TOR YO‘LDA TURTINIB…

Soat ertalabki 9 ga yaqin ko‘pchilik ishga, o‘qishga shoshiladi. Bu paytda avtobus va mikroavtobuslarning ham qatnovi tezlashadi. Bu qatnovda bir-biri bilan kimo‘zarga o‘ynab, tezlikni haddan ortiq oshiruvchi haydovchilar ham topiladi. Qo‘pol muomalasi bilan erta tongdan yo‘lovchilar kayfiyatini buzib, yo‘l haqi ustida tortishuvchi ayrim chiptachilar yoki qulog‘ida quloqchin bilan yo‘lni bemalol kesib o‘tib, haydovchilarning “qarg‘ish”iga mubtalo bo‘layotgan yo‘lovchilar ham topiladi. Bugun bu haqida yozishdan yiroqmiz. Faqatgina ko‘pchilikning ta’bini xira qilayotgan poytaxtimizdagi bir qatnov yo‘li to‘g‘risida ba’zi mulohazalarimizni bayon etmoqchimiz.

 

Ishga avtobusda qatnayman. Tunov kuni kech qolayotganim bois manzilga tezroq yetish uchun 92-mikroavtobusga chiqdim. Eshikdan kiraverishda o‘rta yoshli bir ayol bolasi bilan o‘tirgan ekan. Yo‘lovchilar orasida yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar ham bor. Har kim o‘z xayoli bilan band. Mikroavtobus o‘rtacha tezlikda harakatlanmoqda. Nimadir bo‘lib, haydovchi keskin tormoz bosdi. Bir yo‘lovchi qo‘lidagi bolasi bilan yiqilib tushay dedi. Yaxshiyamki, yonidagi hamrohi chaqqonlik qilib ushlab qoldi. Ayol qo‘lidagi qizcha esa qo‘rquvdanmi, og‘riqdanmi baqirgancha onasini mahkam quchib yig‘lay boshladi. Boshqalarga razm solsam, ularning aksari peshonasini ushlagan, yana birovi cho‘chib, hushyor tortgan ko‘yi o‘tirar edi. Tinchlanib olgan yo‘lovchilar haydovchini koyiy ketdi. Rangi dokadek oqarib ketgan haydovchi vaziyatni tushuntirishga urinar, avtoulovining oldini to‘satdan kesib chiqqan yengil mashinaga to‘qnashib ketmaslik uchun shunday harakat qilganini ta’kidlardi. “O‘zi shu ko‘cha doim charchatadi meni… birortasini turtib qo‘ymay, deb yuragimni hovuchlab o‘taman doim”, deya qo‘shimcha qildi… 

…Oradan sanoqli kunlar o‘tdi. Tag‘in shu manzilda baxtsiz hodisaning guvohi bo‘ldim. Tabiiyki, erta tongdan avtohalokatga duch kelgan kishining kayfiyati buzilib, xayolida o‘sha baxtsiz hodisa tasviri qayta gavdalanaveradi. Qizig‘i shundaki, bunga o‘xshash ko‘ngilsizliklar shu manzilning o‘zida tez-tez sodir bo‘lib turadi. Bir kun avtobus yengil mashina bilan to‘qnash kelsa, boshqa kun jiddiy oqibatlarga sabab bo‘luvchi yo‘l-transport hodisasi ro‘y beradi. Bunday baxtsiz hodisalarga ko‘zi o‘rganib qolgan yo‘lovchilarning aksari holatga e’tiborsiz o‘tsa, ba’zilarining chin dildan achingani yuz-ko‘zidan sezilib turadi. Haydovchilar ham har gal shu ko‘chaga kirganda asabiylashib, toki bu manzildan omon-eson chiqib olguncha bor diqqat-e’tiborlari bilan avtoulovni boshqarishga harakat qiladi. 

Xullas, yo‘lovchi va haydovchilarni birda charchatayotgan bu yo‘l Cho‘ponota va Muqimiy ko‘chalarini bog‘lovchi Qatortol ko‘chasidagi asosiy yo‘ldir. Yo‘lning, ayniqsa, Qatortol bozori yonidagi qatnov qismi juda xavfli. Sababi yo‘l nihoyatda tirband. Ikki tomonlama harakatlanadigan bu yo‘l kengligi ham u qadar emas. Ustiga-ustak, uning ikki tomoni ham mashinalar qo‘yish joyiga aylangan. Agar shu yerga tushdan keyin yo‘lingiz tushsa bormi, yo‘l emas, avtoturargoh degan xayolga borishingiz turgan gap. Yo‘lning o‘rtasida to‘xtab, mijoz bilan savdolashayotgan taksilar esa qatnov tezligi va xavfsizligiga to‘siq bo‘layotgani ham rost. 

Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, aholi gavjum yig‘iladigan bozorlar, savdo majmualari, dam olish maskanlari, o‘quv yurtlari va shu kabi joylar atrofida ko‘chalarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, transportlar oqimini tartibga solish va tirbandliklarning oldini olish hamda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida “to‘xtash mumkin emas” belgilari o‘rnatiladi. E’tibor bersangiz, bu bozorcha yonida ham mazkur belgiga ko‘zingiz tushadi. Biroq uning yoni avtoturargohni eslatadi. Avtoulovini bu yerga qoldirib ketayotganlarning parvoyi falak. Holbuki, o‘sha belgidan 200-300 metrcha narida mashinalar uchun avtoturargoh bor. Qiziq, haydovchilar shu arzimas masofaga borishga erinisharmikan yoki avtoturargohga arzimas pul to‘lashni istashmasmikan?! To‘g‘ri-da, avtoulovini yo‘l chekkasida qoldirsa, birovga jarima to‘lamaydi, birov mushugini “pisht”, demaydi, chunki ularni nazorat qiluvchi mutasaddi vakillarning bu ko‘chaga yo‘li tushmaydi. 

Amallab ikki yo‘nalishda qatnayotgan avtoulovlardan tinimsiz signallar chalinadi, derazalardan haydovchilarning bosh chiqarib so‘kinish va baqirishlari eshitiladi. Tabiiyki, bu kayfiyat yo‘lovchilarga ham ko‘chib ulguradi. 

Bu manzilda yo‘lni kesib o‘tish ham amrimahol. Sababi piyodalar o‘tish joyi har qadamda bo‘lsa-da, yo‘ldagi boshqa avtoulovlarga urilib ketmaslikka diqqatini oshirgan haydovchilarning aksari bu joylarga va yo‘l chekkasidagi boshqa belgilarga e’tibor kam qaratishadi yoki parvosiz qatnovda davom etishadi.

Bunday holni ko‘rgan har bir kishi xayolidan bir o‘y o‘tadi: aksar yerlarda tez-tez uchratadiganimiz yo‘l patrul xizmati xodimlari negadir bu manzilni unutib qoldirishgandek yoki ko‘rib ko‘rmaslikka olishayotgandek, go‘yo. Avvalo, nazoratni shunga o‘xshash tirband va ko‘pgina qoidabuzarliklar sodir etiladigan yo‘llarda olib borish kerakmasmi? Ularda tartib o‘rnatish vaqti yetmadimikan?! Qachongacha yo‘l transport hodisalari oddiy bir holdek takrorlanaveradi?! Uning oqibatida yana qancha aholi jabr ko‘rib, qancha haydovchi moddiy zararni qoplaydi?! 

 

Xullas, bekatlar oldida “tin olayotgan” avtoulovlar, mashinasini qo‘yish kerak bo‘lmagan joylarga ham tashlab ketayotgan haydovchilar, yo‘lning istalgan yerida to‘xtab, yo‘lovchi olayotgan taksilar haqida qancha ko‘p va xo‘p gapirsak-da, ularni har manzil, har qadamda uchratish mumkin. Faqatgina nazorat organlarining ko‘magi va yo‘l patrul xizmati inspektorlarining sa’y-harakatlarigina bu kabi noxushliklarni bartaraf etishi mumkin, nazarimizda. Bu haqida Siz nima, deysiz, aziz mushtariy? 

 

Go‘zal MALIKOVA, 

“Hurriyat” muxbiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − 10 =