OAV: KORRUPSIYA jamiyatni yemiruvchi illatdir

Mamlakat taraqqiyoti va uning milliy xavfsizligiga raxna soladigan illatlardan biri korrupsiyadir. Bugun mazkur «kasallik»dan butkul qutulgan davlatni topish amrimahol. Korruptsiyaga qarshi kurashish, uni bartaraf etish bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari va jamoatchilik tomonidan turli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

 

Korrupsiyaga duch kelganim yo‘q, deb hech birimiz ayta olmaymiz. Kunora bo‘lmasa-da, oyda bir bora maktab, bog‘cha, poliklinika yoki boshqa joylarda noqonuniy yig‘imlarning guvohi bo‘layapmiz, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan farzandimizning imtihonlarni yaxshi topshirib olishi uchun pul beramiz. Bu o‘z navbatida  korrupsiya ekanini va unga barchamiz yo‘l ochib berayotganimizni anglamaymiz. Korruptsiyani kanaga mengzasak bo‘ladi. U inson qonini so‘rib olmaguncha qo‘ymaydi. Korrupsiya esa davlat va jamiyat vujudiga yopishgan illatdir. Uni yengish uchun keng jamoatchilikning birdamligi bo‘lishi shart. Shu bilan birga huquqiy madaniyatning ham har bir insonda yuksalishi tamagirlik yo‘q, deb javob berishga zamin bo‘lishi mumkin. Poraxo‘rlik va tamagirlikka qarshi kurashishda kuch tizimlari bilan bir qatorda jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining o‘rni muhim sanaladi. Ayniqsa, ommaviy axborot vasitalari kuchidan oqilona foydalangan holda bu illat ildiziga bolta urish mumkin. 

Yaqinda O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan OAV vakillari ishtirokida “Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha fuqarolarning huquqiy ongi va  madaniyatini oshirish masalalari” mavzusida respublika anjumani  o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti vakillari ishtirok etdilar.

— Ushbu anjumanni tashkil etishdan asosiy maqsad – 2017 yil 4 yanvarda kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni  ijrosini ta’minlashda OAV ishtirokini kengaytirishdir, — dedi O‘zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Abdulaziz Abdullaev. — Xabaringiz bor, joriy yilning 2 fevralida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ham qabul qilingan edi. Mazkur qonunning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish hamda OAVda korrupsiyaga qarshi kurash masalalarini yoritish bo‘yicha kasbiy bilim va ko‘nikmalarni oshirish jurnalistlarimiz oldida turgan muhim vazifalardan biri sanaladi. Mamlakatimizning 26 yillik mustaqillik davrida inson, uning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ushbu yo‘nalishda milliy qonunchilikni taraqqiy ettirish va takomillashtirish ommaviy axborot vositalarini ushbu jarayonga faol jalb qilish, inson huquqlarini himoya qilishni ta’minlashning o‘ziga xos modelini yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar shular jumlasidandir.

Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ko‘plab xalqaro hujjatlar ishlab chiqilgan. Ayni vaqtda, mamlakatimizda bu borada qabul qilingan xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish bilan birga korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda uning oldini olishga qaratilgan milliy huquqiy baza va tizimli amaliyot shakllangan.

— “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunda fuqarolarning bu boradagi huquqlari to‘la kafolatlangan, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi prokurori Karimjon Musoshayxov. — Qonunga binoan, jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiyaga oid huquqbuzarlik faktlariga doir murojaatlari to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqiladi. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot bergan shaxslarning himoya qilinishi ta’minlanadi. Ayni paytda “2017–2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi” tasdiqlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tuzildi. Mazkur komissiya korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarining va boshqa dasturlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etadi.

Xalqimizning tom ma’nodagi adolat qaror topgan jamiyatda yashashi uchun nafaqat mas’ul shaxslar, balki har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi zarur. Bu fuqarolarimizda korrupsiyaga, aniqroq aytganda, har qanday qonunbuzarlikka nisbatan murosasizlik kayfiyati, madaniyati shakllanishiga ham bog‘liq. Chunki har qanday qonunbuzarlik sodir etilishiga, ko‘payishiga ko‘p hollarda o‘zimizning befarqligimiz, loqaydligimiz sabab bo‘ladi. Barchaning yakdilligi, yurt taqdiriga daxldorligi  har qanday illatning batamom barham topishiga xizmat qiladi.

Anjumanda OAVning korrupsiyaning rivojlanishi va uning yashirin mexanizmlarini ochish imkoniyati alohida ta’kidlandi. Jurnalistlar, jamoatchilik nazorati tuzilmalari bilan yaqin hamkorlik qilib, axborot-ma’rifiy yoki profilaktika ishlarini bajaradi. OAV vakillari, Internet veb-saytlar va davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o‘rtasida o‘zaro ijtimoiy sheriklik asosida hamkorlik aloqalarini olib borish, Qonunda belgilangan vazifalarning bajarilishi ustidan keng jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda OAVning rolini oshirish, qonun doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni OAVda keng, tizimli yoritish va bunda har bir fuqaroning shaxsiy pozitsiyasini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ochiq muloqot, bahs-munozara tarzida o‘tgan anjumanda Qonunning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etishda OAV oldida turgan eng muhim dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Jurnalistik surishtiruvni o‘tkazish va ushbu mavzuni tahliliy yoritish bo‘yicha bilim va kasbiy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga oid masalalar atroflicha muhokama qilinib, zarur taklif va tavsiyalar berildi.

Anjuman so‘ngida O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”ning bajarilishi ustidan keng jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda OAVning roli” loyihasi ishtirokchilariga kompyuter jamlanmasi taqdim etildi.

 

Jobir XO‘JAQULOV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − 5 =