Quyosh huzuriga yo‘l

 

Yurtimizning har bir go‘shasida ko‘plab tarixiy obidalar, madrasalar, muqaddas qadamjolar va istirohat bog‘larini uchratish mumkin. Har biri necha ming yillik tarixga ega. Asrlar davomida jahonni hayratga solib kelgan ma’naviy boyliklarimizni asrab-avaylash, ularni asl holida kelajak avlodga yetkazish hammamizning burchimiz.

 

Yaqinda taniqli ijodkor Humoyun Akbarning “Mashhur press” nashriyotida chop etilgan “Quyosh huzuriga yo‘l olgan karvon” nomli to‘plami milliy an’analarimiz, qadriyatlarimizni tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi. Adabiy-tarixiy yodgorliklarni o‘sha davr xususiyatidan kelib chiqqan holda o‘rganish va madaniyatimizni boyitishga hissa qo‘shish har bir ijodkorga katta mas’uliyat yuklaydi. Mazkur to‘plam so‘zboshisida xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ta’kidlaganidek: «Publitsistik maqolalar yozish, ijtimoiy jarayonning eng kerakli gapini ayta olish oson emas. Buning she’riy satrlar ko‘tara olmaydigan zalvorli yuki bor». 

Muallif Vatan tarixini o‘rganishni tarixiy obidalarimizni ziyorat qilishdan boshlab, har bir maqolasida Buxoro madrasalari, Urgut qadamjolari, Oqsaroy, Registon, Surxondagi qadimiy shaharlarning zamonaviy qiyofasini mahorat bilan tasvirlaydi. Humoyun Akbar “Amudaryo bo‘ylarida” nomli ocherkida:“…Bizning zaminimiz ochilib yotgan kitobday, uni o‘qiy olish kerak. Amudaryo sohilida Kampirtepa, Aqshaxon qal’a kabi ne-ne ma’naviy xazinalar qum ostida yotgandir. Buyuk tariximiz bor, hali o‘rganilmagan makonlarimiz ko‘p…”, deya qoraqalpoq zaminini “ochiq osmon ostidagi muzey”ga o‘xshatadi. Yana bir ijodiy safarida baxshilar sozi va ovozida:

Yoz bo‘lsa, yaylovim Amu yoqasi,

Men bo‘laman Boysun – 

Qo‘ng‘irot to‘rasi…

—deya o‘zini tanishtirgan Alpomish vataniga yo‘l olib, hali o‘nlab Termiziylarning ijodi o‘rganilishini kutib yotganini eslatib o‘tadi. Muallif Amir Temur bobomizdan qolgan tarixiy yodgorliklarni o‘rganish maqsadida Shahrisabzda bir necha kun mehmon bo‘lib, Sohibqiron faoliyati bilan bog‘liq arxeologik qazilmalardan tortib, ilmiy, ijodiy ishlargacha ko‘zdan kechiradi. Ulug‘ ajdodlarimizning tarixiy merosi uni ulug‘ saltanatning poytaxti Samarqandga boshlab boradi. Sherdor, Ulug‘bek madrasalarining o‘ziga xos koshinlari, bezaklari, naqshinkor peshtoqlari, ulkan gumbazlarini nodir yodgorlik sifatida qalamga oladi. Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferentsiyalar haqida alohida to‘xtalib, Sharq allomalarining ijodini sinchkovlik bilan o‘rganishga kirishadi: “… Buyuk bobomiz Mahmud az-Zamaxshariy arab tilining sarf va nahv ilmi (grammatikasi)ni ishlab chiqdi. Buni arab xalqlari chuqur ehtirom bilan tilga olishadi. Farg‘oniy esa Nil daryosi suvini o‘lchash uchun maxsus asbob – Miqyosi Nil (nilomer)ni yaratdi. Misrliklar Farg‘oniyni eng buyuk olimlar qatorida hurmat bilan e’tirof etadilar. Buyuk bobokalonimizning “Astronomiya asoslari” nomli asari XII asrda lotin va ivrit tillariga tarjima qilingani, keyinchalik Italiya, Germaniya, Frantsiya, Gollandiya va AQSh kabi ko‘plab mamlakatlarda qayta-qayta chop etilgani ham uning ilmiy merosi naqadar ulkan ahamiyat kasb etganini ko‘rsatadi.”, —  deydi esselarining birida. 

Muallif vodiyga safarga otlanadi. Bog‘ishamoldagi adirda Kobul shahridagi “Bog‘i Bobur”ga monand bunyod etilgan “Bobur milliy bog‘i”dagi yodgorlik majmuasidan ilhomlanib, bir turkum maqolalar yozadi. Unda turli noyob kitoblar, Bobur asarlarining qo‘lyozmalari, xususan, “Xatti Boburiy”da Bobur o‘z qo‘li bilan ko‘chirgan Qur’oni Karim nusxalari, Bobur davri qurol-aslahalari, saroy ahli kiyimlari, boburiylar zarb qilgan tangalar va boshqa topilmalar haqida kitobxonlarga keng ma’lumot beradi. To‘plamda Vatan tarixini bilishimiz uchun muhim bo‘lgan “Toshkentdan taralgan nur”, “Kulollar saltanati”, “Quva”, “Axsikent” kabi shunday tarixiy materiallar ham borki, bu keyingi tadqiqotlar va ijodiy ishlarga bemalol ilmiy asos bo‘la oladi.    

 
    
 

Ikki daryo oralig‘ida
 
Qoraqalpoq xalqi bilan bizni do‘stlikdan yaqin tuyg‘ular bog‘lab turadi. Bir o‘zakdan yasalgan so‘zlarimiz ko‘p. Tilimiz, adabiyotimiz, milliy an’analarimiz bir-biri bilan shunchalik bog‘langanki, shu yagona Vatan hammamiz uchun muqaddas hisoblanadi.  
 
Taniqli adib O‘rozboy Abdurahmonovning hali bo‘yoq hidi ketib ulgurmagan “Orol qanday quridi” nomli kitobini qo‘lga olib, Orol dengizining bugungi ahvoli ko‘z oldimda namoyon bo‘ldi. Xo‘sh, Orolni kim quritdi? Chayqalasan, toshasan, sohilingdan oshasan, deb maqtagan shoirlarmi? Ekologik muhitni jar yoqasiga keltirib qo‘ygan sho‘ro davridagi paxta yakkahokimligimi? Yozuvchi qumga cho‘kib qolgan kemalar, to‘qay bo‘lib yotgan qal’alardan bunga javob izlarkan, qalbini o‘rtagan bolalik xotiralarini yodga oladi: “Bolaligimda ko‘p ertak tinglagan edim. O‘shalardan birida dev ulkan olovni o‘chirish uchun dengizning suvini ho‘plab o‘tga purkaydi, dengiz quriydi. Yana bir ertakda bir dev dengizning suvini ichib qo‘yib, gulistonni cho‘listonga aylantiradi. Bu ertaklarni eshitgan bolalar devdan qo‘rqishar edi. Biroq adabiyot muallimimiz: “Nega qo‘rqasiz, bu bir xayoliy gaplar” desa, jug‘rofiya muallimimiz: “Ertaging yolg‘on, dengizning suvini ming dev ichgani bilan tugamaydi. Chunki daryolar dengizni to‘ldirib turadi. Masalan, Volga Kaspiyga, Amudaryo bilan Sirdaryo Orolga qo‘yilaveradi”, – derdi. Bizlar devdan qo‘rqmaydigan ikki muallimimizni yaxshi ko‘rar edik”. Mazkur to‘plamda muallif o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, yuragidan o‘tkazgan voqea-hodisalar bilan tanishib, uning ijodiga ilhom baxsh etgan, qalbini to‘lqinlantirgan sehri kuch – ana shu Orol ekaniga iqror bo‘lamiz. Yozuvchi Orolning qurishiga olib kelgan muammolarni katta jasorat bilan ko‘tarib,   kitobxon oldiga yana o‘sha savolni ko‘ndalang qo‘yadi: “Orolni kim quritdi?..  Men, sen, xullas… har birimizning dengizni quritishda o‘z ulishimiz bor. Bo‘z yerlarni o‘zlashtirishda ko‘z oldimizda bayroqdorga beriladigan yengil mashina yoki davlat mukofoti turdi, biroq toza suvni tejab sarflash hech kimning xayoliga kelmadi. Buning ustiga Amu bilan Sirning suvini talon-toroj qilishda na insof, na cheku chegara bo‘ldi! Har kim o‘z istaganidan ham ko‘proq suv olishga harakat qildi. Natijada, o‘zbek yozuvchisi Tog‘ay Murodning “Qo‘shiq” qissasidagi o‘z bulog‘iga o‘zi tahorat qilib yurgan Orzu, Tursinlar ko‘payib ketdi…”.
O‘rozboy Abdurahmonov har bir maqolasida Orol o‘tmishi, buguni va kelajagi bilan kurashib yashayotgan qahramonlarning tashvishi, muammolari, qalbida kechayotgan iztiroblarni jonli misollar asosida aks ettirib, Qoraqalpog‘iston tabiati, oroli va to‘qaylarini asrab qolishga intiladi. 
“Baliqning tili yo‘q” maqolasida ham “Orol dengizini qaytadan tiklab, baliqchilik xo‘jaligini rivojlantirish mumkin bo‘lgunga qadar Mo‘ynoq baliq-konserva kombinatida Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Toshhovuzdagi xo‘jaliklardan mol va parranda go‘shtlarini, qishda esa Ustyurtdagi ov mavsumidan foydalanib, sayg‘oq go‘shtidan konservalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarur. Ana o‘shanda Mo‘ynoq kombinati to‘la quvvat bilan ishlaydi va Mo‘ynoq ahlini ish bilan ta’minlashga erishish mumkin”ligini taklif sifatida jamoatchilik e’tiboriga havola etadi. Orol bo‘yida yashayotgan aholining salomatligi, iqlimi o‘zgarib borayotganidan xavotirga tushadi. “Ilmiy bahslardan suv chiqadimi?” maqolasida o‘tgan asrning 80-yillarida bo‘lib o‘tgan ilmiy-amaliy konferentsiyalar haqida to‘xtalib: “Qarang, bizda qanday yaxshi, paxtamiz olti millionga yetay-etay deb turibdi, gazimiz Yevropani isitayotir, xalqimizning turmush darajasi shu qadar o‘sdiki, bo‘sh vaqtimizda ermak topolmay, Anadir va Arxangelskdagi odamlarga qovun-tarvuz sotib yuribmiz. Bizda yemishning ko‘pligi uchunmi, so‘nggi yillarda tarvuz-qovun po‘chog‘ini sigirga bersang, burnini jiyiradigan odat chiqardi… Orolimiz mavjlanib turibdi, bir kelib dam olib keting. Qovuni bilan balig‘i tilni tars yoradigan darajada shirin…”, deya hammani aldadik. Mana, oqibatda Orol qurib bormoqda…”, deydi achchiq kinoya bilan yozuvchi. To‘plamdan “Orolqumdan Qoraqumga”, “Oroldan umid bor”, “Orol chollari”, “Ustyurt dostoni” kabi ko‘plab ilmiy maqolalar o‘rin olgan. Tili sodda, ravon, bir o‘qishdayoq qalbingizni to‘lqinlantirib yuboradi. Ushbu to‘plam alohida ilmiy tadqiqqa loyiq. Xulosa o‘rnida, yosh jurnalistlarimiz uchun muallifning “Cho‘l va chol” maqolasidan bir shingil keltirib o‘tishni o‘rinli bildik.
 
– Ota, bu Ustyurtda ilgari odamlar yashaganmi?
– Ha, yashagan. Mana, men Ustyurtda tug‘ilganman, otam ham, bobom ham Ustyurtda tug‘ilib, Ustyurtda qazo topgan. Hov, ana, Jarin quduqni bilasanmi, o‘sha vodiylikdagi mozorda mening oltinchi avloddan aylangan bobom Berdiqul yotibdi. Boshiga katta gumbaz qo‘yilgan… aytmoqchi, sen qay bolasan, o‘zing?
– Men Nukusdagi bolalar gazetasi muxbiriman.
– Ustyurtda qarindosh-urug‘ing bormi?
– Yo‘q…
– Ustyurtda nima qilasan?
– Ustyurtni yozgani kelayapman…
– Nimasini yozasan?
– Ko‘rganim, eshitganim, bilganimni yozaveraman…
– Yozsang, yozaver, baribir o‘qimayman, savodim yo‘q… Lekin o‘g‘lim, Ustyurt – bu cheksiz dunyo, uni ko‘rib, bilib, eshitib uchiga chiqish mumkin emas. Ha, mayli, Qoraqalpoq bekatida meni o‘g‘lim qarshi oladi, ovulimiz tayoq tashlam yer, besh-o‘n kun qo‘noq bo‘lib, nasibangni ko‘rarsan…   
 
Adiba UMIROVA
 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × three =