XALQ QABULXONALARI el dardiga malham bo‘lmoqda

Prezidentimiz tomonidan davlat idoralariga aholi murojaatlari bilan ishlashda mutlaqo yangi tizimga o‘tish talabi qo‘yildi. Natijada barcha organu tashkilotlarda fuqarolar qabulxonasi joriy etildi. Bu boradagi ishlarning eng samaralisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan Xalq qabulxonalari bo‘ldi. Chunki bu elimiz tomonidan ko‘tarinki ruhda qabul qilindi.

 

Prezidentimiz tashabbusi bilan ish boshlagan xalq qabulxonalari chindan-da elimiz manfaati yo‘lida xizmat qiluvchi maskanga aylanayotir. Ayni damda barcha qabulxonalar aholi manfaatini himoya qilib, ularning muammolarini hal etish barobarida takliflarini ham o‘rganib chiqmoqda. Shu kunga qadar esa Prezidentning virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalarida yuz minglab yurtdoshlarimizning murojaatlari ijobiy hal etildi.

Yaqinda poytaxtimizning Olmazor tumani Xalq qabulxonasida bo‘lgan chog‘imizda ham bunga amin bo‘ldik. 

Qabulxonaga kelgan fuqarolar o‘z masalalariga qarab, tegishli mutaxassislarga uchrashmoqda. Qabulxona mudiri Olim Paxriddinovga murojaat qiluvchilar ko‘p. Qabullar xonasida bank, kommunal, pensiya jamg‘armasi, moliya bo‘limi, yer kadastr vakillari, xullas turli  soha mutaxassislari xalq xizmatida. 

Olmazor tuman turar-joy bino va inshootlari kadastri bo‘limi mutaxassisi Abdusattor Majidovga Qoraqamish dahasida istiqomat qiluvchi N.Sharipova murojaat qilarkan:

– Uy masalasida kelgandim, – deydi xomushgina. 

– Xo‘sh, nima muammo?

 – Yangi uy-joy uchun komissiyaga ariza bergani hokimiyatga borgandim. Ular boshlang‘ich to‘lov 50 million so‘m ekanini aytishdi. O‘tgan safar borganimda 25 million  so‘m deyishgandi. Endi esa 50 million deyishmoqda. Uncha pulimiz yo‘q, – deya to‘satdan ko‘ziga yosh oldi ayol.

– Singlim, o‘zingizni bosing. Yotig‘i bilan tushuntiring. Hokimiyat sizga pul to‘lang dedimi? 

– Yo‘q. Faqat tanishib chiqish uchun hujjatlarimni olib qoldi.

–Shunday demaysizmi?! Hali hujjatlaringizni komissiya ko‘rib chiqib, xulosa qilguncha o‘n kun vaqt ketadi. Nega buncha kuyunasiz?!

– Sizga aytsam, oilaviy sharoitimiz unchalik yaxshimas. O‘n yildan beri ijarada turamiz. To‘rtta bolam bor. Uyda faqat erim ishlaydi. Uning topgani esa ro‘zg‘ordan ortmaydi. U-bu orttirib uy-joy qilishga esa qurbimiz yetmayapti.

– Farzandlaringiz yoshmi? 

– Ha, yosh go‘dagim ham bor. To‘ng‘ichim kollejni bitirib, o‘qishga kirolmadi. Ish qidirdi, biroq topolmay uyda o‘tiribdi. Lekin o‘zi aqlli bola. Biror ish chiqmagandan keyin nima qilsin. Hozir qayoqqa borishimni ham bilmay qoldim. Yordam berarmikansizlar deb shu yerga kelgandim. Nahotki, bizga o‘xshagan ko‘p bolalilarga biror imtiyoz bo‘lmasa?! 

– Afsus, to‘rtta farzand ko‘p bolali hisoblanmaydi-da, singlim. 

– Unda yana uysiz qolarkanmiz-da, – deydi ayol umidsizlanib.

– Shoshmang, singlim. Siz hozir uch xonali uyning boshlang‘ich to‘lovini aytyapsiz, shundaymi? 

– Ha. Shunaqa bo‘lsa kerak.

– Lekin bir yoki ikki xonali uylar uchun to‘lov undan ham kamroq bo‘ladi. Shuni so‘rab ko‘rmadingizmi? 

– Yo‘q, so‘ramabman. 

– Hozir uch xonaga sharoitingiz yetmasa, bir xona olib turing. Uni to‘lash ham yengil. Har qalay o‘zingizniki bo‘ladi. Nima deysiz?

– Qaniydi, siz aytganday bo‘lsa, mayli-ya. 

– Siz bunday tushkunlikka tushavermang. Biz komissiya bilan ham, bank bilan ham bog‘lanib, barchasini so‘rab-surishtiramiz. Yordam berish yo‘llarini ham o‘ylashib ko‘ramiz. Keling, mana bu dalolatnomani to‘ldirib, bizga telefonlaringizni qoldiring. Barchasini aniqlab, o‘zimiz qo‘ng‘iroq qilamiz. 

Ayol qog‘ozni to‘ldira turib, biroz yengil tortdi. 

– Uy-joy masalasi xalqimiz uchun doimo birinchi o‘rinda bo‘lib kelgan. Shuning uchun ham bugun bu masala bo‘yicha murojaat qilayotganlar ko‘p, – deydi mutaxassis Abdusattor Majidov. – Bir oy ichida bu borada ellikdan oshiq murojaat bo‘ldi. Ularning aksari esa, ko‘rib turganingizdek, uy-joy olishga ko‘mak so‘rab qilingan murojaatlardir. Yaqinda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Sergeli tumanida ko‘p qavatli uylarning qurilishi boshlandi. Bu poytaxtimiz ahlini ancha xursand qildi. Chunki bu xonadonlar bank krediti asosida aholiga berilmoqda. Shuning uchun ham hokimiyat qoshidagi ishchi guruhga murojaat qilayotganlar ko‘p. Biz ham jarayondan chetda qolmay bu boradagi masalada  fuqarolarimizga qo‘ldan kelgancha yordam berib kelyapmiz. 

Bu orada xonaga yigirma besh yoshlar chamasi bir qiz kirib keldi. 

– Keling, singlim. Nima masala bo‘yicha keldingiz? – deydi mudir Olim Paxriddinov. 

– Kommunal masalasi bo‘yicha kelgandim. O‘zim nogironman. Shuning uchun yordam so‘rab keldim.  Men Prezidentning virtual qabulxonasiga shu masalada murojaat qilgandim. Ular ijrosini hokimiyatga yuklanganini aytishgandi. Biroq hokimiyatdagilar murojaatimning javobini hech ko‘rsatishmadi. Shuning uchun sizlarga keldim. 

– Shunday deng.

– Ikkinchi guruh nogironiman. Uyda yolg‘iz o‘zim yashayman. Ota-onam o‘tib ketishgan. Biror joyda ishlay desam sog‘lig‘im to‘g‘ri kelmayapti. Hozir faqat 290 ming so‘m nogironlik nafaqasi bilan yashayapman. Bu ovqatga amal-taqal yetayapti. Shuning uchun iloji bo‘lsa, kommunal to‘lovlardan imtiyoz berilsa, deb murojaat qilgandim. 

– Hokimiyat sizga hech narsa demadimi?

– Yo‘q. Hatto xatimning javobini ham ko‘rsatishmadi. Necha  bor mahallaga, hokimiyatga yordam so‘rab murojaat qildim. Biroq biror marta holimdan xabar olishgani yo‘q. Qayga borishni ham bilmayman. Sog‘ bo‘lganimda idorama-idora yolvorib yurmasdim, – ko‘ziga yoshib olib, xo‘rsinadi qiz. – Hech bo‘lmasa, gaz bilan issiq suvdan biroz imtiyoz berishsa bo‘lardi. Chunki oxirgi paytda juda qiynalib ketdim. Qarzlarim borgan sari oshyapti. Nima qilishni ham bilmay qoldim.

Olim aka tuman gaz mutaxassisi Mirsaid Soatovni chaqirtirib, fuqaro ishini ko‘rib chiqib, iloji boricha amaliy yordam berishni tavsiya etdi. So‘ng mahalla jamg‘armasining tuman bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib, fuqaroning ismi-sharifini aytib, ko‘mak berish masalasini muhokama etishni so‘radi. 

Qiz tuman gaz xodimi oldidan chiqarkan, mudir uni chaqirib: 

–Nima bo‘ldi? – deb so‘radi.

–Pasport nusxasi va nogironlik ma’lumotnomamni olib kelishimni aytishdi. Ular o‘rganib chiqib, o‘n kunda javobini aytisharkan. 

– Unday bo‘lsa, yaxshi. Ertaga mahalla jamg‘armasining tuman filialiga boring, ular ham iloji boricha ko‘mak berishadi. Boshqa sohalar bilan ham maslahatlashib ko‘raylik-chi, ulardan ham ijobiy javob eshitib, masalani hal etishga harakat qilamiz, – deydi mudir.   

Yarim kun mobaynida qabulxonadagi ishchan muhitni ko‘rib, Xalq qabulxonasi o‘z vaqtida ish boshlaganiga amin bo‘ldim.

– Kun sayin fuqarolarimizning murojaatlari oshib bormoqda, – deydi Olim Paxriddinov. – Bu kishilarimizning o‘z haq-huquqlarini anglashi barobarida, yaratilgan imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanayotganidan dalolat beradi. Shu kunga qadar qabulxonamizga 170 dan ortiq murojaat kelib tushdi. Ularning ichida eng dolzarblari uy-joy, nafaqa, kommunal to‘lovlar, doimiy ro‘yxatga qo‘yish, moddiy yordam, ishsizlik masalalaridir. Bu murojaatlar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilib, joyida hal etilmaganlari yechimini topish uchun tegishli tashkilotlarga yuborildi. Ijrosi yuzasidan doimiy nazorat ishlari olib borilmoqda. Nogironlik nafaqasi va pensiya to‘lovlari borasidagi murojaatlarning aksariyati qabulxonaning o‘zida hal etilmoqda. Bundan, albatta, fuqarolarimiz mamnun. Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, ayrim murojaatlar yuzasidan qonun doirasida yoki tegishli normativ-huquqiy hujjatlar asosida ish ko‘rishning o‘zi kamlik qiladi. Bu fuqaroni qanoatlantirmaydi. Bunday holatlarda insoniylik nuqtai nazaridan, fuqaro manfaatidan kelib chiqib ish ko‘rilmoqda. Agar yordam qo‘lini cho‘zmasangiz, qabulxonaga bo‘lgan ishonchi yo‘qoladi. Shuning uchun murojaatlar og‘zaki bo‘ladimi, yozmami barchasi ijobiy hal etilishi ta’minlanmoqda. 

“Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan edi Prezidentimiz o‘z chiqishlarida. Chindan-da bugun Xalq qabulxonasidagi ish jarayonini kuzatib, bu so‘zlarning amaliy isbotini ko‘rdik. Chunki bu yerda tuman hokimi, prokuror, IIB boshlig‘i va boshqa tuman mutasaddi rahbarlarning qabul kunlari tashkil etilgan. Bu esa aholiga o‘z muammolarining yechimini tez topishda muhim o‘rin tutmoqda. 

Qabulxona ishi bilan tanisharkanmiz,  fuqarolardan kelgan ko‘plab minnatdorlik xatlarini ham ko‘rdik. Bundan xalq qabulxonalari chindan-da xalqimiz ishonchiga kirib borayotgan idoraga aylanayotganiga yanada amin bo‘ldik. 

 

BOBUR MUHAMMADIEV, 

“Hurriyat” muxbiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + sixteen =