Tarixiy taraqqiyotning yangi davri

Har bir davrning o‘z taraqqiyot omillari, ehtiyojlari, talablari va hayotiy tamoyillari bo‘ladi. Har bir zamonning o‘z zayli, qarashlari, munosabatlari, tafakkur tarzi bo‘ladi. Ana shu nuqtai nazardan aytish mumkinki, 2017 yil O‘zbekistonning tarixiy taraqqiyot va rivojlanishida butunlay yangi bosqichni boshlab berdi. Bu bevosita zamon bilan hamnafas, hozirgi tsivilizatsiya talablariga javob beradigan, bugungi kun milliy va dunyoviy ehtiyojlarini nazarda tutgan, jahon davlatchiligi ilg‘or tajribalari bilan milliy xususiyatlarimiz, qadriyatlarimiz, davlatchilik usul va uslublarimiz bilan uyg‘unlashib ketgan, sintezlashgan kuchli va qudratli siyosiy tafakkur bilan bog‘liq.

 

“2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar Strategiyasi” ayni ana shu zamonaviy tafakkurni mamlakatni modernizatsiya qilish, jamiyatni rivojlantirish, boshqaruvni erkinlashtirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish bilan birga xalqaro maydonda O‘zbekistonning o‘z so‘zi, qat’iy xulosasi, umumsayyoraviy masalalarni hal qilishda, ichki va tashqi siyosatda o‘zgarmas, izchil pozitsiyaning mavjudligi bilan alohida ajralib turadi.

Darhaqiqat, O‘zbekistonda o‘tgan 25 yil mobaynida butunlay yangi tarixiy sharoitlarda, yangi davlatchilikka asos solindi. Huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati vujudga keltirildi. Siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy sohada tub burilishlar yasaldi. Tashqi siyosatda O‘zbekiston jahon hamjamiyatining teng huquqli sub’ektiga aylandi va o‘zining qat’iy siyosiy pozitsiyasini namoyon etdi. Dunyoning eng kuchli va katta davlatlari O‘zbekiston bilan hisoblashadigan, uning umumdunyoviy masalalarga tegishli fikr va xulosalarini inobatga oladigan bo‘lib qoldi. Endi hamma gap ana shu mustahkam poydevorga tayanib O‘zbekistonning yangi davrdagi, yangi taraqqiyotini ta’minlashdan iborat bo‘lib qoldi.

Prezident Sh.Mirziyoev tomonidan ishlab chiqilgan “2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar Strategiyasi” mamlakat taraqqiyotining har tomonlama va muhim asosi bo‘lib xizmat qiladi. Jumladan, unda:

1-yo‘nalish. Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari alohida belgilab beriladi. Unda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlis va siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish, shu orqali qonun ustuvorligiga erishish asnosida jamiyatda boshqaruvning erkin va xalq hokimiyatchiligi tamoyillarini chuqurlashtirishga erishiladi. Davlat boshqaruvi tizimini liberallashtirish, turli byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, davlat boshqaruvida keng jamoatchilikning faol ishtirokini ta’minlash choralarini ko‘rish g‘oyalari ilgari suriladi. Ochiq jamiyat qurish, davlat va fuqaro munosabatlarini mustahkamlash va natijada O‘zbekiston Respublikasini Konstitutsiyasida ko‘rsatilganidek, davlatning yagona va birdan-bir manbai xalq ekanligi, davlat xalq manfaatlarini himoya qilishi zarurligi, ayni paytda xalq o‘z maqsad va intilishlarini, orzu-umidlarini davlat timsolida ko‘rishi kabi insonparvar jamiyatni vujudga keltirish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan. 

2-yo‘nalish. Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari. Bunda sud hokimiyatining chinakam samaradorligini ta’minlash, sudning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirish ustuvor vazifa qilib qo‘yildi.

Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash, qonun ustuvorligiga erishish orqali inson manfaatlarini himoya qilish, qabul qilingan barcha qonunlarning to‘la va samarali ishlashini ta’minlash chora-tadbirlariga jiddiy e’tibor beriladi. Oliy Sud faoliyatini isloh qilish, uning zamonaviy, hozirgi kun talablari asosida yangi tizimini vujudga keltirish masalalari ilgari surildi. Jumladan, ma’muriy, jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik qonunchiligini takomillashtirish orqali adolatli, xalqchil, fuqarolar manfaatlarini to‘la himoya qila oladigan, ularning muammolarini o‘z vaqtida hal qilib beradigan sud tizimini vujudga keltirish talab etiladi.

Jinoyatchilikka qarshi kurashish, eng muhimi unga qarshi kurashishdan oldin, sodir etilmaslik choralarini ko‘rish, profilaktika tizimini yanada chuqurlashtirish va samaradorligini oshirish, har tomonlama huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmini takomillashtirishni taqozo etadi. Sud-huquq tizimida qonuniylikni yanada mustahkamlash, qonunga rioya qilish va qonun ustuvorligiga erishish orqali sud va sudlovning yuksak madaniyatiga erishish talab etiladi.

Yuridik yordam va xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish orqali sud-huquq organlarini “jazolovchi organdan fuqarolar manfaatini himoya qiladigan, ularning kundalik yumushlariga yordam beradigan, har qanday muammolarini qonun doirasida hal qilib beradigan xizmatlar organiga aylantirish” (I.Karimov) mexanizmini yuqori saviyada ishlashini ta’minlash g‘oyalari ilgari suriladi.

3-yo‘nalish. Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari. Bunda makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifakatsiya qilish hisobiga ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshliligini oshirish, mamlakat eksport salohiyatini kuchaytirish talab etiladi.

Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, tuproq unumdorligini va ekinlar hosildorligini oshirish, yangi va xaridorgir mahsulotlar yetishtirish orqali jahon bozoriga chiqishning yangi yo‘nalishlarini joriy etish nazarda tutiladi.

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish, mulkka egalik qilish va uning hajmini oshirish orqali yuqori samaradorlikka erishish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, uni rag‘batlantirish nazarda tutiladi. Viloyat, tuman va shaharlarni o‘z tabiiy-geografik imkoniyatlari, yer sharoiti va dehqonchilik madaniyati nazarda tutilgan holda, hududiy ehtiyojlar va manfaatlar nuqtai nazaridan iqtisodiy rivojlantirish choralarini ko‘rish talab etiladi.

4-yo‘nalish. Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari. Bunda aholi bandligi va ularning kundalik turmush tarzidagi real daromadlarini izchil oshirishni taqozo etadi. Jumladan, mehnatga layoqatli aholi qatlamiga yangi ish o‘rinlarini ochish, mehnat faoliyatining yangi shakl va turlarini joriy etish nazarda tutilmoqda. 

Aholini ijtimoiy himoya qilish va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish orqali jamiyatda sog‘lom turmush tarzini yanada chuqurlashtirish masalalari ilgari suriladi. Shuningdek, aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash, hayot sharoitlarini yaxshilash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiya qilish orqali uzoq istiqbolni mo‘ljallagan va saodatli turmush tarzini ta’minlaydigan yuksak madaniyatli yashash sharoitiga erishish chora-tadbirlarini ko‘rish talab etiladi.

Ta’lim va fan sohasini rivojlantirishga, har tomonlama barkamol, yetuk inson — mutaxassisni tarbiyalashga alohida e’tibor beriladi. Bu bevosita yoshlarga oid davlat siyosatini butun choralar bilan takomillashtirishni taqozo etadi.

5-yo‘nalish. Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar. Bunda dunyo qalqib turgan, turli mintaqalarda urush davom etayotgan, qon to‘kilayotgan bir sharoitda milliy xavfsizlikni ta’minlashga jiddiy e’tibor beriladi. 10dan ortiq diniy konfessiyalar, 130dan ortiq millat va elat yashayotgan O‘zbekistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, o‘zaro ishonch, bir-birini tushunish, turli e’tiqodlar va madaniyatlarni hurmat qilish singari bag‘rikenglik fazilatlarini yanada chuqurlashtirishni taqozo etadi. O‘zbekiston deb atalgan umumiy xonadonimiz, 32 millionli oilamiz istiqboli uchun diniy e’tiqodi, milliy mansubligi, kasbu kori va yoshidan qat’i nazar har bir fuqaro mas’ul ekanligini anglash, uning javobgarligini oshirish, majburiyatini tushunish mexanizmini takomillashtirishni taqozo etadi.

O‘zbekistonning tashqi siyosatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilanganidek, davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanib, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish muhim vazifa qilib qo‘yilgan.

Aytish mumkinki, Prezident Sh.Mirziyoev tomonidan ishlab chiqilgan “2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar Strategiyasi” 25 yil ichida erishilgan tarixiy tajribalarni umumlashtirib, hozirgi masalalarni hisobga olib, keyingi besh va undan keyingi uzoq yillarga mo‘ljallangan tarixiy taraqqiyotning yangi davrini ochib berdi. Bu butun mohiyati bilan O‘zbekistonning eng yangi tarixida butunlay yangi sahifa ochdi. 

 

Narzulla  JO‘RAYEV, 

siyosiy fanlar 

doktori, professor

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + 18 =