TO‘Y BITTANIKI — tashvishi hammaniki

MUXBIR: – To‘y – inson orzu-havaslarining gultoji. Ota-bobolarimiz, momolarimizning duosida ham yaxshi tilak: “Topganing to‘yga buyursin” yoki “To‘ylarga yetkazsin” bo‘lib kelgan. Shu boismi, bilmadim, topganimizni dasturxonga qo‘yib, mehmon chorlaymiz. Moliyaviy imkoniyatimiz bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham chorlayveramiz. Balki bu qadriyatdir?! Bundan qayg‘urish emas, quvonish kerakdir? Nima bo‘lganda ham me’yor, degan mezon bor. Oshiqchasi – oshiqcha. Bu haqida ko‘p gapirilayotgan bo‘lsa-da, ba’zilarning “men sendan kammi” qabilida ish tutib, shunday xayrli ishni murakkab bir muammoga aylantirib yuborayotgani kishini tashvishlantiradi. Soxta savlat uchun qilingan bu dabdababozliklar serfarzand, qo‘li qisqa odamlarga qanchalik qimmatga tushayotganini ko‘rib-bilib, jim o‘tirish lozimmikan? Yusufxo‘ja aka, elning to‘y, ma’rakalariga aralashgan mahalla faoli sifatida davra suhbatimizni boshlab bersangiz. To‘ylarimizni haddan tashqari oshirib-toshirib yuborish yoki mahallada “duv-duv” gap bo‘lishi shartmi?

 

Qibray tumani “Yangi yo‘l” MFY raisi Yusufxo‘ja AKROMXO‘JAEV: 

– Bugun to‘y, ma’raka, oilaviy tadbirlar va boshqa marosimlarni o‘tkazishni tartibga keltirish haqida ko‘p gapirilyapti. Odamlarni zararli odatlar, maqsadsiz ishlardan tiyilishiga harakat qilyapmiz. Bir kunlik to‘y deb tizzagacha qarzga botgandan ko‘ra, shuni farzandlarimiz sog‘lig‘i, bilimi va kasb-hunar egallashiga sarflasak, o‘zimizga oson, jamiyat uchun ham foydali bo‘lardi. To‘g‘ri, bag‘rikenglik, saxovatpeshalikda xalqimizning oldiga tushadigani kam, lekin insoniy muammolardan haligacha xoli bo‘lolganimiz yo‘q. Ayni vaqtda o‘zini komil inson deb bilgan, shu yurtning taqdiri, ravnaqi va kelajagi haqida qayg‘urgan har bir kishi chog‘roq to‘y qilib hammaga shaxsiy namuna ko‘rsatmasa, hozirgi ahvolni o‘nglash qiyin.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ziyolilar bilan bo‘lgan uchrashuvda ham ko‘pchilikka qarab ish yuritishimiz, dabdabaga berilmasdan to‘ylarimizni har bir oilaning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tartibli, ixcham va mazmunli o‘tkazishni alohida ta’kidlagandi. Rostdan ham katta tantanalar u yoqda tursin, oddiy mehmondorchilik ba’zilarni o‘ylovga solib qo‘yayotgan bir paytda dang‘illama to‘y qilish ancha-muncha xarajat talab etadi. To‘y eng xayrli ishlarimizdan biri, lekin katta qarz ko‘tarib, sog‘liqdan ayrilib, malol kelib qilingan to‘y shariatimiz, qonunlarimiz, urf-odatlarimizning hech biriga to‘g‘ri kelmaydi. O‘rtahol oilalar uchun bir kunlik to‘y o‘n yil, hatto bir umr, balki uzoq musofirchilikda va muhtojlikda yashashga sabab bo‘lmayaptimikan? Ular kecha-kunduz mehnat qilib, uning rohatini ko‘rish o‘rniga umri qarz to‘lash bilan o‘tayotgani achinarli hol. Elga dasturxon yozmasam bo‘lmaydi, “o‘zbekchilik” deb o‘zini davraga urayotganlarni qo‘ya turing, ba’zan aqli raso odamlarni ham to‘y deb ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘yayotganiga hayron qolasan kishi. O‘zingiz bir tasavvur qiling-a, to‘yda sarf qilinadigan mablag‘ning yuzdan sakson foizi faqat yeb-ichishga ketadi. Buning ustiga kelin-kuyovlarga beriladigan sarpolar, dasturxonchilik, sotib olingan mebelu anjomlar, to‘yxonada kishi boshiga to‘lanadigan xarajatlarni cho‘tga soladigan bo‘lsak, odamni aqldan ozdirishi turgan gap. Hozirgi sharoitda besh-olti yuz kishilik to‘yxonada elga to‘y berish shartmi? Ne-ne mashaqqatlar bilan to‘plagan oila “byujet”ini bir kunlik to‘yga sovurib yuborayotganimizga achinmaymiz, ammo shuning orqasidan dovruq qozonish qachondan obro‘ sanalib qoldi? “Bizlar devonami, sog‘”, deb haq gapni aytgan Mahmudxo‘ja Behbudiy bobomiz. Birovdan qarz olib yoki farzandlari rizqidan chegirib, yig‘ib-yig‘ib 10 yil to‘plaganini bir kunlik to‘yga sarflash aqlsizlik emasmi? Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish maqsadida davlatdan olgan kreditni to‘yga sarflab, qo‘shimcha foizini to‘lolmay yurganlar qanchadan-qancha! Bu borada aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish uchun har bir ko‘chamizda obro‘-e’tiborli kishilardan to‘y boshi saylab oldik. Keksa otaxonu onaxonlar, mahalla faollari va din peshvolarini to‘y maslahatchilari komissiyasiga qo‘shganmiz. Kelajakda mahalliy imkoniyatlarimizdan kelib chiqqan holda aka-ukalar, qavm-qarindoshlarning to‘ylarini birlashtirib o‘tkazish tajribasini sinab ko‘rmoqchimiz. Bizda aka-ukalarni birga uylantirish an’anasi azaldan davom etib kelmoqda. Shunga kam ta’minlangan oila farzandlari, yetim bolalarni xatna to‘ylarini ham qo‘shib yuborsak, insoniy burchimizni bajargan bo‘lardik. 

 

Namangan shahri “Shodlik” MFY raisi Odiljon OXUNOV: 

– Vodiy tomonlarda ham to‘yning “obro‘si” baland, dahmazasi ko‘p. Birgina Namanganda elga uch kun to‘y beriladi. Birinchi kuni “Non yopdi” bilan boshlanib, ertasida katta “To‘y”ga ulanib ketadi. “Qiz chorladi” bazmida ham ko‘plab mehmonlarni taklif etish odat tusiga kirib qolgan. Bularning ko‘plari milliy urf-odatlarimizga to‘g‘ri kelmasligini ko‘pchilik bilmasligi mumkin. Mahalla faollari, din arboblari bilan birga keng doirada tushuntirish ishlari olib borayapmiz. Nazarimda, ikki tomonning kelishuvi asosida kamxarj to‘y qilishning allaqachon mavridi keldi. Buni anglab yetganu rioya qilishga ikkilanayotganlarni ma’naviy saviyasini yuksaltirishga alohida e’tibor berish kerak. Ayniqsa, yoshlarni azaliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash kundalik yumushimizga aylangan. Chunki bugungi to‘ylarimiz o‘ta zamonaviylashib ketayotgani hech kimga sir emas. To‘yda kelin-kuyovlarning mehmonlar oldida hayosizlarcha raqsga tushishi, jo‘ralarining to‘yga ajnabiy kiyimlarda kelishi, beandisha musiqiy ohanglarda o‘zini yo‘qotib qo‘yish darajada o‘yin-kulguga berilishi milliy qadriyatlarimizga putur yetkazyapti. Bu manzaralar hech kimni ajablantirmayotgani odamni tashvishga soladi, albatta. Xalqimizda “Bola aziz, odobi undan aziz”, degan naql bejiz aytilmagan. Hadeb farzandlarimizning xohish-istaklariga erk beravermasdan orqa-o‘ngiga qarab ish yuritmasak, bu muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi. Bilasiz, boshimiz to‘ydan chiqmaydi, serfarzand oilalarga qiyin, bir kunlik to‘y deb katta qarzga botgan, buni uzishning o‘zi bo‘lmaydi. 

Yana bir nozik masala, bu — kelin libos bilan bog‘liq. “Qiz bolaning jamiki boyligi – uning nomusi, bu boylik har qanday merosdan ham qimmatlidir”, degan edi Vilyam Shekspir. Naqadar jozibador aytilgan bo‘lsa-da, shoirning bu ta’rifi ayni haqiqat. Uzatilayotgan qiz umrida bir bor oq libos kiyib, uni guldek avaylab parvarish qilgan va “egasi”ga eson-omon topshirish baxtiga noil bo‘lgan ota-onasini el oldida sharaflaydi. Buning yomon tomoni yo‘q, lekin kelinlarni uch-to‘rt soatlik “malika”ga aylantirish evaziga mo‘maygina pul ishlab olayotganlar ham qudalar o‘rtasida sovuqchilik tushishiga sabab bo‘lyapti. Kelin ko‘ylakning o‘zi falon pul, bu kuyov tomondagilarni tashvishga solishi tabiiy. Mahalladagi tikuvchilar bilan milliy madaniyatimiz uyg‘unligida qizlarga ma’qul keladigan, kamxarj, lekin o‘ta latofatli kelin ko‘ylakni o‘zlari tikib berishiga sharoit yaratib berayapmiz. Keyin qizlarni erta turmushga chiqish masalasi ham ming mashaqqatlar bilan hal qilinyapti. Ba’zilar qizlarini o‘qitish, hayotga tayyorlash o‘rniga, tezroq baxtini ko‘raman deb uni baxtsiz qilib qo‘yayotganini o‘zi bilmaydi. Yoshlar oila degan muqaddas tushuncha haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lmay turmush qurganliklari, ortiqcha urf-odatlarning ziyoni ko‘plab ajrimlarga sabab bo‘layotganini guvohi bo‘lib turibmiz. Mahalla faollari bilan ta’lim muassasalari, guzarlar va xonadonlarda olib borgan targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘z samarasini berayapti. Masalan, keyingi paytda mahallamizda erta turmushga chiqish, oilaviy ajrimlarning soni sezilarli darajada kamaydi. Bugun bir kunlik to‘ylarga ham yetib keldik. Endi bizda to‘ydan bir kun oldin “Maslahat oshi” degan gap yo‘q. 

Samarqand shahri “Lolazor” MFY raisi Hasan TURSUNQULOV:

– Samarqandda esa kuyovga somsa yuborish marosimi kim o‘zarga aylanib ketgan. Bunda qiz tomonidan har faslga moslab kuyovga yuborilayotgan sarpolar, parfyumeriya buyumlari, qaynona-qaynotalariga oltin taqinchoqlar, katta laganlarda somsa, shirinliklarni adog‘iga yetolmaysiz. Bundan tashqari, kelin tomonidan tikib kelinadigan pardaning o‘zi besh-olti millionga aylanadi, mebelu uy anjomlarini qaerda ishlab chiqarilganiyu, ne-ne mashaqqatlar evaziga kelganini gapirmasayam bo‘ladi. Shu bema’ni urf-odatlarni deb ota-onalar chetga ishlashga chiqib, kasalmand bo‘lib kelyapti. Katta to‘y qilib, xalqda soxta obro‘ orttirish milliy qadriyatlarimizga xilof ish. Kelin turmush o‘rtog‘ining uyiga yotog‘idagi to‘shagigacha olib borayotgani yigitlarimizning hamiyatiga tegmay qo‘ydi. Nahotki, ularda yigitlik sha’ni shunchalik susayib ketgan bo‘lsa?! Men ko‘pincha o‘ylab qolaman: boqimandalik, tobelik, loqaydlik, qaramlik qaerdan paydo bo‘lyapti? Balki farzandlarimizga hamma narsani muhayyo qilib, ularni asta-sekin boqimandalik kayfiyati bilan yashashga sharoit yaratib berganimizdadir? Kuyov hali biror ishning boshini tutmagan, kelinning qo‘lida esa biror hunari yo‘q, bolali bo‘lgandan keyin ham yeb-ichishidan tortib, kiyim-kechagigacha ota-onasining bo‘ynida tursa, bu nima degan gap, o‘zi? 

Xullas, uy-joy, to‘y, sarpo-suruq o‘z yo‘liga, lekin oilaviy g‘amxo‘rlikning ham chek-chegarasi bo‘lishi kerak. Onalarimiz faqat eri bilan talashib-tortishib mol to‘plaguncha, o‘g‘il-qizlariga tarbiya, bilim berishni ham o‘ylashi kerak. Dang‘illama to‘ylar qilib ikki-uchta kelinni torgina hovliga tushirib, o‘zlari uyning bir burchagida qisilib yashaguncha, shu sarf-xarajatlarni o‘g‘illarining har biriga alohida uy-joy qilishga sarflasa bo‘lmaydimi? Shundayam bitta to‘yning o‘zida kamida bir-ikki xonali uyning puli ketib turibdi-ku! Shu bilan ham ikki yosh o‘zidan tinchib, shuncha narsaning qadriga yetsa, qani? Mahallamizdagi bir yosh oilaning ajralishiga nima sabab bo‘lganini aytsam, xoh kul, xoh o‘l, deydigan odamning o‘zi yo‘q. Oralaridagi tortishuv arzimagan sabab bilan chiqqan. Kelin turmush o‘rtog‘iga: “Divanga qattiqroq o‘tirmang, bunga dadajonimning puli ketgan”, deb ta’na qilgan, kuyov bunga chidolmasdan buyumlari bilan xotinini otasinikiga jo‘natib yuborgan. Qarang, birgina, “meniki-seniki”ning orqasidan shuncha dilxiraliklar kelib chiqayapti. 

Biz mahalla faollari bilan ko‘proq yigitlarni oilaga tayyorlash, javobgarlik hissi, mas’uliyatini oshirish uchun davra suhbatlari o‘tkazyapmiz. Prezidentimiz to‘ylarni o‘zbekona, kamtar o‘tkazish haqida bildirgan fikr-mulohazalari xalqimizni juda ko‘p yillardan beri tashvishga solib kelayotgan eng dolzarb muammolardan biri edi. Shuning uchun bu taklifni keng jamoatchilik qo‘llab-quvvatlamoqda. To‘y eng xayrli ishlardan biri, lekin har qanday sharoitda ham erkak oila tizginini o‘z qo‘liga olmas ekan, oiladagi mustahkamlikni ta’minlash qiyin. Ko‘pchilik shu oddiy haqiqatni anglab yetmasdan, do‘ppi tor kelgandan keyin bir-biridan kamchilik axtara boshlaydi. Menimcha, har qanday urf, an’ana majburiy emas, ixtiyoriy bo‘lishi kerak. Ayni paytda to‘ylarimiz haqidagi qonunlarga o‘zgartirish kiritishni hayotning o‘zi taqozo etayapti.

 

Navoiy shahri “Me’mor” MFY raisi 

Xolyor ESHQOBILOV:

–  Keyingi paytda to‘ylarimizda zamonaviy estrada usulida ijro etiladigan yengil-elpi qo‘shiqlar, behayo raqslar ko‘payib ketdi. Qizig‘i, to‘y san’atkorning vaqtiga qarab belgilanadi. Bu ham mayli, falon so‘mga olib kelingan qo‘shiqchi bemalol fonogramma orqali to‘y egalarini “sog‘ib” ketaveradi. Bilasiz, hozir to‘ylarimiz ko‘pincha mahalla guzari yoki qishloqqa yaqin to‘yxonalarda bo‘lyapti. Buning o‘ziga yarasha afzallik tomonlari bor, albatta, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini oladi. Lekin to‘yxonadagi qiy-chuvlar, musiqaning shovqin-suroni atrofdagilarga noqulaylik tug‘dirayapti. Axir, har qanday odamni jazavaga tushiradigan g‘arbona ohanglar hali suyagi qotmagan yoshlarning ma’naviy-axloqiy qiyofasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Menimcha, to‘ylardan ahillik, mehr-oqibat va sadoqatni targ‘ib etuvchi minbar sifatida foydalanishimiz kerak. Buning uchun yuksak insoniy fazilatlarni tarannum etuvchi haqiqiy san’at asarlari sanalgan qo‘shiqlar targ‘ibotini kuchaytirish lozim. Xo‘sh, bizda to‘yda xizmat qiladigan san’atkorlarning repertuarini nazorat qiladigan birorta tashkilot bormi? Agar bo‘lsa, nega qo‘shiqlarimiz bu qadar sayozlashib ketgan, uning ohangida ijro etilayotgan behayo raqslar ko‘payib borayapti? Agar to‘ylar jilovini o‘z holiga tashlab qo‘ysak, sharqona madaniyatimizga yarashmagan yana qancha bema’ni qiliqlar kelib chiqishi mumkin. To‘g‘ri, bugun tongga qadar davom etadigan to‘ylarimiz soat o‘nga yaqin tugayapti. Besh-olti yuz kishilik to‘yxonalar ham kundan-kunga ixchamlashib boryapti. Lekin ichki dunyoimizni o‘zgartirish, to‘ylarning tarbiyaviy jihatiga ahamiyatni kuchaytirish oson bo‘lmayapti. Bunga ma’naviyat fidoyilari ham jonbozlik ko‘rsatsa, bizga ma’naviy jihatdan yordam bergan bo‘lardi. 

Yashirib nima qildik, ko‘pchilik dabdabaga o‘ch, bo‘ynigacha qarzga botsa ham atrofdagilarga o‘zini ko‘rsatishni yaxshi ko‘radi. Bugun to‘ylarimiz haqida qancha gapirilyapti, lekin hech kimning so‘zini qulog‘iga olmaydiganlar ham uchrab turibdi. Yaqinda Navoiyda mashhur futbolchilardan biri jo‘rasining to‘yida ketma-ket salyut otib, eng kam ish haqining o‘n barobarigacha jarima to‘lashga majbur bo‘ldi. Bundan kuyovning o‘zi, san’atkorlar, mahalladagilar ham jabr ko‘rdi. U bizga do‘stiga kutilmagan sovg‘a qilish niyatida mushakbozlik qilganini aytdi. O‘zi katta sarf-xarajat ustida turgan to‘y egasiga bu “tomosha” qanchalik qimmatga tushganini bilasizmi?! Pulni hech kim ko‘chadan supirib olmasa kerak, yo‘q joydan shuncha jarima to‘lash kimga yoqadi deysiz?  Endi kelin-kuyovlarning sayrga chiqish borasida to‘xtaladigan bo‘lsak, bunga ko‘plab e’tirozlar tug‘ilishi turgan gap. Yoshlar zamonaviy mashinalarda FHDYoga borgisi keladi, bunga qarshi emasmiz, ammo markaziy yo‘llarni tirband qilib, turnaqator “kaptiva” yoki “jip”larda sayrga chiqishi aholi harakat xavfsizligiga tahdid solayotganiga qanday befarq qarab bo‘ladi? Ochig‘i, ba’zan buni ko‘rib-bilib turib, yo‘l nozirlarining e’tiborsizligi kishini ranjitadi. Mahalladagilar qo‘ldan kelgancha buni qisqartirishga harakat qilyapti, lekin har bir haydovchining avtotransport vositalaridan qay darajada foydalanish madaniyatiga ega ekani, haydovchilik guvohnomalarini nazoratdan o‘tkazish yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining vazifasi emasmi? Ular ham o‘z ishiga katta mas’uliyat bilan yondashsa, bunday tartibsizliklarga o‘z-o‘zidan chek qo‘yilardi.

 

Qarshi tumani “Paxtazor” MFY raisi Komil SULTONOV:

– Vohaning to‘ylarini o‘zingiz yaxshi bilasiz, anavi zahriqotildan besh-olti yashik bo‘lmasa, to‘y qizimaydi. Ichilgan ichimliklarning soni va sifati, dasturxon bezaklariga qarab, to‘y egasining obro‘si belgilanadi. Agar hammasi ko‘ngildagidek bo‘lmasa, uzoq vaqtgacha davralarda gapirib yuriladi. Bu isrofgarchiliklar odat tusiga kirib qolayotgani achinarli hol, albatta. Spirtli ichimliklar mo‘l bazmlarda hatto kelin-kuyovlarni ham ichishga majbur etishadi. Aholiga to‘y dasturxonlariga haddan ziyod spirtli ichimliklar qo‘yish milliy urf-odatlarimizga mutlaqo zid ekanini tushuntirishga harakat qilyapmiz. Hozir to‘ydan sarxush bo‘lib qaytgan sharobxo‘rlarni kam uchratamiz. Lekin o‘sha “zormonda” qanchadan-qancha oilalarning ajralib ketishi, nogironlar sonining ko‘payishiga sabab bo‘lyapti. Majruh bolalar nafaqat o‘z oilasi, balki jamiyatning ham fojiasidir! To‘ylardagi ichkilikbozlikka chek qo‘yish bilan birga, yana bir turmushning ko‘zga ko‘rinmas eng nozik tomoni bizni o‘ylantirib keladi: bu yaqin qavm-qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh. Ayrimlarning “nima qilsa ham o‘zimniki, bir kunimga yaraydi”, degan eskicha qarashlari boshqalarga ham yuqayapti. Mahallamizdagi juda ko‘p oilalarning qoni bir xil, kimdir amakisining o‘g‘liga turmushga chiqqan, birovi esa ammasining qiziga uylangan. Natija esa yana o‘sha ayanchli taqdirlarga guvoh bo‘lyapmiz. Nikoh bu ilohiy rishta, uni oyoqosti qilish katta gunoh. Chet elga ishga ketib, bir-birlari bilan topishgan yoshlarga telefon orqali nikoh o‘qigan “domla”larning tanobini tortib qo‘ygan paytlarimiz ham bo‘ldi. Bu borada mahalla guzarlarida tushuntirish ishlari yo‘lga qo‘yilgan, lekin mahalla – bu mahalla, o‘gitlarimiz guzardan nariga o‘tmaydi. O‘zbekchilik deb o‘zini davraga urayotganlar esa milliy urf-odatlarimizning bu tomonlaridan bexabar. Qaniydi, aynan, qavm-qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh masalasi kengroq doiralarda muhokama qilinsa, buning fojialari markaziy telekanallar orqali namoyish etilsa, din ulamolari chuqur tahlil bilan buning gunoh ekanini tushuntirib berishsa, hayotimizdagi ko‘pgina jumboqlarga yechim topilardi. Oila qurishdan oldin yigit-qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish masalasiga ham alohida e’tibor berayapmiz. Hozir chet elga ishga ketgan yigitlar qishloqqa qaytib kelyapti. Ular ko‘z o‘ngimizda ulg‘aygan bo‘lishiga qaramay, baribir salomatligi borasida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lgandan keyin to‘y qilishga ruxsat berayapmiz. Agar bu borada biror xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, yosh oilani asrab qolish uchun tibbiy varaqasiga sog‘lom deb yozib bergan shifokor, ikki yoshga sovchi bo‘lgan kayvonilar va xulq-odobiga mas’ul bo‘lgan onalarni mahallamizga chaqirib, muammoni atroflicha o‘rganayapmiz. Mamlakatimizda sog‘lom avlod tarbiyasiga alohida e’tibor berilayotgan bir paytda bunga har birimiz mas’ul ekanimizni unutmaslik kerak. Davlatimiz oilalar mustahkam bo‘lishi uchun mustaqil hayot qurish ostonasida turgan yoshlarni bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlab turibdi. Buning qadriga yetish avvalo, o‘zimiz uchun foyda, kelajak avlod uchun mustahkam zamin yaratadi.

 

Termiz shahri “Baynalmilal” MFY 

raisi Olim ABDUVALIEV:

–Haqiqatdan, bir paytlar ixchamgina o‘tkazilgan to‘ylarimiz tonggacha davom etadigan to‘y kechalariga aylandi. Kelin-kuyov tarafdan kimo‘zarga berilgan sarpolar mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yosh oilalarning buzilishigacha olib keldi. Dasturxon bezaklari, to‘yonalar, har xil ichimliklarning soni va sifati to‘ylar mezoni bo‘lib qoldi. Bu isrofgarchiliklar odat tusiga kirib, haddan tashqari dabdababozlikka aylanib ketgani to‘ylarni yanada murakkablashtirib yubordi. Bolajon xalqmiz, katta orzu-havaslar bilan bir etak o‘g‘il-qiz o‘stirayapmiz, to‘y qilmasak bo‘lmaydi, ammo hamma narsaning me’yori bo‘lgani yaxshi. Mahallamizda to‘y ketidan to‘y uzilmaydi. Qaysi millatga mansub bo‘lishidan qat’i nazar, kam ta’minlagan oilalarga ham ma’naviy, ham moddiy jihatdan yordam berib kelyapmiz. Ular ham shu mahallamizda tug‘ilib, o‘sib, uylanib, bola-chaqali bo‘lib ahil yashayapti. To‘ylarimiz borasidagi o‘zgarishlardan hamma minnatdor. FHDYodan o‘tmagan yoshlarga to‘y qilishga ruxsat berilmayapti. Ortiqcha urf-odatlarimizga ham yo‘l qo‘yilmay, ikki quda kelishgan holda yosh oilani ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlashga harakat qilyapti. Masalan, kuni kecha mahallamizda bo‘lib o‘tgan to‘ylarning birida ikki quda kelishib “qalin puli” o‘rniga, institutda tahsil olayotgan kelinning kontraktini to‘lab berishni zimmasiga oldi. Qarindosh-urug‘lar ham keraksiz latta-puttadan ko‘ra, kelajakda yosh oila olishi kerak bo‘lgan televizor va muzlatkich sovg‘a qilishdi. Bilasizmi, Adibaxon, o‘zim to‘ylarda kim qanaqa sarpo qo‘ydi, degan har xil mish-mishlardan ko‘ra, mahalladagi falon oila kelinini o‘qishi uchun sharoit yaratib beribdi yoki pazandachilik, tikuvchilik, boringki, xorijiy tillarni o‘rgatishga e’tibor qaratibdi, degan so‘zlarni eshitish havasida yonaman. Yeyish, ichish, kiyish hamma vaqt o‘zimiz bilan birga, lekin sog‘lom, bilimli va ma’naviyati yuksak o‘g‘il-qizlarni tarbiyalash har qanday millatning obro‘sini ko‘taradi. Davlatimiz rahbari to‘ylarimizni ixcham, mazmunli o‘tkazib, ko‘proq yoshlarning tafakkur tarzi, axloq-odobiga e’tibor qaratish muhimligi haqida alohida to‘xtalib o‘tganining boisi ham shunda.

Ha, o‘zbek xonadoni to‘y bilan fayzli. Shunday xayrli ishni ixcham, mazmunli, ortiqcha dabdababozliklardan xoli o‘tkazish har kimning o‘ziga bog‘liq. Hammamiz el ichida yuribmiz. Qaerda qanday kamchiligimiz borligini yaxshi bilamiz. Qolaversa, aholi tinchligini saqlash, to‘y, ma’raka, oilaviy tadbirlar va boshqa marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish borasida davlatimiz ham bir chetda qarab turgani yo‘q. Tinchligimiz timsoli bo‘lgan to‘ylarni qanday o‘tkazish haqida bildirilgan har bir fikr biz uchun muhim. Mavzuga yana qaytamiz. Chunki me’yor va tartib bor joyda osoyishtalik hukm suradi.

 Davra suhbatini “Hurriyat” muxbiri Adiba UMIROVA tayyorladi.

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + thirteen =