BUYUK SAN’ATKORNI ULUG‘LAB

 

“Qo‘shiq aytishni juda xohlayman. Aytgandayam ham yaxshi, ham hech kimga o‘xshamay, faqat yurakdan, o‘z nolalarimni kuylashni istayman…”.

 

Bu o‘zbek xalqining nomini dunyoga tanitgan, milliy estradamiz tamal toshini qo‘ygan buyuk san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirovning o‘spirinlik yillarida aytgan so‘zlari edi. Uni xudo yorlaqab sohir ovoz, katta iste’dod berdi va ana shu orzusi ushaldi. Haqiqatan hech kimnikiga o‘xshamaydigan o‘lmas, betakror qo‘shiqlar yaratdi, yurak nolalari minglab-millionlab qalblarga yetib bordi.

Qaydasan, azizim, qaro ko‘zligim,

Sevgili yulduzim, shirin so‘zligim.

Qo‘limda senga deb quyilgan sharob,

Ko‘zlarim yo‘lingda, anor yuzligim…

Ushbu satrlarga ko‘zingiz tushishi bilan she’r tarzida oddiygina o‘qiy olmaysiz, beixtiyor kuylay boshlaysiz. Zabonga qo‘shilib, yurakda ajib ohang tug‘iladi, kuyga monand tebrana turib, ko‘z o‘ngingizda san’atkorning ulug‘vor qiyofasi jonlanadi. Unga qo‘shilib, satrlarni qayta-qayta takrorlashni va sohir qo‘shiq tugab qolmasligini istaysiz. Ulug‘ san’atkorning qaysi qo‘shig‘i yodingizga tushmasin, shunday hol yuz beraveradi. “San’atkor televizordami, sahnadami, qaerda bo‘lmasin, haqiqiy qo‘shiq yuragidagi bo‘ronlarini (agar u yurakda bo‘lsa) tomoshabin qalbiga ko‘chirishi kerak”, degan edi u. Alalxusus, Botir Zokirov o‘zi istaganday umrboqiy qo‘shiqlari, yurak bo‘ronlarini tomoshabin qalbiga ana shunday ko‘chira oldi.

1989 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi, publitsist Ashurali Jo‘raevning buyuk san’atkor hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Yurak bo‘ronlari” asari chop etilgan edi. O‘sha yillari ushbu hujjatli qissa qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilgan va kitob javonlarimizdan munosib o‘rin olgan. Yozuvchining Botir Zokirov hayoti va ijodini katta qiziqish bilan uzoq yillar o‘rganishi natijasida ushbu asar to‘ldirilib, roman-essega aylantirildi va o‘tgan yili chop etildi. 

Yaqinda Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonada mazkur kitobning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. 26 aprel – Botir Zokirovning tavallud ayyomiga ushbu asar salmoqli tuhfa bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.

– Biz Botir Zokirov zamoni odamlarimiz, – dedi marosimda ishtirok etgan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam. – 60-, 70-yillarda uning qo‘shiqlari bilan yashardik, o‘tirganda ham, turganda ham uning qo‘shiqlari tilimizdan tushmasdi. Yuragimizga boshqa qo‘shiq sig‘magan-da. Ammo buyuklar, peshqadamlar hayoti hech qachon silliq kechmagan. Uning muxlislari chet ellarda ham minglab topilardi. Shukshinning bir hikoyasida Botir Zokirov haqida o‘qib hayratda qolganman. Bunday ulug‘ san’atkorlar haqida asarlar yozish hammamiz uchun qarz, agar Ashurali Jo‘raev yozmaganda, u haqda o‘zim yozar edim…

Chindan ham uning katta iste’dodi, takrorlanmas, salobatli, ayni paytda mayin va jarangdor ovozi ko‘plab o‘lkalardagi san’at ixlosmandlarini hayratga solgan. 

B.Zokirovning ko‘p qirrali ijod sohibi ekanini ushbu asar orqali bilib olasiz. Uning “Oqshom”, “Saraton”, “Avtoportret”, “Buxoro manzarasi”, “Anor pishganda” kabi o‘nlab suratlari o‘z muxlislarini topgan, “Ona”, “Pahlavon”, “Mo‘ysafid”, “Yetakchi”, “Tabassum” nomli hikoyalari “Sharq yulduzi”, “Guliston” jurnallarida chop etilgan. 1957 yilda birinchi o‘zbek davlat estrada orkestrini tuzishda katta hissa qo‘shgan. Bundan tashqari, libretto yozgan, rollar ijro etgan. Uning tengdosh-zamondoshlari bular haqida bilishi mumkin. Lekin bugungi avlod qalbiga Botir Zokirov mazkur kitob orqali to‘liqroq kirib boradi. 

Asarda san’atkor tilidan berilgan “Majnuningman, Qo‘shig‘im!” monologi bor. Undagi “Jahon musiqasida o‘zbekning o‘z ovozi, betakror sozi, nolayu avji bor. Endi bu musiqaga estrada ham qo‘shilishi kerak. O‘zbekning milliy estradasi bo‘lishi shart. Sen bu vazifani bajarishing lozim, Qo‘shig‘im!” satrlari orqali yozuvchi milliy estradani yaratish ishtiyoqi bilan yuragi yonib turgan kuyunchak qahramoni qiyofasini ochib bergan. Kitobdagi “Kuylamoq – yashamoq demak!”, “Parij. “Olimpiya” sahnasida” bo‘limlarda esa san’atkorning yuksalish pillapoyalari, jahon sahnalarini zabt etgani haqidagi lavhalarni o‘qib, dilingiz yayrasa, “Nafas olish qanday baxt?”, “Qo‘shiq umri barhayot”, “Kiprikdagi yosh”, “Topib ber, deb oyga yolvordim” bo‘limlarida betakror iste’dod sohibining uzoq yil og‘ir dard yuki bilan yashab ijod qilgani, milliy san’atimiz rivoji uchun u yaratgan yangi g‘oyalaru ularga to‘siq bo‘lganlar to‘g‘risida bilib kuyinasiz.

Taqdimot marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov, Gavhar Zokirova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor Feliks Yanov-Yanovskiy, filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboev va boshqalar ham Botir Zokirovning o‘lmas san’ati, insoniy fazilatlari haqida gapirib, o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

Kitobdan o‘nlab san’at va adabiyot namoyandalarining san’atkor haqidagi samimiy fikr-mulohazalari o‘rin olgan.

Bugun san’atga ishqibozlar ko‘paygan va ilk pog‘onalarga qadam qo‘yib ulgurmay, bir-ikkita qo‘shig‘i (qo‘shiq deyishga arzisa) chiqib-chiqmay, o‘zini bemalol san’atkor, yulduz deb e’lon qilayotgan yoshlar mazkur kitobni o‘qib, haqiqiy san’atkor qanday bo‘lishini anglasalar ayni muddao bo‘lardi…

 

Xolida FAYZIYEVA

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 1 =