BOYSUN MO‘JIZALARI (Ikkinchi maqola)

O‘SHA MASHHUR TESHIKTOSH

Navbatdagi manzilimiz ibtidoiy odamlar yashagan Teshiktosh g‘oridir. Ertalab “UAZ” mashinasida yo‘lga tushib, Machay qishlog‘igacha bordik. Yo‘lboshlovchimiz: “Endi buyog‘iga piyoda yuramiz. o‘orga borishning ikki yo‘li bor. Birinchisi shu tog‘dan oshib o‘tish, ikkinchisi Zovtalashgansoy darasi ichidagi tor yo‘ldan borish”, dedi. Mashaqqatli bo‘lsa-da, tog‘dan oshib o‘tishga qaror qildik. Sababi, osmonni qora bulut qoplab turgan paytda dara ichidan yurish xavfli. Sel kelib qolsa, qochmoqqa yo‘l topolmaymiz. 

Tog‘ning ustiga bir soatda chiqdik. Shunda yo‘lboshlovchimiz – Husniddin o‘rmonchi: “Huv ana, Teshiktosh g‘ori”, deb qoldi. Uzoq tikilgach, chuqur daradagi devorsifat baland qoyaning ancha yuqorisida qorayib turgan kichikroq kovakka ko‘zimiz tushdi. Lekin bu kovakka yetishimiz uchun yana bir, bir yarim soat dam olmasdan yurishimiz kerakka o‘xshadi. Chindan ham shunday bo‘ldi. Chuqur va biroz qo‘rqinchli daraga tushayotgan paytimizda yomg‘ir yog‘a boshladi. Bu esa so‘qmoqda harakatlanishimizni yanada qiyinlashtirdi. Sababi, ilon izi tor yo‘ldagi toshlar sirpanchiq bo‘lib qolgandi. Bir amallab dara ichiga tushib oldik. Dara ichi juda chuqur, havosi salqin ekan. Sel va toshqinlar tufayli bir paytlar tog‘ning yuqorisidan oqib kelgan ulkan silliq xarsanglar darada taxlanib yotibdi. Ulardan oshib o‘tib juda charchadik. Yarim chaqirim shu tariqa yurgach, buloqqa duch keldik. Suvi tip-tiniq va muzday bo‘lsa-da, ta’mi boshqacha: picha nordon, hatto achchiq ham. 

Biroz dam oldik. Atrofga nazar tashlaymiz. Dara juda haybatli. Yolg‘iz yurishga cho‘chiysiz. Tepangizda katta xarsanglar muallaq osilib turgandek. Bu yerdan osmonning bir parchasi ko‘rinadi, xolos. Kun tegmaydi hisob. Ehtimol, qoq tushda bir soatcha tushar. Tevarakda, aniqrog‘i, daraning turli joyida g‘orlarning og‘zi qorayib turibdi. Ularning ba’zilariga faqat maxsus tayyorgarlik ko‘rgan kishilargina chiqa oladi. Negaki, g‘orlar tik qoyaning 50-100 metr balandligida joylashgan. Ularning ichida qanday sirlar yashiringanini bilmaymiz. Bizni faqat dunyoga mashhur Teshiktosh g‘ori qiziqtiryapti, xolos. Shu bois dara bo‘ylab yurishda davom etdik. Yomg‘ir kuchaydi. Yurishimiz yanada qiyinlashdi. Dara ichi qorong‘ilashdi. Xarsanglarga tirmashib, qadim ajdodlar yashagan birinchi g‘orga yetdik. Baland qoyaning ostida joylashgan bu joyni aslida g‘or deb ham bo‘lmaydi. Chunki 50-60 kishi sig‘adigan ayvonsifat kamarga o‘xshaydi. Og‘zi toru, ichi keng. Kamar shiftining balandligi 5-6 metrga yetadi. Havosi quruq va iliq. 

Yana olg‘a jildik. Dara kengaygan joyda soy bo‘ylab emas, qoyaning tubidagi ilon izi so‘qmoqdan o‘rladik. Yomg‘irda loy bo‘lib qolgan so‘qmoqdan yuqoriga chiqish oson kechmadi. Qarasak, Husniddin o‘rmonchi turli butalar shoxidan ushlab zipillab ketayapti. Biz ham shunday qildik va ikkinchi g‘orga yetdik. Bu yer haqiqiy kamar edi. Qor-yomg‘ir tushmaganidan yeri qup-quruq. Havosi ham iliq. Kamarni picha kuzatgach, eng asosiy joy – Teshiktosh sari o‘rlaymiz. 150 metrlar balandlikka chiqqach, haqiqiy g‘orga duch keldik. Mana, biz ko‘rmoqchi bo‘lgan mashhur Teshiktosh. 

Nafas rostlagach, g‘orni kuzatishda davom etdik. Ichi qiyalikdan iborat g‘orning yuqoridagi tekis yeriga chiqish ancha mushkul kechdi. Negaki toshlar shunchalik silliqki, oyoq qo‘yishingiz bilan sirpanib ketasiz. Shu bois toshlarning g‘adir-budur yerlaridan yurib chiqishga to‘g‘ri keldi. Qorong‘i emasmi, yoritish uskunalari bilan yer osti qasrini to‘liq kuzatishga muvaffaq bo‘ldik. o‘or ichi balandligi 7 metr, eni 20, uzunligi 21 metrga teng. Shifti teshik. Shundan bu g‘or Teshiktosh deb atalgan. Ayvonida ibtidoiy odamlar barpo qilgan supachalar saqlanib qolgan.

Bu yerdan daraning yuqorisi kaftdek ko‘rinib turibdi. Demak, darada yovvoyi hayvonlar yursa ham, dushman kelsa ham tezda ko‘rish mumkin. Agar jangda dushmandan yengilgudek bo‘lsa, ibtidoiy odamlar uchun g‘orning shiftidagi tuynugidan chiqib, qochib ketish imkoni ham bo‘lgan.

Zovtalashgansoy darasida g‘orlar ko‘p. Lekin ulardan faqat uchtasida neandertal odamlar yashaganidan guvohlik beruvchi arxeologik materiallar bor. Bu birinchi marta 1938-1939 yillarda topilgan va o‘rganilgan.

o‘orning tagi 5 ta madaniy qatlamdan iborat bo‘lib, har bir qatlamda gulxan qoldiqlari saqlanib qolgan. Uning atrofida ibtidoiy odamlar tomonidan ishlov berilgan 3 mingga yaqin tosh buyumlar, 24 ta o‘tkir tosh qurol, qirquvchi va tarashlovchi sifatida ishlatilgan 65 ta qirg‘ich, paykonlar, tosh pichoqlar, ayiq, yo‘lbars suyaklari, tog‘ echkilarining shoxlari topilgan.

Teshiktosh g‘ori topilmalarining eng qimmatlisi ibtidoiy odamning suyak qoldiqlaridir. Olimlar Teshiktosh odamining kalla suyagi asosida uning tashqi qiyofasini tiklagan va qiz bola ekanini aniqlagan.

Boysunda g‘orlar ko‘p. Shundaylari borki, uzunligi 3 ming metrga yetadi. Lekin ular Teshiktosh g‘oriday mashhur emas. Teshiktoshni dunyo biladi. Negaki, bu g‘or qadimiy odamlar manzili bo‘lgan. Undan topilgan arxeologik materiallar tarixni o‘rganish uchun nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo olimlariga muhim va qimmatli manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu tufayli uning shuhrati olamga yoyilgan.

 

Abdulla 

MAMASODIQOV,

“Dunyo bo‘ylab” 

telekanali mas’ul kotibi

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + 13 =