Yuksalish dovonlarida

O‘tgan chorak asrdan ziyodroq vaqt mobaynida yurtimiz jahonning ilg‘or mamlakatlari qatoriga kirdi: taraqqiyotning qaysi jabhasini olib qaramaylik, O‘zbekiston eng oldingi o‘rinlardan birini egallab turganining guvohi bo‘lamiz. Avtomobilsozlik, elektrotexnika, axborot kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha o‘tgan o‘n besh-yigirma yil ichida qilingan ishlar asrlarga tatiydi, desak mubolag‘aga yo‘ymang. Gap ko‘chalarimizni to‘ldirib yurgan zamonaviy avtomobillarimiz soniyu sifatida yoxud ro‘zg‘orimizni obod etib turgan o‘zimizda ishlab chiqarilgan maishiy asbob-uskunalarda emas. Xalqimizda zamon bilan hamnafaslik tuyg‘usi shakllandi, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ulari qayta jo‘sh urdi, taraqqiyotga, yuksalishga oddiy ko‘z bilan qaraydigan bo‘ldik.

 

Istiqlol sharofati bilan dunyoga yo‘l ochildi. Kamina ham ana shunday imkoniyatdan foydalanib, Yaponiya, Turkiya, Pokiston, Angliya singari mamlakatlarda bo‘lib, u yerlardagi turmush darajasi, hayot tarzi bilan tanishdim. Biz qachon ularning darajasiga yetar ekanmiz, deya havas qilgan, ochig‘ini aytsam, bunga hali juda ko‘p yillar kerak bo‘ladi, deb o‘ylagan edim. Bugungi yuksalish, islohotlar samarasiga boqib, o‘sha o‘ylaganlarim xato bo‘lib chiqqanidan xursand bo‘laman. 

Birinchi Prezidentimiz yurtimizning barcha go‘shalari kabi, Qoraqalpog‘istonga, Orolbo‘yi hududlariga ham katta e’tibor qaratgan, qurigan dengiz bo‘yidagi aholining turmush darajasi yaxshilanishi yo‘lida bor kuch-quvvatini ayamagan edilar. Bu xayrli ishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan munosib davom ettirilayotganini ko‘rib, ko‘nglimiz faxru iftixorga to‘ladi.

Har ko‘ngilsizlik ortidan bir xursandchilik kelishi bor gap. Orol qurib, qalbimizga ingan tushkunlik izlarini kelajakka bo‘lgan umid yuvib yubormoqda. Yer ustidan chekingan — dengizdan yo‘qotgan nasibamizni yer qa’ridan topdik. Ustyurt va Orolqumni qazib, neft-gaz chiqardik, Ustyurtda soda zavodi bilan yirik gazkimyo majmualari ishlab turibdi. 

Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istonda bo‘lgan chog‘ida “uyg‘onish kerak” degan iborani ishlatdilar. Bu jumla zamirida “Ey, yurtdosh, kel, shu Vatan, shu xalq uchun mehnat qilaylik, ozgina zahmat cheksak, ko‘p yutuqlarga erishamiz, turmushimiz yanada farovon bo‘ladi” degan ma’no mujassam edi. 

Ikki asr ilgari zamondoshlarining befarqligidan kuyingan shoir Pushkin:

Uyg‘on, ey yo‘lovchi! 

Uyqung qattiq, dim.

Mudroq yotib, 

qariganda uyg‘onding… 

— deb yozgandi iztirob bilan. Shoir murojaat qilgan kimsa qachon uyg‘ongan, bilmadim-u, Yurtboshimiz so‘zlaridan so‘ng qanday o‘zgarishlar bo‘layotgani, odamlar tafakkuridagi ezgu evrilishlarni ko‘rib-guvohi bo‘lib turibmiz.  

Prezident Xo‘jaylidagi Muruvvat uyi, maktablarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, odamlar bilan ko‘chalarda yuzma-yuz gaplashdi va xalqning orasiga kirib, dardini tingladi.

Tarixi asrlar qa’ridan boshlangan Xo‘jayli Qoraqalpog‘istonning qadimiy shaharlaridan biri. Qadimshunoslar ta’kidlashicha, Mizdaqxon yer osti mavzoleyi nafaqat O‘zbekiston, balki butun jahonda antiqa sanaladi. Bu shaharga mashhur sayyohlar Marko Polo, Vamberilarning qadamlari yetgan. Qariyb ikki asr muqaddam, eski Xo‘jayli shahri ko‘chalari tasvirlarini chizgan taniqli musavvir-sayyoh V.Karazin shahar o‘rtasidan o‘tadigan Suvenli kanalida qayiqda suzib, bu yerni “Sharq Venetsiyasi” deb atagan ekan.  

Yangi Xo‘jayli o‘tgan asrning ikkinchi yarmida Qoraqalpog‘istonga temir yo‘l kelishi munosabati bilan qurilgan. Ko‘chalarini changitib koptok o‘ynaganimizni bugun nevaralarimiz cho‘pchak sanaydi. Axir, bizlar ham bola bo‘lganmiz, desak, ishongisi kelmay turadi.

Prezidentning Qoraqalpog‘istonga otgan har bir odimini xalq ulkan umidlar bilan kuzatib bordi. Shumanay tumanida uyushtirilgan saylovoldi uchrashuvida odamlar bilan yana ko‘rishdi va suprasi quruq gaplar zamonining o‘tganligini yana bir bor ta’kidladi. Qangliko‘l tumanidagi qishloq xo‘jaligi texnikasi saqlanishi bilan qiziqib, qimmatbaho texnikani asrash ahvolidan qoniqmadi. Shu yerda Qoraqalpog‘iston respublikasi shimoliy tumanlari qishloq xo‘jalik strukturasini qayta ko‘rib chiqish taklifini kiritdi. Shimoliy tumanlarda kam ziroatli paxta monopoliyasidan qutulib, bog‘-rog‘, sabzavot ekinlarini yetishtirish bilan chorvachilikka o‘tishni tavsiya etdi. Haqiqatan ham, bu yerlarda gektaridan o‘n besh tsentner paxta hosili olish mumkin, xolos. 

Davlatimiz rahbarining Qo‘ng‘irot shahrida xalqaro logistik markaz va Mo‘ynoq tumanini toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydigan 101 kilometrlik quvurning tamal toshini qo‘yayotib: 

— Birinchi o‘rinda suv, ichimlik suvi turishi kerak. Biz Mo‘ynoqqa toza ichimlik suvini jadal yetkazishimiz shart! — degan gaplari mo‘ynoqliklarni to‘lqinlantirib yubordi. Usha joyning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari suv quvuri ishga tushgunga qadar ushbu tuman aholisini avtotsisternalar vositasida toza suv bilan ta’minlash choralariga kirishdi…

Prezidentning har bir taklifida Qoraqalpog‘istonning chuqur o‘ylangan umumrivojlanish istiqboli ko‘zlangan edi. 

Prezidentimizning poytaxt Nukusda polimer va elektroapparat zavodlarining tamal toshlarini qo‘yishi Qo‘ng‘irot soda zavodi bilan Ustyurt gazkimyo mahsulotlarini mahalliy makonlarda qayta ishlash natijasida yangi ish o‘rinlarining ochilishiga asos bo‘ladi.

Yangitdan ta’mirlangan Nukus temir yo‘l vokzali Orolbo‘yi yo‘lovchilariga qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi. Qolaversa, Nukus — Toshkent havo va temir yo‘llari kira haqlari ancha arzonlashtirildi.

Vokzal ro‘parasidagi ko‘chada qad ko‘taradigan, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Ibrohim Yusupov nomidagi ixtidorli bolalar maktabi loyihasi va qurilish joyini ko‘rgan Prezident maktab oldi maydonini kengaytirib, shoir haykalini o‘rnatish va maktabda Tarjima markazi bilan bosmaxona ochish takliflarini kiritdi…

Nukus shahridagi Ernazar Olako‘z ko‘chasi kengaytirilib, ikki tomonida 46 ta besh qavatli turar-joy imoratlari tiklanadigan bo‘ldi…

Toshkent pediatriya instituti Nukus filiali imoratini ko‘zdan kechirgan davlatimiz rahbari jahon tibbiyoti tajribalarini qo‘llash imkonini beradigan 120 o‘rinli klinika ochish va malakali mutaxassislar tayyorlash sohasiga doir ko‘rsatmalar berdi…

Yaqinda Nukusda yangitdan 150 o‘ringa mo‘ljallangan Xirurgiya markazi ish boshladi. Bundan buyon murakkab jarrohlik operatsiyalari uzoq-uzoqlarda emas, Nukusning o‘zida amalga oshiriladi…

Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga asos solinib, hududning qishloq xo‘jalik strukturasiga keskin o‘zgarish kiritilishi mo‘ljallanmoqda. Shimoliy tumanlarda bog‘dorchilik, uzum, sabzavot, yetishtirishga alohida e’tibor qaratiladi, bu hududlar chorvachilikka ixtisoslashadi. 

Bugun Orolbo‘yida umidlar uyg‘onib, orzular tongi otmoqda. Shumanayda qalbingni qitiqlaydigan xalq kuylari yangrab, odamlar yeng shimarib ishga kirishmoqda. Bolakaylar ertalabdan bog‘chaga shoshiladi va olis-olislardan temir karvon sadolari eshitiladi. Qo‘shnim “Lasetti”siga o‘tirib, ishiga ketayapti, talaba o‘g‘li “Matiz”i bilan o‘qishga…  

Axir, Berdaq bobomiz aytganki: 

Tadbir qilib, top dunyoni,

Boldan ortiq, bilsang, ani…

Qoraqalpoqlar ota-bobolar ruhiga o‘ta sodiq odamlar. Ularning ko‘nglini topsangiz, tog‘ni talqon qilib, sahroni gulga aylantirib, tomchidan dengizlar yaratadi.

 

O‘rozboy 

ABDURAHMONOV,

Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 4 =