Orzuyim – Amir Temur haqida film yaratish edi

Tarixiy asarlarni yozish, ularni sahnalashtirish, kinolashtirish  bilan biz buyuk o‘tmishimizni, kuch-qudratimizni,  xalqimizning ma’naviy dunyosini butun jahonga namoyon etishimiz ham farz, ham qarzdir.

 

“Bizning qanday buyuk va shonli o‘tmishimiz, qanday ulug‘ ajdodlarimiz borligini yaxshi bilamiz va bu bilan hamisha faxrlanamiz.   

Atoqli adiblarimiz Oybek hamda Pirimqul Qodirovning romanlari asosida  taniqli telerejissyor Maqsud Yunusov  “Alisher Navoiy” va “Bobur” videofilmlarini yaratganini, ularda mashhur aktyorlarimiz mahorat ko‘rsatganini yaxshi bilamiz” deb ta’kidlaydi Prezidentimiz Shavkat Mirziyov yaqinda ijodkorlar bilan bo‘lgan uchrashuvda.

O‘zining  yarim asrdan ziyod faoliyati davomida xalqimizga tarixiy va zamonaviy mavzularda manzur tarixiy telespektakllar, videofilmlar yaratgan bu fidoiy inson Maqsud Yunusovdir. Uning ko‘pgina asarlari O‘zbekiston televideniesining oltin fondidan joy olgan. Rejissyorning samarali mehnatlari hisobga olinib davlatimiz tomonidan unga “El-yurt hurmati” ordeni, Bobur nomidagi Xalqaro jamg‘arma mukofotlari bilan taqdirlangan.

 

Maqsud akaning ijodiy faoliyatiga chuqurroq nazar solish maqsadida u kishini suhbatga tortdik. — Sizning aktyor ekanligingizni, qator rollar ijro etganingizni ko‘pchilik bilmasa kerak, degan savolimiz ijodkorning ko‘ngil bo‘stonini obod etdi.

—Haqiqatan ham men Toshkent teatr va rassomlik institutining aktyorlik bo‘limini tugatganman, – deydi Maqsud aka biz bilan suhbatda. Birinchi marta diplom ishida Chexovning “Iltimos” spektaklida kuyov rolini o‘ynaganman.

O‘qishni tugatgach, Yangiyo‘l teatriga yo‘llanma berishdi. O‘sha paytda u nomdor teatrlardan edi. Spektakllar ko‘rishga hatto Toshkentdan tomoshabinlar borardi. U yerda bosh rejissyor Shuhrat Abbosov “Maysaraning ishi” spektakliga A’lam domla roliga taklif etdi. Shu rolni ijro etdim va keyinchalik harbiy xizmatga ketdim.

Televidenie sohasidagi dastlabki qadamlaringiz qanday kechgan? – so‘raymiz undan. — Chunki o‘sha davrlar yozuv tasmalari bo‘lmagan, efirga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqilgan.

– Nimasini aytasiz, o‘sha paytlar cho‘chimay to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirga chiqib ketganimizni eslasam, hayajon bosadi. Televideniedagi dastlabki spektaklim H.No‘’mon va A.Shorahmedovlarning “Ota” asari bo‘ldi. Televidenieda seriallar qo‘yishning iloji bo‘lmagan 60-yillarda 6 qismdan iborat bu asarni qo‘yishga muvaffaq bo‘lganman desam maqtanchoqlikka yo‘ymaysiz. Bu juda mas’uliyatli edi, biror-bir sabab bilan qaysidir aktyor kelmay qolsa, o‘sha sahna bo‘sh qolardi. Ba’zan ommaviy sahnalarda o‘ynayotgan aktyorlar ketib qolishardi. Bu ham yetmagandek, kameralar ishdan chiqib bitta kamera bilan ishlagan paytlarimiz ham bo‘lgan.

Undan keyin Vali o‘ofurovning “Vafodor” asarini sahnalashtirdim. Bu asar o‘z vaqtida ancha shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Tomoshabinlardan qoplab xat olardik. Demak, ozmi-ko‘pmi elga manzur bo‘ldi.

– Maqsud aka, eshitishimizcha bir spektaklni jarda qo‘ygan ekansiz?

– Ha, to‘g‘ri, Bubekovning “Oq qayin” asarini televidenie ro‘parasidagi(hozir Navoiy ko‘chasi bo‘yida) chuqur jarlikka dekoratsiya qurib, ikkita ko‘chma stantsiya va sakkizta kamerada efirga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatib turdik. Chunki bu asarda ommaviy sahnalar ko‘p edi. Ba’zi sahnalar urush bilan bog‘langani sababli sahnaga sig‘masdi. Esimda, jarlik tepasi tomoshabinga to‘lib ketgan edi. Bu videofilm yaratish yo‘lidagi ilk qadamlar edi. Albatta, ijodiy ishlarda doimo muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Qo‘ygan spektakllarim ichida o‘zimga yoqmagan, ko‘nglim to‘lmaganlari ham bo‘ldi. Bu Chingiz Aytmatovning “Oq kema” asari edi. Chunki unda tabiiy holatni berolmadik. Har qancha urinmaylik, hayqirib yotgan dengizning suratini ko‘rsatishdan nariga o‘tolmadik.

– Sizning dastlab qo‘ygan “Girdob”, “Diyonat” kabi videofilmlaringiz ancha shov-shuvga sabab bo‘lgan ekan.

– Odil Yoqubov qalamiga mansub “Diyonat” spektaklida asosiy rollarni taniqli aktyorlarimiz Nabi Rahimov, Sora Eshonto‘raeva, Po‘lat Saidqosimov, To‘ti Yusupova, Gulchehra Sa’dullaevalar mahorat bilan ijro etishdi. Bu besh qismdan iborat videofilmni tomoshabin iliq kutib oldi. Shundan so‘ng O‘ktam Usmonovning ko‘p qismli “Girdob” asarini sahnalashtirdim. Bu asar katta yutuqlar, omadlar olib keldi. Men bu videofilmim uchun Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldim. Keyin Turg‘un Po‘latning “Ichkuyov” asarini qo‘ydim. To‘rt qismdan iborat bu asar ham yomon baho olmagan.

– Siz televidenieda ilk bor tarixiy asarlarga qo‘l urdingiz. Ayniqsa, Oybekning “Navoiy”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asarlari asosida suratga olingan videofilmlar sizga katta shuhrat keltirdi. Bu asarlar stsenariysini o‘zingiz yozgan ekansiz. Siz rejissyor bo‘lsangiz, tarixiy asarlarda davr ruhi, uning tili degan gaplar bor…

– Nimaga sha’ma qilayotganingizni tushundim. Tarixiy asar yaratish uchun moziyni yaxshi biladigan odamlar kerak. To‘g‘ri, men stsenariyni yozganimdan so‘ng adabiyotshunos olimlarimiz Aziz Qayumov, Abduqodir Hayitmetov, Alibek Rustamovlarga ko‘rsatardim. Zarur bo‘lsa, serialni boshlashdan avval ularga sahnani ko‘rsatib voqeani gapirib berib, ularning maslahatini olardim. Oybekning “Navoiy” romani, Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” asarlari ham zamonaviy tilda yozilgan. Olimlar aytishdiki, men yaratadigan filmlarda qahramonlar o‘sha davr tilida gapirishmasa, odamlar ishonishmaydi.

Bilasizmi, film uchun joy birinchi navbatda turishi kerak. Bir filmni suratga olishdan avval ob’ekt qidirardim. Biz asosan bu tarixiy sahnalarni Qo‘qondagi tarixiy binolarda, Toshkentdagi masjid, madrasalarda, Zangiota ziyoratgohida olganmiz. “Yulduzli tunlar”ning ko‘p qismi Samarqandda suratga tushirilgan. U paytlar tarixiy binolar hozirgidek ta’mirlanmagan, tiklanmagan edi. Jang epizodlari Jizzaxdagi Pishag‘or atrofida olingan. Boburning uch yuz otliq bilan g‘orga kirib ketadigan epizodi bor, buni shu Pishag‘orda tasvirga oldik. Ot-ulovga kelsak, ularni shartnoma asosida Jizzax xo‘jaliklaridan olganmiz. “Kecha va kunduz” videofilmi Qo‘qon tarixiy joylarida tasvirga tushirilgan. Tarixiy asarlarni sahnalashtirish uchun albatta katta tajribaga ega aktyorlar, katta kuch, hamjihatlik kerak bo‘ladi. 

Faoliyatim davomida qiziq voqealar ko‘p bo‘lardi. Bir gal “Navoiy” videofilmidan so‘ng o‘sha davrdagi rahbarlardan biri televideniening katta yig‘ilishida Navoiyni kim qo‘ygan, nega unga salla o‘rab, chopon kiydirdinglar, sizlar diniy ruhdagi asarlarni targ‘ib qilyapsizlar, deb tanqid qilgan edi. O‘shanda ba’zi bir olimlar ham Navoiy unday bo‘lgan emas, u davrni ko‘rsatish kerak emas, deb asarni yo‘qqa chiqarishga harakat qilishdi. “Yulduzli tunlar”ni ham ikki marta yo‘q qilishga urinish bo‘lgan. O‘shanda o‘tmishimizni, urf-odatlarimizni bilmaydigan ba’zi rahbarlar Boburni “qonxo‘r” dedi. Shundan so‘ng videofilm to‘xtatib qo‘yildi. Meni ishdan chetlatishdi. Pirimqul akaga telefon qilsam afsuslanib: “Sizning ham, mening ham mehnatlarimiz yo‘qqa chiqdi”, dedilar. Men, xafa bo‘lmang, bu bir xatolik, hammasi yaxshi bo‘ladi, deb ularni yupatdim. Ammo o‘zim bundan qattiq iztirobga tushib yotib qoldim. Shundan keyin ham hujumlar davom etdi, ba’zi asarlarim efirga ketmay turib yo‘q qilindi. O‘sha paytdagi ayrim rahbarlarning siyosatdan bexabarligi, tarixni bilmasligi bizga ancha qimmatga tushgan edi. Ular nima uchun bu mavzu ko‘rsatilishi kerakligi haqida bilishni, o‘ylashni ham istashmadi. Ha, hammasi o‘tib ketdi, haqiqat qaror topdi. Menga adolatsizlik qilganlar o‘zlari kechirim so‘rab kelishdi. Yana ishga tiklandim, undan keyin ham qancha-qancha videofilmlar yaratdim.

– Maqsud aka, yuragingizda biror armon bormi?

– Armonim — Amur Temur haqida kattaroq bir asar yaratish edi.

Mana bugungi kunda  hurmatli Yurtboshimiz tomonidan ijodkorlarga tarixiy filmlarni yaratishga  juda katta imkoniyatlar, imtiyozlar yaratilganini, yaxshi filmlar uchun mablag‘lar ajratilganini eshitib ko‘zlarimga yosh keldi. Yoshlarimiz  endi bu rag‘batlarga, imtiyozlarga shukronalar aytib, bor kuch-g‘ayratlarini ishga solib o‘zlarini jonfido qilib, ana shunday filmlarni yaratsalar, deyman. Bizga o‘z davrida bunday texnikalar, imkoniyat bo‘lmadi. Endi biz qarib qoldik, barcha umidimiz iste’dodli yoshlardan!

Yana yoshlarga shuni aytishni istardim, biz televideniening og‘ir paytlarida og‘ir sharoitlarida ko‘plab tomoshabinlar olqishiga sazovor ishlar qildik. Hozir texnika asri, yoshlar uchun hamma sharoitlar muhayyo. Buning qadriga yetishsin, o‘z kasblariga sadoqatli bo‘lishsin, bizning ishlarimizni davom ettirishsin. 

– Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur!

 

O‘ktamoy XOLDOROVA,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

“Hurriyat” gazetasi uchun maxsus tayyorlandi.

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × three =