Gazetalar ohanrabosi

Gazeta o‘qib o‘rgangan odam, nimadir sabab tufayli uni biror kun kanda qilsa, xuddi bir narsasini yo‘qotgan kishi ahvoliga tushadi, to topib o‘qimaguncha ko‘ngli tinchimaydi. Ha, gazetaning ana shunday ohanrabosi bor. Bu gaplar bor-yo‘g‘i to‘rt sahifa chiqadigan, ularda ham nuqul rasmiy material, reklama va e’lonlarni joylashtirib (obunachilarining haqidan qo‘rqmasdan) kun ko‘rayotgan yoki sahifalarini nomiga rasmiy materiallar (ularning ham aksariyati eskirib bo‘lgan) joylashtirish bilan obunachilarning ko‘nglini ovlashga urinayotgan gazetalar haqida emas, albatta.

 

O‘quvchi yil davomida respublikada nashr etiladigan barcha gazeta va jurnallarni muntazam kuzatib borishi imkonsiz. Shunday bo‘lsa-da, iloji boricha ko‘proq nashrlarni o‘qib, izchil tahlil etib borishga harakat qildik. Quyida kuzatuvlarimiz natijasida chiqargan ba’zi xulosalarimizni e’tiboringizga havola etmoqchimiz.

“HURRIYAT” mustaqil gazetasida ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy-ma’rifiy mavzular keng yoritib boriladi. Xususan, uning sahifalarida turli sohalarda qilinayotgan islohotlar, yangilanishlar qalamga olingan materiallar, adabiyot, san’at va madaniyat namoyandalari haqida qiziqarli lavha va ocherklar, ibratli hikoyalar, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, xalqaro sharhlar, taniqli adiblar kitoblariga taqrizlarni o‘qish mumkin. Tahririyatda “ustoz-shogird” an’anasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Tajribali jurnalistlar izidan borayotgan yoshlar ham ulardan kasb sir-asrorlarini o‘rganib, mahoratlarini kundan-kunga oshirib borishyapti. Quvonarlisi, iqtidorli yoshlar jamoada ko‘pchilikni tashkil etadi.

Gazetada intervyu janrida mazmunli materiallar berib boriladi. Odatda o‘zaro suhbat, jonli muloqotlarda fikrlar almashinuvi, ochiqlik, samimiylik namoyon bo‘ladi. Jurnalist Xolida Fayzieva muallifligida “Teatr — mening hayotim” sarlavhali intervyu (16 mart) O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov bilan uyushtirilgan bo‘lib, unda aktyorning yoshlik yillaridagi orzu-havaslari, institutda o‘qigan kezlari, teatrdagi dastlabki qadamlari haqidagi taassurotlar atroflicha bayon etilgan. O‘quvchi dublyaj san’ati, bu borada aktyorning boshqa kasbdoshlari bilan olib borgan samarali ishlari, tajribalari haqida ham bilib oladi. 

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Jahongir Ismoilov dolzarb, o‘quvchini o‘yga toldiradigan maqolalari bilan gazeta sahifalarida tez-tez chiqish qilib turadi. Uning “Vaqt” sarlavhali maqolasi (30 mart) ham muhim, dolzarb masalaga bag‘ishlangan. Muallif tajribalariga suyanib, o‘ziga xos hisob-kitob qilgan holda, yil davomida aksariyat xodim vaqtining salkam beshdan bir qismini ish joyida o‘tkazishi, umrining yana bir hissasi dam olish, uyqu bilan kechganda, qolgan uch qismini kim qanday o‘tkazishi haqida mulohaza yuritadi.

“Hurriyat”da mustaqilligimizning 25 yilligiga bag‘ishlangan maqolalar ham muntazam berib borildi. Gazetaning 1 sentyabr sonida tajribali jurnalist, shoir Abdumajid Azimovning “Mustaqillik — borlig‘imiz va g‘ururimiz” nomli maqolasi bosilgan. Maqolada mustaqillik va milliy g‘urur haqida so‘z boradi. Muallif milliy g‘urur tushunchasini o‘ziga xos tarzda talqin qiladi. Maqolada insonning o‘zligini tanish, avvalo, Vatanni, millatni tanishdan boshlanishi, inson o‘zini anglagani, nasl-nasabini chuqurroq bilgani sari yuragida Vatan tuyg‘usi ildiz otib boraverishi haqida asosli fikrlar bildirilgan.

Gazetaning shu sonidan To‘lqin Eshbekning “Haq yo‘lidagi haqiqatlar” sarlavhali maqolasi joy olgan. Unda muallifning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab qilgan ijodiy safari taassurotlari ifodalangan. Jumladan, so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston zaminida amalga oshirilgan iqtisodiy-ijtimoiy o‘zgarishlar, qurilish va obodonchilik ishlari Qo‘ng‘irot soda zavodi hamda boshqa hududlarda barcha sohalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar qalamga olingan.

Odatda o‘quvchini ko‘pincha muammoli, zalvorli maqolalar qiziqtiradi. Kundalik hayotimizda muammolar bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Adiba Umirovaning “Mahallada “duv-duv” gap bo‘lishi shartmi?” nomli maqolasi (14 sentyabr) to‘ylarimizga bag‘ishlangan. To‘y o‘tkazish bilan bog‘liq muammolar matbuot uchun yangi mavzu emas. Bu muammo haqida ommaviy axborot vositalari hamisha bong urib kelgan. Adiba maqolada asosiy e’tiborni to‘ylardagi isrofgarchiliklar, ortiqcha sarf-xarajatlarning ko‘payib ketayotgani, har bir viloyatda to‘y bilan bog‘liq ortiqcha udum, urf-odatlarni tanqid ostiga oladi. Muallif odamlar tomonidan o‘ylab topilgan “yangiliklar”dan ranjiydi, ularni kamaytirish, soddalashtirish kerakligi yuzasidan takliflari-ni aytadi.

“Hurriyat”ning har sonida “Sharh”, “Sharh o‘rnida” ruknlaridagi tahliliy maqolalar ham e’tiborga molik. 2016 yili davomida Abdumajid Azimovning “Loqaydlik zambaragi qarshisida” (6 mart), “Niyatlar ijobati — el baxt-saodati” (28 iyun), “E’tiqod erkinligining havosi” (6 iyul), Sharofiddin To‘laganovning “Iqlim o‘zgarishlari va oqibatlari” (22 mart), “Yarim asrlik mojaro barham topdi: Qolganlari-chi?” (5 oktyabr), “45-Prezident” (16 noyabr), Shuhrat Jabborovning “Zamin noz-ne’matlari — dasturxon ziynati” (4 may), Toshpo‘lat Matibaevning “Tinchlik — hayotning bosh maqsadi” (25 may), “Yuksak manzillarni ko‘zlagan karvon” (28 sentyabr), Xolida Fayzievaning “O‘zbek xalqiga tinchlik, omonlik kerak” (21 sentyabr), Laziz Rahmatovning “Dunyoni xavotirga solayotgan illatlar” (19 oktyabr), “Jahonning global muammolari” (26 oktyabr), “Odam savdosi — olam muammosi” (9 noyabr), Tohir Shomurodovning “Tanlangan yo‘l yog‘dusi” (14 dekabr) sharhlari gazeta muxlislarida yaxshi taassurot qoldirdi desak, xato qilmagan bo‘lamiz.

“MA’RIFAT” gazetasida ham yil davomida ko‘plab o‘qishli, mazmunli maqolalar e’lon qilindi.

Jurnalist Husan Karvonlining “Oltmish to‘rt katak polvoni” (27 yanvar) sarlavhali ocherki shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Shamsiddin Vohidov haqida. Muallif yosh iste’dodli shaxmatchi Sh.Vohidovning muvaffaqiyatlari, orzu-intilishlarini o‘ziga xos tarzda yoritib beradi. Shuningdek, mutaxassislarning iste’dodli shaxmatchilarimiz haqidagi fikrlari ham keltirilganki, bular bilan tanishgan har bir yosh o‘g‘il-qiz Shamsiddinga o‘xshagisi, u kabi shijoatli, iqtidorli sportchi bo‘lgisi keladi. Ocherkning yoshlar orasidagi tarbiyaviy ahamiyati katta bo‘lishi tabiiy.

Asolat Ahmadqul qizining “Haqiqiy do‘st” (10 fevral) sarlavhali maqolasi dolzarb mavzulardan biri — do‘st tutinish, yaxshi-yomon kunda bir-biriga yelkadosh va hamnafas bo‘lish haqida. Muallif quruq mulohazalar bilan cheklanmaydi, haqiqiy do‘stlik haqida ibratli rivoyatlar, Abdulla Qodiriy asarlaridan misollar keltiradi, maqola tamaga asoslangan, do‘stlik haqiqiy emas, shunchaki manfaatparastlik ekani, do‘st tanlashda xato qilmaslik lozimligi xususida hayotiy misollar bilan asoslangan.

“Ma’rifat” muxbiri Charos Nizomiddinovaning “9 yoshli dirijyor” (27 may) maqolasi Uchtepa tumanidagi O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga qarashli Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatning 3-sinf o‘quvchisi Asadbek Ayubjonov haqida. Muallif yosh iste’dod sohibining musiqa sohasidagi mashaqqatli kasb — dirijyorlikka qiziqishi, san’atdagi muvaffaqiyatlari, Yoxan Shtrausning “O‘rmon ertaklari”, Karen Xachaturyanning “Chippolinno”si, Bizening “Karmen”, Shtrausning “Ko‘klam sadolari” asarlariga dirijyorlik qilishini maroq bilan hikoya qiladi.

“Ma’rifat”da ta’lim, madaniyat, san’at, sport va boshqa sohalarda yutuqlarga erishgan, taniqli insonlar haqida maqola, lavha, ocherk, suhbatlar berib boriladi.

Tajribali jurnalist Muhabbat Hamidovaning “Boysunlik professor” (18 iyun) maqolasi qahramoni Boysun shahridagi 1-maktab o‘qituvchisi, iqtidorli jurnalist va pedagog Ochil Toshqulov haqida. Muallif Ochil akaning oila a’zolari, shogirdlari, tabiat qo‘ynida yurib, izlanib yozgan “Teshiktosh”, “Gumatakdagi dinozavr izlari”, “Hikmatli davo toshlari”, “Tog‘dagi sirli hodisa”, “Tosh qotgan ajdarho”, “Amir Temurga boshpana bo‘lgan maskan” nomli maqolalari haqida ham to‘xtalib o‘tadiki, bu ma’lumotlar orqali o‘quvchi qahramon qiyofasini yanada ravshanroq tasavvur etadi.

Yosh iste’dodli adib Akmal Jumamurodovning “Haykaltarosh” (4 iyul) sarlavhali ocherki orqali yosh haykaltarosh Jasvand Allanazarov faoliyatiga oid ajoyib ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Ocherkda haykaltaroshning yangi ijod namunalarini yaratishdagi o‘ziga xos fantaziyasi, intilishlari, izlanishlari qahramon xarakteridan kelib chiqib, atroflicha ochib berilgan.

Mahmud Rajabov “Kitob do‘koniga har kim o‘z tarozusi bilan kiradi…” maqolasi (10 avgust) avvalida kitobning yaralgandan buyon shu kungacha insoniyatga ko‘rsatgan xizmatini hech nima bilan qiyoslab bo‘lmasligini e’tirof etar ekan, radio, televidenie, internet kabilar kitobning raqobatchisi emas, balki undan oziqlanuvchi vosita ekanini ta’kidlaydi. Qiziq, o‘rinli mulohaza, shunday emasmi? Maqolada yana kitob o‘qish madaniyati, mutolaaning o‘quvchiga ijobiy ta’siri, ma’naviyatni yuksaltirishdagi o‘rni haqida so‘z boradi.

“O‘ZBEKISTON ADABIYOTI VA SAN’ATI” gazetasi o‘z yo‘nalishida otaxon nashrlardan hisoblanadi. Uning 2016 yil sonlarida ham qiziqarli maqolalar, badiiy asarlar o‘quvchilar e’tiboriga havola etildi.

Humoyun Akbarovning “Vatan mehri” (6 may) lavhasi O‘zbekiston xalq rassomi Ravshan Mirtojiev ijodi haqida. Muallif bu iste’dodli haykaltaroshning Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur, Oybek, o‘afur o‘ulom, Zulfiyaxonim haykallarini yaratish tarixi, Yaponiya, Rossiya, Latviya, Ozarboyjon kabi davlatlarda mahobatli haykallar o‘rnatilgani haqidagi fikrlari berilgan.

O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Kundajuvozdan Berlingacha” (13 may) maqolasida II jahon urushi dahshatlari urush qatnashchisi — otasi nomidan hikoya qilingan. Maqolada urush davri odamlarining boshidan kechirgan azob-uqubatlari,  frontda, uning ortidagi odamlarning ochlik, yo‘qchilikdagi qiyinchiliklari, o‘g‘illari, yoru birodarlarini urushga jo‘natib, yo‘llariga ko‘z tikib tong orttirganlarning o‘tli satrlari, so‘zlari, xotiralari ta’sirchan, o‘ziga xos tarzda qalamga olingan.

Taniqli adib va publitsist Mamatqul Hazratqulovning “Havas uyg‘otish baxti” maqolasida (22 iyul) mamlakatimizning yaqin o‘tmishi bilan hozirgi davrini qiyoslab muhim xulosalar chiqarilgan. Maqolada o‘zgalarning havasini uyg‘otish oson emasligi, xalqimiz erishayotgan yutuqlarga boshqa xalqlar, mamlakatlar hayrat va havas bilan qarayotgani bejiz emasligi, xalqimizga xos mehnatsevarlik, bunyodkorlik fazilatlari samarasi ekanligi ta’kidlangan.

2016 yilning dekabr oyida O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning 80 yillik yubileyi yurtimizda keng nishonlandi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida ham atoqli shoir, dramaturg, tarjimon, publitsist haqida maqola, xotiralar berildi. 23 dekabr sonida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi, Xalq yozuvchisi Muhammad Alining “She’riyatimizning porloq yulduzi”, san’atshunoslik fanlari nomzodi Omonulla Rizaevning “Oltin devor”dan “Ruhlar isyoni”gacha”, professor No‘’mon Rahimjonovning “Bedorlik saodati” nomli maqolalari bosildi. Ularda xalq sevgan adibning she’r, asar, dramalari nafaqat O‘zbekistonda, qo‘shni davlatlarda, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda ham sevib mutolaa qilinishi, serqirra ijodkorning iqtidori, bemisl salohiyati haqida mufassal bayon etilgan.

Keyingi yillarda “KITOB DUNYOSI” adabiyot ixlosmandlarining sevimli nashriga aylandi. O‘zbek va jahon adabiyotidan sara asarlar, taniqli ijodkorlarning publitsistik chiqishlari gazeta mazmun-mundarijasini boyitib, muxlislarini ko‘paytirayotir. Uning 2016 yilgi sonlari ham o‘quvchilarga ko‘plab yaxshi asarlarni tuhfa etdi.

Taniqli olim, munaqqid Ibrohim o‘afurovning “Fikr moddasi” (24 fevral — 9 mart) maqolasida inson tafakkuri to‘g‘risida so‘z boradi. Muallif fikrni juda keng miqyosda faylasufona ta’riflaganki, undan o‘quvchi istagancha fikr olishi mumkin.

Atoqli adib, kitoblari dunyo xalqlari tillariga tarjima qilingan Chingiz Aytmatov haqida ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib borilgan, uning ijodiy faoliyati haqida nomdor olimlar kitob, ilmiy maqolalar yozishgan. Gazetaning 23 mart — 13 aprel sonlarida mohir tarjimon, adabiyotshunos olim, professor Asil Rashidovning “Chingiz Aytmatov maktabi” maqolasi e’lon qilingan. Maqolada Chingiz Aytmatov fenomeni misollar bilan ochib berilgan.

Taniqli jurnalist Yoqubjon Xo‘jamberdievning “Meliboevning “shineli” maqolasi (23 mart) taniqli publitsist A.Meliboev ijodiga bag‘ishlangan. Maqolada taniqli jurnalistning “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida Bosh muharrir bo‘lib tayinlanganidan keyingi voqealar, u gazetada bosiladigan har bir maqolani diqqat bilan tahlildan o‘tkazishi, mualliflarning huquqini himoya qilish borasidagi jonbozliklari haqida qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan.

Muxtasar aytganda, ko‘rib o‘tilgan gazetalar ko‘p sonli o‘quvchilar, ziyolilarning sevimli nashriga aylangan. O‘ylaymizki, ularning o‘quvchilari safi kengayib boraveradi.

 

Yusufjon HAMDAMOV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + twelve =