HUR FIKR TARANNUMI

XX asr va istiqlol davri o‘zbek bolalar adabiyotini Anvar Obidjon ijodisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. U har qanday mavzuni yoritishda bola qalbiga mos ohang topadigan, davr ruhini aks ettirib, ayni paytda asariga qiziqarli uslub, o‘ziga xos jilo bera oladigan shoir, adib va dramaturgdir. Ayniqsa, zamon bilan hamnafaslik, jahon adabiyoti an’analarini o‘zbek bolalar adabiyotiga singdirish, jumladan, bolalar nasrida ham modernistik obraz va detallar yaratishda milliy ohanglarni uyg‘unlashtirib talqin etish ham uning ijodiga xos tamoyildir.

 

Adibning “Dahshatli Meshpolvon”, “Oltin yurakli Avtobola” asarlari yoki “Alamazon va uning piyodalari”, “Yaltiroq tugma” dilogik qissalari shu jihatdan o‘zbek bolalar adabiyotida yangi voqelik bo‘ldi. Bu asarlardagi obrazlar ham shu kunning qahramonlari. Va ular oddiy bola emas: dahshatli Meshpolvon, g‘aroyib, olovqalb Alamazon yoki temirtan Avtoboladir. Ular tinib-tinchimasgina emas, ozodlik va haqiqat uchun, o‘z erki va haq-huquqi uchun kurashuvchan, jasur hamda erkparvar bolalar. Adib shu sababli “Alamazon” turkumidagi qissalarini yosh avlodga, aniqrog‘i “ona yurtning jasur farzandlariga” bag‘ishlagan.

“Alamazon va uning piyodalari” qissasining bosh qahramoni — Alamazon. U toshtaqaliklar shevasida gurkirab yonayotgan gulxanni anglatadi. Alamazon yoshligidanoq kitobga mehr qo‘yib, jahon bolalar adabiyotidagi tengdoshlari Chippolino, Buratino, Tom Soyer, Gek Finni, o‘zbek xalq dostonlaridan Ravshanbek, Alpomish kabi qahramonlarni savodi chiqqandan buyon taniydi, shuningdek, o‘zbek va jahon mumtoz adabiyoti durdonalaridan bahramandligi ayonlashadi. Alamazon bu kitoblarni shunchaki o‘qish bilan cheklanmay, ulardan ta’sirlanib, do‘sti Eshmat bilan xazina qidirib topish, topganda uni nimalarga sarflash haqida reja tuzadi. Avvalo, yaylov etagida o‘n ming o‘rindiqli stadion, ko‘p qavatli uylar, marmar devorli kattakon choyxona qurish, ko‘chalarga asfalt yotqizib, ko‘prikni yangilash, umuman, qishloqlarida zamonaviy inshootlar barpo etishni o‘ylaydi, hatto butun umri boshlang‘ich sinflarga dars berish bilan o‘tgan Ahmadali otaga atab terak bo‘yi haykal o‘rnatmoqchi bo‘ladi.

Yozuvchi bu asarni 1976 — 78 yillarda yozganiga e’tibor berilsa, uning dolzarbligi va kelajakni yorqin tasvirlay olish mahorati yanada oydinlashadi. Ayniqsa, bolalar kitobxonligida hikmat ko‘pligi Alamazonning uyg‘oq tafakkuri bilan ko‘rsatib berilgan. Qissadagi voqealar ertaklarga xos sayohat, tush ko‘rish, tilsimlanish motivlari yordamida tasvirlanadi. Goh ilmiy-fantastik, goh realistik bo‘yoqlarda badiiy talqin etilgan hikoyalar zaminida hayot haqiqati yotadi, albatta. Alamazon tog‘asi professor Og‘abek Turkoniy olib kelgan antiqa dori — uni tatib ko‘rganda kishi xuddi ertaklardagidek murod-maqsadga yetishiga qiziqib qoladi: buni o‘zi va o‘rtog‘i Eshmatda sinab ko‘radi. U Jek Londonning “Uch qalb” kitobidagi qahramonlar, ularning g‘ordan topgan behisob xazinalari haqida xayol surib yurganidan, o‘zlarining Jandag‘orida ham “xazina bijib yotgan”iga ishonganidan, dori ta’sirida uxlagach, tushida Zimistonsaroy orqali Yulduzistonga kelib qoladi. U yerda Humo Xartum, Qo‘tirlar sulolasi, Isqirtlar mamlakati va ular boshqargan tuzum hamda odamlarga duch keladi. Tirtiq, Shilpiq, Qo‘tir Beshinchi, Malika Maston, Idrik Ibrohim, Barri Baraka, Fisqiddin Makru Maraz, Isom Ittu Iskabtopar, Hoshim Heziddin Xum kabi ismlariyoq ularning tashqi ko‘rinishi, kasb-kori va fe’l-atvorini bildirib turuvchi kishilar bilan tanishadi. Bu yurtda Qo‘tirlar sulolasi tugab, Isqirt Birinchining taxtga o‘tirish marosimi jarchi tilidan shunday bayon qilinadi:

“— He-he, he-e-e-ey! Eslilaru nodonlar, xafalaru shodonlar, go‘ng hidlagan cho‘ponlar, gul hidlagan juvonlar, eshitmadim demanglaro-o-ov! Isqirt Birinchi padari oliylari mamlakat aholisiga katta g‘amxo‘r-lik ko‘rsatib, bugundan e’tiboran ularni yuvinish va cho‘milishdek mushkulotdan butunlay ozod qiladilar… Qasddan yuvinayotgan yoki cho‘milayotgan paytda qo‘lga tushirilgan baliqpadarlar esa xavfli g‘alayonchi sifatida achigan zindonga tashlanadilar”.

Bolalar adabiyotining o‘ziga xos xususiyatlari tasnif qilinganda uning ikki yo‘nalishli ekani, bolalar uchun asar syujeti, kattalarga esa g‘oyasi muhimligi ta’kidlanadi. Mazkur asar kattayu kichik kitobxonga birdek xizmat qila olishi shundan. Kitobxon bolalar asar qahramonlarining ismlaridan, xoqon Isqirt Birinchi yuvinishni yomon ko‘rgani uchun butun mamlakat isqirtlikka yuz tutishidan, unga xizmat qiladigan Dutoriy singari shoirlarning “Yuvilmagan betingiz muncha chiroyli, Mog‘or bosgan etingiz buncha chiroyli, U yoningiz kir erur, bu yoningiz kir…” qabilidagi she’rlar bitib, irkitlikni ommalashtirishga hissa qo‘shishidan miriqib kulsa, yetuk tafakkurli insonlar bu kinoyalar ostida zil-zimbil dardning majoziy tasviri aks etganini yaqqol anglaydi. Shu ma’noda asardagi Yulduziston, Ajdarobod, Yelkantog‘, Tandir, Jandag‘or, Issiqg‘or, Qo‘chqorsoy kabi joy nomlari ham ramziy tamsillardir. 

Asardagi joy nomlari biror geografik xaritada uchramaydi. Bularning ko‘pchiligi muallif topilmasi. Har bir ifoda va obraz talqinida ramziylik ustuvor. Qahramonlar o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloq, yurti tarixini, ulug‘ mutafakkirlar qoldirgan ma’naviy merosdan bahramand bo‘lishni juda-juda xohlaydi, dinini chala-chulpa biladigan, o‘tmishidan xabarsiz, soxta, isqirt dohiylar boshqarishi tufayli nopoklikka yuz tutgan mamlakat qachondir yorug‘likka chiqishiga ishonishadi. Bunda Humo Xartum alohida o‘rnak bo‘ladi. Zotan, Alamazon uyqudan uyg‘onsa ham g‘ordagi odamlarni Yorug‘ dunyoga boshlab borishga va’da beradi: 

“— Azizlarim, menga ishoning, men baribir sizlarni yolg‘iz qoldirmayman. Sizlarni, siz bilan birga Yulduzistondagi hamma odamlarni qorong‘i g‘ordan yetaklab chiqaman…”. 

Asarning bosh g‘oyasi — Yorug‘ dunyoga chiqish. Bu so‘z zamirida nima yotgani endi barchamizga ma’lum. Ammo asar yozilgan vaqtda chindan ham o‘sha “Qora tuynuk” qachon ochilishi noma’lum edi. Istiqlol tufayli Humo qushi xalq boshiga qo‘ndi. Natijada, avlod-ajdodini tanimay ulg‘ayayotgan Yulduziston farzandlari nihoyat “Zimiston saroy”dan qutulganiga amin bo‘lamiz. Yorug‘ dunyo nafaqat bugungi kunimiz, balki keng dunyoga intilish, tanilish timsoli hamdir. 

“Oltin yurakli Avtobola” (1985) ertak-qissasi ham davr nafasini o‘zida yorqin aks ettirgan asarlardan biri. Ertak-qissa sobiq mustabid tuzum davri bolalar adabiyotining mavjud “qolip”lariga chek qo‘yib, jahon ilmiy-fantastikasi, o‘zbek mumtoz abiyotida kuzatilgan noan’anaviy fantastik obraz yaratish, tafakkuri yangilanayotgan zamon ruhini bolalar adabiyotida namoyon bo‘lishi dalilidir.

Ertak-qissadagi yetakchi obraz — Avtobola, oddiy emas, oltin yurakli robot bola. U ayyorlikni mutlaqo bilmaydigan, to‘g‘riso‘z, soddadillik, mehribonlik va pokizalik timsoli. Muxbirlardan birining shov-shuvli hodisa haqidagi savoliga professor Kamtariy javobidan bu robot fikran barkamol avtoodam emas, balki jamiyat oldidagi burchini hali chuqur his qila olmaydigan kibernetik Avtobola ekani, mustaqil fikr-lash qobiliyati cheklangani, unga muntazam yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turish joizligi anglashiladi. 

Anvar Obidjon asarda ezgulikka yo‘g‘rilgan bolalik olamini o‘z manfaati yo‘lida yovuzlikka boshlagan jamiyat munosabatini ifodalaydi. Bekxo‘janing otasi bir vaqtlar paxtachi boy bo‘lgan. Hokimiyat “qizil”larga o‘tgach, u bor bisotini tuyalarga ortib, to‘ng‘ich xotini va bolalarini ergashtirib, uzoq yurtga bosh olib ketadi. Kenja xotini qattiq shamollab yotgani sababli olti oylik o‘g‘li Bekxo‘ja bilan shaharda qoladi. Boyning paxta zavodi, dang‘illama uylari, qolgan-qutgan mol-mulki davlat tomonidan musodara qilingach, faqat shahar chetidagi kichik chorbog‘ kenja xotiniga xatlab beriladi. Bekxo‘janing onasi Otin bibi savodxon bo‘lib, o‘g‘lini bilimdon, tadbirkor, so‘zamol qilib tarbiyalaydi. Bekxo‘ja maktabga borgach, dunyoviy ilmlarni egallashga ham zo‘r ishtiyoqi borligini ko‘rsatadi.

Bekxo‘ja nomida beklik, xo‘jayinlik bo‘lsa-da, uning o‘tmishi “qorong‘i”. Bolaligida uni “sarqit”, “paxtachi boy”ning zurriyodi sifatida tahqirlashgan. Maktabda zehni o‘tkir bo‘lishiga qaramay, armoni ko‘p. “Olamda shunaqa narsalar borki, — deydi Bekxo‘ja Kamol Kamtariyga, — ularni laboratoriyalarda yasab bo‘lmaydi. Ko‘z o‘ngimda qanchadan-qancha jahonshumul kashfiyotlar qilindi, lekin biron-bir kashfiyotchi menga ota yasab berolmadi. Bolalik, o‘spirinlik davrim mung‘ayish, farzandini erkalab turgan otalarga ichikib termulish bilan o‘tdi. Sen buni tushunasanmi, olim?”. Ertak-qissada Bekxo‘janing yoshligida tarixni sevishi, ajdodlarimiz qahramonliklaridan faxrlanishi, tarix darsini o‘qimagan, tushunmagan tengdoshlaridan g‘azablanishi tilga olinadi. Xususan. Muqannani Torobiy bilan adashtirgan Kamolni “kallavaram” derdi.   

Ammo Bekxo‘ja o‘n to‘rt yoshga yetganida to‘satdan shol bo‘lib qoladi. Shundan keyin o‘ani zargar degan tog‘asi uni “tarbiyasi”ga olib, o‘z kasbini ham o‘rgata boshlaydi. Bekxo‘janing butun taqdiri, tafakkuri va hayotga bo‘lgan munosabati shundan keyin keskin o‘zgaradi. U to‘rt-besh yilda zargarlik sirlarini puxta o‘zlashtiradi. Uning shahar chetidagi osoyishta chorbog‘i Ko‘rshapalak laqabli mashhur qulfbuzar to‘dasining bosh maslahatxonasiga aylanadi. Bekxo‘ja qismati endi shu to‘da bilan bog‘liq kechadi. Paxtachi boy qurdirgan sirli yerto‘lalar o‘g‘irlangan mol saqlanadigan ombor bo‘lib qoladi. o‘ani zargar yashirincha tilla sotayotib, qo‘lga tushib, qamaladi. Bekxo‘ja tog‘asini qutqarish chorasini izlab, bir paytlar maktabda birga o‘qigan, endilikda texnika fanlari nomzodi ilmiy unvoniga ega Kamol Kamtariyga maktub yozadi… 

Kamtariy ma’rifatga intilgan olim. U fan-texnikaga qiziqadi, kashfiyotlar orqali xalqning og‘irini yengil qilmoqchi bo‘ladi. Ammo jamiyatda kechayotgan jarayonlar, inson taqdiri, millat tarixi uni qiziqtirmaydi. 

Shu tariqa ertak-qissada zargar, qallob, o‘g‘riboshi Bekxo‘ja bilan ilm-fan olamida obro‘-e’tibor topgan Kamol Kamtariyning hayot falsafasi to‘qnashadi. Bolaligida bir xil maqsad — a’lo o‘qish, yetuk inson bo‘lishga ishtiyoqmand do‘stlar, turlicha tarbiya ta’sirida qasoskor raqibga aylanadi. 

Bekxo‘ja pulning qudratini isbotlash uchun, barcha pastkashliklarga qo‘l uradi: Kamtariyni xotinidan judo qiladi, bolasi Xoldorni chaqaloqligidayoq o‘g‘irlaydi, ezgu maqsadlar yo‘lida yaratayotgan Avtobolasini ham tortib olib, yovuz rejalari bo‘yicha “tarbiyalaydi”. Pulga munosabat masalasida usta zargar hamda halol va kamtarin olim o‘rtasida ayovsiz jang boradi. Kamol: “Pul guldor qog‘oz, xolos. Ilmu fan o‘tdayam kuymaydi” desa, Bekxo‘ja: “Ilmu fan yaratgan mo‘’jizalar pulga sotib olinadi. Pul kuchli” deydi. 

Yozuvchi asarni shu tariqa real hayot muammolari bilan to‘yintirib boradi. 

Qissadagi Avtobola, Pufak momo, Xoldor kabi obrazlar timsolida esa erk va ozodlik, hur fikrlilik, ma’naviy farovonlik, ezgulik g‘oyalari ulug‘langan. Pufak momo va uning paxmoq sochli nevarasi eshak minib, ko‘chama-ko‘cha tomosha ko‘rsatib yurishidagi erkinlik har qanday tilla buyumlaru saroydan afzalligini qafasdagi qush singari qamab qo‘yilgan Avtobola va Xoldor beixtiyor anglab yetadi. O‘zlarining tutqun ekanligini Ko‘rshapalak va Supersur suhbatidan yashirincha bilib olgan bolalar xo‘jayinlaridan ozodlik talab qilib, oshkora tahdid boshlaydi. Bekxo‘ja esa “aldagani bola yaxshi” qabilida ish tutadi. Bolalarni tilla buyumlar ko‘rgazmasidan oltin dubulg‘ani o‘g‘irlab kelgach, ozodlikka chiqarishga va’da beradi. Ammo Avtobola bu topshiriqni bajarishi bilan “o‘lim”ga — temir-tersakka aylanishga hukm etiladi. Odamlardan qattiq ranjigan Avtobola “o‘lgan”da ham ko‘zlari ochiq qolib: “Erkimni himoya qilolmas ekansan, nega meni yaratding?” degan savolni tinimsiz takrorlayotganga o‘xshardi. 

Ha, roppa-rosa bir asr ilgari el-yurt ozodligi, erki uchun shunday aldam-qaldam va’dalar berilgani, ezgu-maqsad yo‘lida tinimsiz sa’y-harakat qilgan yosh jadidlarning qatag‘onga duchor bo‘lgani va bu qatag‘on turli ko‘rinishda yana uzoq yillar davom etgani zamondosh o‘quvchiga tarixdan ma’lum. Zero, ertak-qissa yozilgan davr ham buni “aytsa til kuyadi”gan zamonlar edi. Shunga qaramay, Anvar Obidjon o‘zbek bolalar adabiyotida birinchilar qatorida temirtan bola timsolida o‘z tutqunligini anglab yetgan avlod qismatini hikoya qildi. 

Avtobola temir-tersakka aylanishida yozuvchining g‘oyaviy maqsadi ayon: erksiz va tutqunlikda yashash endi mumkin emas. Ayni paytda, Avtobolaning nidosi ota-onalarga ham qaratilgandek go‘yo. Har bir bolaning kelajagiga ularni dunyoga keltirgan ota-ona mas’ul. 

Ushbu tushunchalarning mohiyati hamon dolzarbdir. 

 

Bashorat JAMILOVA,

 Buxoro davlat  universiteti dotsenti

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 5 =