NAVOBAXSHLIK BAXTI

Mustaqilligimizga bag‘ishlanadigan an’anaviy ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bu yil har qachongidan keng miqyosda, o‘zgacha shukuhda o‘tgani guvohimiz. Prezidentimiz 27 iyunda imzo chekkan maxsus qarorda “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” — degan qutlug‘ g‘oyani mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar respublikamizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi mazmunidan kelib chiqqan holda tayyorlandi va amalga oshirildi. “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz”, “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Xalq boy bo‘lsa davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”, “Ma’naviyat — eng ta’sirchan va qudratli qurolimiz”, “Qo‘shnilarimiz bilan raqobat qilish emas, balki hamkorlik qilish, mintaqamizdagi muammolarni birgalikda hal etish” tamoyillari, g‘oyalarining bari, mag‘zi chaqiladigan bo‘lsa, bir olam ma’no, mazmun, ulkan istiqbol anglashiladi.

  Ulug‘ bayramimiz arafasida Navoiy viloyatida o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda poytaxtdan borgan ikki guruhdan (orada qisqa muddat o‘tib jami uch guruh yuborilgan, barcha tuman, shaharlar qamrab olingan edi) besh kishi: oliy o‘quv yurti o‘qituvchisi, publitsist, rassom, aktyor, qo‘shiqchidan iborat bo‘lib, borgach safimiz mezbon ziyolilar hisobiga kengaydi.

Navoiy viloyati respublikamizning eng katta viloyati (birgina Tomdi tumaniga Yevropaning bir necha chog‘roq mamlakati joylashishi mumkin), iqtisodi baquvvat, yer osti boyliklari, nodir ma’danlar behisob, kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot”, “Qizilqumtsement” kabi qudratli korxonalarga ega, istiqboli yanada porloq (ochilayotgan yangi konlar, qurilayotgan zavodlar, qad ko‘tarayotgan shaharlar).

Guruhimiz a’zolari buyuk bobomiz nomidagi viloyatda bir necha bor bo‘lishgan, yana borishga ishtiyoqmand ekanlar. Kamina, adashmasam, besh marta borganman, “Navoiyobod” turkumida to‘rt-besh maqola, ocherk e’lon qilgan, u yerdagi yangilik, o‘zgarishlarni yana ko‘rish, bir narsalar yozish orzusida edim. Oldindan aytib qo‘yay: navoiyliklar mehmonlarni kutib olish, hamrohlik qilish, kuzatib qo‘yishni o‘rniga qo‘yishadi. Yangi qurilgan “Yoshlik” mehmonxonasiga joylashiboq “Qizilqumtsemet” korxonasi sari yo‘l oldik. Yaqingacha yurtimizda ishlab chiqarilgan tsementning 48 foizini ushbu korxona berardi, hozirgi hissasi 42 foiz, bu — mahsulot hajmi kamaydi degani emas, Samarqand, Jizzax, boshqa joylarda yangi zavodlar qurilganini anglatadi. Bir kunda tayyorlanadigan tsement 10-11 ming tonna, 40 yil davomida chiqarilgan mahsulot – ulkan tog‘ — 89 million tonna. Tasavvuringizni ishga soling, bu raqamlarning mag‘zini chaqing, yuzlab inshootlar, ming-minglab katta-kichik imoratlar, behisob yo‘l, ko‘priklar bag‘riga mana shu korxonaning qum zarralari singib ketgandir. “Semonsiz biror ishimiz bitmaydi”, — dedi qo‘li qadoq ishchilardan biri. Yig‘ma va monolit konstruktsiyalarda ishlatiladigan portlandtsement, asbesttsement, neft va gaz quduqlarida qo‘llaniladigan tamponajportlendtsement, kompozitsion qo‘shimchali, o‘tga, sulfatga chidamli tamponajtsementlar, yo‘laklarga yotqiziladigan beton plitalar, to‘lqinli asbestsement listlar, kavsharlovchi elektrodlar, zich tog‘jinsli toshlar, issiq agregatlarda foydalaniladigan mahsulotlar, turli beton g‘ishtlar, bloklar, maydalangan tosh zarralari va hokazo turfa mahsulotlar quruvchi va iste’molchilarga yaxshi ma’lum. Xomashyo – Qizilqum qumi, Karmana ohak va slanetsi, Tillatog‘ diabazpirokseniti, Buxoro, Navoiy gipslari, shag‘al va hokazolar. Tonna-tonna tsementlar chang kiyimlarini o‘zgartirib, yuvinib, taranib, chiroyli bo‘lib zalda o‘tirgan erkak-ayol ishchilar mehnati samarasi, ular shu topda Istiqlol haqida samimiy so‘zlar, jarangdor she’rlar, sho‘x qo‘shiqlar eshitishyapti, raqslarga tushishyapti. Keyin turnaqator avtobuslarga o‘tirib uy-uylariga jo‘nashadi, kechki taomdan keyin bolalari bilan televizor tomosha qilishadi, balki yangi, “O‘zbekiston 24” kanalida o‘zlarini ko‘rib qolishadi. Zavod kasaba uyushmasi raisi Abubakr Qo‘ldoshev bir paytlar milliy universitetimizda, qarindoshlari davrasida uchrashganimizni esladi, korxona yangiliklaridan so‘zlab berdi.

Navoiyga kelib Nurotani ko‘rib ketganlar darmonda, ko‘rmaganlar armonda. Bu muborak dargohni ziyorat qilish, chashma suvidan qonib ichish, shohbaliqlarning g‘ujg‘on o‘yinlarini tomosha qilish naqadar zavqli. Eramizdan oldin barpo bo‘lgan bu nurli maskan necha-necha manba, tarixlarda tilga olingan, ko‘plab haqiqatu afsonalarga burkangan. Aleksandr Makedonskiy nomi bilan bog‘liq rivoyatlarning o‘zi qancha. Eng qadimiy manbalarda Movarounnahrda uchta muborak shahar mavjudligi, bu Samarqand, Buxoro, Nur ekanligi naqsh etilgan. Abduxoliq o‘ijduvoniy, Ahmad Yassaviy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Xoja Ahrori Vali, Boborahim Mashrab va boshqa mashhur siymolar bu tabarruk maskanga qadam ranjida qilishgani, sohibi karomat Abul Hasan Nuriy qabrini ziyorat etishgani, qadimiy masjidda namoz o‘qib, shifobaxsh chashma suvidan bahramand bo‘lishgani ma’lum. Dengiz sathidan 524 metr balandlikdagi Chashma suvi yil bo‘yi bir xil – 19,5 darajada iliq bo‘lib turarkan, qishda muzlamaskan, yigirmaga yaqin minerallarga to‘yingan, soniyada 360-400 litrcha yer ostidan qaynab, otilib chiqib butun shaharni ichimlik bilan ta’minlab kelayotgan ekan. Ushbu ayrim dalillarni tuman hokimi muovini Shuhrat Vafoev, o‘zbek, tojik, rus, frantsuz tillarida tushuntirish beradigan gid Shavkat Ismoilzodadan eshitganlarim, Suyundik Mustafoevning manba, dalil, misollarga boy “Tabarruk nurli Nurota” kitobidan o‘qiganlarimdan, kelmaganlarni kelishga da’vat etish, qiziqtirish uchun aytayapman. Qaniydi, har bir shahar, tuman, qishloqning S.Mustafoevday fidoyi targ‘ibotchilari bo‘lsa. O‘ttiz uch yil muqaddam ko‘rganim Nurota bilan bugungi Nurota o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor.

Zarafshon – cho‘l bag‘rida qad ko‘targan qanddek shahar yildan-yilga yasharib, yashnab borayotir. To‘rt yil oldin borganman, ancha o‘zgarishlar yuz beribdi: yangi ko‘rkam imoratlar, chiroyli ko‘chalar, maktab, muassasalar, bog‘-fontanlar, magazin, oshxonalar… Shahar hokimi Muhiddin Bozorovning aytishicha, ishchilarning o‘rtacha oylik ish haqi 2 million 300 ming ekan. Bizni hayron qoldirgan, quvontirgan narsa: shahar ahli chiroq, gaz, suv o‘chishi nimaligini bilmaskan, bu favqulodda hodisa hisoblanarkan. Kon-metallurgiya kombinati qurgan shinam, ko‘rkam kottedjlar qarshisida kattagina suv — ko‘l deysizmi, mo‘’jaz dengiz deysizmi, yastanib yotibdi, 400 kilometr uzoqlikdan, Amudaryodan tortilib keltirilgan ekan, suv tanqisligi ro‘y bergudek bo‘lsa, darhol truba, kranlarga ulanar ekan (Navoiy shahridagi singari, bu yerdagi sun’iy dengiz bo‘yi kechqurunlari go‘zal manzara kasb etadi: jimirlagan sokin suv, ko‘rkam daraxtlar, anvoyi gullar, chiroyli yoritqichlar, yosh-qari sayr qilib, hordiq chiqarib, bolalarini o‘ynatib yurishadi. Amfiteatrda o‘zbek drama teatri aktyori Rustam Ahmedovning, mahalliy xonandalarning sho‘x qo‘shiqlariga xotin-qizlar, bolakaylar raqsga tushib ketishdi. Kimyo-texnologiya instituti o‘qituvchisi, guruh rahbari Xayrulla To‘xtaboev bir necha yil avval harbiy xizmat o‘tagan qismga bordik, sobiq komandirlari, burchini o‘tayotgan yigitlarning quvonishgani, dil izhorlarini, o‘yinga tushib ketishganini ko‘rsangiz edi! Mehribonlik uyiga bordik. Hamma sharoitni yaratib qo‘ygan hukumatimizga, mutasaddilarga, tarbiyachi, o‘qituvchilarga rahmat. Shirin bolakaylar, o‘smir qiz, yigitlar ko‘zlari jovdirab, dilidagi mungni sezdirmay, xursand kutib olishdi, biz ham, ko‘nglimiz buzilganini bildirmay, iliq so‘zlar aytdik, she’rlar o‘qidik, raqslarga taklif etdik, tarbiyalanuvchilar ichida kitobga mehr qo‘ygan, she’r mashq qiladigan, rasm chizadiganlar, sportni sevadiganlar ancha ekan, ularga omad tiladik. Adabiyotga ishqi baland, savollarga burro-burro javob qaytargan, yaxshi so‘zlar aytgan bir o‘smir qiz bizda, ayniqsa, katta taassurot qoldirdi.

Tomdini ko‘rmabsiz – Navoiy viloyatini yaxshi bilmabsiz. Hadsiz cho‘l, qizil qum, saksovul, yulg‘un, turfa butalar, snoqsiz qo‘y-qo‘zilar, bir, ikki o‘rkachli tuyalar, ikki karra mehnat qahramoni Jabay Bolimonov – Tomdi haqidaga dastlabki tasavvurim shu atrofda edi. Targ‘ibot tadbiri tufayli bu yerlarga kelish, tasavvurlarimni kengaytirish nasib etdi. Haydovchimiz, qozoq jigiti Turg‘ali tekis yo‘ldan “Neksiya”sini uchirib, tushuntirishlar berib, qiziq hangomalarni aytib borardi. Tomdining yangi markazi eskisidan beriroqda va ancha obod ekan. Zamonaviy tipda qurilgan hokimiyat binosi, turli idoralar, musiqa maktabi, ikki tarafi dov-daraxtli shinam ko‘chalar…

— Tumanimiz chetda bo‘lgani bilan e’tibor, g‘amxo‘rlikdan chetda emas, — dedi sakkiz yildan beri hokimlik qilib kelayotgan Qayrat Aldabergenov. Tagi nurotalik, kasbi iqtisodchi, jussasidan kuch-g‘ayrat yog‘ilib turgan bu rahbar ko‘zoynagi ortidan ma’noli qarab tuman istiqboli haqida qisqa, maroqli fikrlar aytdi: slanets ishlab chiqariladigan, kelgusida 25 ming odam ishlaydigan ulkan zavod quriladigan, Oqtov oltin, turli ma’danlarga boy, hu, uzoqda geologlar ishlayotganiga ko‘zlaringiz tushgandir, davlat maslahatchisi, Bosh vazir o‘rinbosarini kutayapmiz, Prezidentimizning muhim topshirig‘i bilan kelishyapti, bu qutlug‘ qadam, yordam, madov degani… Hokimiyat qarshisida, yo‘l naryog‘idagi ko‘p qavatli oq binoni nafaqadagi O‘zbekiston Qahramoni Serikboy Sagatboev hamda to‘rtta nogironlar oilasi uchun “zarafshon”liklar qurib berishibdi, shahar hokimi M.Bozorovni ham shu yerda uchratib gaplashib qoldik. 

Markazdan eng uzoq hududlardan biri “Kergitov” ovulidagi 9-umumta’lim maktabi zalida uchrashuv o‘tkazdik. Eng avval, e’tiborimizni tortgan narsa uzun antenna, quyosh batareyalari bo‘ldi, ovulni elektr energiyasi bilan ta’minlab turarkan. Aholi asosan qozoqlar. Biz o‘zbek va qozoq xalqlarining azaliy qon-qardoshligi, Navoiy va Abay she’riyati, Dimash Qunaev va Sharof Rashidov, Islom Karimov va Nursulton Nazarboevlar qadrdonligi, o‘afur o‘ulom va Sobit Muqonov, Abdulla Oripov va O‘ljas Sulaymonovlar do‘stligi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Qozog‘istonga safarlari, san’atkorlar bordi-keldilari, imzolangan ikki tomonlama manfaatli shartnomalar haqida dil so‘zlarimizni aytdik, yigitlarimiz qo‘shiqlariga “Oqtov” dastasi jigitlari jo‘r bo‘lishdi, drama teatrimiz akteri Bahodir Mirmaqsudovni hamma joydagidek darrov tanishdi, monologlarini diqqat bilan tinglashdi, “o‘zingiz javsi jigit ekansiz, nega kinoda jaman odamlarni o‘ynaysiz?”, — degan savoliga kulimsirab “faqat salbiy rollar taklif etishsa nima qilay”, deb javob qaytardi. Mahallaning sobiq va hozirgi oqsoqollari Sotiboldi Aydarbekov, Asqar Boyzoqov bu yerga kutubxona nihoyatda kerakligi, o‘quv va badiiy adabiyotlarni joylashtirish mushkullashib borayotganini aytishdi (keyinroq eshitishimizcha, bu muammo yaqin kunlarda hal bo‘larkan).

“Kerizbuloq”dagi 5-umumta’lim maktabining daraxtlar bilan qurshalgan, gullar ochilib turgan, suvlar sepilgan hovlisidagi uchrashuv, muloqot ham maroqli o‘tdi. Boshlang‘ich sinf muallimasi, xalq ta’limi a’lochisi Qunduzoy Jo‘qoshevaning aytishicha, bir vaqtlar mingga yaqin o‘quvchisi bo‘lgan bu maktab asta-sekin qadri, shuhratini tiklab borayotibdi. Iste’dodli, sportchi, san’atga ishtiyoqmand o‘quvchilari ko‘p ekan. Matematika olimpiadasida sovrinli o‘rinni egallagan Valentina Oltinbekova, shaxmatda kuchli Arujan Jaqsibekovalar bilan suhbatlashdik. Kompyuter xonalari, kutubxona doimo bolalar bilan gavjum bo‘larkan. Uch-to‘rt tilda bemalol gaplashadigan o‘g‘il-qizlar ancha ekan. Butun safar davomida bizga hamroh bo‘lgan, boshlovchilik qilgan shoir, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi mas’ul kotibi Bahriddin Sadriddinovnig o‘g‘li Abdurauf bir muddat kelib ingliz tilidan saboq beribdi. “Suketti” ovulidagi 7-maktabning hashamatli zalidagi uchrashuv ham qizg‘in o‘tdi.

Tomdida buloq bor joylar ancha obod, gul, daraxt, soya deganday. Ko‘p narsa suvga va hafsalaga bog‘liq, masalan, bizni olib yurgan Turg‘ali pishiq g‘ishtdan uy solibdi, mevali daraxtlar ekibdi, endi tok ko‘chatlari qadamoqchi. Lekin ko‘p uylar atrofida tikkaygan bir daraxt yo‘q, ko‘chat qadab, vaqtida suv berib tursa, tutib olgach, ko‘karib ketadi. Faqat qunt, hafsala kerak. Buloq suvlari mazali, ichib to‘ymaysiz. Faqat bir ovulning suvi achqimtil ekan, lekin o‘zlari ham, mollari ham ichishadi, daraxtlarini ham sug‘orishadi, o‘rganib ketganmiz, deyishadi. Turg‘alining aytishicha, bir zamonlar bu yerda duoning kuchi bilan qulf ochadigan Dovud ismli avliyosifat odam yashagan ekan. Oddiy, kamtar, darveshlarcha hayot kechirgan mo‘min-qobil bu odamni ovul ahli uncha xushlamas, ustidan kulishar, mazax qilishar ekan. Oxiri bu nohaqliklarga chidamay ovulni tark etgan, iloyo ichadigan suvlaring achchiq bo‘lsin, deb duo qilib ketganmish. Ehtimol, bu haqiqatdan uzoq rivoyatdir, lekin uning zamirida insonga hurmat, e’tibor, qadr-qimmat g‘oyasi bor.

Viloyat galereyasida mahalliy musavvirlarning bir qancha asarlari qo‘yilgan. Respublikada xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, hamrohimiz Temur Sa’dullaev, musavvir Naimjon Qodiriylar gidlik qilishdi. Uning “Ergash Jumanbulbul” portreti, “Po‘lkan shoir safarda” kabi asarlarini qiziqib tomosha qildik.

Buyuk bobokalonimizning har bir dostoni, g‘azali, ruboiysi, baytlari singari “Navosiz ulusning navobaxshi bo‘l, Navoiy yomon bo‘lsa, sen yaxshi bo‘l” shohbaytlari zamirida ham, nazarimda, ezgulikka, san’atni, adabiyotni sevishga da’vat, ma’naviyatga, ma’rifatga chorlashdek teran falsafiy fikr, g‘oya mujassam. Har safar bobomiz qutlug‘ nomidagi viloyatga kelganimda bu hikmatli satrlar bot-bot yodga kelaveradi. Navoiy bu satrlarni boshqa davrda, og‘ir sharoitda, orzu-armonga, dard-hasratga to‘la  murakkab vaziyatda, ukasi Darveshaliga nasihat tarzida bitgan bo‘lsa-da, uning ma’naviy qamrovi kengroq, teranroq, ko‘p davrlarga daxldorroq. Bugungi dorilamon zamonamiz ziyolilari, ta’bir joiz bo‘lsa, navoli ulusning navobaxshlari, yaxshilari, naqshilaridirlar. 15 avgustda “Yoshlar uyi”da o‘tgan viloyat ijodkorlari uchrashuv-muloqotida poytaxtdan kelgan mehmonlar, B.Sadriddinov, O.Hotamov, O.Qayumov, F.Steblev va boshqalar Mustaqillik bayramini munosib kutib olish, Prezidentimizning ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvdagi ma’ruzasidan kelib chiqadigan vazifalar, ijod muammolari, yutuq va kamchiliklar haqida gaplashib olishdi. “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasining 2017 yil 9 fevralda “Alisher Navoiy ijodiy merosining umumbashariyat ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzuidagi xalqaro ilmiy konferentsiyaga bag‘ishlangan sonini qiziqib o‘qidik. A-4 format 16 sahifada oppoq, silliq fin qog‘ozida bosilgan gazetada o‘zimizning va xorij olimlarining maqolalari, maroqli publitsistika, she’riyat o‘rin olgan, dizayni ko‘rkam. Xalqaro ilmiy konferentsiya an’anaga aylanadigan Navoiy shahrida shoir, adib, san’atkorlarning — zamon navobaxshlarining muntazam uchrashib turadigan bo‘ldi. 

 

Saydi UMIROV, 

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan 

yoshlar murabbiysi, yozuvchi, publitsist

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × one =