RAQS TUSHAYOTGAN AYOL

Bekatga yaqin, peshlavhasida nikoh va beshik to‘y marosimlari aks etgan, arzon reklama taxtalari osilgan, odmi to‘yxonani ko‘rib yuragim shig‘ etdi. Birdan xayolim qatida yana o‘sha oqshom namoyon bo‘ldi. Qachon bo‘luvdi o‘sha to‘y?! Unda to‘ng‘ichim Jamol bir yoshga yetmagan edi. Hozir maktabga boradi, demak, olti yil bo‘libdi-da! To‘yxona yonidagi do‘konga kirdim. Bu yerga nega kirdim, eski xotiralarim bilan yuzlashmoqchi bo‘ldimmi? Demak, o‘zimga aloqador neni, kimnidir ko‘rmoq istayman.

 

Taxtadan yasalgan va oq guldor yelim dasturxon to‘shalgan peshtaxtada shirinliklar, sariq, qirmizi va yashil rangdagi arzon chanqovbosti ichimliklardan boshqa hech vaqo yo‘q. Deraza raxidagi chang bosgan yapaloq radio shig‘illagan sas chiqarardi. Xonadagi oziq-ovqatning dimiqqan bo‘yi va zax isi, bu yerning biroz salqinligidan dalolat berardi. Shu vaqt ko‘zim g‘isht terilgan polda, eshik yonida tullagan kuchukka tushdi. Hatto kuchuk ham, issiqda holsizlanib yotardi. 

— Hoy, kim bor?..

Shu payt ochiq eshikka uch-to‘rtta kesak urilib, ichkariga o‘n yoshlardagi bola bilan bir qiz qochib kirdi. Ular meni ko‘rib hayratlanishdi. 

— Uf-f, nafas olib bo‘lmaydi-ya, suv-puving bormi? — yelpindim men.

— Assalom, biror narsa olmoqchimidingiz? — to‘ng‘illadi bola.

— Hali sen do‘konchimiding, do‘koningni, to‘yxonangni ham ko‘chirib ketsa bilmas ekansan-da. 

— Nega unday deysiz? — bola cho‘milaverib, qizargan ko‘zlarini katta ochdi, tikkaygan sochlarini jahl bilan siladi. — Ana, Simbo yotibdi-yu, pashshani ham kirgizmaydi. Hali Shohini qutqarishga ketgandim. 

— Ha-ha-ha, — kuldim, — Simboning ham issiqda miyasi suyulib qolgan shekilli, kelganimda ko‘zini ham ochmadi. 

— Siz yomon xola ekansiz. Shohi, ana suv, yuzingni yuvib ol, — shaq etib radio murvatini buradi va kuchugini bir tepdi. Simbo g‘ingshigancha o‘zini peshtaxta tagiga urdi. 

“Sevib qoldim yana men”, deb kuylardi mashhur hofiz. Xayolimda, o‘sha oqshom raqs tushayotganlar va ular orasida sobiq erim Arslonning yuzi va Gulsanam tomonga egilgan gavdasi paydo bo‘ldi. Uzoqdan raqs tushayotganlarning qo‘llarini, kulgidan qisilgan ko‘zi, baxtdan porlayotgan va sehrli tus olgan yuzlarini ko‘rardim. Go‘yo davrada raqs tushayotgan yosh-yalanglar, Arslon va Gulsanam, o‘zga notanish va sirli bir olomonga aylanib qolishgandi. Bu holat yuragimni kuydirar, rashk dilimga g‘ulu solardi. Bor, u qizni sochidan burab, yerga tortib ur, ur, nega anqayasan, u odamlar va hatto sening oldingda eringning qo‘llaridan ushlab raqs tushyapti, derdi. Qiziq, odamning kuy eshitib, raqs tushishida nima ma’no bor ekan? O‘zim raqs tushishni uddalay olmaganim uchun, to‘yda o‘yin tushadigan ayollar va ovuldagi raqsga tushadigan qizlarni, ayniqsa, o‘sha Gulsanamni yomon ko‘rardim. 

Bola kattalarga xos vazminlik bilan peshtaxtani tartibga keltirib, changlarini arta boshladi. U harakatlari bilan menga “bo‘ldi endi, chiqib keting” derdi. “Xo‘sh, Shohini kimdan qutqarding?” dedim qitmirlik qilib. 

Shu mahal, do‘kon devorlari va eshigigacha kesaklar ketma-ket qarsillab urildi. Bola yana mag‘rur ovoz bilan “ana ular” deb eshikka ishora qildi. Men derazadan cho‘milishdan qaytayotgan va ho‘l kiyimlarini boshiga soyabon qilib olgan uch-to‘rtta bolani ko‘rdim. 

— Shohi bilan sinfdoshmiz, — “tushuntirish” berdi bola. 

— Dildora opanglar uyidamikan, qizlarini ko‘rmadingmi? — deyman unga.  

— Qo‘shnimiz Dildora opami? Hali uyiga o‘tib ketishgandi. 

Saratonda jizg‘anak bo‘lgan ko‘chadan chang bosganidan yaprog‘ini ko‘tarolmay, qovjiragan daraxtlar yonidan o‘tib, Dildoranikiga bordim. 

Dildoraning derazalari yo‘lga qaragan uyi chang bosganidan, eskirib, enkayib qolganga o‘xshardi. Oilaning bo‘yi yetgan qizlari bir-biri bilan hazillashib, kulishib, onasi Dildoraning dashnomlarini eshitmaganlikka olar, eshitsa ham “ona, ona” deb iltijoli nigoh tashlab, yumushlarini qilishardi. Go‘yo opa-singillarning harakatlari, o‘zaro munosabatlari va kulgilari zamirida, o‘zlarining qo‘li kaltaligini yashirishga urinish holati bor edi.

Qizlar qanchalik kulib, har qaysisi, biz Dildora bilan o‘tirgan xonaga besh-olti marotaba kirib-chiqsa ham, stolga ikki dona qotgan cho‘rak, uchta piyola, bir choynak choy va bir taqsimcha yeryong‘oqdan boshqa narsa chiqarisholmadi. Shunda hali do‘kondan sotib olgan shirinliklar esimga tushib, yelim xaltachalarni shildiratganimcha qizga uzatdim. 

Qiz gap nimadaligini anglab, duv qizarib, shamolday yelganicha g‘oyib bo‘ldi. Birozdan so‘ng, yo‘lakdan yana qizlarning sho‘x kulgisi yangradi.

— Dildora opa, qizlarni uzatmadingizmi?

Uning dumaloq ko‘zlariga birdan yosh qalqib, semiz va tarang yuzida iz qoldirib iyagiga tushadi. 

— O‘zingiz bilasiz, qizlarim aqlli, chiroyli. Eshigimizni sovchilar qoqaverib charchatishdi. Kelishadi, yigit va qiz bir-birini yoqtirishadi, so‘ng birdan nodon otasining yallachiga ergashib ketganini eshitib aynib qolishadi. Axir, erimning piyonistaligi, o‘yinchi Nigora bilan ketib qolganiga biz aybdormizmi? Bir-ikkita yigit esa otasi bor qizga uylanaman, debdi.

— Sherjon aka hali qaytib kelmadimi? — so‘rayman, uning oldindan qanday javob berishini bilib.

— Gulyuzxon, siz borligingizda ketgani, u yer yutgurning. Hozir bir-ikki so‘m puli, mashinasi bor. Shuning uchun yallachilar qo‘yib yubormaydi. Hali ertaga pulini yeb bitirsin, ketiga bitta tepadi. 

Tepki yeb, havoda uchib yerga qulayotgan Sherjonni ko‘z oldimga keltirib, o‘zimni kulgidan zo‘rg‘a tiyaman:

— Mashinasini olib qolmabsiz-da?

— Voy, Gulyuzxon, — Dildora kalta qo‘llarini silkitib kuladi va qishloq xotinlariga xos odat bilan yoqasini ushlab tuflaydi. — Tuf-tuf… mashina emas, uning jonini olarsiz. U mashina bilan Sherjon-da, bo‘lmasam, o‘zini nimaga arzishini biladi u. Jonidan kechsa kechadi, mashinani bermaydi.

— O‘zingiz shundan beri Arslonbeklarni ko‘rdingizmi? — deyman ataylab Arslonbek ismiga “lar”ni qo‘shib.

Dildora o‘zi bilmagan holda men istagan mavzudan so‘z ochadi. 

— Gulxon, hozir ularning ishi yurishib ketgan, esingizda bo‘lsa, elatdagilar uni “musirchi” deb kulardi, haligi qog‘oz-pog‘oz yig‘ib yurardi-ku, shunga…

— E, shundaymi, bilmagan ekanman, — deyman zo‘rg‘a ko‘z yoshlarimni yutib. 

Bog‘larni aylanib kelay deb hovliga chiqaman. 

Narvonning eng yuqori cho‘piga chiqqanimda, yuzimga shamol urilib, ko‘zlarim “yalt” etib ochildi. Qarshimda dov-daraxtga ko‘milgan yakkam-dukkam televizor tarelkalari, somonli bo‘g‘otlar, shifersiz uylar va Monoq yastanib yotardi. Bu joylarni kelin bo‘lib tushgan kunlarimdan yaxshi ko‘rib qolganman, odamlari qarindoshday yaqin, oqibatli. Sobiq erimning hovlisiga og‘rinib qarayman. Xotiralarim, uyimda ming bora o‘ylangan va ba’zan ko‘z yosh bo‘lib oqqan o‘ylar yurak bag‘rimni tilib o‘tadi. Gulsanam deganlari to‘ylarning malikasi edi. U allaqayda musiqa maktabini tugatgan, egniga arzon matoh kiyimlarini ham yarashtirib kiyib, elat yigitlarining ko‘zini o‘ynatar edi. Xullas, har to‘yda erim bilan raqs tushishini yoqtirishini va zimdan ko‘z suzishini anglab qolganimda kech bo‘lgan edi. O‘sha to‘yda Arslon va u ko‘l chetiga qo‘ngan oqqushlar misoli aylanib, charx urib ketgan edi. Bu ovulning odamlari juda g‘alati: yosh-qarisi to‘y-ma’rakada zavqlanib raqs tushardi. Qishlog‘imizda raqs tushish katta ayb sanalardi. U raqs, u tarovat va u holatda bu ikkisi haqida sira yomon gaplarni o‘ylab bo‘lmasdi.

Hovlining ilgarigi dov-daraxtlari chopib tashlanib ikki qavatli, akfa derazali imoratlar qurishibdi, o‘rtada qolgan shapaloqday yerga yam-yashil chim yotqizilibdi. Oshxona tomlari va bog‘ devorlari ustiga o‘rnatilgan TV antenna lappaklari, uyga yopishtirib qurilgan garajda turgan xorijiy rusumli mashinadan xonadonning o‘ziga to‘qligi bilinib turardi. Arslon kimga uylangan ekan, albatta Gulsanamga, dedim.

Yuragim «shig‘» etdi, uyning eshigi ochilib, Gulsanam bir quchoq yostiq ko‘tarib chiqdi. Uzoqdan uning yuzini yaxshi ko‘rolmasdim, ammo ancha to‘lishganga o‘xshardi. Men bu uydan faqat o‘zimning kiyimlarim va qimmatbaho narsalarnigina olib ketgan edim. Jildlariga oqqushlar, ohular, ona-bola zebra suvratlari tushirilgan katta-katta par yostiqlar va ko‘rpa-to‘shaklar qolgandi. Bu narsalarni sepim bilan olib kelgan edim. 

“Opa, tushing endi, hali choy ham ichmadingiz, qovurdoq… Bu savil zangimiz ning ham tishlari omonat, men chiqolmayman, tushaqoling” dedi zorlangan Dildora. Tomning chetiga kelib, yerda to‘nkaning ustida o‘tirgan Dildoraga gapirindim. “Birovning uyini o‘t olibdimikan dedim?” “Ha, umi, ular boyib ketganidan endi yostiqlarini yoqadigan bo‘lishgan, xonalarida joy egallab yotganmish”. Shu mahal haligi ayol yalt etib, biz tomonga qaradi. “Dildora, Gulsanam nechta bola tug‘di?”. “Qaysi Gulsanam?” deydi Dildora befahmlarcha. Beixtiyor somonlarning orqasiga engashdim, kundoshim meni ko‘rmay qo‘yaqolsin, deb o‘yladim, birozdan so‘ng qarorimdan qaytdim, bir aybim bormidiki, yashirinsam. Ayol qo‘llarini soyabon etib, biz tomonga tikildi va aftidan, tanigach, bir qalqib, uning ko‘lankasi olov shu’lasida qotib qoldi. Olov ko‘kka o‘rlardi, yostiq jildlaridagi jonzotlar «uvvos» solardi (yostiqlarni nima sababdan yoqishini tushundim — ularning ichi qurtlab ketgan ekan).

Aslida bu holatni oradan qancha yillar o‘tib ketgan bo‘lsa ham, tushuntirib berolmayman, menga bir balo bo‘lgan edi. Men Arslonni bir marta raqs tushgani bilan Gulsanamniki bo‘lib qolmasligini, uni quchgani bilan, ketidan ergashib ketmasligini bilardim, lekin ichimda bir qoralik bor ediki, u yuragimni omonsiz parmalardi. “Ko‘z oldimni zulmat qoplaganicha, Gulsanamni itarib yuborib Arslonni davradan sudrab olib chiqdim, davradagilar “oh” deb yubordi. Gulsanam yiqilgan stolda idish-tovoqlarning singani va olomonning “na bo‘ldi?” deya guvranganini eshitdim. Men ayni o‘sha lahzada erimni na rashk qilar, na davradan olib ketishni istar, faqatgina shu muddatda, vaqtda, lahzada yonayotgan yuragimga dalda bo‘lish, ma’lum darajada ko‘pchilikning oldida o‘zimni ko‘rsatish uchungina, boshlagan ishimni oxiriga yetkazishni o‘ylardim. Bu qilig‘im oqibatida yuzimga shapaloq tushdi, bir juft olovli ko‘z porlardi, jonimdan yaxshi ko‘rgan odamimning yuziga tikildim. Yonganlarim, og‘riqlarim va hayajonim, ko‘z yosh bo‘lib oqdi. Ko‘z yoshlarimni odamlardan yashirolmadim.

Ketdim, ketaverdim. Men onamning uyiga ikki bolamni ergashtirib, yetib borgunimcha yillar o‘tib ketganday edi…

O‘girilib yo‘lga qaradim. O‘sha yo‘l bo‘yidagi, eshiklarini chim bosgan to‘yxonada baxtimni boy bergan edim. Ovulning ne-ne yoshlarini baxtli etgan, baxt tilaklari, qadahlar jaranglagan to‘yxona, meni tolesiz etgandi. Endi yillarki, pushaymonlar, tavbalar, ko‘z yoshlar va behuda qasamlar ichimni kemiradi. “Opa, tushing endi?” deydi zorlanib Dildora. “Hozir anovi narsalarni bir ko‘ray dedim, zo‘r yonar ekan.

Qo‘shni hovlidagi xotin negadir taraddudlanib, chor-atrofga yoyilib ketgan patlarni, yostiq jild parchalarini va “chirsillab” otilgan o‘tinlarni terib olovga otdi. Uning qorachiqlarida pushaymon va sarosimali tuyg‘ular yilt etib, jazavali raqs tushayotgan olov hukmron bo‘lib oldi. Balki bu xotin, yostiq patlarini qurtladi degan bahona bilan erining xotirasidan ayirishga va u kunlarni yo‘qotishga bel bog‘lagandir. Eng avvalo yostiqlar, so‘ng ko‘rpachalar, ko‘rpalar, to‘shaklar, choyshablar bir-bir yonadi. Xotiralar ham yonadi.

Ayvoningda bir tup uzum,

Shoxlari duzum-duzum,

Oxtaraman sani o‘zim,

Bu yerlara naga galding?.

Tillo sochdim qadamingga,

Oshiq bo‘ldim adabingga,

Mani tashlab yurganingda,

Bu yerlara naga galding”.

Asli o‘zi bu yerlarga nega keldi, kimni izlab keldi?

Vaqt o‘tishi bilan vujudida may kabi o‘tkirlashayotgan og‘ir dardi, ko‘payib ketgan javobsiz savollari uni Dildoraning tomiga yetaklab kelgan edi.

Mana qarshisida boy bergan baxti sohibasi, mana ko‘r, shuni istaganmiding, o‘lding shu yerga yetib kelguncha, bolalaringga ming xil bahona topding, ana ko‘r.

“Endi ko‘r, agar shuni istagan bo‘lsang. Xo‘sh, bu uchrashuvdan so‘ng, bu xotiralar, mag‘rurliklar, ta’nali nigohlar va so‘nggi xotiralar yoqilishi bilan qanday yashaysan, umringning so‘ngiga qadar bu xotira yukini ko‘tarishga kuching, sabring yetarmikan?..”

Ikki olamdan, tomdan va yerdan bir-biriga tikilayotgan ikki kundoshning nigohlari uchrashadi. “Voh! Bu kim?!” Nazarimda tom bilan qo‘shilib qalqidim. U Gulsanam emas, tamom begona xotin, oq-sariqdan kelgan, zaharligi yuzidan bilinib turgan ozg‘in bir ayol. Nafasim bo‘g‘zimga tiqilib, qorachiqlarim harakatsiz qotib qoldi.

Oqqush, ohularning avval oyoqlari, chiroyli gavdalari, qanotlari va ko‘kka mag‘rur cho‘zilgan tumshuqlari hamda katta-katta mungli ko‘zlarini olov tillari, tutunlar yamlay boshladi. Ohular, oqqushlar, zebralar va hatto rasmdagi boshqa qushlar, qanotli farishtalar ham yonib ketmaslik uchun ko‘kka talpinardi. 

Bir zamonlar taqdirga qilgan xitobimning, aks-sadolari qaytib kelmoqda edi.

“E, anavi Gulsanam raqqosani so‘rayapsizmi? — pastdan Dildoraning horg‘in ovozi eshitildi. — U erga tegmadi, sho‘rlik kasal bo‘lib yotib qolgan ekan. Yaqinda ko‘rib qoldim, cho‘pday ozib ketgan. O‘lib qolmasa go‘rga edi. Operatsiya qilib bir buyragini oldirgan ekan”.

Qo‘shni hovlidagi xotin, tuyqus o‘ziga keldi, barchasidan birato‘la qutulishni istaganday, quchog‘idagi katta-kichik yostiqlarni olovga otdi. Mening yostiqlarim, tushlarim, orzularim va xotiralarim yonishni istamaganday, burqsib tutay boshladi, avval hovlini, so‘ng butun dunyoni yonmagan xotiralarning tutuni qopladi. Ayol harakatlarida asabiylik, jahl, hayajon va sarosimalik bor edi. 

Bu dargohda menga aloqador barcha ashyolar yonib bitmoqda (endi meni hech kim, hech narsa eslamaydi), ammo Arslon ko‘rinmasdi.

Men yonayotgan ohular va qanotli farishtalarni sovuqqonlik bilan kuzatarkanman, ko‘z yoshlarim yuzimni yuvib tushayotganini sezmasdim.

Tushishga chog‘lanib, narvonga qo‘l uzatgan chog‘imda uzoqda, to‘yxona oldidagi maydonchada Iskandar va qizning suv sepishib yurganini ko‘rdim. Kuchugi qorni to‘ygan chog‘i, tinmay qiz va bolaning atrofini aylanib chopardi. Ular do‘konning oldiga eski gilamcha solgan, gilamchaning aksi osmonga tushardi. 

Salomat VAFO

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 + 5 =