Daromadlarni deklaratsiyalashni unutmadingizmi?

Bugungi kunda jismoniy shaxslar tomonidan o‘tgan yilda asosiy bo‘lmagan ish joylaridan va boshqa manbaalardan olingan daromadlarini deklaratsiyalash ayni qizg‘in jarayonda kechmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 189-moddasiga asosan jismoniy shaxslar 2016 yil davomida  quyidagi daromadlarni olgan bo‘lsalar: 

-mulkiy daromadlar (turar joy, noturar joy, avtomobil transporti va  boshqa mol-mulklarni ijaraga berishdan), agar bu  daromadlarga to‘lov manbaida soliq solinmagan bo‘lsa;

-fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida olingan daromadlar;

-asosiy bo‘lmagan ish joyidan olingan moddiy naf tarzidagi daromadlar (yuridik shaxs tomonidan jismoniy shaxs manfaatlarini ko‘zlab, tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini, mulkiy huquqlarni to‘lash, shu jumladan, jismoniy shaxslarning bolalarini maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘qitish, tarbiyalash. Ish beruvchi tomonidan to‘lovlar hisobiga to‘lanib, xodimdan ushlab qolinishi lozim bo‘lgan, lekin ushlab qolinmagan summalar);

-ikki yoki undan ko‘p manbadan olingan soliq solinadigan daromadlar;

-O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlar;

-soliq agentlari bo‘lmagan manbalardan olingan daromadlar bo‘yicha jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etishlari lozim.

Jismoniy shaxslar jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani doimiy yashash joyidagi davlat solliq xizmati organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay taqdim etishlari talab etiladi. Jismoniy shaxs deklaratsiyani shaxsan yoki ishonchli vakil orqali (qog‘oz ko‘rinishida yoki elektron tashuvchida), pochta xizmatidan foydalanib, buyurtma xat orqali, shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy www.soliq.uz yoki my.soliq.uz saytlaridagi “Elektron soliq deklaratsiyalari” interaktiv xizmatidan foydalangan holda topshirishi mumkin.

Soliq kodeksining 192-moddasiga muvofiq, agar soliq to‘lovchi daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etmagan bo‘lsa, shuningdek, oldin taqdim etilgan deklaratsiyada noto‘g‘ri ma’lumotlar aniqlangan taqdirda, davlat soliq xizmati organi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summasini o‘zidagi mavjud axborot asosida eng yuqori stavka bo‘yicha hisoblashga va to‘lanishi lozim bo‘lgan, hisoblangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summasi to‘g‘risida soliq to‘lovchiga o‘n kunlik muddat ichida to‘lov xabarnomasini topshirishga haqli. Soliq to‘lovchi tomonidan jami yillik daromadi to‘g‘risida deklaratsiya yoki to‘g‘rilangan deklaratsiya taqdim etilgan taqdirda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yakuniy summasi ushbu deklaratsiya hisobga olingan holda aniqlanadi.

Ta’kidlash joizki, jimoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etmaslik, o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoki unda atayin noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 174-moddasi 3-qismiga asosan jarima (eng kam oylik ish haqining 1/3 baravari miqdorida) solinishiga sabab bo‘ladi.

Shunga ko‘ra, deklaratsiya topshirishi lozim bo‘lgan jimoniy shaxslar hisobotning yakuniy sanasi 1 aprelgacha yashash joyidagi davlat soliq inspektsiyasiga jami yillik daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishlari hamda  hisoblangan soliqlarni esa joriy yilning 1 iyuniga qadar to‘lashlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

 

Muhiddin 

ZAYNIDDINOV,

Toshkent shahar Chilonzor 

tuman DSI boshlig‘i

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 − 4 =