MUBORAK RAMAZON OYINING MOHIYATI

Mustaqillik ne’mati bois, alhamdulillah, yurtimizning har bir go‘shasi kundan-kunga yangicha chiroy ochmoqda. Hur diyorimiz musulmonlari mana yigirma olti yildirki, mustaqillik sharoitida erkin nafas olayotganliklaridan Alloh taologa cheksiz minnatdorchilik izhor qilib, doimiy ravishda hamdu sanolar aytmoqda. Vatanimiz mustaqilligi yildan-yilga mustahkamlanib, O‘zbekistonimiz xalqaro miqyosda o‘zining munosib o‘rnini egallab, xalqimizning turmush darajasi, el-yurt farovonligi yanada ravnaq topmoqda. Ayniqsa, hukumatimiz rahbariyati musulmonlarning diniy marosimlarini, ibodatlarini emin-erkin ado etishlari uchun lozim bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni yaratib bermoqda.

 

Yaqindagina Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev poytaxtimizning Shayxontohur tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish asnosida mazkur hududda joylashgan “Suzuk ota” maqbarasi va jome’ masjidida bo‘lib, jamoatchilik vakillari bilan qilgan suhbatini tinglarkanmiz, dinimizning asl mohiyatini yoshlar ongu shuuriga singdirishda nimalarga chuqurroq e’tibor qaratish lozimligi borasida o‘zimizga tegishli xulosalar chiqardik. Dinimizga, qadriyatlarimizga davlatimiz rahbarining yuksak e’tibori barchamizni quvontirdi.

Prezidentimizning qutlug‘ kunlar arafasida yana bir muhim hujjatga — “Muborak Ramazon oyini munosib kutib olish to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekkanlaridan ham, behad quvondik. Qarorda nafaqat ramazon oyi, balki mo‘min-musulmonlarga bo‘lgan e’tibordan boshimiz osmonga yetdi. Ramazon oyi bizga o‘z foydamizni emas, boshqalarning manfaatini ko‘zlab yashash kerakligini o‘rgatadi. Bu oyda saxovatpesha xalqimizning mehr-muruvvati yanada ortadi.

Sovetlar davrida bugungidek keng, yorug‘ va muhtasham masjidlar qayoqda, deysiz… 

Taroveh namozlarini qo‘ya turing, hatto hayit namozlarini ham mozorlarda berkinib o‘qigan kunlarimiz bo‘lgan. Hozir birgina Toshkent shahrida yuzdan ortiq masjid bor. Shuning o‘zi ham yurtimizda mo‘min-musulmonlarning bemalol ibodat qilishlariga hech qanday to‘sqinlik yo‘qligidan dalolat. Bu kunlarga yetish ko‘pchilikka nasib etmadi, bu kunlarning qadrini hech narsa bilan tenglab bo‘lmaydi. 

Shu ulug‘ kunlarda istiqlol sharofati ila muqaddas islom dinimiz arkonlarini, qadriyatlarimiz hamda ibodatlarimizni emin-erkin ado etishimiz uchun Yurtboshimiz va hukumatimiz tomonidan barcha qulayliklar, zarur sharoitlar yaratib berilganini, jahon ilmu fani, madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan o‘nlab allomalarimizning ilmiy meroslari va qadamjolari tiklanganini mamnuniyat bilan ta’kidlamoq lozim.

Ramazon oyi qadimdan yurtimizda xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan.

Ushbu fazilatli oyda xayrli va savobli ishlarni ko‘proq amalga oshirishga, jismoniy va ma’naviy tomondan poklanishga, yomon sifatlardan, qabih odat va qilmishlardan xoli bo‘lishga harakat qilinadi, ko‘plab xayriya, ehson va muruvvat tadbirlari amalga oshiriladi.

Mana, ulug‘ oyning muborak kunlariga ham yetdik. Gunohlardan poklangan qalb ezgulikka to‘lmoqda. Ezgulikka limmo-lim dillardan to‘kilgan duolar beshak ijobat bo‘lgay, inshoolloh! Shunday ekan, samimiy tilaklar to‘xtovsiz Dargohi Ilohiyga yuksalib turgan mana shu g‘animat pallada aziz diyorimiz, qadrli yurtdoshlarimiz haqiga ezgu duolar qilsak: Ilohim, vatanimiz osmoni hamisha musaffo bo‘lsin. 

Vatanimizni obod, turmushimizni yanada farovon bo‘lishi yo‘lida charchoq va xordiq bilmay mehnat qilayotgan muhtaram davlat Rahbarimizni Parvardigorning o‘zi qo‘llasin. Fazilatli Ramazon oyi sharofati bilan dillaringiz imon nuri ila munavvar bo‘lib, xonadonlarimiz xayru barakotga to‘lsin, boshimiz uzra mehr-oqibat va ilmu ma’rifat nurlari yog‘ilaversin.

Ramazoni sharif ham tinchlik, barokat, yaxshilik keltirsin. Alloh taolo barkamollikka intilayotgan farzandlarimiz salohiyatli, vataniga sadoqatli bo‘lishini nasib aylasin! 

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,

Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi,

“Mirza Yusuf” jome’ masjidi imom-xatibi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + nineteen =