Sochlar oqardi, ko‘ngil yoshardi…

 Radio — olis yaylovlarda yurgan cho‘ponlarning, shaharning chapani kirakashlariyu qo‘llari yumushdan bo‘shamaydigan uy bekalarining — barchaning doimiy hamrohidir. Qulog‘ini burab qo‘ysangiz bo‘lgani, dunyoda sodir bo‘layotgan voqealardan, dilni yayratuvchi kuy-qo‘shiqlardan, ma’naviy boyligingizni oshiruvchi turli rohatijon eshittirishlardan bahramand bo‘lasiz.

 

U qulayligi bilan ajralib turadi. Qaysidir eshittirishni tinglar ekansiz, uni muxlislarga taqdim etguncha anchagina zahmat chekilganini xayolingizdan o‘tkazganmisiz? Bilasizmi, muxlislar qalbini zabt etish uchun radioboshlovchi, muharrirlar kechayu kunduz tinim bilmay mehnat qiladi.  Kech soat o‘nlarda “jonli efirim bor edi”, deya shoshilayotgan yoki saharlab radio binosidan horg‘in qiyofada chiqib kelayotgan hamkasblarimni ko‘p uchratganman. Ana shu lahzada radioda faoliyat yuritish uchun iqtidor, ilmdan tashqari kuchli matonat zarurligini xayolimdan o‘tkazaman. 

O‘ttiz yillik umrini radioeshittirishlar tayyorlash bilan o‘tkazgan Kamoliddin Mirzaahmedov ham mana shunday fidoyi kishilardan biri. Ustozning o‘sha yerda sochlari oqardi, yuzlariga ajin tushdi, radio esa gurkirab rivojlanib bordi, tiniqlashdi, bir so‘z bilan aytganda, yashardi. Uning taraqqiy topishi uchun esa Kamoliddin akaga o‘xshagan jurnalistlar o‘z yoshliklarini, kuch-g‘ayrati, iste’dodi, mehnatini baxshida  etdi.

Tinglaging keladi  tinglagan sari,

Ohanglaring 

dil yayratar-o.

Senda mening 

sochim oqardi,

Sen-chi, 

yasharyapsan radio.

Kamoliddin aka talabalik yillarini, endigina radioda faoliyat boshlagan kezlarini ko‘p bora so‘zlab bergan. Atoqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov e’tiboriga tushgan yoshgina o‘spirin u kishining tavsiyalari bilan “O‘zbekiston” radiosining  mashhur yozuvchi, dramaturg  O‘lmas Umarbekov rahbarligidagi “Adabiyot, musiqa va san’at” muharririyatida kichik muharrir bo‘lib ijodiy faoliyatini boshlaydi. 

— Faoliyatim davomida ustozlarimning o‘giti, maslahatlari juda asqotgan, — deydi minnatdorlik bilan u. “Ustozlar yodi” maqolasida esa ularning “Odamni odam qiladigan, jamiyatni jamiyat qiladigan qudrat Vijdon, Insof, Diyonatning barqarorligidir”, degan aqidalari hayot a’molimga aylandi, deya ta’kidlaydi. Kamoliddin akaning ustozlari o‘ulom Karimov, Ozod Sharafiddinov, O‘lmas Umarbekovlar haqida yozgan “Ustozlar yodi”, “Mehri qalbga jo bo‘lgan ustoz”, “Qarilikka bo‘ysunmagan ustoz” kabi xotira maqolalarida ularga bo‘lgan hurmati, ehtiromi yaqqol namoyon bo‘ladi. 

U kishi o‘z ustida tinimsiz ishlashi, harakati, iqtidori bilan qisqa fursatda muxlislar mehri, hamkasblari hurmatini qozondi. Ko‘p yillik radiomuxlislar Kamoliddin akaning huquqiy-axloqiy mavzulardagi eshittirishlarini yaxshi eslaydi. Ayniqsa, 1970 yillarda efirga uzatilgan “Inson odobi bilan” eshittirishini jon-qulog‘imiz bilan tinglaganmiz, deyishadi.  Kamoliddin akaning jurnalistik mahoratiga, nafaqat, radioeshittirishlari, balki “Hurriyat”, “Mohiyat” va “O‘zbekiston ovozi” kabi bir qancha nashrlarda chop etilgan maqolalariyu suhbatlaridan ham guvoh bo‘lamiz. Uning “Ulovdagi sarguzashtlar”, “Kimsiz o‘zi, birodar?”, “Poklanish”, “Umr o‘tmoqda”, “Ustozlar yodi”, “Ehson — savobli martaba”, “Bog‘bonlarning bog‘boni edi”, “Yo‘llar haqida o‘ylar” singari maqolalari sevib o‘qiladi. Kamoliddin aka jurnalist uchun zarur bo‘lgan muloyimlik, xolislik, qiziquvchanlik kabi xislatlarga ega. Nohaqlikni uchratganda beparvolik bilan o‘tib keta olmasligi tanqidiy, tahliliy ruhdagi  eshittirishlari, maqolalaridan bizga ayon. “Kimsiz o‘zi, birodar?”, “Uy egasi — kimning erkasi?”, “Men dardimni kimga aytaman?”, “Kogondan Buxoroga borayotgan edik”, “Ichki postlarga zarurat bormi?”, “Tormoz…” kabi maqolalar shular jumlasidan.

U kishining ish faoliyati bilan birga hayoti ham ulgi olishga arziydi. Yaxshilar bog‘ yaratadi, deganlaridek, Kamoliddin akaning uch nafar farzandi, bir etak nabirasi, qalblarni zabt etgan nomi, qolaversa, o‘z qo‘llari bilan o‘tqazgan daraxtlardan tashkil topgan mo‘’jazgina “Do‘stlik” nomli bog‘i bor. U kishining fazilatlari, hayot yo‘li, ijodiy faoliyati haqida yozilgan “Biz bilgan Kamoliddin aka”, “Yaxshilikka yo‘ldosh”, “Oqibatli odam” kabi maqolalarni o‘qib Kamoliddin akani yaqindan taniganday bo‘ldim, mehrim, hurmatim oshdi. 

So‘zi sohir qahramonimiz bugungi radiojurnalistika to‘g‘risida fikr yuritar ekan, sohaning kundan-kunga taraqqiy etib borayotganini ta’kidlaydi. “O‘zbekiston” radiosi tomon yo‘li tushganida eshittirishlarda yo‘l qo‘yilayotgan ba’zi kamchiliklarni sanab o‘tadi, chunki bu dargohga qalbining bir parchasini qoldirgan. Radioboshlovchilarning andak shoshqaloqligi, muharrirlarning o‘z ustida ko‘proq ishlashi zarurligini aytib, faoliyatiga kamol tilaydi. Umrini soha rivojiga bag‘shida etgan Kamoliddin akadek tajribali insonlarning so‘zlari yosh radiojurnalistlar uchun duru gavharga teng desak, adashmagan bo‘lamiz.

Sanjar 

ESHMURODOV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × one =