So‘z — qurol, RAQAMLAR-CHI?!

Maqola uchun so‘zlardan mohirona foydalanish muhim o‘rin tutadi. O‘z  o‘rnida qo‘llanilgan jumlalar, ibora, aforizmlar bilan mushtariylar qalbiga yo‘l topish osonroq. Ammo qaysidir tashkilot, soha to‘g‘risida fikr yuritar ekansiz, mavzuga aloqador turli raqamlarga duch kelasiz. Ularni o‘rganib, tahlil qilganda, maqola mohiyatini ochuvchi kalitga aylanadi. Agar shunchaki keltirib o‘tsangiz, materialning tushunarsiz, zerikarli ma’lumotlar to‘plamidan farqi qolmaydi. Ayniqsa, jurnalistik tekshiruvlar, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sharhlar yozishda ularning ahamiyati katta.

 

 Jurnalistik tekshiruvlarni yozishda muallifdan nafaqat mahorat, balki o‘rganayotgan sohasi to‘g‘risida ham tushunchaga ega bo‘lish talab etiladi. Keltirilgan faktlar, foiz va sonlarni tahlil qila olmas ekanmiz, hech qachon katta mehnat sarf etuvchi sharhlarni yoza olmaymiz. Shuning uchunmikan, keyingi paytda matbuotimiz sahifalarida bu kabi yirik janrlardagi chiqishlar kam. Borlari ham mushtariylarni o‘ziga jalb qila olmaydigan hisobotlardan farqi qolmayapti. Bir so‘z bilan aytganda, raqamlar bilan ishlashda, jurnalist alohida bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi zarur. Eng asosiysi, mo‘’jizaviy sonlarda yashiringan sirlarni ocha olishi uchun mahorat kerak. Shundagina raqamlar ortida minglab kishilar mehnati yoki taqdiri kabi bir qator omillar borligini ravshanroq ko‘ra boshlaymiz. 

Masalan, dehqonchilikning zahmati, issiqxonalarning samaradorligi to‘g‘risida maqola yozish kerak. Agar sohadan xabardor bo‘lmasak, maqola yaxshi natija bermaydi. Mushtariylar e’tiborini tortishni istasak, dehqonlar yerga mehr qo‘ygandek, o‘z ijod mahsulimizga mehrimizni bag‘ishlab, ter to‘kishimizga to‘g‘ri keladi. 

 Deylik, bir sotix yeringiz bor. Uni issiqxonaga aylantirsangiz-u, ko‘kat yetishtirsangiz, mo‘maygina daromadga ega bo‘lasiz. Bozorda bir bog‘ piyoz, kashnich 400/500 so‘mdan, siz esa bir sotix yerdan 1000 bog‘ ko‘kat olishingiz mumkin. Uning ketidan esa pomidor ekasiz. Bozorda pomidor narxi 1500/2000 so‘m. Issiqxonangizda bir sotix yerdan 350 kilogrammdan ortiq mahsulot olsangiz bo‘ladi. Bu yana yetti-sakkiz yuz ming mablag‘ degani. Uchinchi mavsumga sarimsoq piyoz yoki karam ekasiz va bozorga olib chiqasiz. Qarabsizki, daromadingiz yana oshadi. Qani, endi, yengni shimaring, axir yeringiz atigi bir sotix emas-ku… 

Mana shunday tahlil va faktlardan iborat maqola hech kimning e’tiboridan chetda qolmaydi. Balki bu kichkina mavzudek tuyular, lekin yirik korxonalar, jahon bozorlari yoki biror sohani ham shunga o‘xshash shaklda tahlil qilish mumkin. Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning tahliliga kirishar ekanmiz, talab va taklif, bozor infratuzilmasi kabi iqtisodiyot faniga doir tushunchalarni ham teran anglashimiz zarur.    

Sohamizning yangi janri bo‘lgan infografikalar, aynan raqamlarni so‘zlatadi. Unda tasvir, sonlar va foizlar asosiy o‘rin egallaydi. Mushtariylar infografikalarda kam vaqt sarflab, ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishadi. Shuning uchun ham jahon matbuotida bu janrda tayyorlangan materiallarning alohida o‘rni bor, ularni tuzish uchun esa jurnalistlar yana o‘sha  hisob-kitob amallarini bajarmaslikdan boshqa choralari yo‘q. Bu janr bizda keng tarqalmagan bo‘lsa-da, ixtisoslashgan jurnal, gazeta, internet saytlarida uchratishimiz mumkin.           

Ko‘pincha, biror-bir soha yoki tashkilot vakiliga axborot berishini so‘rab murojaat qilsangiz, ular rahbarlar uchun tayyorlagan hisobotlarini qo‘lingizga tutqazadi. Bu hujjatlarda sizga kerak bo‘lgan ma’lumotlardan tashqari yana bir qancha raqamlar bo‘lishi mumkin. Ularni ta’riflash, zarurlarini  ajrata olish uchun ham uquv kerak. Ba’zida esa ulardan birortasi mavzungizga aloqador bo‘lmasligi mumkin.  Bunday vaziyatda siz uchun nima zarurligini mutasaddi tashkilot xodimiga tushuntira olishingiz amrimahol. Shunda tashkilot vakillari bilan yuzma-yuz suhbatlashgan ma’qul. Lekin soha xodimi uning rivoji to‘g‘risida og‘iz ko‘pirtiradi. So‘zlarini isbotlash uchun turli foizlarni qalashtirib tashlaydi. Bir zum uning so‘zlariga mahliyo bo‘lib qolasiz. Sohaning jadal taraqqiy etayotganidan xursand ham bo‘lasiz. Ammo xulosa chiqarishga shoshilmang! Hisobot hujjatlari va unda keltirilgan sonlarni tahlil qilib ko‘ring. Shundan keyingina soha to‘g‘risida mushtariylarga ulashishga arziydigan to‘laqonli ma’lumotga ega bo‘lasiz. 

Jurnalistlar ijtimoiy soha vakillari bo‘lgani uchun raqamlarni unchalik xushlashmaydi. Ammo faoliyati davomida ularga ko‘p bora murojaat qilishlariga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham jurnalistika fakulteti talabalariga matematika fani o‘qitiladi. Ulardan boshqalar singari ildiz, hosila kabi tushunchalarni anglash, turli misollarni yechish talab qilinadi. Aslida mana shunday sonlarni tahlil qilish, xulosalar chiqarish uchun sohaga moslangan maxsus darsliklar, qo‘llanmalar ishlab chiqilishi lozim. Umuman olganda, har bir inson hayoti davomida turli hisob-kitoblarni amalga oshiradi. Zero, raqamlar tilga kirganda, vaziyat oydinlashadi. Shuni yodda tutingki, boshqalar yolg‘on so‘zlashi mumkin, ammo raqamlar aldamaydi. 

 

Sanjar ESHMURODOV  

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + 1 =