“Jurnalistik tekshiruv” mohiyati va mas’uliyati

Kishilarning axborotga bo‘lgan huquq va erkinliklari qay darajada ta’minlangani — fuqarolik jamiyatining rivojlanish darajasini belgilovchi asosiy mezonlardan biridir. Mazkur misol jahonning rivojlanish tendentsiyasiga mos ravishda bosqichma-bosqich takomilga yetkazib borilayotgani mamlakatimizda erkin axborot makonining shakllanishiga zamin yaratdi. Buni yurtimiz axborot maydonida faoliyat ko‘rsatayotgan 1,5 mingga yaqin ommaviy axborot vositasi misolida ko‘rishimiz mumkin.

 

 

Yangi fakt va ma’lumotlarga boy, jumboqli voqea-hodisalarni tadqiq etishga bag‘ishlangan “jurnalist tekshiruvi” instituti jurnalistika sohasida omma e’tiborini qozonadigan eng samarali usullardan biri bo‘lib kelgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30-moddasida barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslar fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozimligi printsipial qoida sifatida belgilab qo‘yilgan. Shunga mos ravishda milliy qonunchiligimizda axborot erkinligi va kafolatlari bo‘yicha alohida qoidalar belgilab berildi. Xususan, “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasida davlat har kimning axborotni izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va saqlash huquqini himoya qilishini, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi qonunda esa davlat, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxona, muassasa, tashkilot va mansabdor shaxslar har kimga o‘zining huquq va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan qonun hujjatlari, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishga majburligi belgilangan.

O‘z navbatida, mazkur hujjatlarda berilgan kafolatlar kasb faoliyatidan qat’i nazar, fuqarolarning axborotni erkin izlashi, olishi, tekshirishi, tarqatishi, undan foydalanishi va saqlashi bo‘yicha huquqiy sharoitlar ham yaratib berdi.

Shu o‘rinda bugun milliy ommaviy axborot vositalarimiz faoliyatida jurnalist tekshiruvi va jurnalist surishtiruvi tushunchalari birdek qo‘llanib kelinayotganini aytib o‘tish joiz. 

«O‘zbekiston ovozi» va «Golos Uzbekistana» gazetalari bosh muharriri Safar Ostonov “Huquq mavzusida yozadigan hamkasblarimizning “Jurnalist surishtiruvi” rukni ostida berilayotgan maqolalari saviyasi ancha oshganini e’tirof etgan holda, bu borada an’anaviy kamchiliklarning davom etayotganidan ham ko‘z yuma olmaymiz”, deya amalda “jurnalist surishtiruvi” tushunchasini qo‘llagan. Shuningdek, jurnalist Norali Ochilov ham “Jurnalistik surishtiruv, feleton singari janrlar sohaning yozilmagan «qizil kitob»iga kirgan, deyish mumkin” deydi o‘z fikrida. Bunda jurnalist faoliyatida “jurnalist surishtiruvi” atamasi qo‘llanilgan.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi monitoring guruhi Respublika OAVda 2013 yil yanvar — mart oylarida e’lon qilingan tahliliy va tanqidiy materiallar xususida mulohazalariga bag‘ishlangan “Jurnalist so‘zi jamoatchilik e’tiborida” sarlavhali chiqishida esa bil’aks, “Nima uchun aksariyat ijodkorlar “jurnalist tekshiruvi”, “feleton” janrlariga murojaat qilishdan o‘zini tortadi? Negaki, “silliqqina” materiallar yozish oson, buning uchun ortiqcha javobgarlik ham, mas’uliyat ham yo‘q”, deya “jurnalist tekshiruvi” tushunchasini qo‘llagan.

Internet OAV sifatida ommalashib borayotgan kun.uz saytida ham 2017 yil 20 fevral kuni “Buxorodagi binolarning buzilayotgani haqidagi xabarlar bo‘yicha jurnalistik tekshiruv” nomli “Buxoro yoshlari” gazetasining 2017 yil 2-sonidagi “Madaniyat va tartib chorrahasi yoxud “Boshsiz chavandoz”lar” sarlavhali maqola ham “jurnalist tekshiruvi” ruknida berilgan. Shuningdek, “Toshkent haqiqati” gazetasining 2015 yil 20 may sonida Angrenda joylashgan Qorabog‘soy qirg‘og‘iga chiqindi tashlanishidan aziyat chekayotgan aholining shikoyati bo‘yicha va “Diyonat” gazetasining 2015 yil 5 fevral sonida Namangan viloyati Norin tumani shoshilinch tibbiy yordam markazida olib borilgan jurnalist tekshiruvi haqida ma’lumot berilgan.

Ko‘rib turganimizdek, jurnalistik faoliyatda ikki xil nomlangani bilan aslida bir janr yoki uslubdan foydalanib kelinmoqda.

Aslini olganda jurnalistikada “jurnalist tekshiruvi” instituti axborotni izlash, tekshirish va foydalanish kabi umumiy me’yorlarga asoslanadi. Uning huquqiy maqomiga qarasak, amaldagi “Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasi “Jurnalist tekshiruvi”ga bag‘ishlanganini ko‘ramiz. Unga muvofiq jurnalist axborot to‘plash va tekshiruv o‘tkazish huquqiga egaligi, o‘z tekshiruvlarining natijalarini ommaviy axborot vositalari orqali tarqatishga, ularni davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslarga ixtiyoriy ravishda taqdim etishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Ammo jurnalist tergovchi, prokuror yoki sudyadan farqli o‘laroq, fuqarolardan axborotni talab qilib olishga, biror-bir protsessual harakatlar o‘tkazishga haqli emas. Jurnalist tekshiruvini prokuror yoki tergovchining surishtiruvidan farqlay olish lozim. Gap jurnalistning o‘zini qiziqtirgan fakt yoki hodisani chuqur tahlil va tadqiq qilishi hamda har tomonlama dalillangan maqola yozishi, chop etishi yoki tarqatishi xususida ketmoqda. Bu harakatlar jurnalistga qonunchilik tomonidan berilgan huquq va majburiyatlar hamda jurnalistning so‘z erkinligi mas’uliyati doirasida olib borilishi lozim.

Shu o‘rinda sohaning bir qator mutaxassis va ekspertlari tomonidan qonunchilikdagi “jurnalist tekshiruvi” tushunchasini “jurnalist surishtiruvi” shakliga almashtirish bo‘yicha bildirayotgan takliflariga qarshi o‘laroq, jurnalist surishtiruvi atamasi xalqaro amaliyotda deyarli qo‘llanilmasligi va bu mazmunan ushbu usuldan foydalanishda jurnalistlarning imkoniyatlari cheklanishiga olib kelishi mumkinligini bildirib o‘tish joiz.

Chunki jurnalist kasb taqozosi bilan doimo fuqarolik-huquqiy munosabatlarga kirishadilar, ya’ni fuqarolarning turarjoyiga tashrif buyuradilar, ular bilan suhbat quradilar, shaxsiy va ijtimoiy hujjatlarni, ariza-shikoyatlarni, xatlar va tasvirlarni ko‘zdan kechiradilar. Bu kasbiy faoliyatni surishtiruv atamasi bilan aks ettirish ma’lum chegaralanishga olib keladi.

Bugun “jurnalist tekshiruvi” jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy va o‘z o‘rnida samarali usullaridan biriga aylanib bormoqda.

O‘zining vazifasi va maqsadlariga ko‘ra “jurnalist tekshiruvi”ni shartli ravishda jurnalistning jamiyat uchun noma’lum yoki yashiringan faktlarni rejali izlashi va haqiqatni e’lon qilishi, deyish mumkin. Ushbu amaliyotni qo‘llash o‘z o‘rnida OAVning nufuzi ortishiga, aholining e’tiborini qozonishga katta yordam beradi. Chunki jamiyat doim ko‘pchilik uchun noma’lum yoxud yashirilgan ma’lumotlarni bilishga qiziqadi.

Jurnalist tekshiruvi materiallarini chop etishga ixtisoslashgan “The Philadelphia Inquarer” nashrining sobiq muharriri Jin Roberts: “Tekshiruvning mohiyatida biror-bir siyosatchini sharmanda qilish yoki ma’lum qonun buzilishini aniqlash emas, balki o‘quvchining tobora qiyinlashib borayotgan dunyoda nima bo‘layotganini anglab yetishi uchun faktlarni topish yotadi”, deya ta’kidlaydi. Britaniyalik taniqli jurnalist Devid Rendellning fikriga ko‘ra esa “Jurnalist tekshiruvi bu — reportyorlar o‘tkazadigan tadqiqotdir”.

Rus tilida jurnalist surishtiruvi “jurnalistskoe rassledovanie”, ingliz tilida esa “investigation” deb nomlanadi. Xorijda jurnalistik surishtiruv janri, asosan, ommaga deyarli ma’lum bo‘lmagan mavzuni yoritish bilan bog‘liqdir. Bunday ishga jazm etgan jurnalistlarni xorijliklar  investigeytorlar, deb atashadi.

Albatta, jurnalistikaning qiyin, mas’uliyatli va ba’zan xavfli janri hisoblangan “jurnalist tekshiruvi”ni amalga oshirishdan oldin puxta tayyorgarlik ko‘rish lozim. Bunda, avvalo, jurnalistning ushbu xatti-harakatlarini kafolatlovchi qonun hujjatlari bilan chuqur tanishib chiqish maqsadga muvofiq. Chunki tekshiruvni o‘tkazish jarayonidagi har bir xatti-harakat boshqa shaxslarning huquqlari buzilishiga olib kelmasligi lozim. Aks holda jurnalistni qadamba-qadam ko‘ngilsizliklar ta’qib etadi. 

Shuningdek, jurnalist tekshiruvini amalga oshirishda jurnalistika sohasining siri, ya’ni axborot manbalari tomonidan ixtiyoriy ravishda ma’lum qilingan maxfiy xabar, shuningdek, fakt yoki voqealar va ma’lumotlarni manbaning roziligisiz oshkor etmaslik printsipiga qat’iy amal qilish lozim. Jurnalist ushbu talabga faqat qonun bilan belgilab qo‘yilgani uchungina emas balki, ijtimoiy mas’uliyat nuqtai nazaridan ham amal qilishi kerak. Nima uchun axborot manbai ixtiyoriy ravishda aynan jurnalistga ma’lumotlarni oshkor qilmoqda? Buning sabablari bor albatta.

Aksariyat hollarda axborot manbai jurnalistga taqdim etayotgan ma’lumoti bilan jamoatchilikni qandaydir qonunbuzilishi yoki noodatiy voqeadan voqif etish orqali o‘z nazdida adolatni tiklamoqchi ekanligi, biroq shaxsini oshkor etish salbiy oqibatga olib kelishi mumkinligini his etgan holda yondashadi. Va bunday vaziyatda axborot manbai oshkor qilmoqchi bo‘lgan ma’lumoti bilan bevosita shug‘ullanishga mas’ul shaxslar borligidan qat’i nazar, ishonch bilan uni jurnalistga taqdim etayapti. Shu bois, axborot manbaining jurnalistga bo‘lgan ishonch omili jurnalistika sohasining sirini saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, jamiyat hayotida amalga oshirilayotgan islohotlar ustidan faol jamoatchilik nazoratini amalga oshirish va ochiqlik printsipining jamiyatimiz barcha sohalariga keng kirib borishida jurnalist tekshiruvi instituti alohida ahamiyatga ega. U o‘z xususiyatiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalarining davlat va jamiyat hayotida mustahkam hokimiyat sifatida o‘rin egallashida muhim o‘rin tutadi.

 

Rasul KUSHERBAEV, 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari

masalalari qo‘mitasi a’zosi

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 3 =