chiptachini insofga chaqirmoqchi bo‘ldi.

— Pulingiz shunchalik ko‘p ekan, bunga o‘xshagan tirmizaklarning hammasiga to‘lay qoling, — deya baqirishda davom etardi konduktor. 

Odam ko‘p bo‘lsa-da, avtobus suv quygandek jim-jit bo‘lib qoldi. Axiyri o‘zining borligi esiga tushib qoldimi, haydovchi amaki tilga kirdi:

— Necha marotaba aytdim senga! Bolalarga indama. Puli bo‘lsa beradi, bo‘lmasa yo‘q deb. Qanaqa tushunmaydigan xotinsan o‘zi, a? Doim bir g‘alva chiqarasan. Axir, sening ham farzandlaring, nabiralaring bor-ku. Ular ham bir kuni shunday holga tushib qolishi mumkin-ku! 

Asabiylashayotgan haydovchining gap-so‘zidan ma’lum bo‘ldiki, konduktor ayol uning xotini ekan. 

Manzilga yetar ekanman, ko‘z oldimdan “Sen yetim emassan” filmidagi kadrlar birma-bir o‘ta boshladi. Unda Mahkam ota oilasining och-nahor ahvolida ham turli millat bolalariga g‘amxo‘rlik qilganini bir eslab ko‘ring! Bu shunchaki kino emas — o‘tmishimiz! O‘sha og‘ir damlar bilan hozirgi to‘kin-sochin va osuda kunlarimizni qiyoslab bo‘ladimi! Axir, bolaning begonasi bo‘lmaydi, deya dushmanining bolasiga-da mehr-oqibat ko‘rsatgan buyuk xalq farzandi emasmizmi? 

Yashayversang ko‘raverasan, deganlaridek, ayrim er-xotinlarni ko‘rib ajablanasan kishi. Bir kuni shifoxona eshigi oldida bir kelinchakning zorillab yig‘lagani hech ham esimdan chiqmaydi. Ikki tomonlama pnevmoniya (o‘pka yallig‘lanishi), baland isitma bilan kelgan bu homilador kelinchakning eri xotinini shifoxonaga yotishiga ruxsat bermabdi. Ustiga-ustak ayoli ichishi lozim bo‘lgan dorilarni ham berkitib qo‘ygan ekan. Nima emish, dorilar uning puliga kelganmish. Kerak bo‘lsa, o‘zing ishlab top, debdi. Shifokorlar kelinchakning eriga gap uqtirolmay boshi qotgan. 

Ming afsuski, oradan nima gap o‘tishi, qanday vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar, shu ayol vujudida o‘z zurriyodi borligini, bu mitti jon mehr-muhabbatga, e’tiborga muhtoj ekanligini unutib qo‘yuvchi shafqatsiz kimsalar ham oramizda uchrab turadi.

Ish yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudiga bordim. Kerakli hujjatlarni olishim uchun 30-40 daqiqa kutishimga to‘g‘ri keldi. Shu vaqt ichida eshik oldini to‘ldirib turgan odamlarni kuzatdim. Bir-biriga nafrat ko‘zi bilan qaragan, jiddiy, asabiy, tund yuzlar… 

Yonida nabirasi bilan turgan keksa ayolning aytishicha, qo‘shnisi “Nabirang eshigim panjarasiga osilib, o‘g‘irlik qilmoqchi edi” deya sudga ariza beribdi. E’tiborimni burchakda boshini changallaganicha o‘tirgan ayol tortdi. Sho‘rlik erining sitamlariga chidolmay uch o‘g‘li bilan ajrashgan, yillar o‘tib, bolalari bo‘yi tengi bo‘lganida qaynonaning, ya’ni “mehribon buvijon”ning nabiralari yashaydigan ikki xonali kvartirasi yodiga tushib qolibdi. Shuncha yashaganlaring yetar, uyni bo‘shatib qo‘ylaring, deya har kuni to‘polon qilarmish. Qo‘shnilari “Axir, nabiralaringiz-ku”, desa, “Otasini tan olmaymanu, bolalari nima bo‘lardi”, dermish. Xullas, “dedi-dedi” bilan umrini o‘tkazayotgan odamlarga qarab achinib ketdim. Go‘yoki maqsadsiz yo‘lga chiqqan yo‘lovchiga o‘xshaydi… 

Bugun shahar oralab yursangiz, bir-biridan baland qilib barpo etilgan hovlilarga ko‘zingiz tushadi. Xuddiki, uylar ham kimo‘zarga qurilayotgandek, go‘yoki ertaklardagi podsholar makoniga  o‘xshaydi-ya. “Tavba, buncha hashamning kimga keragi bor?” dedim hayratimni yashira olmay. Gapimni eshitgan haydovchi amaki qo‘li bilan chap tomonga ishora qilib shunday dedi: 

— Singlim, mana shu ko‘chaning orqasida bir ayolning uyi bor. Ishonasizmi, ikki yilda uyini to‘rt marotaba buzib qurdirdi. Uy qurilishi endi tugay deganda boshqa bir hashamdor uyni ko‘rsa, undan ham ko‘rkamroq bo‘lsin, deb  uyni boshqatdan qurdiradi. Yaqin o‘rtog‘im o‘sha ko‘chada turadi. Uning aytishicha, bir hovli uchun ketgan mablag‘ga kamida sakkizta uy ko‘tarsa bo‘larkan. Achinarlisi, o‘sha ayolning uyidan sal narida ikki bolali nochor oila yashaydi. Eri nogiron, ayol esa farrosh bo‘lib ishlaydi. Bolalarini bog‘chaga berishgayam puli yo‘q. Ko‘zi ochig‘u qalbi so‘qir deb shundaylarni aytishsa kerak-da. Shunchalik puling ko‘p ekan, yoningdagi qo‘shningga yordam qilmaysanmi? 

Ikki hafta oldin bir to‘yga bordim. Kelin-kuyov o‘tiradigan joyni bezatish uchun 67 million so‘m xarajat qilinibdi. 4-5 soatlik bazm uchun shuncha dahmaza. Dasturxonni gapirmasa ham bo‘ladi. To‘ydan chiqib do‘konga kirdim. Qo‘lida bolasi bilan bir ayol sotuvchiga qarzga bitta non bering, deb yalinib o‘tiribdi. Sotuvchiyam, “Qarzingiz ko‘payib ketdi. Men bir kichkina odam bo‘lsam, xafa bo‘lmang, opajon, boshqa qarzga non berolmayman”, dedi. Mana shunaqa! Kimdir birpasda 67 millionni havoga sovurib yubordi, kimdir esa 650 so‘mlik nonga zor bo‘lib yashayapti… 

Haydovchi amaki kuyinib gapirar, asabiylashganidan peshonasidan duv-duv oqayotgan terni dastro‘moli bilan dam-badam artib qo‘yardi… 

Bir insonni bilaman. Boysunning Gumatak degan chekka qishlog‘ida yashaydi. Ko‘p yillar o‘qituvchilik qilgan. Bir necha yil muqaddam qishloq bolalarining uzoq maktabga qatnashi, ayniqsa, qishda loy ko‘chalarni kechib borishi mushkulligini ko‘rib, o‘z hisobidan maktab qurishga kirishibdi. Avvaliga qaerdan pul topishni bilmay boshi qotibdi. Keyin bor qo‘y-qo‘zisini sotib pul to‘plabdi. Maktab qurilishi boshlanganidan so‘ng atrofdagilar ham farzandini yaqin maktabda o‘qishi mumkinligidan quvonib, ushbu xayrli ishga bosh qo‘shishibdi. Qarabsizki, qisqa muddatda maktab qurilishi nihoyasiga yetkazilibdi. Davlatimiz tomonidan maktabga kompyuter jamlanmasi sovg‘a qilinibdi. U paytda hali tuman markazidagi maktablarda ham kompyuter bo‘lmagan ekan. Har gal tahririyatga o‘quvchilarning dasta-dasta she’rini ko‘tarib keladigan bu ustoz “Bizning o‘quvchilarimiz ham iste’dodli. She’rlari chop etilsa ruhi ko‘tariladi, bundan-da yaxshi o‘qishadi”, deydi to‘lqinlanib. U kishining: “Har bir inson o‘ziga “Men el-yurtim uchun nima qildim, odamlarning quvonchu tashvishlariga sherik bo‘lib, og‘irini yengillata oldimmi, bir kun kelib ortga nazar solsam, o‘tgan umrimga achinmaymanmi?” degan savollarni berishi lozim” degan so‘zlarini eshitib, so‘z va amal birligi bu insonda tajassum etkaniga amin bo‘laman… 

Erta tongdan ko‘ng‘iroq bo‘lib, “Sizga jo‘natma bor” deyishdi. Bu haqda hech kim ogohlantirmagani uchun hayron bo‘ldim. Jo‘natmani olgach, shoshib ochib qaradim. Qalin qilib to‘qilgan bejirim ro‘mol. Ichidagi xatda “O‘zingizni ehtiyot qiling, opajon. Menga hali ko‘p kerak bo‘lasiz! Ukangiz Farhod”, deb yozilgan ekan. Ko‘zlarimga beixtiyor yosh keldi. Oqibatingdan aylanay, ukajon, dedim. Sovuq kunlarda yelkamga tashlar ekanman meni ro‘mol emas, go‘yoki ukam mehrining tafti isitayotgandek bo‘laveradi. Mehr insonga shunchalar xush yoquvchi tuyg‘u ekanligini his etaman.

Ayrim joylarda aka-uka, opa-singillarning kelishmovchilikdan, hattoki, vafot etgan jigarini so‘nggi manzilga-da kuzatishga kelmayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Bunday odamlarga, “Xudo xayringni bergur, marhumdan ham xafa bo‘lasanmi? Hech bo‘lmasa, shunday paytda gina-kuduratni unut”, deging keladi.

Yaqinda bir dugonamning onasi saraton xastaligidan vafot etdi. Yelib-yugurishlar, muolajalar naf bermadi. Ta’ziyaga kelgan qo‘shnilaridan biri, “Aylanay, qo‘shni ayollar, nega bularning ovozi chiqmaydi, deyishyapti. Ovoz chiqarib jonliroq yig‘lang. Axir, onangiz o‘ldi-ya, onangiz”, desa bo‘ladimi. Og‘ir judolikdan karaxt bo‘lib qolgan, neki tashvishi bo‘lsa ichida, dardini doston qilishni bilmaydigan dugonam kutilmagan gapdan qotib qoldi. Dabdurustdan shunday chinqirib yubordiki, bu ovoz go‘yoki fahmsiz, dilozor odamlarga qaratilgan faryoddek tuyuldi menga. Qizig‘i, bu ayollarning hech biri bemor qo‘shnisini ko‘rgani biror marta yo‘qlab ham chiqmagan ekan…

Yaxshilik tilda emas, dillarda yashasin. Uning nuri har bir ishimizda, amalimizda o‘z aksini ko‘rsatsin. Qalbimizda mehr-oqibatning kurtaklari bo‘y ko‘tarsin. Bir shoir “Agarki dunyoda yaxshilik va mehr-muhabbatning nurlari qanchalik ko‘p taralsa, yomonlik, falokat ortga chekinib, yo‘qolib boraveradi” degan ekan. 

Shunday ekan, azizlar, OQIBAT devorlarini baland qilib ko‘taraylik! 

Nilufar JABBOROVA

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − 4 =